Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Xayrli duolar – Payg‘ambar alayhissalomdan meros

25.10.2017   11850   5 min.
Xayrli duolar – Payg‘ambar alayhissalomdan meros

Sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning tarixlarini, siyratlarini boshqa anbiyolardan ko‘ra ko‘proq, yaxshiroq bilamiz. Shunday bo‘lishi tabiiy hol, zotan.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mushriklar zulmiga, kofirlar adovatiga, din dushmanlarining fisqu hasadlariga qarshi ko‘rsatgan sabru matonati, lutfu karami, hilmu sharofatini do‘stu dushman barobar e’tirof etgan. Illo, bu – buyuk haqiqat edi. Nafaqat Quraysh qabilasi, balki yon-atrofdagi barcha arablar u zotni “Al-Amin” – ishonchli, sodiq, to‘g‘ri so‘z, samimiy, pok inson, deb bilgani holda risolatlariga ishonmasdan  yolg‘onchiga chiqarishdi. Ammo u Payg‘ambar alayhissalom sabr qildilar, Islomni yetkazishda sobitqadam bo‘ldilar. U zotga risolat kelgan zahoti Makka ahlini yig‘ib: «Ey qavm! Agar men ana shu tog‘ning ortida dushmanning otliq lashkari kelyapti desam ishonasizmi?» dedilar. Qavm hech ikkilanmasdan: «Ha, albatta, ishonamiz», dedi. Payg‘ambar alayhissalom bu gapni bekorga aytmadilar, asli yo‘q xabarga ishongan qavm endi eng buyuk haqiqatga – Payg‘ambar alayhissalom olib kelgan buyuk xabarga ham ishonishi kerak edi. Ammo «Unday bo‘lsa, Alloh taolo meni sizlarga Payg‘ambar etib tayinladi» deb risolatni bayon qilgan edilar, hozirgina yo‘q gapga ishonamiz deb turgan qavm bu haq so‘zga ishonmadi. U zotning risolatlarini rad qildi, o‘zlarini hali yolg‘onchiga, hali shoirga, hali sehrgarga, hatto telbaga chiqarishdi. Avvalgi payg‘ambarlarga zolim qavmi nimaiki yomonlik qilgan bo‘lsa, barchasini qildi. O‘sha davrda arablarda so‘z san’ati yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan edi. Arablar o‘sha davrning eng buzilgan, eng johil, salkam yovvoyi qavmiga aylanib qolgan bo‘lsa-da, so‘z san’atida, bayonda, nutqda, tilda nihoyatda taraqqiy etgan edi. Bu davrning she’riyati dunyo nazm maydonida yetib bo‘lmas yuksaklarda edi. Biroq, ana shu ko‘klarga ko‘tarilgan she’riyat hazrati Muhammad alayhissalomga nozil bo‘lgan Qur’oni karimning eng kichkina surasi qarshisidayoq ojiz qoldi, Qur’oni karimning ilohiy hikmatlari, shomil oyatlari oldida taslim bo‘lib, bosh egishga, yengilganini tan olishga majbur bo‘ldi. Bu ulkan mag‘lubiyatning alamiga chiday olmagan qavm u zotga ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan tuhmatlarni qildi, yakkalab qo‘ydi, qizlarining oilasini buzdi, o‘g‘illari vafot qilsa, nasli uzilgan, “abtar” deb malomat qildi, ammo Muhammad sollallohu alayhi vasallam bularning barchasiga tog‘dek matonat bilan turib berdilar, shirkka, butparastlikka mukkasidan ketgan, duch kelgan narsaga oliha deb sig‘inib yurgan zalolatdagi qavmga tavhid g‘oyasini – Laa ilaaha illalloh – Allohdan o‘zga iloh yo‘q degan ilohiy haqiqatni yetkazishda sobit turdilar. U zotning metindek mustahkam, barqarorliklarini ko‘rib, mushriklar hiyla yo‘liga o‘tdi, da’volaridan qaytarish uchun hali shahvat, hali mol-dunyo, hali hokimiyat taklif qilib ko‘rdi. Biroq, Alloh subhanahu va taolo u muhtaram zotga haqiqatni ko‘rsatib, butun bashariyat taqdiri u zotga bog‘liq ekanini anglatib turar edi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu buyuk vazifadan bir lahza ham chekinmadilar.

Olamlarga rahmat qilib yuborilgan bu buyuk zot ana shu noshukr, g‘ofil, johil, mushrik, kofir qavmga achinar edilar, ularning oxiratda azob-uqubatda qolishini istamas edilar. Shuning uchun toshbo‘ron qilishsa ham, kavushlari qonga to‘lsa ham sabr qildilar, farishtalar kelib, yordam beraylikmi, bu qavmni yer bilan yakson qilaylikmi deb turishsa ham qavmni qarg‘amadilar, aksincha, ularning haqqiga xayrli duolar qildilar. Barcha qiyinchiliklar, jabru sitamlarga sabr qildilar, ma’naviy va moddiy tazyiqlarga chidadilar, ona Vatanlaridan quvildilar, ammo Alloh taoloning dinini ummatga yetkazdilar, insoniyatga ikki dunyo saodati yo‘lini shaxsiy namuna o‘laroq ko‘rsatib berib, dunyo tarixidagi nubuvvat va risolat silsilasini yakunlab, so‘ng rafiqul a’loga intiqol qildilar.

Dunyo hayoti turli-tuman qiyinchiliklardan, musibatlardan xoli bo‘lmasligi tabiiy. Har bir inson umri davomida musibatlarga yo‘liqadi, qiyinchiliklarga duch keladi, tuhmatlarga qoladi, yomonliklarga mubtalo bo‘ladi, fitnalarga qurbon bo‘ladi. Lekin har safar banda Parvardigorining o‘zi bilan birga ekanini unutmasligi kerak. Agar u haq yo‘lda bo‘lsa, bu nohaqliklarga, fitnalarga, tuhmatlarga sabr qilish kerak. Alloh taolo bilan roz aytishgan, vahiy orqali bog‘lanib turgan payg‘ambarlar ham musibatlarga sabr qildi, siz bilan biz sabrli bo‘laylik!

Payg‘ambar alayhissalom yomonlarni qarg‘amadilar, biz ham qarg‘amaylik!

Payg‘ambar alayhissalom ozorning eng qattig‘ini ko‘rganlarida ham odamzotning holatini, tabiatini tushundilar, ularni duoibad emas, duoixayr qildilar, biz ana shu sunnatga ergashaylik!

 Holbuki, sizu bizga Muhammad alayhissalomdan ilm bilan birgalikda ummatning g‘am-tashvishi ham meros bo‘lib qoldi, zimmamizga yuklandi. Shuning uchun har bir musulmon banda Payg‘ambar alayhissalomning har bir harakatidan o‘rnak olib yashamog‘i kerak.

Rahmatulloh SAYFUDDINOV,

«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Xato – bandaniki

24.06.2025   1538   1 min.
Xato – bandaniki

Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi: 
 

– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...


Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.


Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:

– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.


Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.


Imom unga dedi:

– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?


Yigit javob berdi:

– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.


Imom dedi:

– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...


Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi. 


Akbarshoh RASULOV