بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Barchamizga ma’lumki, nikoh bu - ikki shaxsni bir-biri bilan ham shar’iy va qonuniy jihatdan bog‘lovchi muqaddas aloqa. Alloh taolo nikohni insoniyatga juda ham buyuk va ko‘plab manfaatlari borligi uchun joriy qilgan. Bu manfaatlarning eng muhimlaridan biri har ikki taraf uchun ham nafs xotirjamligi, jismoniy va ruhiy sokinlik hamda mehr va muhabbat nashidasini surib, hayot kechirishdir. Alloh taolo bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
(وَمِنْ آيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ (سُورَةُ الرُّوم/21
ya’ni: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat). Demak, inson haqiqiy ma’noda osoyishta va baxtli hayotga oila qurish orqali erishar ekan. Oila qurish imkoniyati bo‘la turib, uylanmagan erkak yoki turmushga chiqmagan ayolning hayoti to‘laqonli bo‘lmasligi ham haqiqat. Shuning uchun dinimizda nikohga keng targ‘ib etilgan. Kalomi sharifda:
(هُنَّ لِبَاسٌ لَكُمْ وَأَنْتُمْ لِبَاسٌ لَهُنَّ (سورة البقرة/187
ya’ni: “...Ular sizlar uchun libos, sizlar ular uchun libosdirsiz...”, deyilgan (Baqara surasi, 187-oyat). Ulamolar ushbu oyati karimaning tafsirlarida “libos” so‘ziga turlicha ma’nolar berganlar. Ba’zilar er-xotin bir-birining aybu nuqsonini libos kabi yashiradi, desalar, boshqa birlari er-xotin bir-birlarini fahsh va zinodan saqlaydilar, degan ma’nolarni berganlar.
Muhtaram azizlar! Yuqoridagi oyati karimalarning ma’nosiga diqqat bilan e’tibor beradigan bo‘lsak, quyidagi narsani anglashimish mumkin bo‘ladi. Inson ulg‘ayib ma’lum yoshga yetganda oila qurib yashashni istab qoladi. U o‘zi uchun hayotning mazmuni oila qurib yashashda ekanligini anglay boshlaydi. Ana shu vaqtga yetganda qodir bo‘lganlar oila qurishi lozim bo‘ladi. Demak, to‘laqonli oila qurish uchun erkak ham, ayol ham har tomonlama yetuk bo‘lishi darkordir.
Ming afsuski, keyingi vaqtlarda qizlarni erta turmushga uzatish eng dolzarb va hammani o‘ylantiradigan muammoli masalalardan bo‘lib qolmoqda. Ota-onalar orzu-havasga tezroq yetishish maqsadida, hatto, yoshlarning fikri bilan qiziqmasdan to‘y qilish taraddudiga tushib ketmoqdalar. Yigit-qizlar turmushga tayyormi, yo‘qmi, buni hisobga olmayapdilar. Ayrim insonlar balog‘at yoshini kamolot yoshi, deb tushunishadi. Aslida esa balog‘at yoshi nikoh yoshi emas, balki nikoh qurish uchun voyaga yetgan bo‘lish shart. Shuning uchun ham shariatimizda qiz bolani turmushga berishda uning roziligi so‘raladi. Qur’oni karimda marhamat qilingan:
وَابْتَلُوا الْيَتَامَى حَتَّى إِذَا بَلَغُوا النِّكَاحَ فَإِنْ آَنَسْتُمْ مِنْهُمْ رُشْدً فَادْفَعُوا إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ
(سورة النساء/6).
ya’ni: “Yetimlarni, to balog‘at yoshiga yetgunlariga qadar nazorat qilib (voyaga yetish vaqtini kuzatib) turingiz: voyaga yetganlarini sezsangiz, (qo‘lingizdagi omonat) mol-mulklarini o‘zlariga topshiringiz!” (Niso surasi, 6-oyat). Oyati karimaning ma’nosiga qarasak, balog‘at yoshi voyaga yetish vaqtidan boshqa ekanligi ma’lum bo‘ladi.
Yangi qurilayotgan har bir oilaning mustahkamligi, undan sog‘lom avlod dunyoga kelishi, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va boshqa shu kabi hayotiy masalalar. Ana shu ilk qadam – qizlarimizning voyaga yetib, turmushga chiqishi bilan bevosita bog‘liqdir.
Erta turmushning oldini olish, deganda masala nafaqat turmush qurish yoshi haqida, balki erta turmushning yoshlar hayotiga, salomatligiga salbiy ta’siri, insonlar orasidagi insoniylikning qadrsizlanishining oldini olishdadir. O‘ylamay qo‘yilgan qadam bir emas, bir necha oilalarning tashvishiga sabab bo‘ladi. Erta turmushga chiqqan qizlarimizda kamquvvatlik, bolalarni nogiron yoki nobud bo‘lishi, tug‘ruqdan keyingi kasallik asoratlarini ko‘p bo‘lishi, birinchi tug‘ruq og‘ir bo‘lganligi sababli, boshqa homilador bo‘la olmaslik, ya’ni naslning kesilishi holatlari ko‘rsatkichi ham ruhan, ham jismonan turmushga tayyor ayollarga nisbatan bir necha baravar yuqoridir. Payg‘ambarimiz ﷺ hadislarining birida:
(عن أنس رضي الله عنه قال: قَالَ رَسُولُ الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَالَ: "تَزَوَّجُوا الْوَدُودَ الْوَلُودَ فَإِنِّي مُكَاثِرٌ بِكُمْ يَوْمَ القِيَامَةِ" (أَخرَجَهُ الإِمَامُ ابنُ حِبَّان
ya’ni: Anas r.a. dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Erlariga mehribon, farzand ko‘ra oladigan ayollarga uylaninglar. Chunki, men qiyomat kuni sizlarning ko‘pligingiz bilan boshqa ummatlar oldida maqtanaman” (Imom Ibn Hibbon rivoyati).
Muhtaram jamoat! Nasl-nasabimizning bevosita davomchilari bo‘lmish farzand-nabiralarimizni vujudga kelishida qiz va yigitlarimiz har tomonlama barkamol, sog‘-salomat bo‘lishlarining ahamiyati katta ekanligini unutmaylik. Shundan kelib chiqqan holda, bo‘lajak kelin va kuyovlarimizni “hayot” deb atalmish va ayni vaqtda katta mas’uliyat va burchga asoslangan mustahkam oila qurish ishiga puxta tayyorlashimiz zarur. Baxtli va saodatli kelajak garovi bo‘lgan mustahkam oila, sog‘lom ona va bola mas’uliyatiga hech qachon beparvo va loqayd bo‘lmaylik. Ayniqsa, bo‘lajak ona, murabbiya, oila bekasi bo‘ladigan qizlarimizni turmushga berishdan oldin tarbiyasi, sog‘lig‘i, kasb-hunar o‘rganishi, yaxshi ma’lumotli bo‘lishi, oila, qaynona va eri bilan bo‘ladigan munosabat va muomalalar, burch va vazifalarini yaxshi bilishi yo‘lida ko‘proq bosh qotiraylik va harakat qilaylik. Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ qizlar tarbiyasi, ularning saodatli bo‘lishlari borasida ota-onalarning vazifalari qanday bo‘lishi haqida shunday marhamat qilganlar:
عَنْ جَابِرٍ بنِ عَبدِ اللهِ رَضِيَ اللهُ عَنهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَليهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَنْ كَانَ لَهُ ثَلَاثُ بَنَاتٍ يُؤدِّبُهنَّ وَ يَرحَمُهنَّ وَ يكفُلُهُنَّ وجَبَتْ لَهُ الجنَّةُ أَلْبَتَّةَ" قِيلَ يَا رَسُولَ اللهِ: "فإن كَانَتَا اِثنَتَينِ؟" قال: "وَ إِنْ كَانَتَا اِثنَتَينِ" قَالَ: "فَرَأَى بَعْضُ القَومِ أَن لَو قَالَ: "وَاحِدَةً" لَقَالَ: "وَاحِدَةً"
(رَوَاهُ الإِمَامُ أَحْمَدُ).
ya’ni: Jobir ibn Abdulloh r.a. dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar ﷺ marhamat qildilar: “Kimning uch qizi bo‘lib, ularga yaxshi odob-axloq o‘rgatsa, rahm-shafqat ko‘rsatib barcha ta’minotlarini kafolatlasa, albatta, unga jannat vojib bo‘ladi”. Yo, Rasulalloh! Agar ikkita bo‘lsachi? – deb so‘rashdi. “Agar ikkita bo‘lsa ham”, – dedilar. Qavm orasidan birlari agar bitta bo‘lsachi, deb so‘raganida, “bitta bo‘lsa ham”, deb javob bergan bo‘lar edilar”, dedi (Imom Ahmad rivoyati).
Alloh taolo jismonan yetuk, aqlan barkamollik asosida yangi oila qurayotgan qiz va yigitlarimizga ikki dunyoda baxtli va saodatli bo‘lishlarini nasibu ro‘zi aylasin! Omin.
Muhtaram azizlar! Hanafiy mazhabimizda shar’iy nikohning bir necha shart va odoblari bo‘lib, ular quyidagilardir:
Juma tezisining 20 oktyabr 44-soniga ilova
Muhtaram azizlar! Shu kunlarda yurtimizda katta tadbir bo‘lib o‘tmoqda. U ham bo‘lsa “Islom hamjihatligi: O‘zbekiston va Ozarbayjon misolida” mavzusi ostida xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada ishtirok etish uchun qator davlatlardan olimu ulamolar, xususan, Ozarbayjon Respublikasi Shayxulislomi Olloshukur Poshshozoda tashrif buyurdilar. Ushbu konferensiya O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikalari rahbarlari tashabbusi bilan tashkil etilgan.
Darhaqiqat, Islom dini insonlarni birlikka va hamjihatlikka chorlaydi. Quyidagi oyati karimalarning ma’nosi shunga dalolat qiladi:
(يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا إِنَّ أَكْرَمَكُمْ عِنْدَ اللَّهِ أَتْقَاكُمْ إِنَّ اللَّهَ عَلِيمٌ خَبِيرٌ (سُورَةُ الحُجُرَاتِ/13
ya’ni: “Ey insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. Albatta, Alloh nazdida (eng azizu) mukarramrog‘ingiz taqvodorrog‘ingizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor zotdir” (Hujurot surasi, 13-oyat).
(وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ (سُورَةُ المائِدَةِ/2
ya’ni: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).
Payg‘ambarimiz kdan ham bu borada bir qancha hadislar vorid bo‘lgan. Jumladan,
عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "انْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا" قِيلَ، يَا رَسُولَ اللَّهِ هذا نَصَرْتُهُ مَظْلُومًا فَكَيْفَ أَنْصُرُهُ ظَالِمًا؟ قَالَ: "تَمْنَعُهُ مِنَ الظُّلْمِ فَذَاكَ نَصْرُكَ إِيَّاهُ"
(رواه الامام البخاري).
ya’ni: Anas 0dan rivoyat qilinadi, Rasululloh k: “Birodaringga zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam bergin”, dedilar. Yo Rasululloh k! Mazlumga mana yordam berdim, ammo zolimga qanday qilib yordam beraman? – deb so‘rashdi. Shunda: “Zulm qilishdan to‘sasan, mana shu unga qilgan yordaming bo‘ladi”, deb javob berdilar (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa bir hadisda shunday deyiladi:
(عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ 0 قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ اللَّه لا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَ أَمْوَالِكُمْ و لَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَ أعْمَالِكُمْ" (رواه الإمام مسلم و الإمام ابن ماجة
ya’ni: Abu Hurayra 0dan rivoyat qilinadi, Rasululloh k dedilar: “Albatta, Alloh taolo sizlarning suratlaringizga va mol-dunyolaringizga emas, balki qalblaringizga va amallaringizga qarab baho beradi” (Imom Muslim va Imom Ibn Moja rivoyati).Alloh taolo dunyo musulmonlarining hamjihatlik va birdamligini mustahkamlasin. Notinch o‘lkalarga tinchlik va omonlik, barcha islom yurtlariga farovonlik ato aylasin!
Bugunning gapi
“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
“Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.
Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.
Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!
Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).
Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.
Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.
Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.
Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.
Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.
Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.
Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.
Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.
Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.
Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:
O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.
Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.
Tolibjon NIZOM