Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlarini, siyratlarini boshqa anbiyolardan ko‘ra ko‘proq, yaxshiroq bilamiz. Shunday bo‘lishi tabiiy hol, zotan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mushriklar zulmiga, kofirlar adovatiga, din dushmanlarining fisqu hasadlariga qarshi ko‘rsatgan sabru matonati, lutfu karami, hilmu sharofatini do‘stu dushman barobar e’tirof etgan. Illo, bu – buyuk haqiqat edi. Nafaqat Quraysh qabilasi, balki yon-atrofdagi barcha arablar u zotni “Al-Amin” – ishonchli, sodiq, to‘g‘ri so‘z, samimiy, pok inson, deb bilgani holda risolatlariga ishonmasdan yolg‘onchiga chiqarishdi. Ammo u Payg‘ambar alayhissalom sabr qildilar, Islomni yetkazishda sobitqadam bo‘ldilar. U zotga risolat kelgan zahoti Makka ahlini yig‘ib: «Ey qavm! Agar men ana shu tog‘ning ortida dushmanning otliq lashkari kelyapti desam ishonasizmi?» dedilar. Qavm hech ikkilanmasdan: «Ha, albatta, ishonamiz», dedi. Payg‘ambar alayhissalom bu gapni bekorga aytmadilar, asli yo‘q xabarga ishongan qavm endi eng buyuk haqiqatga – Payg‘ambar alayhissalom olib kelgan buyuk xabarga ham ishonishi kerak edi. Ammo «Unday bo‘lsa, Alloh taolo meni sizlarga Payg‘ambar etib tayinladi» deb risolatni bayon qilgan edilar, hozirgina yo‘q gapga ishonamiz deb turgan qavm bu haq so‘zga ishonmadi. U zotning risolatlarini rad qildi, o‘zlarini hali yolg‘onchiga, hali shoirga, hali sehrgarga, hatto telbaga chiqarishdi. Avvalgi payg‘ambarlarga zolim qavmi nimaiki yomonlik qilgan bo‘lsa, barchasini qildi. O‘sha davrda arablarda so‘z san’ati yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan edi. Arablar o‘sha davrning eng buzilgan, eng johil, salkam yovvoyi qavmiga aylanib qolgan bo‘lsa-da, so‘z san’atida, bayonda, nutqda, tilda nihoyatda taraqqiy etgan edi. Bu davrning she’riyati dunyo nazm maydonida yetib bo‘lmas yuksaklarda edi. Biroq, ana shu ko‘klarga ko‘tarilgan she’riyat hazrati Muhammad alayhissalomga nozil bo‘lgan Qur’oni karimning eng kichkina surasi qarshisidayoq ojiz qoldi, Qur’oni karimning ilohiy hikmatlari, shomil oyatlari oldida taslim bo‘lib, bosh egishga, yengilganini tan olishga majbur bo‘ldi. Bu ulkan mag‘lubiyatning alamiga chiday olmagan qavm u zotga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tuhmatlarni qildi, yakkalab qo‘ydi, qizlarining oilasini buzdi, o‘g‘illari vafot qilsa, nasli uzilgan, “abtar” deb malomat qildi, ammo Muhammad sollallohu alayhi vasallam bularning barchasiga tog‘dek matonat bilan turib berdilar, shirkka, butparastlikka mukkasidan ketgan, duch kelgan narsaga oliha deb sig‘inib yurgan zalolatdagi qavmga tavhid g‘oyasini – Laa ilaaha illalloh – Allohdan o‘zga iloh yo‘q degan ilohiy haqiqatni yetkazishda sobit turdilar. U zotning metindek mustahkam, barqarorliklarini ko‘rib, mushriklar hiyla yo‘liga o‘tdi, da’volaridan qaytarish uchun hali shahvat, hali mol-dunyo, hali hokimiyat taklif qilib ko‘rdi. Biroq, Alloh subhanahu va taolo u muhtaram zotga haqiqatni ko‘rsatib, butun bashariyat taqdiri u zotga bog‘liq ekanini anglatib turar edi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu buyuk vazifadan bir lahza ham chekinmadilar.
Olamlarga rahmat qilib yuborilgan bu buyuk zot ana shu noshukr, g‘ofil, johil, mushrik, kofir qavmga achinar edilar, ularning oxiratda azob-uqubatda qolishini istamas edilar. Shuning uchun toshbo‘ron qilishsa ham, kavushlari qonga to‘lsa ham sabr qildilar, farishtalar kelib, yordam beraylikmi, bu qavmni yer bilan yakson qilaylikmi deb turishsa ham qavmni qarg‘amadilar, aksincha, ularning haqqiga xayrli duolar qildilar. Barcha qiyinchiliklar, jabru sitamlarga sabr qildilar, ma’naviy va moddiy tazyiqlarga chidadilar, ona Vatanlaridan quvildilar, ammo Alloh taoloning dinini ummatga yetkazdilar, insoniyatga ikki dunyo saodati yo‘lini shaxsiy namuna o‘laroq ko‘rsatib berib, dunyo tarixidagi nubuvvat va risolat silsilasini yakunlab, so‘ng rafiqul a’loga intiqol qildilar.
Dunyo hayoti turli-tuman qiyinchiliklardan, musibatlardan xoli bo‘lmasligi tabiiy. Har bir inson umri davomida musibatlarga yo‘liqadi, qiyinchiliklarga duch keladi, tuhmatlarga qoladi, yomonliklarga mubtalo bo‘ladi, fitnalarga qurbon bo‘ladi. Lekin har safar banda Parvardigorining o‘zi bilan birga ekanini unutmasligi kerak. Agar u haq yo‘lda bo‘lsa, bu nohaqliklarga, fitnalarga, tuhmatlarga sabr qilish kerak. Alloh taolo bilan roz aytishgan, vahiy orqali bog‘lanib turgan payg‘ambarlar ham musibatlarga sabr qildi, siz bilan biz sabrli bo‘laylik!
Payg‘ambar alayhissalom yomonlarni qarg‘amadilar, biz ham qarg‘amaylik!
Payg‘ambar alayhissalom ozorning eng qattig‘ini ko‘rganlarida ham odamzotning holatini, tabiatini tushundilar, ularni duoibad emas, duoixayr qildilar, biz ana shu sunnatga ergashaylik!
Holbuki, sizu bizga Muhammad alayhissalomdan ilm bilan birgalikda ummatning g‘am-tashvishi ham meros bo‘lib qoldi, zimmamizga yuklandi. Shuning uchun har bir musulmon banda Payg‘ambar alayhissalomning har bir harakatidan o‘rnak olib yashamog‘i kerak.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati