Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Sentabr, 2026   |   21 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:29
Quyosh
05:51
Peshin
12:22
Asr
16:59
Shom
18:57
Xufton
20:15
Bismillah
03 Sentabr, 2026, 21 Rabi`ul avval, 1448

Mehmonlar Samarqandda

20.10.2017   7531   2 min.
Mehmonlar Samarqandda

 O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston-Ozarbayjon misolida” xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida so‘zlagan ma’ruzasida O‘zbekistonda vijdon va e’tiqod erkinligi ta’minlanib, diniy bag‘rikenglik tobora mustahkamlanayotgani, qisqa vaqtda Qoraqalpog‘istonda Imom Eshon Muhammad masjidi, Xorazmda Oxun bobomasjidi, Toshkentda Suzuk ota masjidini katta majmua shaklida bunyod etilayotgani, Surxondaryoda Imom Termiziy, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy majmualarining qayta qurilayotgani, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish boshlagani katta tuhfa bo‘lgani haqida so‘z yuritdilar.

Ayniqsa, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi butun islom olamida keng o‘rganilishiga imkoniyat berishini ta’kidladilar hamda Hazrati Imom majmuasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasining ochilishi va mamlakatimiz hududlarida aqida, kalom, fiqh, tafsir va hadis maktablarining tashkil etilishi diyorimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy kabi allomalar yetishib chiqishiga katta ishonch uyg‘otishini aytdilar.

Muftiy hazratlari nutqini: “Fursatdan foydalanib, Siz aziz mehmonlarni diyorimizning eng mo‘tabar maskanlari bo‘lgan Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari  bo‘ylab, aziz-avliyolar xoki poklari qo‘nim topgan joylarni ziyorat qilishga taklif etaman”, degan taklif bilan yakunladilar.

Muftiy hazratlarining takliflariga binoan anjumanga tashrif buyurgan e’tiborli mehmonlar kecha Hazrati Imom majmuasiga ziyoratga kelib O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Hazrati Imom jome masjidi bilan tanishdilar. so‘ngra Hazrati Usmon Mus'hafini, Baroqxon madrasasini, Qaffol Shoshiy va Ziyovuddin Eshon Boboxon mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qildilar. Toshkent Islom institutiga borib o‘qituvchi va talabalar bilan samimiy suhbat qurdilar. Undan keyin esa “Minor” jome masjidiga bordilar. Kechagi kunning eng muhim voqeasi xorijlik mehmonlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi bo‘ldi.

Bugun tongdan mehmonlar muftiy hazrat boshchiligida «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga o‘tirib Samarqandga qarab yo‘lga tushgan edi. Ular kunning birinchi yarmida Samarqandga yetib borishdi. Ularni viloyat rahbarlari va olimu ulamolari, navqiron yoshlar hamrohligida katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Nufuzli mehmonlar “Registon plaza» mehmonxonasiga joylashdi va vaqtni g‘animat bilib Imom Buxoriy hazratlarining ziyoratiga oshiqdilar.

Juma namozini ushbu muborak maskanda o‘qidilar. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat etishdi.  Endi esa shahardagi diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirmoqdalar.

Damin JUMAQUL


Fotolavhalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Holid Al-Fadli: O‘zbekistonning ilmiy va ma’naviy merosi butun islom olami uchun ulkan boylikdir

02.09.2026   9866   2 min.
Holid Al-Fadli: O‘zbekistonning ilmiy va ma’naviy merosi butun islom olami uchun ulkan boylikdir

Kuvayt universiteti Til markazi direktori, doktor Holid Al-Fadli mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Mustaqillikning 35 yillik bayrami munosabati bilan yaqin do‘st va qardosh O‘zbekiston xalqini chin dildan samimiy muborakbod etaman. O‘zbekistonlik barcha birodarlarimizga yuksak taraqqiyot, farovonlik, tinchlik-xotirjamlik va yangi muvaffaqiyatlar tilayman.

Biz O‘zbekiston bilan azaldan mustahkam do‘stlik, o‘zaro hurmat va samimiy mehr-oqibat rishtalariga egamiz. Ushbu muborak zamindan ko‘plab buyuk va mashhur islom ulamolari yetishib chiqqan. Bu bebaho ilmiy va ma’naviy meros nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulkan boylik hisoblanadi.

Kuvayt universiteti va O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yaqin va samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilganidan mamnunmiz. Ko‘p yillardan buyon o‘zbekistonlik talabalar yurtimizda, xususan, Kuvayt universitetida arab tili va madaniyatimiz bo‘yicha o‘z bilimini oshirib kelmoqda. Ular bir o‘quv yili davomida, ya’ni uch semestr mobaynida arab tilini puxta o‘rganish bilan birga, Kuvayt madaniyati, tarixi va jamiyati bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘lmoqda.

O‘zbek talabalari bilan muloqotlar davomida ularning ta’lim va ilmga juda katta qiziqish hamda ishtiyoq bilan yondashishiga alohida e’tibor qaratdim. Ular nafaqat arab tilini o‘rganish, balki boshqa xalqning madaniyati, san’ati, iqtisodiyoti va rivojlanish tendensiyalarini chuqur anglashga intilayotgani quvonarli.

Arablar va o‘zbek xalqi o‘rtasida asrlar davomida shakllangan chuqur tarixiy, ilmiy va ma’naviy aloqalar mavjud. Men ushbu do‘stona va qardoshlik rishtalari kelgusida yanada mustahkamlanib, yangi mazmun bilan boyishini istayman. Bu borada xalqaro konferensiyalar o‘tkazish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni yo‘lga qo‘yish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.

Kuvaytdagi O‘zbekiston elchixonasi tomonidan bildirilayotgan tashabbus va takliflarni qo‘llab-quvvatlash, ularni amalga oshirishga yanada katta e’tibor qaratish zarur. Biz ham ikki mamlakat o‘rtasidagi ta’lim, ilm-fan va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar va istiqbolli tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdormiz.

Yana bir bor, qardosh O‘zbekiston xalqini Mustaqillikning 35 yillik qutlug‘ bayrami bilan qutlayman. Alloh taolo qardosh O‘zbekiston diyoriga tinchlik-xotirjamlik, farovonlik, taraqqiyot va ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari