“Islom hamjihatligi: O‘zbekiston-Ozarbayjon misolida” xalqaro ilmiy-amaliy anjumaniga qatnashgan xorijlik mehmonlar bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasiga va Hazrati Imom majmuasi bilan yanada yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi.
Nufuzli mehmonlarni idora rahbarlari va xodimlari kutib oldilar.
Dastlab Idoraning katta majlislar zalida qisqacha suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda kechagi anjuman taassurotlari bilan o‘rtoqlashildi.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov yig‘ilganlarga anjuman tafsilotlari haqida so‘zlab berganidan so‘ng muftiy hazratlariga so‘z berdi.
Anjumanning ahamiyati borasida so‘z yuritgan muftiy hazrat, jumladan, bunday dedilar:
– Islom insonlarni hamjihatlikka, do‘stu birodarlikka undaydi. Qur’oni karimda tinch-xotirjam hayot kechirish zarurligi yuzdan ham ko‘p uqtirilgan. Bundan ayon bo‘ladiki, birovga ozor bermaslik, insonlarning tinch yashashiga daxl qilmaslik ham ibodat ekan. Rasuli akrom sollallohu alayhi vasallam: “Zolim va mazlum birodaringizga yordam qo‘lini cho‘zing”, dedilar. Sahobai kiromlar: “Ota-onamiz Sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh! Mazlumga yordam qilish kerakligini tushundik. Ammo zolimga nega yordam qilamiz?” deb so‘rashdi. Payg‘ambar alayhissalom: “Zolimni zulmdan to‘xtating, ana shu sizning unga ko‘rsatgan yordamingiz bo‘ladi”, dedilar.
Bugungi kunlarda o‘tkazayotgan anjumanu tadbirlarimiz aynan ana shu maqsadga xizmat qiladi. Biz mo‘min-musulmonlar qo‘lni qo‘lga bersak, ezgu ishlarga bosh qo‘shsak, zulmu sitamlar o‘z-o‘zidan barham topib ketadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasiga xo‘sh kelibsiz!
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH dinlararo kengash hamraisi, Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda anjumanning yuksak saviyada tashkil etilganini aytib tashkilotchilarga minnatdorchilik bildirdi va mo‘min-musulmonlarga, ular qatorida boshqa din vakillariga ham shunday ajoyib sharoit yaratib bergan davlat va davlat rahbari omon bo‘lsin, deya duo qildi.
Turkiya Respublikasi Diniy boshqarmasi raisi Doktor Ali Erbash gapini juda ham katta hayajon bilan boshladiki, bu hayajon zalda o‘tirganlarga ham ta’sir qildi:
– Men O‘zbekistonga birinchi marta keldim, ammo hamma odam ko‘zimga tanish ko‘rinyapti. Chunki bu makon – ota yurtim. Bir zamonlar yovqur ajdodlarimiz ana shu muqaddas zaminda ot choptirib yurganlar. Men siz azizlarga Turkiyadan salomlar olib keldim. Turkiyaliklarning O‘zbekistonga kelganlarining ham, kelmaganlarining ham kelgisi keladi. Sizning go‘zal chehrangizning tanish ko‘rinishining yana bir sababi, mo‘jaz kutubxonamdagi Buxoriy, Termiziy, Samarqandiy, Moturidiy, Nasafiy asarlarini o‘qiganimda ko‘z oldimda aynan shu yurtning, shu yurtda yashaydigan sharafli xalqning siymosi gavdalanar edi.
Biz kecha turli davlat vakillari to‘planib ko‘plab masalalarni muhokama qildik. Buning uchun ustoz Usmonxon hazratlariga hamda Poshshozoda hazratlariga behad minnatdorchilik bildiraman.
Mana shu davrada hozir bo‘lgan azizlar, biz barchamiz “Olimlar payg‘ambarlarning vorislaridir” hadisiga muvofiq payg‘ambarlarning vorislarimiz, Bizga meros bo‘lib o‘tgan ana shu omonatni sadoqat bilan bajarishni barchamizga nasib aylasin!
Shundan so‘ng mehmonlar idora va majmua bilan tanishmoqni boshladilar. Ularga O‘MIning xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Akmalxon Shokirov yo‘lboshlovchilik qilmoqda.
Damin JUMAQUL
{gallery}/19-10-2017{/gallery}
Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.
Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.
Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.
Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati