O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston-Ozarbayjon misolida” xalqaro ilmiy-amaliy anjumanida so‘zlagan ma’ruzasida O‘zbekistonda vijdon va e’tiqod erkinligi ta’minlanib, diniy bag‘rikenglik tobora mustahkamlanayotgani, qisqa vaqtda Qoraqalpog‘istonda “Imom Eshon Muhammad” masjidi, Xorazmda “Oxun bobo” masjidi, Toshkentda “Suzuk ota” masjidini katta majmua shaklida bunyod etilayotgani, Surxondaryoda Imom Termiziy, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy majmualarining qayta qurilayotgani, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish boshlagani katta tuhfa bo‘lgani haqida so‘z yuritdilar.
Ayniqsa, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi butun islom olamida keng o‘rganilishiga imkoniyat berishini ta’kidladilar hamda Hazrati Imom majmuasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Islom akademiyasining ochilishi va mamlakatimiz hududlarida aqida, kalom, fiqh, tafsir va hadis maktablarining tashkil etilishi diyorimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy kabi allomalar yetishib chiqishiga katta ishonch uyg‘otishini aytdilar.
Muftiy hazratlari nutqini: “Fursatdan foydalanib, Siz aziz mehmonlarni diyorimizning eng mo‘tabar maskanlari bo‘lgan Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlari bo‘ylab, aziz-avliyolar xoki poklari qo‘nim topgan joylarni ziyorat qilishga taklif etaman”, degan taklif bilan yakunladilar.
Muftiy hazratlarining takliflariga binoan anjumanga tashrif buyurgan e’tiborli mehmonlar kecha Hazrati Imom majmuasiga ziyoratga kelib O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Hazrati Imom jome masjidi bilan tanishdilar. so‘ngra Hazrati Usmon Mus'hafini, Baroqxon madrasasini, Qaffol Shoshiy va Ziyovuddin Eshon Boboxon mangu qo‘nim topgan maskanlarni ziyorat qildilar. Toshkent Islom institutiga borib o‘qituvchi va talabalar bilan samimiy suhbat qurdilar. Undan keyin esa “Minor” jome masjidiga bordilar. Kechagi kunning eng muhim voqeasi xorijlik mehmonlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvi bo‘ldi.
Bugun tongdan mehmonlar muftiy hazrat boshchiligida «Afrosiyob» tezyurar poyezdiga o‘tirib Samarqandga qarab yo‘lga tushgan edi. Ular kunning birinchi yarmida Samarqandga yetib borishdi. Ularni viloyat rahbarlari va olimu ulamolari, navqiron yoshlar hamrohligida katta xursandchilik bilan kutib olishdi. Nufuzli mehmonlar “Registon plaza» mehmonxonasiga joylashdi va vaqtni g‘animat bilib Imom Buxoriy hazratlarining ziyoratiga oshiqdilar.
Juma namozini ushbu muborak maskanda o‘qidilar. So‘ngra O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qabrini ziyorat etishdi. Endi esa shahardagi diqqatga sazovor joylarni ko‘zdan kechirmoqdalar.
Damin JUMAQUL
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari Istanbul shahrining Bashakshehir tumanida hamyurtlarimizning murojaatlarini tinglash va ularning masalalariga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida sayyor qabul o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tashrifdan asosiy maqsad ushbu hududda yashab, faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizga zarur konsullik-huquqiy maslahatlar berish va ularni qiziqtirgan savollar yuzasidan amaliy ko‘mak ko‘rsatishdan iborat bo‘ldi.
Safar davomida diplomatlarga O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari ham hamrohlik qildi. Ular yurtdoshlarimizning islom diniga oid savollariga javob berdi va turli taqiqlangan hamda aqidaviy jihatdan noto‘g‘ri yo‘nalishdagi tashkilotlarga aldanib qolmaslik uchun zarur maslahatlar berdi.
Hamyurtlarimizning Turkiya hududida qonuniy yashashiga oid masalalar, ularning huquqiy holati, hujjatlari hamda konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Bosh konsulxona vakillari zarur hollarda O‘zbekiston fuqarolariga hujjatlarni rasmiylashtirish hamda vatanga qaytish bilan bog‘liq masalalarda amaliy ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati