Bugun poytaxtdagi Simpoziumlar saroyida “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Rossiya, Ukraina, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Irlandiya, Germaniya va boshqa davlatlar hamda diniy konfessiyalarning olimu ulamolari ishtirok etdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vaziri Abdulla Oripov ham qatnashdi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi, Ortiqbek Yusupov va Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH dinlararo kengash hamraisi, Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda ochiq deb e’lon qilishganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasining davlat maslahatchisi Xayriddin Sultonov Prezident Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zlarini o‘qib eshittirdi. So‘ngra Ozarbayjon Respublikasining Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Muboriz Qurbono‘g‘li anjuman ishtirokchilariga Ozarbayjon Prezidenti yo‘llagan tabrikni yetkazdi.
Anjuman ishiga Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov rahbarlik qildi.
Birinchi so‘z O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovga berildi. Muftiy hazratlari “Tinchlikni qadrlash – oliy fazilat” mavzuidagi nutqini mehmonlarni yurtimizga kelgani bilan qutlash bilan boshladilar. So‘ngra o‘zbek va ozar xalqi qadim-qadimdan do‘stona aloqada bo‘lib kelgani, ayniqsa, ikki xalq ziyolilari, ijodkoru olimlari o‘rtasida ustoz-shogirdlik an’analari ko‘p asrlik tarixga ega ekaniga e’tibor qaratdilar hamda tinchlikning bebaho ne’mat ekanini oyati karimalar, hadisi shariflar bilan ta’rifladilar. Ma’ruzasi nihoyasida mehmonlarni tashrifi bilan yana bir bor qutlab, ularni Toshkent, Samarqand, Buxorodagi qadamjolarga ziyoratga taklif qildilar.
Turkiya Respublikasi Diniy boshqarmasi raisi Doktor Ali Erbash “Bag‘rikenglikni mustahkamlashning ijtimoy omillari”;
Ozarbayjon Respublikasining Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Muboriz Qurbono‘g‘li “Islom hamjihatligi: Ozarbayjon javobi”;
Islom Hamkorlik Tashkiloti qoshidagi Islom tarixi, madaniyati va san’ati tashkilotining Istambuldagi (IRCICA) markazi bosh direktori, doktor Xalit Eren “IRCICAning islom tarixi, madaniyati va san’atiga doir faoliyati”;
Ozarbayjon milliy akademiyasi prezidenti, akademik Akif Alizoda “Diniy bag‘rikenglik – xalqlar o‘rtasidagi tinchlik kafolati”;
Milliy Majlis deputati, Parlamentdagi ozarbayjon-o‘zbek do‘stligi guruhi rahbari Eldor Ibrohimov “Dinlararo bag‘rikenglik – jamiyatdagi tinchlik va barqarorlik garovi”;
Milliy Majlis deputati, Parlament qo‘mitasi raisi Siyovush Navro‘zov “Ozarbayjondagi diniy bag‘rikenglikning tarixiy-falsafiy asoslari”;
Karachayeva-Cherkes Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi rahbari, Shimoliy Kavkaz musulmonlarining muvofiqlashtiruvchi markazi raisi, muftiy Ismoil Berdiyev “Takfirchilik” va undan islom hamjihatligiga qarshi siyosiy kuch sifatida foydalanilayotgani”;
Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, MDH dinlararo kengash hamraisi, Kavkaz xalqlari Oliy diniy kengashi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshshozoda “Tinchlikni saqlashda dinning o‘rni” kabi dolzarb mavzularda nutqlar so‘zladilar.
Ma’ruzalar tinlanganidan keyin yarim soat muhokamaga vaqt ajratildi va anjumanning birinchi qismi nihoyasiga yetdi.
Anjuman ishtirokchilarini Toshkent shahar hokimiyati “Navro‘z” restoranida to‘kin dasturxon bezab mehmon qildi. Anjuman qatnashchilari tushlikdan so‘ng toza havoda erkin suhbat qilib, esdalik uchun suratga tushdilar.
Anjumanning ikkinchi qismiga Ahadjon Hasanov va Salmon Musayev boshchilik qildilar.
Unda akademik Ne’matullo Ibrohimov “O‘zbek va rus tillarida Islom ensiklopediyasini tuzish bo‘yicha taklif va mulohazalar”;
Germaniya Respublikasining Frankfurt shahridagi Yevropa-turk musulmon uyushmasi prezidenti Muso Sardor Chalabiy “Bugungi islomiy dunyoqarashda diniy bag‘rikenglik muammolari”;
Toshkent islom universiteti rektori Ravshan Abdullayev “O‘zbekistondagi diniy ta’limning bugungi holati”;
Rossiya musulmonlari diniy tashkiloti raisi, Moskva shahri muftiysi Albir Krganov “Din va ijtimoiy hamkorlik”;
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, Shayx Abdulaziz Mansur “Tinch-totuv yashashning musulmoncha modeli, o‘zaro hurmat-ehtirom va madaniy aloqalar”;
Shimoliy Osetiya-Alaniya Respublikasi muftiysi Hojimurod Gatsalov “Islom hajihatligining yangi, xatarli davrdagi roli”;
Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy “Pravoslav cherkovining do‘stona munosabatlar va yoshlarning tarbiyasiga doir faoliyati”;
Kavkaz musulmonlari boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari, muftiy Salmon Musayev “Diniy va ijtimoiy hamkorlik”;
O‘zbekistondagi Islom taraqqiyoti markazi rahbari Shoazim Munavvarov “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston tajribasi”;
Ozarbayjon Respublikasi Diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gunduz Ismoilov “Ozarbayjonda davlat va din munosabati”;
Ukraina musulmonlari diniy boshqarmasi raisi, muftiy Ahmad Tamim “Islom hamjihatligini mustahkamlashda xalqaro ilmiy hamkorlikning roli”;
Rim-katolik cherkovi yepiskopi Yeji Matsulevich “O‘zbekistondagi Rim-katolik cherkovining to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun yaratilgan sharoitlar”;
Rus pravoslav cherkovining Boku va Ozarbayjon Yeparxi Arxiyepiskop Aleksandr “Diniy bag‘rikenglik va yangicha dunyoqarash muammolari: o‘tmish va bugun”;
O‘zbekiston Bibliya jamiyati bosh kotibi Xolmatjon Ashirov “O‘zbekiston Respublikasida diniy bag‘rikenglikning ta’minlanishi”;
Xalqaro islom missiyasi prezidenti, muftiy Shafiq Pshixachev “Yosh avlod tarbiyasi muammosi va ma’rifat tarqatish borasida hamkorlikda faoliyat yuritishning ahamiyati”;
O‘zbekiston Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘tkir Hasanboyev “Yoshlar o‘rtasida diniy ekstremizm mafkurasi tarqalishiga qarshi”;
Ozarbayjon tog‘li xalqi yahudiylari jamoasi rahbari Milix Yevdayev “Tolerantlikni shakllantirishda integrativ funksiyaning roli” mavzuida ma’ruza qildi.
Anjuman ishtirokchilarining taassurotlari:
Qirg‘iziston Respublikasi muftiysi Maksatbek Toktomeshov:
– Bu anjumanga kelganlarning aksari bir-birimizni tanidik. Chunki ilgari muftiyatimiz bitta edi. Bizning ota-bobolarimiz shu makonda – Toshkentda, Buxoroda ta’lim olgan. Biz o‘z mamlakatimizda yangi diniy ta’lim muassasalari ochishni rejalashtiryapmiz. Ammo hozirgi vaqtda ana shu zamindagi o‘quv dargohlaridan foydalanmog‘imiz kerak. Negaki, bu yerda azaliy diniy tajriba, katta ilmiy baza bor. Hozir anjumanda o‘tirib turib ana shularni o‘yladim. Muftiyatimiz ajralib ketganidan so‘ng maslahatlashib turishlar ham kamayib ketdi. Anjuman ana shu iliq munosabatlarimizni qayta tiklash sari qo‘yilgan dadil qadam bo‘ldi.
Kavkaz musulmonlari boshqarmasi raisining birinchi o‘rinbosari, muftiy Salmon Musayev:
– Bunday anjumanlarni ko‘p o‘tkazish kerak. Chunki musulmon davlatlari vakillari birlashmog‘i zarur. Bunday anjumanlar dinimiz dushmanlariga qarshi kurashishda yoshlarni jipslashtiradi. Inson zotining gunohlari ko‘p, ulardan poklanish uchun shariat va tariqat zarur. Ozarbayjon ham O‘zbekistonga o‘xshab avliyolar bo‘stoni. Davlat biz diniy soha vakillariga hamma sharoitni yaratib berib turibdi. Bundan oqilona foydalanmog‘imiz zarur. Shuni yodda tutaylikki, biz bo‘lmasak ham islom go‘zal bo‘ladi. U bizga emas, biz unga muhtojmiz.
Toshkent va O‘zbekiston mitropoliti Vikentiy:
– Ozarbayjonda yilning “Islom madaniyati yili” deb atalishi, menimcha, hamma dinlarga aloqador. O‘zbeksion ham shunday tolerant davlat. Bu yurtda dinlar orasida biror marta kelishmovchilik yuz bermadi. Biz ana shu tinchlikni saqlamog‘imiz, uni boshqalarga ham o‘rnak qilib ko‘rsatmog‘imiz darkor. Buning uchun ayni mana shu kabi anjumanlar asqatadi – Bugun O‘zbekistonda, ertaga Ozarbayjonda, undan Rossiyada... O‘zbekiston va Rossiya prezidentlari hamkorlikda ishlashimiz kerak, bizni bog‘lab turadigan mushtarak bir tushuncha bor. U – yuksak axloqdir. Axloqli insonlarni yetishtirishda islomning katta o‘rni bor. Zotan, Islom – birlashtiruvchidir.
Rossiya musulmonlari diniy tashkiloti raisi, Moskva shahri muftiysi Albir hazrat Krganov:
– Xotiram pand bermasa, so‘nggi yigirma yil ichida bunday katta anjuman bo‘lmagan edi. Bu anjumanni tashkillashtirganlarga rahmatlar aytaman. Anjumanning dinimizning sofligini saqlashdagi ahamiyati katta. Odamlar dinni to‘g‘ri tushunsa, unga og‘ishmay amal qilsa, nizolar bo‘lmaydi. Hamma ko‘ngilsizliklar dinda, e’tiqodda toyib ketishdan boshlanadi. Bir esga oling, arab davlatlarida nima bo‘ldi. Oldiniga katta-kichik nizolar qildi. keyin janjal kattalashdi, oxir-oqibat, davlatini ham, davlatboshisini ham boy berib qo‘ydi...
Bu yerda tajriba almashinadi, fikrlashiladi, istiqbolli rejalar tuziladi... yanada muhimi, iymonlashiladi, bir-biriga yaqin turgan do‘stlar bir-birining yuragining zarbini eshitadi.
Shimoliy Osetiya-Alaniya Respublikasi muftiysi Hojimurod Gatsalov:
– Anjuman tashkilotchilariga faqat minnatdorchilik bildirish kerak. Ilgari musulmonlarga qarshi boshqalar urushar edi. Endi esa musulmonlar, millatdoshlar, qarindoshlar o‘zaro urushmoqda. Bu dinimiz ko‘rsatmalariga mutlaqo zid harakat emasmi! Hozirgi vaqtda musulmonlar qattiq sinov ostida qolgan. na shu sinovdan faqat birdamlik, hamjihatlik, ahil-inoqlik bilan o‘tib olamiz. Anjuman ana shu ishlarga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi.
Damin JUMAQUL
Maxluqotlar ichida eng mukarram zot qilib yaratilgan insonning eng go‘zal xulqlaridan biri isrofdan saqlanish, Alloh o‘ziga rizq qilib bergan bergan ne’matlarni o‘rinsiz, behuda sarflamaslikdir. Bu fazilat har birimizning ezgu odatlarimizdan biriga aylansa, shubhasiz, hayotimizdagi juda ko‘p muammolarning eng maqbul yechimini topgan bo‘lar edik.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining yaqindagina e’lon qilingan murojaatini o‘qib, bunga yana bir karra amin bo‘ldim va beixtiyor bunda roppa rosa bir yuz o‘n yil muqaddam, ya’ni 1915 yilda taniqli adibimiz Abdulla Qodiriyning “To‘y” she’rini esladim. Unda, jumladan, quyidagi misralar bor:
Qildi bu vaqt bizda javlon to‘y,
Oqchasi yo‘qni etdi hayron to‘y.
Bir-biridan oshurdilar to‘yni,
Topdi ravnaq g‘ayrat ila boyon to‘y.
Besh kun o‘tmay to‘yni so‘ngidin
Ketibon mulklar bois fig‘on to‘y.
Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab,
Etdi sarf toki tandagi jon to‘y...
Ming taassuflar bo‘lsinki, bu holatlar bugungi kunimizda ham davom etmoqda. Eng achinarlisi, yildan yilga to‘ylar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasi, haj va umraga borib-keluvchilarni kutib olishga bag‘ishlangan yig‘inlar turi yanada ko‘payib, sarf-xarajati oshsa-oshyaptiki, kamaymayapti. Abdulla Qodiriy bobomiz ta’kidlaganlaridek, “Boyon to‘yig‘a yerlilar qarab, Etdi sarf toki tandagi jon to‘y” bo‘lmoqda. Ko‘pincha, bor-budini sarflab, to‘y qilgan kishidan shu kungacha nechta kitob o‘qib chiqqanligi yoki farzandlariga qaysi kitoblarni olib berganligini so‘rasang, javob bera olmaydi. Uyida farzandlari kitob o‘qishi, vazifa tayyorlashi uchun sharoit ham yaratib berilmagan. Ayrimlar bilan suhbatlashsangiz, maktab uchun zarur bo‘lgan daftar-qalam kabilarning narxi oshib ketganidan, kitoblar qimmatligidan noliydi, lekin qizining bir kunlik to‘y libosiga, o‘nlab mashinalar saf tortgan nikoh kortejiga, dabdabali to‘y bazmiga g‘ing demay millionlarni sarflab yuborishga tayyor.
Yillar davomida, ko‘pincha, xorijda ishlab topganini ana shunday behuda, bu dunyo uchun ham, oxirat uchun ham hech qanday manfaat keltirmaydigan ishlarga sarflab yuboradi-da, qarzlarini uzish uchun yana chetga otlanadi yoki umuman o‘sha yerdan turib, to‘yni “moliyalashtiradi”, ming orzu-havaslar bilan qilgan to‘yida o‘zi ishtirok etmaydi. To‘y-ma’rakalarimizdagi isrofgarchiliklar zamiridagi eng katta muammolardan yana biri ayrim oilada farzandlar voyaga yetishi bilan ularni o‘qitib olim qilish uchun emas, balki pul topish uchun xorijga jo‘natishdir.
Bugun bunday yoshlarimizning ko‘pchiligi biror sohani tanlab, chuqur va har taraflama bilim olish uchun o‘qish o‘rniga xorijda kasbsiz-hunarsiz kimlarningdir qo‘liga qaram bo‘lib qolayotgani hech kimga sir emas. Murojaatda “...bir-biridan o‘tib tushadigan, kimo‘zarga, riyoga, isrofga to‘la ishlar xalqimizning jiddiy muammolaridan biri bo‘lib kelmoqda” deya ta’kidlanishdan maqsad to‘y-ma’rakalarimizning xuddi ana shu jihatlariga e’tibor qaratishdir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat diqqatimni o‘ziga tortdi: “Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish – katta gunoh, ekanini uqtiraylik! Buning o‘rniga topganlarimizni savobli ishlarga sarflab, beva-bechora, nochor, muhtojlarga yordam beraylik, ana shunda ulkan savobga ega bo‘lamiz, inshoaalloh!” – deyiladi unda.
Darhaqiqat, bu muammolarni hal etish bir-ikki kishining qo‘lidan keladigan ish emas. Unga barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan, bir jon bo‘lib kirishishimiz, yoshlarimizga bugungi xatti-harakatlari, kuch-g‘ayratlari, bilimlarini bir-ikki kunlik to‘y-tomosha uchun mablag‘ topish, so‘ng hammaning “havasini keltiradigan” to‘y uchun emas, balki kelajakda o‘zining birovga muhtoj bo‘lib qolmasligi uchun intilishga qaratishlari zarurligini uqtirishimiz kerak.
Shu o‘rinda Hazrat Alisher Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Hotami Toy” haqidagi hikoyati esga tushadi. Unda aytilishicha, o‘zining o‘ta saxiyligi bilan dong taratgan Hotami Toydan: “Siz o‘zingizdan ham himmatliroq kishini ko‘rganmisiz?” – deb so‘rashibdi. Shunda u bir kuni yuz tuya va hisobsiz qo‘y-qo‘zilarni so‘yib, elni chorlab, juda katta ziyofat uyushtirganini, orada biroz nafas rostlash uchun ko‘chaga chiqqanini va yelkasida bir bog‘ o‘tin, qo‘lida hassa bilan har qadamda bir nafas rostlab kelayotgan qariyani ko‘rganini aytadi. O‘zining unga: “O‘zingni buncha qiynab nima qilasan. Eshitmadingmi, bugun Hotami Toy juda katta bazm uyushtirib, butun elni chorlab, ziyofat bermoqda. Tashla o‘tiningni, kir, sen ham bu ziyofatdan bahramand bo‘l!” – deganini aytadi. Shunda qariyaning javobini tinglang:
...K-ey solibon hirs ayog‘ingg‘a band,
Ozu tama’ bo‘ynuga bog‘lab kamand.
Vodiyi g‘ayratg‘a qadam urmag‘on,
Kunguri himmatg‘a alam urmag‘on.
Sen dog‘i chekkil bu tikan mehnatin,
Tortmag‘il Hotami Toy minnatin.
Bir diram olmoq chekibon dast ranj,
Yaxshiroq andinki birov bersa ganj...
Demak, haqiqiy himmat kimgadir qaram bo‘lish, kimlardandir nimaningdir ilinjida yashash emas, balki o‘z kuchi, g‘ayrati, bilimi bilan hayotdagi orzu-maqsadlariga erishishdir. Shu o‘rinda orzu-maqsadlarning ham qanday bo‘lishiga e’tibor qaratish zarur.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, to‘y-tomosha, turli tadbir va ma’rakalarni el ko‘ziga, “odamlar nima deydi” uchun tashkil qilish emas, balki, ortiqcha sarf-xarajatlarsiz, dabdabalarsiz o‘tkazish, ortib qolgan mablag‘ni o‘zining, farzandlarining ilm olishlari uchun sarflashni maqsad qilish ayni muddao bo‘lar edi. Chunki Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» dedilar».
Demak, biz nimani niyat qilib, ishga kirishsak, shubhasiz, o‘sha maqsadimiz amalga oshadi. Hotami Toy birovlarning minnatli taomidan ko‘ra, o‘z mehnati bilan topgan bir dirhamni afzal ko‘rgan ana shu o‘tinchi cholni o‘zidan ko‘ra himmatliroq hisoblagan ekan. Albatta, har bir jamiyatda bo‘lgani kabi bizning oramizda ham u yoki bu sabab tufayli sog‘lom kishilar bilan birga imkoniyati cheklangan kishilar borligi ayni haqiqat. Biroq ko‘rib turibmizki, bunday kishilarning hammasi ham kimlargadir muhtoj bo‘lib yashashni emas, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda bilim olish, kasb-hunarga ega bo‘lish va o‘z ehtiyojlarini o‘zi qondirishni afzal ko‘rmoqdalar. Aksincha, ba’zida to‘rt muchasi sog‘lom kishilar kambag‘allikni o‘ziga “imtiyoz” sanab, tinimsiz ravishda turli idoralarga “shikoyatlar” yog‘dirmoqdalar. Murojaatda ta’kidlangan xayru saxovatni amalga oshirishda bunday “imtiyoz” egalari emas, haqiqatan ham shunga muhtoj oilalarni izlab topish va “otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish” zarur. Ha, ayni ko‘maklashish, ya’ni ularni xayru saxovatga o‘rgatib, kimlarningdir yelkasiga yuklab qo‘yish emas, balki kelajakda to‘g‘ri yo‘l topib olishlari uchun moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash kerak.
Albatta, har bir hududda o‘ziga to‘q, boy-badavlat kishilar bor. Allohga hamdlar bo‘lsinki, yurtimizda yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasida bunday oilalarning soni oshib bormoqda. Ularning ko‘pchiligi xayru saxovatli insonlar ekanligi ham hech kimga sir emas. Murojaatdan ko‘zlangan yana bir xayrli maqsad shuki, imom-xatiblarimiz o‘z hududlaridagi ana shunday saxovatpesha insonlarni yaxshi tanishadi va bilishadi. Shuning uchun ularni o‘z hisoblaridan yoshlarimizning ilm olishlariga ko‘maklashish, buning uchun maktablarimizni zarur asbob-uskunalar bilan jihozlanishiga ham o‘z hissasini qo‘shishga chaqirish ham savobdi ishlardan biridir.
Murojaatda ta’kidlangan yana bir jihat biz imom-xatiblar uchun juda muhim ekanligini e’tirof etish kerak deb, o‘ylayman. Unda “imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish” belgilab qo‘yilgan. Bu vazifani amalga oshirishda, avvalo, har bir imom-xatibning o‘zi shaxsiy namuna ko‘rsatishi, o‘zlari qilayotgan, shuningdek, masjidlar hududida o‘zlari ishtirok etayotgan to‘y-marosimlarini ortiqcha dabdabalarsiz, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymasdan o‘tkazilishiga erishishi kerak. Shundan keyin targ‘ibot olib borilsa, ko‘ngildagidek bo‘ladi. Aks holda xalq orasida turli mish-mishlar, fitnalar avj olishi va natijada qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarishi ham hech gap emas.
So‘zimga yakun yasar ekanman, Adiy ibn Hotam roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisni eslashni lozim topdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Yarimta xurmo (ni infoq qilib) bo‘lsa ham, do‘zaxdan saqlaninglar”, (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Alloh har birimizni xayru saxovatli bandalaridan qilsin!
Alisher domla NAIMOV,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari