بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Imonimizning komil bo‘lishligi va toat-ibodatlarimizning maqbul bo‘lishligi e’tiqodimizning to‘g‘ri bo‘lmog‘ligiga bog‘liqdir. Shunday ekan, bizlar e’tiqodimizga putur yetkazadigan ishlarni qilishdan saqlanmog‘imiz lozim bo‘ladi. Bugungi juma mav’izamizda dinimizda qaytarilgan, e’tiqodimizga zid bo‘lgan “Safar oyidan shumlanish” masalasi va shu kabi illatlar haqida Alloh qodir qilganicha so‘z yuritamiz.
Safar hijriy-qamariy sananing muharram oyidan keyin keladigan ikkinchi oyi hisoblanib, uning bunday nomlanishi borasida ulamolar bir nechta sabablarni ko‘rsatganlar. Ba’zilar safar “bo‘sh” degan ma’noni anglatadi, buning sababi safar oyida Makka ahli safarga chiqib ketib, shahar bo‘shab qolganligidan, desalar, ba’zilar bu oyda arablar boshqa qabilalarga urush qilib, bor-yo‘qlarini talab, hech narsasiz qoldirganlaridan, deganlar (Ibn Manzurning “Lisonul arab” asari).
Johiliyat arablarida safar oyidan shumlanish odatlari bor edi. Islom dini kelgach, Payg‘ambarimiz ﷺ safar oyidan shumlanish yo‘q ekanligini e’lon qildilar. Bu haqda quyidagi hadisda shunday deyiladi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "لَا عَدْوَى وَ لَا صَفَرَ وَ لَا هَامَةَ" فَقَالَ أَعْرَابِيٌّ يَا رَسُولَ اللَّهِ فَمَا بَالُ الْإِبِلِ تَكُونُ فِي الرَّمْلِ كَأَنَّهَا الظِّبَاءُ فَيَجِيءُ الْبَعِيرُ الْأَجْرَبُ فَيَدْخُلُ فِيهَا فَيُجْرِبُهَا كُلَّهَا قَالَ: "فَمَنْ أَعْدَى الْأَوَّلَ" (متفق عليه
ya’ni: Abu Hurayra dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ: “Kasallikni o‘z-o‘zidan yuqishi yo‘q, irim qilish yo‘q, safar (oyi)dan shumlanish yo‘q, boyqush (yoki mayyitning ruhi kapalakka aylanishi) yo‘q”, dedilar. Shunda bir a’robiy turib: “Yo Rasululloh! Nega meni tuyalarim sahroda huddi kiyikday yaltirab yuradi-yu, qayerdandir qo‘tir tuya kelib tuyalarimni orasiga kirgach ularga qo‘tirini yuqtiradi?” – dedi. Rasululloh ﷺ: “Avvalgi tuyaga kim yuqtirgan ekan?!” – dedilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Haligacha ba’zilar safar oyida to‘y qilib bo‘lmaydi, safarga chiqib bo‘lmaydi va h.k. gaplarga ishonib, irim qilib yurishlari e’tiqodning to‘g‘ri emasligidandir. Holbuki, tarixchi Ibn Is'hoqning rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz ﷺ Xadicha onamizga safar oyida uylanganlar, Hazrati Ali ning Fotima Gga uylanishlari ham safar oyida bo‘lganligini Ibn Kasir “Siyrat” kitoblarida bayon qilganlar. Bundan tashqari “Sifatus-safva” kitobida Yazid ibn Abu Hubayb: “Rasululloh ﷺ Makkadan hijrat qilish uchun safar oyida chiqdilar va rabiul-avval oyida Madinaga kirib keldilar” – deganlar.
Muhtaram azizlar! Jamiyatimizdagi ba’zi kishilar ruju qo‘ygan yana bir e’tiqodga zid bo‘lgan amal fol ochtirish, folbinlik bilan shug‘ullanishdir. Dinimizda folbinlarga ishonishdan qattiq qaytarilgan va buni shirkka tenglashtirilgan. Chunki, folbin g‘aybni bilishini da’vo qiladi, folbinga borgan esa bunga ishonadi va oqibatta ikkisi ham og‘ir gunohkor bo‘ladi. Alloh asrasin, bu holatda, hatto, imondan ham chiqish mumkin. Zero, Payg‘ambarimiz ﷺ marhamat qilganlar:
(عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "مَنْ أَتَى عَرَّافًا أَوْ كَاهِنًا فَصَدَّقَهُ بِمَا يَقُولُ فَقَدْ كَفَرَ بِمَا أُنْزِلَ عَلَىَّ" (رَوَاهُ الإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ وَ التِّرمِذِيُّ وَ النَّسَائِي وَ ابْنُ مَاجَه وَ الحَاكِمُ
ya’ni: Abu Hurayra dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Kim folbinga borsa va uning aytgan gapiga ishonsa, Muhammad kga nozil bo‘lgan narsaga kofir bo‘libdi” (Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasaiy, Imom Ibn Moja va Imom Hokim rivoyati).
G‘aybni bilish va insonlarning taqdiri borasidagi ilmlar faqatgina Alloh taologa xosdir. “A’rof” surasining 188-oyatida: “Ayting: “Alloh xohlaganidan tashqari o‘zim uchun (biror) foyda va zarar (keltirish)ga ega emasman. Agar g‘ayb (ilmi)ni bilsam edi, xayrli ishlarni ko‘p qilgan bo‘lur edim va menga yomonlik (ham) yetmagan bo‘lur edi. Men faqat imon keltiradigan qavm uchun ogohlantiruvchi va xushxabar beruvchidirman” – deyilgan.
Bundan tashqari jamiyatimiz uchun zararli hamda mo‘min kishini imonidan ayiradigan illatlardan yana biri sehr-jodu bilan shug‘ullanishdir. Avvalo, shuni ta’kidlash lozimki, ba’zi kishilar orasida “ilmu amal” (issiq-sovuq) deb qilinadigan ishlar, ularga ruju qo‘yish dinimizda qoralanadi. Ayniqsa, sehr-jodu bilan shug‘ullanib, boshqalarga yomonlik qilish muqaddas dinimiz ta’limotiga mutlaqo ziddir. Payg‘ambarimiz ﷺ marhamat qildilar:
عَنْ أَبِي هُرَيرَةَ رضي الله عنه، عَن النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "اجْتَنِبُوا السَّبْعَ الْمُوبِقَاتِ" قَالُوا: "يَا رَسُولَ اللَّهِ وَ مَا هُنَّ؟" قَالَ: "الشِّرْكُ بِاللَّهِ وَ السِّحْرُ وَ قَتْلُ النَّفْسِ الَّتِي حَرَّمَ اللَّهُ إِلَّا بِالْحَقِّ وَ أَكْلُ الرِّبَا وَ أَكْلُ مَالِ الْيَتِيمِ وَ التَّوَلِّي يَوْمَ الزَّحْفِ وَ قَذْفُ الْمُحْصَنَاتِ الْمُؤْمِنَاتِ الْغَافِلَاتِ " (متفق عليه
ya’ni: Abu Hurayra 0dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar ﷺ: “Halokatga eltuvchi yettita katta gunohdan saqlaninglar” – dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh ﷺ! Ular qaysilar?” – deb so‘rashdi. Shunda: “Allohga shirk keltirish, sehr, Alloh harom qilgan jonni nohaq o‘ldirish, sudxo‘rlik, yetimning molini yeyish, yov bosganda qochish va iffatli, mo‘mina, fahsh ishlardan yiroq ayolga tuhmat qilish” – deb javob berdilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Shunga asosan dinimizda sehrning har qanday turi harom hisoblanib, uni o‘rganish, o‘rgatish va shug‘ullanish qat’iyan taqiqlangan. Ulamolardan Ibn Qudoma: “Sehrni o‘rganish va o‘rgatish haromdir. Ilm ahli o‘rtasida bu masalada xilof yo‘q” – deb ta’kidlagan. Chunki aynan sehr va folbinlik kabi illatlar tufayli odamlar orasida fitna paydo bo‘lib, aka-uka, opa-singil, qo‘ni-qo‘shni, ovsinlar o‘rtasida shubha, gumon aralashib, oqibatda qarindosh-urug‘, qo‘shnichilik rishtalariga putur yetmoqda.
Keyingi paytlarda ayrim viloyat, shahar va qishloq joylarda musulmon aholisi o‘rtalarida kasalliklarning barcha turlarini ham “davolayverishni” da’vo qiluvchi soxta tabib va parixonu-duoxonlarning soni ko‘payib borayotgani ma’lum bo‘lmoqda. Ushbu soxta davolovchilarning o‘zaro so‘z biriktirishib olgan maxsus kishilari bo‘lib, bu kishilar xalqqa ularni maqtab, qo‘llari yengilligi, ko‘plab bemorlar ulardan shifo topayotganligi to‘g‘risida shov-shuv gaplar tarqatib ta’rifu tavsiflarini avjiga chiqaradilar. Shifo istab borgan bemorlarga mozorlarga atab qo‘y, echki yoki tovuqlarni so‘yishga buyuradilar. Bemorlar esa shifo topish umidida ularga qatnab, qo‘llaridan kelgan xayru ehson va nazru niyozlarini ulardan ayamasdan sarf qiladilar. Payg‘ambarimiz ﷺ dan bu borada quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
(عَنْ عَمرِو بنِ شُعَيْبٍ عَنْ أَبِيهِ عَنْ جَدِّهِ رَفَعَهُ قَالَ: "مَنْ تَطَبَّبَ وَ لَمْ يَكُنْ بِالطِّبِّ مَعْرُوفًا فَأَصَابَ نَفْسًا فَمَا دُونَهَا فَهُوَ ضَامِنٌ" (أَخْرَجَهُ الإِمَامُ الدَّارَقُطْنِيُّ و صَحَّحَهُ الإِمَامُ الحاكمُ
ya’ni: Amr ibn Shu’ayb otasidan, u kishi bobosidan, u kishi Rasululloh ﷺ dan rivoyat qilib aytadilar: “Kim tib ilmini bilmay turib tabiblik qilsa, oqibatda birortaning hayotiga yoki sog‘ligiga putur yetkazib qo‘ysa, unga zomin bo‘ladi” (Imom Tabaroniy rivoyati va uni Imom Hokim ishonchli deganlar).
Darhaqiqat, mazkur soxta tabiblarga ishonib, kasallikni o‘z vaqtida mutaxassis vrachlarga ko‘rsatmasdan, og‘ir ahvollarga tushib qolayotgan yoki ba’zida soxta dorilar qurboni bo‘layotganlar ham borki, ulardan ibrat olib, ko‘zni kattaroq ochmoq va soxta davolovchilarning hiylayu nayranglaridan doimo ehtiyot bo‘lib yurmoqlik har bir aql-idrok sohibining muhim vazifasidir.
Muhtaram jamoat! Quyida Imom Abu Hanifaning “Fiqhul akbar” kitobida kelgan ba’zi aqidaviy masalalarni bayon qilib o‘tamiz:
- shirk va kufrdan boshqa gunohlarni qilgan va tavba qilmay turib dunyodan mo‘min holda o‘tgan kishining ishi Allohning xohishiga havola – xohlasa jazo beradi, xohlasa afv etib, aslo do‘zax azobiga duchor etmaydi.
- riyokorlik va manmanlik bilan qilingan har bir xayrli ishning savobi bekor qilinur.
- Imon bu – biz e’tiqod qiladigan Moturidiya aqidasiga ko‘ra, til bilan iqror va dil bilan tasdiqlashdan iboratdir. Osmonlaru Yer ahlining imonlari imon keltiruvchi narsalar jihatidan ko‘paymaydi ham, kamaymaydi ham. Ammo ishonch va tasdiq jihatidan ozayib-ko‘payib turadi. Mo‘minlar imonda, tavhidda o‘zaro tengdirlar, ammo amalda bir-birlaridan ortiq-kamdirlar.
- Islom bu – Allohning buyruqlariga taslim va itoat etishdir. Imon bilan Islom o‘rtasida lug‘aviy jihatdan farq bo‘lsa-da, lekin Islomsiz imon, imonsiz Islom bo‘lmas. Ularning ikkisi astar bilan avra yoki ich bilan tash kabidir. Din esa imon, islom va shariat ahkomlarining yig‘indisidir.
- Allohni barcha sifatlari bilan Kitobi Qur’onda o‘zi tavsif etganidek haqiqiy ma’rifat bilan taniymiz. Lekin hech kim Unga loyiq, haqiqiy ibodat bilan ibodat qila olmaydi. Lekin O‘z Kitobi Qur’onda buyurganidek, Rasulining sunnatida ko‘rsatilganidek ibodat qilishi mumkin.
- Demak, barcha mo‘minlar ma’rifat – Allohni tanishda, ishonchda, tavakkulda, muhabbatda, rizoda, xavfda, umidda va imonda tengdirlar. Bundan tashqari amallarda esa, bir-birlaridan farq qilurlar.
- Alloh taolo o‘z bandalariga nisbatan fazlu karamli hamda adolatlidir: ba’zida bandasiga qilgan ishiga yarasha emas, balki bir necha barobar ortig‘i bilan savob baxsh etar. Gohida gunohiga yarasha jazo berur. Ba’zan fazliga olib, kechirib yuborur.
Alloh taolo barchamizni muqaddas dinimiz o‘rgatgan to‘g‘ri e’tiqodda yashamog‘imizda sobitqadam qilsin!
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov bilan suhbat
– Assalomu alaykum. Bugungi suhbatimizni inson hayotida muhim o‘rin tutadigan, odamni boriga rozi bo‘lib, yo‘g‘iga sabr qilishga undaydigan go‘zal fazilat – qanoat haqida gaplashsak. Avvalo, qanoat deganda nimani tushunamiz?
– Vaalaykum assalom varahmatullohi vabarakotuh. Qanoat – insonga berilgan ne’matlarni qadrlash, Alloh taoloning taqdiriga rozi bo‘lish, bor narsaga shukr qilish va halol yo‘l bilan hayot kechirishdir.
Qanoat – bu qo‘l qovushtirib o‘tirish, mehnat qilmaslik, biror kasbning boshini tutmaslik yoki “boriga shukr” deb taraqqiyotdan ortda qolib ketish emas. Musulmon kishi, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, dunyo ishlarida harakat qiladi, rizqini izlaydi, kasb-hunar o‘rganadi, oilasi uchun mehnat qiladi. Ammo qalbida: “Menga berilgan ne’matning egasi Alloh taolodir”, degan e’tiqodda bo‘ladi.
Inson qancha boy bo‘lmasin, agar qalbida qanoat bo‘lmasa, o‘zini kambag‘al his qilishi mumkin. Aksincha, mol-dunyosi ko‘p bo‘lmagan insonning qalbi xotirjam, shukr qiluvchi bo‘lsa, u chinakam boydir. Shu bois ulamolar qanoatni qalbg boyligi, deb ta’riflashgan.
– Islom dining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim va hadisi shariflarda qanoat haqida nima deyilgani ham o‘quvchilarga qiziq, albatta.
– Ha, shunday. Islom ta’limotida qanoat ulug‘ fazilat hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas” (Qasas surasi, 77-oyat), deb marhamat qilgan.
Islom dini insonni bu dunyoda ham, oxiratda ham baxt-saodatga erishtiruvchi dasturilamal, hayot manhajidir. Ammo dinimizning asl mohiyatini, uning ta’limotlari barcha zamon va makonlarga muvofiq kelishini anglab yetmagan kishilar uni tarkidunyochilikka aylantirib qo‘yadilar, dinga amal qilish uchun dunyodan ajralib chiqish kerak, deb hisoblaydilar. Vaholanki, Parvardigori olam insonga ato qilgan barcha ne’matlari ham oxiratni, ham dunyodagi nasibani izlash vositasi ekanini aytmoqda.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ey Abu Hurayra, parhezkor bo‘l, odamlarning obidrog‘i bo‘lasan. Qanoatli bo‘l, insonlarning eng boyi bo‘lasan. O‘zingga yoqqanini odamlar uchun ham yaxshi ko‘r, mo‘min bo‘lasan. Qo‘shningga yaxshilik qil, muslim bo‘lasan. Kulgini ko‘paytirma. Chunki kulgining ko‘pi qalbni o‘ldiradi”, dedilar (Imom Ibn Moja, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonni o‘ziga berilgan ne’matlarni qadrlashga targ‘ib etganlar.
Ba’zan inson o‘zidan boyroq kishiga qarab: “Uning mashinasi bor, uyi katta, kiyimi yaxshi, imkoniyati ko‘p”, deb o‘zini kambag‘al his qiladi. Lekin o‘zidagi ne’matlarga qaramaydi. Boshqa bir inson esa kasal bo‘lib yotibdi, sog‘likka muhtoj. Yana biri farzandli bo‘lishni orzu qiladi. Demak, biz ko‘pincha o‘zimizda bor narsalarning qadrini ularni boy bergachgina anglab yetamiz. Shu bois mo‘min inson har kuni: “Alloh taolo menga qancha ne’matlar bergan-a. O‘ziga shukr”, deb hamdu sano aytishi kerak.
– Demak, qanoat insonning baxtli yashashiga ham sabab bo‘lar ekan-a?
– Albatta. Qanoat bilan baxt o‘rtasida katta bog‘liqlik bor. Bugungi kunda insonning ko‘zi ko‘p narsaga tushadi. Telefon, internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali boshqalarning hayotini ko‘ramiz. Kimdir yangi mashina xarid qilganini, kimdir yangi imorat qurganini, kimdir chet elga sayohat qilganini ko‘ramiz.
Agar inson o‘z hayotini doimo boshqalarning hayoti bilan solishtiraversa, qalbida norozilik paydo bo‘ladi: “Nega menda yo‘q? Nega unda bor? Nega uning hayoti yaxshi?” degan savollar ko‘payib boradi. Bu esa insonning xotirjamligini yo‘qotadi.
Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyoviy masalalarda inson o‘zidan pastroq holatdagi kishilarga qarashini o‘rgatganlar. Ya’ni inson o‘zidan boyroq kishiga qarab hasrat qilmasdan, o‘zidan kamroq imkoniyatga ega bo‘lgan kishilarni ko‘rib, Allohning ne’matlariga shukr qilsin.
– Ayrimlar qanoatli kishining hayotga intilishi past, deb tushunadilar. Bunga dinimiz qanday qaraydi?
– Bu qanoat tushunchasini noto‘g‘ri anglashdan kelib chiqadi. Musulmon kishi mehnatkash bo‘lishi kerak. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam mehnat qilishga, halol rizq topishga targ‘ib etganlar.
Dehqon yerga urug‘ sepib, keyin “Alloh rizq beradi”, deb uyida o‘tirmaydi. U yer haydaydi, urug‘ sochadi, sug‘oradi, mehnat qiladi va natijasini Allohdan kutadi. Tadbirkor ham harakat qiladi, talaba o‘qiydi, hunarmand ham mehnat qiladi. Qanoat shu harakatdan keyin insonning qalbidagi holatdir. Ya’ni, qo‘limiz mehnatda, qalbimiz Allohga bog‘langan bo‘lishi kerak.
– Bugungi yoshlar orasida “ko‘proq pul topish”, “boy bo‘lish”, “qimmat mashina olish” kabi maqsadlar kuchayib bormoqda. Bu holatga qanday munosabat bildirasiz?
– Mol-dunyoga ega bo‘lish yomon emas. Islom boylikni harom qilmagan. Harom qilingani – boylikning inson qalbini egallab olishi, uni haromga boshlashi va Alloh taoloning zikridan, toat-ibodatidan unuttirishidir.
Halol mehnat bilan boyigan inson juda ko‘p xayrli ishlar qilishi mumkin. Kambag‘allarga yordam beradi, masjidlar va madrasalar quradi, ilmga xizmat qiladi, yetimlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Mol-dunyo qo‘lda bo‘lsa – ne’mat, qalbda bo‘lsa sinovdir.
Yoshlarimizga shuni o‘rgatishimiz kerak: katta maqsad qo‘yish mumkin. Ammo maqsad halol bo‘lishi kerak. Rizq halol bo‘lishi kerak. Mehnat halol bo‘lishi kerak. Eng muhimi, inson dunyoviy maqsadga erishaman deb oxiratni boy bermasligi lozim.
– Farzandlarimizga qanoatni qanday o‘rgatishimiz mumkin?
– Eng yaxshi tarbiya namuna bo‘lishdir. Ota-ona “qanoatli bo‘l” deb, o‘zi doimo boshqalarning mol-dunyosini muhokama qilib yursa, bola gapga emas, amalga qaraydi. Farzandlarimizga kichikligidan: “Non – ne’mat. Uni isrof qilma”, “Ota-onangning mehnati qadriga yet”, “Boshqalarga hasad qilma”, degan tushunchalarni singdirish kerak.
Bolaning istagan hamma narsasini muhayyo qilaverish to‘g‘ri emas. Chunki inson xohlagan narsasiga osongina erishaversa, berilgan ne’matning qadrini bilmay qo‘yishi mumkin. Ba’zida farzandga: “Hozir imkonimiz yo‘q, sabr qilamiz”, deyish ham tarbiya, ham uning qanoatli bo‘lishiga zamin yaratadi.
– Qanoat bilan taqdirga rozi bo‘lishni qanday tushuntirgan bo‘lardingiz?
– Mo‘min kishi Alloh taoloning taqdiriga iymon keltiradi. Lekin taqdirni bahona qilib, o‘zining zimmasidagi vazifalarini tashlab qo‘ymaydi. Kasal inson: “Taqdir ekan”, deb davolanishdan voz kechmaydi. Rizq izlayotgan kishi mehnat qilishni ortga surmaydi. Talaba o‘qishni to‘xtatmaydi. Biz sabablarni qilamiz, natijasini Allohdan kutib yashaymiz. Agar natija biz kutgandek bo‘lmasa, “Nega bunday bo‘ldi?” deb Allohning taqdiriga norozi bo‘lmaymiz. Mana shu holat inson qalbiga katta xotirjamlik beradi.
– So‘nggi savol: inson qanoatli bo‘lishi va shu fazilatga ega bo‘lishi uchun nima qilishi kerak?
– Buning uchun, avvalo, shukrni kanda qilmasligi kerak. O‘zini hadeb boshqalar bilan solishtirmasligi zarur. Chunki har kimning taqdiri, rizqi va hayot yo‘li har xil bo‘ladi.
Halol mehnat qilib, isrofdan tiyilishi shart. Inson ko‘p narsaga ega bo‘lish bilan baxtli bo‘lib qolmaymiz. Kerakli narsa bilan kifoyalanishni o‘rganishimiz lozim.
Ehtiyojmand insonlar holiga qarash kerak. Inson o‘zidan kamroq imkoniyatga ega kishilarni ko‘rsa, o‘zining ne’matlarini yanada chuqurroq his qiladi.
Alloh taolo bilan munosabatimizni mustahkamlashimiz shart. Namoz, duo, Qur’on tilovati, zikr va istig‘for insonning qalbini poklaydi. Qalbi Allohga bog‘langan inson dunyoviy narsalarga haddan ziyod bog‘lanib qolmaydi. Va o‘shanda qinoat bitmas xazina ekanini anglab yetadi.
T.NIZOM suhbatlashdi.