Ramzan Qodirov Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuvidan mamnun. U ijtimoiy tarmoqda, uchrashuvdan olgan tassurotini quyidagicha bayon qildi.
Assalomu alaykum! Dushanba kuni men O‘zbekiston poytaxti – Toshkentga keldim. O‘zbekistonga va uning poytaxtiga kelishni ko‘p vaqtdan beri dilimga tugib kelayotgan edim. Toshkentda kaminani muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Men Shavkat Miromonovichdan ko‘rsatgan ehtiromi va do‘stona munosabatidan minnatdorman! O‘zbekiston Prezidentining padari buzrukvorim, Checheniston Respublikasining Birinchi Prezidenti, Rossiya qahramoni Ahmadhoji Qodirovni, uning terrorchilik balosiga qarshi samarali kurashganidan juda ham yaxshi xabardorligi men uchun haqiqiy kashfiyot bo‘ldi. Unga bu haqda Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori bo‘lgan, Ahmadhojiga ta’lim bergan, oilamizning yaqin do‘sti – marhum Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari so‘zlab bergan ekan. Men ham o‘z navbatida, Ahmadhojining O‘zbekiston va uning xalqini qanchalar otashin muhabbat bilan sevganini so‘zlab berdim.
Biz investitsiya siyosati, sport, madaniyat, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarga doir bir qancha masalalar yuzasidan fikr almashdik. Biz O‘zbekiston va Checheniston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi pog‘onaga olib chiqishga, ushbu hamkorliklarimizni tizimli tarzda muntazam davom ettirishga kelishib oldik.
Men Alloh taolo o‘zbek xalqini Shavkat Miromonovich siymosida o‘z Vatani va xalqini jonidan ortiq sevadigan, o‘zining butun hayotini Ona Vatani istiqboli uchun bag‘ishlashga tayyor bo‘lgan haqiqiy yo‘lboshchi bilan siylaganiga amin bo‘ldim! U O‘zbekistonda siyosiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, mamlakatni yuksak taraqqiy etgan davlatlar qatoriga qanday olib chiqish yo‘llarini juda yaxshi biladi!
Men Shavkat Miromonovichni o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda do‘stona tashrif bilan Rossiya-Chechenistonga mehmon bo‘lishga taklif qildim. Prezident, albatta, Grozniyga borishga va’da berdi!
***
Ha darvoqe, shahar ko‘chasidan yurib borar ekanman kutilmagan uchrashuv yuz berib qoldi. Notanish bir ayolning ismimni aytib chaqirgani qulog‘imga chalindi. Darhol to‘xtab unga yaqinlashdim. U ayol – chechen ekan. Toshkentda tug‘ilibdi, shu yerda yashayotgan ekan. U chechen tilida juda ham tiniq gapirardi. Unga onasi ajdodlarimizning tilini puxta o‘rgatgani meni to‘lqinlantirib yubordi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Buxoro viloyatida faoliyat olib borayotgan imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida “Qur’on tinchlikka buyuradi” shiori ostida Qur’on musobaqasi o‘tkazildi.
Ochilish marosimida Buxoro viloyati bosh imom-xatibi Jobir domla Elov so‘zga chiqib, mazkur ma’rifiy tadbirning ahamiyati haqida so‘zlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.
Musobaqani o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad diniy soha xodimlarining Qur’oni karim bo‘yicha bilim va mahoratini yanada oshirish, ular o‘rtasida o‘zaro hamjihatlik muhitini shakllantirishdir.
Bellashuvda viloyatning tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan 10 nafar imom-xatib va imom-noib ishtirok etib, Qur’oni karimni o‘qish va yoddan bilish borasidagi bilim va mahoratini namoyish etishdi.
Birinchi o‘ringa Peshku tumani “Chiqirchi” jome masjidi imom-noibi Afzal Shavkatov sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rin Buxoro shahridagi “Volidi Abdulazizxon” jome masjidi imom-noibi Abduvohid Akramovga, uchinchi o‘rin Jondor tumani “Raboto‘g‘lon” jome masjidi imom-xatibi Shuhrat Sherovga nasib etdi.
G‘oliblarga diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati