Aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalari inson salomatligidagi qanday muammolarni hal qiladi?
Aktivlashtirilgan ko‘mir — inson organizmini tozalashda dunyodagi eng qadimiy va ommaviy uslublardan biridir.
U ming yillar davomida sharq tabobatida, xususan xitoy tabobatida zaharlanishga qarshi vosita sifatida qo‘llanib kelgan.
Bizning davrimizda esa, bu vosita alkogol va giyohvandlik moddalari bilan zaharlanishda birinchi yordam vositasi sifatida ishlatiladi.
Detoksifikatsiya — aktivlashtirilgan ko‘mirning yolg‘iz shugina bo‘lmagan, bir qator xossalaridan eng asosiysidir.
Agar siz ovqat hazm qilish jarayonini yaxshilash, xolesterin miqdorini pasaytirish va hatto qartayishni sekinlashtirish uchun tabiiy vosita izlayotgan bo‘lsangiz — aktivlashtirilgan ko‘mir bu sohada mislsiz vositadir.
Aktivlashtirilgan ko‘mirning salomatlik uchun
10 xil foydali xossalari:
1. Meteorizm va qorin dam bo‘lishidan foydali vosita
Qorin dam bo‘lishi hammada ham sodir bo‘lib turadi. Mutaxassislar fikricha, har bir kishi sutkasiga 14 marta damdan forig‘ bo‘lib turishi me’yoriy-tabiiy holat hisoblanadi. Lekin sizni meteorizm yoki og‘riqli qorin dam bo‘lishi bezovta qilayotgan bo‘lsa, bunda sizga aktivlashtirilgan ko‘mir yordam beradi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ovqat iste’molidan oldin aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalari iste’mol qilinganida, ichaklarda yig‘ilgan gazlar miqdori sezilarli ravishda qisqaradi.
2. Xolesterin miqdorini pasaytirish
Xolesterin miqdorining ko‘payishi yurak-qon tomir kasalliklari kelib chiqish ehtimolini ikki barobarga ko‘paytiradi.
Bir oy mobaynida 8 g miqdordagi aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkasidan uch mahal ichib yurgan kishilarda LDL-zararli xolesterin miqdori 41% ga pasayganini, va foydali HDL-xolesterin esa, 8 % ga ko‘payganini tadqiqotlar isbotladi.
3. Buyraklar salomatligini asrash
Har kuni inson buyraklari taxminan 115-140 litr qonni tozalab beradi, natijada chiqindi va ortiqcha suyuqliklardan iborat 1-2 litr peshob ajratib beradi. Jigar bilan birgalikda buyraklar Yaratganning tabiatdagi eng mukammal tozalab beruvchi tizimini tashkil etadi.
Lekin ovqatlanish davomida shakar, tuz, jonivorlar oqsili, yog‘lar va turli konservantlarni haddan tashqari suiste’mol qilish turli kasalliklar va buyrak faoliyatida yetishmovchiliklar kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Aktivlashtirilgan ko‘mir peshob, boshqa zaharli va zararli suyuqliklarni organizmdan chiqarib yuborishi sababli, bu foydali tabiiy shifobaxsh vosita buyraklar salomatligini saqlashda beqiyos yordam beradi.
4. Ovqatlanishdan sodir bo‘lgan zaharlanishni tezda baotaraf qilish
Ovqatlanishdan sodir bo‘lgan zaharlanish holati kishilar o‘rtasida keng tarqalgan hodisa — faqat birgina AQSHda har yili kishilar o‘rtasida 48 mln zaharlanish holati qayd etiladi.
Ko‘ngil aynishdan, ich ketishidan, qorinda bo‘ladigan og‘riqdan, ovqatlanishdan bo‘ladigan zaharlanishdan so‘ng yo‘qotiladigan kunlardan himoyalanish usullaridan biri bu — mazkur noxush holatlar kuzatilganining dastlabki lahzalaridayoq aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalaridan iste’mol qilish. Aktivlashtirilgan ko‘mir iste’mol qilish ovqatlanishdan kuzatiladigan zaharlanishda ham tavsiya etiladi, chunki u toksin (zaharli) moddalarni bartaraf qiladi.
5. Terining mayin va yumshoq bo‘lish siri
Kir va yog‘ teridagi teshikchalarni bekitib qo‘yadi. Ular yuz terisiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, insonni qarimsiq qilib ko‘rsatadi, terini tozalash uchun ishlatiladigan zamonaviy vositalar esa, zararli kimyoviy moddalar bilan to‘yintirilgan.
Aktivlashtirilgan ko‘mir go‘yo magnit kabi teri teshikchalaridan kir va yog‘larni so‘rib oladi, terini toza, musaffo va yumshoq holga keltiradi.
6. Ipakdek tovlanadigan sochlar
Inson terisining ko‘rkamligi va chiroyiga zarar yetkazuvchi toksinlar, kir va yog‘lar sochlarga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi, ular ko‘rinishini noxush va ko‘rimsiz holatga olib keladi.
Aktivlashtirilgan ko‘mir soch follikullari(tuxum hujayra, soch ildizi to‘qimalari)ni tozalaydi, uni ipakdek mayin va chiroyli tovlanadigan qiladi. Ekologik zararli ximikatlardan iborat shampunlardan farqli o‘laroq, aktivlashtirilgan ko‘mir 100 % ekologik toza, tabbiy moddalardan tashkil topgan vositadir.
7. Tishlarni sadafdek oqartirish
Tish cho‘tkasiga aktivlashtirilgan ko‘mirni maydalab sepib, haftasiga 2-3 marta tishlar yuvilsa, kifoya qiladi. Aktivlashtirilgan ko‘mir tish emalini tozalaydi, tishlar sirtida paydo bo‘layotgan keraksiz kir qatlamini mikroskopik zarralardan tozalab, asl-musaffo holiga keltiradi.
8. Og‘izdan yoqimli hid kelishi
Og‘izdan keladigan noxush hiddan forig‘ bo‘lishda ham aktivlashtirilgan ko‘mir qo‘l keladi. Bu nafaqat noxush hidni yo‘qotuvchi vosita, balki og‘iz bo‘shlig‘idagi kislota-ishqor muvozanatini me’yoriga keltiruvchi tabiiy vositadir, bu esa tish va milklarni har xil kasalliklar va bakteriyalardan himoyalaydi. Tishingizni aktivlashtirilgan ko‘mir bilan tozalang, hayajonlanishga o‘rin yo‘q, u mazaga ega emas, qoraligi ham sizni o‘ylantirmasin, og‘izni g‘arg‘ara qilib yuvilganda ko‘mir rangi ham yuvilib ketadi.
9. Erta qartayishning oldini olish
Aktivlashtirilgan ko‘mir faolligi insonni yoshartirishi, teri va sochlarga chiroy berishi, tishlarni sadafdek oqartirishi bilan cheklanmaydi. Aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalarini muntazam iste’mol qilish sog‘lom hujayralarni o‘ldirib, tananing erta qartayishiga sabab bo‘luvchi zararli toksin va shlaklarni organizmdan chiqarib yuborishi ilmiy tadqiqotlar asosida isbotlangan.
10. Ovqat hazm qilish tizimini tozalash
Sabzavot va mevalardagi pestitsidlar, hayvonni so‘yilmasidan oldin uni semirtirish uchun qo‘shiladigan go‘shtidagi gormonlar, ichimlik suvlardagi kimyoviy moddalar — biz o‘ta toksik shart-sharoitlarda yashayapmiz.
Bu zararli moddalar inson organizmi oshqozon-hazm tizimida yig‘ilib boradi, bu esa, shamollash kasalliklarini keltirib chiqaradi va kuch-quvvatni kesadi. Mustahkam sog‘lik va yaxshi kayfiyat uchun oshqozon-ichaklar hazm tizimini muntazam tozalab turish lozim. Bu maqsadga erishishning eng yaxshi vositasi — aktivlashtirilgan ko‘mir tabletkalarini iste’mol qilish. Yetti kun ko‘mir tabletkalari bilan detoksifikatsiya (zararli moddalardan organizmni tozalash) qilish — sizning salomatligingizni tiklashga asosdir.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
31 oktyabr 2017 yil
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati