Iordaniyadagi “Sabil Hayr” jamg'armasi 22 yildan buyon muhtojlar, kambag'allar va yo'lovchi musofirlarga taom tarqatish bilan shug'ullanadi.
“Reuters” xabariga ko'ra, jamg'arma kuniga 3500 dan 4000 gacha taom tayyorlab, ro'zadorlar sayohatchilar va yo'lovchilarga etkazib beradi. Bu xayriya ishlari Ma'an ahlining xayr-ehsonlari hisobidan amalga oshiriladi.
“Sabil Ma'an” shirkati mas'uli Mahmud Abu Solihning aytishicha, ro'zador ziyoratchi va yo'lovchilarga iftorlik xayriya qilish odati yuzlab yillar davomida ota-bobolardan meros bo'lib kelmoqda.
Abu Solih ta'kidlashicha, ba'zan Allohdan ajru savob umidida bevalar, etimlar, hatto bolalar ham ehson ishlariga o'z hissalarini qo'shganlar.
Falastinlik umra ziyoratchisi Naja Muhammad Abu Hadra jamg'arma haqida bunday deydi: “Biz Saudiya chegarasida iftorlik qilishni niyat qilgandek. Ammo og'iz ochish mahali Ma'an shahriga to'g'ri keldi. Ma'an ahlidan Alloh rozi bo'lsin, bizni iliq qarshi olib, iftorliklar berishdi. Bundan juda mamnun bo'ldik. Ular g'oyatda saxovatli kishilar. Barcha mehmonlar qatori men ham Iordaniya xalqiga minnatdorchilik bildiraman.
O'MI xodimi I.Ahmedov tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalariga 2026-2027 o‘quv yili uchun kirish test sinovlarining 5-hudud (Buxoro viloyati) bo‘yicha imtihon jarayonlari Mir Arab oliy madrasasi binosida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur hudud bo‘yicha diniy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan 657 nafar abituriyent test sinovlarida ishtirok etdi.
Imtihonlarning shaffofligi, adolatliligi hamda tartib-intizomini ta’minlash maqsadida jarayonlarga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul rahbarlari, diniy ta’lim muassasalari mutasaddilari, pedagog-o‘qituvchilar hamda ichki ishlar va tibbiyot xodimlari jalb etildi.
Test sinovlari boshlanishidan oldin abituriyentlarga imtihon topshirish tartibi va baholash mezonlari batafsil tushuntirildi. Barcha jarayonlar belgilangan talab va qoidalarga muvofiq, yuqori darajada tashkil etildi.
Tashkilotchilar test jarayonlarining shaffof va tartibli o‘tishiga yaqindan ko‘maklashgan Buxoro shahar ichki ishlar organi, sog‘liqni saqlash boshqarmasi tibbiyot xodimlari hamda diniy ta’lim muassasalari vakillariga o‘z minnatdorligini bildirdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati