Poytaxtning chekkaroq mahallasidagi shinamgina hovli. Hovli oldiga uzun skameykalar qo‘yilgan. Endigina tong yorishganiga qaramay, tumonat odam yig‘ilgan. Skameykalardan joy tegmaganlar chekka-chekkada cho‘kkalab o‘tiribdi. Shu vaqt uyning derazasidan tabib ayol o‘tirganlarga nazar soladi va bir nimadan cho‘chigandek o‘zini darrov chetga oladi. Keyin yana mo‘ralaydi. Bu safar o‘tirganlarni uzoq vaqt diqqat bilan kuzatadi. So‘ng orqasiga o‘girilib:
– Nozima! – deb chaqiradi.
– Labbay,– deya ko‘hlikkina juvon paydo bo‘ladi.
– Bu yoqqa kel, qara! Anovi qoramag‘iz yigitning yonidagi bemorning qo‘llariga diqqat qil! Ko‘rdingmi, jonsiz, osilib turibdi. Endi do‘ppili kishi yonida turgan odamga qara! Uning vasvasga chalingani ko‘zining bejoligidan ayon. Anovi kampirning yetovidagi bemor esa ko‘r. Hoziroq qabulni boshlaymiz, navbatiga qarab o‘tirmasdan ularni ichkariga boshlab kelib yuzma-yuz o‘tqaz.
– Xo‘p,– deya Nozima ketadi.
Qabul boshlanadi. Nozima uchala bemorni hamrohlari bilan ichkariga boshlaydi, hammasini aytilgandek joylashtiradi.
Parda ortida o‘tirgan chiqib tabib ayol ularga qarata:
– Sizni bir vaqtda qabul qilganimga ajablanmang, menimcha, uchalangizning dardingiz boshqa-boshqa bo‘lgani bilan sababi bitta: siz bir gunoh qilib, endi shuning azobini tortayotganga o‘xshaysiz. Shunday emasmi?!
Bemorlar jim. Ularni yetaklab kelgan kishilar hayron bo‘lib bir tabibga, bir bemorlarga qaraydi.
Tabib ulardan sado chiqishini bir nafas kutib turadi-da:
– Bu ahvolda sizga yordam bera olmayman, nachora. Xudo yor bo‘lsin! – deb o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Eng so‘nggi ilinjidan judo bo‘layotganini sezgan bemorlar taraddudlanib qoladi. Keyin:
– To‘xtang!.. – deydi bir ovozdan.
Tabib aynan shuni kutib turgandek, to‘xtaydi-da Sardorga yuzlanib:
– Qani, mulla yigit, siz boshlang-chi, nima bo‘lgan edi o‘zi? – deya qaytib o‘rniga o‘tiradi.
Sardor ming azobda iqrorini quyidagicha bayon etadi:
– Onamiz vafot etganiga yaqinda besh yil to‘ladi. Har doim akam haqida “Murodjonni o‘zi yoqtirgan qizga uylantiramiz, kelinni Murodjon o‘qishdan o‘zi topib keladi”, deya niyat qilardi. O‘sha kezlarda akam Toshkentda o‘qir edi. Onajonimizning o‘sha gaplaridan ruhlanganmi, taqdir taqozosimi. Xullas, akam o‘qishni bitirgandan so‘ng namozishom mahal uyga bir qizginani yetaklab keldi. Xira chiroq yog‘dusida ota va ikki farzand tumshayishib o‘tirdik. Kelin bo‘lmish hozirdanoq barcha yumushlarni gardaniga olib oshxonada kuymalanib yuribdi.
Otam yonida yerga qarab turgan akamga zarda qilib:
– Seni shaharga o‘qishga yuboruvdik, bizga kelin topib kelibsan, tag‘in tag‘in detdomning qizi emish, bir xotin bo‘lsa qishloqdan ham topib berardik, Murodboy.
U qo‘lidagi piyolani taq etkazib qo‘yib birdan sizlashga o‘tdi:
– Buning otasi bo‘lmasa, onasi bo‘lmasa: na naslining, na nasabining tayini bor – inkubatorda o‘sgan bir qiz ekan. Qosh-ko‘ziga uchibsizda-a. Tag‘in to‘g‘ri uyga yetaklab kelaveribsiz. Ko‘cha-kuyda uchraganlarga nima dedingiz? Biz nima deymiz. Shumidi sizdan kutganimiz?..
Otam qishloqning karillab yurgan kayvonilaridan biri bo‘lgani bois universitetni bitirib kelgan akamni o‘zidek bir odamning qiziga katta to‘y berib, dabdaba bilan uylantirib qo‘ymoqchi edi. Akam bo‘lsa, na tug‘ishganlari va hatto yashaydigan joyi ham yo‘q bir ojizani olib kelib o‘tiribdi. Otam shuni sira hazm qila olmayotgan edi.
– Otajon, internatda o‘ssa nima bo‘libdi. Naslini bilmasam ham men unga ishonaman, u hech qachon yuzimni yerga qaratmaydi.
Otam unga qahr bilan qaradi, bir zum tikilib turdi-da keyin kutilmaganda: – Xo‘p, bu gapingizga ishondik deylik. Lekin tanimagan-bilmagan bu qizginaga ishonganimiz yo‘q. Shunday bo‘lsa ham onangizning o‘rni bilinmsin, ko‘nglingiz o‘ksimasin, deymiz. To‘yni boshlaymiz, mayli. Ammo qayoqqa sovchi bo‘lib boramiz, to‘yga qudalar qayerdan keladi? Bizning ham orzu-havasimiz bor, bosh farzandimizsiz axir.
– Ota, kelin uyga kelib bo‘ldi-ku, sovchi nima kerak! bitta xo‘roz so‘yaylikda, domlani chaqiraylik nikohni o‘qiydi, ketadi, – gapga qo‘shildim men.
– Bekorlarni aytibsan, tez o‘rningdan tur-da, borib tog‘alaringni, amakilaringni, qo‘ni-qo‘shnilarni chaqirib kel, to‘yning maslahatini qilamiz, ha-a, kelin oshxonada ayollarga qarashib tursin.
Bir so‘zlik, dangallik, o‘jarlik bo‘yicha jahon chempionligiga da’vogar otamning avzoyi nega birdan o‘zgarib, qo‘qqisdan akamga yon berganiga ko‘p vaqt tushuna olmay yurdim. Qo‘llarim shol bo‘lib uyda o‘tirib qolganimda ham shu haqda o‘ylardim va yaqindagina fahmim yetdi. Akam o‘tirgan joyda, tepada onam rahmatlining surati osig‘lik turibdi. Otam o‘sha suratga ko‘zi tushib ketgani bois shunday qilgan ekan. ***
To‘y oqshomi. Qishloqdan tumonat odam yig‘ilgan. Kelin tarafdan shahardagi bolalar uyi xodimlari, qizning birga tarbiya topgan dugonalari, tarbiyalanuvchilar mehmon bo‘lib kelgan. Kelin milliy kiyimda, yuziga chachvon tutib olgan. Kuyov libosi ham shunga monand – egnida to‘n, boshida salla. O‘rtada “boshlovchi” deb atalmish bir mahmadana gapining qayoqqa ketayotganini bilmay betinim bidirlaydi. Goh unga so‘z beradi, goh bunga, keyin “san’atkor”larga gal berib hammani raqsga taklif qilib qoladi. “San’atkor”lar uch-to‘rtta qo‘shiqnamo narsani diskda aylantiraveradi. Katta-kichik o‘rtaga chiqib yer tepib ketadi, chang-to‘zon ko‘tarilib, it egasini tanimay qoladi. ***
Choshgoh. Charog‘on kun. Kelin-kuyov hovli etagidagi jo‘xorizorda gaplashib turibdi. Men sabzi ekishga yer taxlayapman. Qulog‘imni ding qilib ularning gapiga quloq tutaman. Akam yangamga:
– Bu grantga shunchaki qiziqib qatnashuvdim, yutishdan umidim yo‘q edi. Omadim chopibdi, Germaniyada malaka oshirib kelar ekanman, – dedi.
– Ha albatta. Siz o‘qishinggiz, ish o‘rganishinggiz kerak, – yangamning ko‘zida yosh qalqidi.
– Nega yig‘laysan? – akam jilmayib yangamning qo‘lidan tutdi.
– Voy, – yangam g‘amza bilan nariroqda taxta arralayotgan otam tomon ishora qildi.
– Ikki yil ko‘z ochib yumguncha o‘tib ketadi. Axir davlatimiz bizni o‘qisin, ilm olsin, deb hamma sharoitni muhayyo qilib qo‘yibdi, bo‘lmasa, mendek bir dehqon bolasiga Yevropalarga borib o‘qishga yo‘l bo‘lsin edi, to‘g‘rimi? Shu bahonada uch-to‘rt so‘m pul orttirsak, Sardorni uylantiramiz, keyin o‘zimiz birato‘la shaharga ko‘chib ketamiz, – dedi akam qo‘llarini tortayotib.
– Ko‘nglinggizga kelmasa, men siz kelguncha shaharda, Feruzanikida yashab tursam degandim, – dedi yangam.
– Otam ham kelinni biror joyga yuborib tursakmikan degan edi. Keyin odamlar: “Bu kelin eri kelsa, kelar ekan – ketsa ketar ekan, kelin degan qaynotasining issiq-sovug‘idan xabar olib o‘tirmaydimi”, demasin, deb ammamning qizchasini olib kelishga qaror qildik.
– Dildoranimi? Biz dugona bo‘lib olamiz darrov – chehrasi yorishib ketdi yangamning. ***
Aeroport. Otam, yangam, men, Dildora kuyovni kuzatishga chiqqanmiz. Akam meni chetga tortib:
– Otam bilan yangang senga omonat. Ularni xafa qilmagin, xo‘pmi? – dedi.
– Xo‘p. Siz xavotir olmang, ularni sira ranjitmayman, aka! – deya va’dani quyuq qildim. ***
Yangam koptok otib besh yashar Dildorani o‘ynatib o‘tiribdi. Uning libosidan taralayotgan mayin hid, Dildoraning quvnoq qiyqiriqlari hovliga ajib bir fayz bag‘ishlagan. Men moshin tagida yotib bir boltni kuch bilan burayapman-u, ko‘zim ular tomonda. Shu vaqt koptok moshina tagiga kirib ketdi. Yangam engashib koptokni olayotganda uning ifori dimog‘imga urilib, hushimdan ketib qolayozdim. Moshin tagidan chiqib men ham ularning o‘yiniga qo‘shildim. ***
Har kungidek, katta chorrahada mijoz poylab moshinda o‘tiribman. “Ey Xudo, menga nima bo‘layapti o‘zi, axir u akamning jufti haloli-ku. U menga omonat. Akamning qaytishiga hali ancha bor... Nega buncha uyga qaytgim kelyapti? Nega birorta mijoz uchrab uzoq-uzoqlarga olib borib qo‘y demayapti? Shu bilan bir oz chalg‘ib ketarmidim. Hadeb uyga boraversam, kuni bo‘yi ko‘chadan beri kelmaydigan odam nega uyga chopqilab qoldi demaydimi, ko‘rganlar. Otam ma’rakadan qaytdimikin? Yangam hozir nima qilayotgan ekan? Dildorani ham opam olib chiqib ketgan edi. Ey Xudo! Meni buncha azobga tashlading, yuraklarim kuyib ketayapti. Yo tavba, ko‘cha to‘la qiz-ku. Nega ular ko‘zimga ko‘rinmay qoldi. O‘zing sharmanda qilmagin, ilohim!” deyman o‘zimga o‘zim. Oxiri toqatim yetmay uyga qaytdim.
Kun botmasdanoq uyga kirib keldim. Darvozani yangam ochganidan otam hali qaytmaganini fahmladim: – Kuyib ketayapman, yangajon, kuyib ketayapman, – deya supaga to‘shalgan ko‘rpachaga yotib oldim. Shoshib qolgan yangam bechora: – Voy nega kuyasiz, og‘ajon, issig‘ingiz chiqdimi, – deb boshimni ushlab ko‘rdi. – Boshim emas, yuragim kuydi, yuragim, mana qarang! – deya uning qo‘lini tortib yuragimning ustiga olib keldim. Yangam seskanib qo‘lini tortib oldi. – Yuragingiz nega kuydi? – Yurak nega kuyadi, bilmaysizmi? Sevib qoldim, sevib. – Uh, zo‘r-ku! Qani kim ekan, u mening qaynog‘ajonimning yuragini yoqqan ofatijon? – deya shodon kuldi yangam.
– Siz – u. – Voy hazilingiz qursin, shunaqa ham hazillashadimi, odam, tavba qildim – deb ko‘ksiga tufladi yangam.
– Sho‘ri qissa shu ekan-da, yangajon? Axir, odam o‘zining yangasini sevib qoladimi?..
– Voy, sho‘rim! – yangam ikki qo‘li bilan yuzini to‘sib o‘zini ortga tashladi. Bu gapni qaytib og‘zingizga olmang, siz mening ukamsiz, axir. Xudodan qo‘rqing!
– Shu ishga qancha vaqtdan beri harakat qilayotganimni koshkiydi, bilsangiz, yangajon, – o‘rnimdan sakrab turib gapimda davom etdim, – siz shu hovliga kelganingizdan beri o‘zim bilan o‘zim kurashaman: aqlim “u akangning xasmi – uyat, nomus”, deydi; ko‘nglim esa “yanganing bir yoni ukaniki”, deydi. Qiynalib ketdim. Meni tushuning, axir, vujudimda qonim gupurib borayotir! – Oh, sharmanda! Bu ko‘rgulik qaydan keldi? Otasi yo‘q, onasi yo‘q, aka-ukasi yo‘q – bir tayanchi yo‘q yetimcha edim. Endi kun ko‘radigan bo‘ldim, baxtimni topdim deganimda siz bu gaplaringiz bilan dilimni vayron, ertamni tumanli qildingiz. Meni o‘ylamasangiz ham akangizning nomusini o‘ylang, og‘ajon! – deya yangam ko‘z yoshlarini yashirish uchun yuzini boshidagi ro‘molining uchini qayirib to‘sib oldi.
Gapni boshlab qo‘ydim, endi nima bo‘lsa bo‘ldi deb o‘yladim.
– Bu uyda yo siz turasiz, yo men men turaman. Yana ikkalamiz qolaversak, men yo sizni yo o‘zimni bir balo qilib qo‘yaman, – deb uning qo‘llaridan mahkam tutdim.
– Men ketaman, og‘ajon, men ketaman, faqat ertalabgacha sabr qiling, xo‘pmi! – deya qo‘llarini tortib izilladi yangam.
Nogahon eshikdan kirib qolgan otam bu ahvolda turganimizni ko‘rib xayolidan ming xil gap o‘tib ketdi. Uning vajohatidan butkul dovdirab qolib: – Yangam, yangam...– deya g‘uldirab qoldim.
Otam meni bir urib uchirib yuborib, yangamning ustiga bostirib bordi: – Nima qilding, benomus? – deya biqiniga tepib yubordi. Yangam kutilmagan zarbadan supadan uchib tushib hushini yo‘qotdi. Otam yangamni yotgan joyidagi sholchaga urab tashladi-da, ishkomda osig‘li turgan arqonni olib mahkam bog‘ladi. Keyin uni moshinning yukxonasiga tiqib:
– Seni bo‘rilarga yem qilaman, Sardor, o‘tir rulga, toqqa hayda moshinani, bu haromini toshbo‘ron qilib tashlab ketamiz, qashqirlar yeb ketsin. – deya hayqirdi. Jag‘imga tushgan kuchli zarbdan otamni suvning ichida ko‘rayotgandek bo‘lib ko‘zim jimirlab turgani bois qo‘rquvning zo‘ridan moshinani hovlidan uchirib chiqdim. Toqqa yetguncha otam so‘kinib bordi. Men esa og‘iz juftlashga qo‘rqaman. Bir jarlikning bo‘yiga kelib, moshinni to‘xtatdik. Otam shitob bilan o‘tib yukxonadan sholchaga o‘ralgan yangamni olib otib yubordi. Keyin yerdan tosh olib toshlay ketdi. Har tosh otganda menga “Ot sen ham, joning achiyaptimi”, haromi deb do‘q qiladi, men ham qo‘rqqanimdan sholchani ko‘zlab tosh otdim. Bir zumda sholchadan sizib qon chiqa boshladi. Keyin otam menga “Buni endi jarga uloqtir”, deb baqirdi. Jon halpida kelinni jarga yumalatib yubordim.
– Bo‘ldi, endi, uni ertalabgacha qashqirlar g‘ajib ketadi, benomusning jazosi – shu, – dedi otam.
Uning o‘sha vaqtdagi ahvolini ta’riflash qiyin edi. Men esa miq eta olmasdim, ko‘zim to‘la jiqqa yosh edi. Tuni bilan mijja qoqmadim. Ertasiga yangajonimning suyak-puyagi qolgandir, hech bo‘lmasa, shuni ko‘mib kelayin, deya hech kimga sezdirmay jarlikka bordim. Lekin u yerdan hatto yangam o‘ralgan sholchani ham topa olmadim. Keyin bu haqda churq etib birovga og‘iz ochmadik. Yangamni so‘raganlarga “uydan qochib ketdi” deb javob qilib yuraverdik. ***
Germaniyadan qaytgan akamni uyda qarindosh-urug‘lar kutib oldik. U meni bag‘riga qattiq bosdi, ammo so‘rashgani qo‘l cho‘zdi-yu, ikki qo‘limning shalvirab turganini ko‘rib surat bo‘lib qoldi.
– Ha, qo‘lga nima bo‘ldi, chivin tepdimi? – deya hazillashgandek bo‘lib ahvolini sezdirib qo‘ymaslikka urindi. Keyin esa hech kimga bildirmay atrofni zimdan kuzatdi, yangamni qidirdi. Mehmonlar tarqagani zahoti mendan:
– Qo‘lingga nima bo‘ldi? – deb so‘radi.
– Bilmayman. Oldiniga harakatlari og‘irlashgandek tuyuldi. E’tibor qilmay yuraverdim, keyin qo‘llarimni ko‘taraman desam kuchim yetmayotgandek bo‘laverdim. Do‘xtirga borgandim, parafin yana bir-ikkita dori yozib berdi. Ularning foydasi bo‘lmadi, ishlamay qoldi.
– Nima deb tashxis qo‘yishdi?
– Shuni qo‘ya olishmayapti-da: qo‘lim sinmagan, chiqmagan, asab tolalari joyida, shamollamagan. Hammasi yaxshi, lekin ishlamaydi.
– Tavba. Xafa bo‘lma, seni zo‘r do‘xtirga ko‘rsatamiz, – dedi-da suhbatimizga jimgina quloq solib, o‘yga botib o‘tirgan otamga qarab:
– Keliningiz... shunday qilib bir kechada g‘oyib bo‘ldimi?
– Qanaqa kelinim!.. Yo‘q... bir kechada g‘oyib bo‘ldi. Hech kim ko‘rmabdi, qaysi go‘rga ketsa-ketdi. Sen o‘sha megajinni so‘raguncha ukangga qara! Yakkayu yolg‘iz ukang! Ko‘rsatmagan do‘xtirimiz, o‘qitmagan domlamiz, qolmadi. Folga ham bordik.
– Xo‘sh, nima dedi o‘sha folbiningiz?
– “Uyingizning yo o‘ng tomonida, yo chap tomonida kulxona bor. O‘sha kul tutgan, momolarga atab bitta oq qo‘chqor suyib yuboring”, dedi. Kecha shuni o‘tkazib yubordik.
– Otajon! Kul tutadi degan gap otashparastlikdan qolgan bir bidat. Shunga ishonib yuribsizmi? Ha, qishloq sharoitida uyning qaysidir tomonida kul bo‘ladi-da, shuni o‘ylamadingizmi? Sardorni Toshkentga olib borish kerak.
– Jumabozordagi do‘xtirlar soppa-sog‘ qo‘lning nega ishlamayotganiga hayron bo‘lib, Toshkentdan katta do‘xtirlarni chaqirishdi. Ular ham boshini sarak-sarak qilib qaytib ketdi. Ha. Kavardondan Normurod bobo Toshkentga borib bir tabibga ko‘rinib kelibdi. Oyog‘i og‘riydi. Ilgariroq tizzasidan bir ukol oluvdi. Shundan yaxshi bo‘ldi, keyin yana og‘riq boshlanibdi. Yana o‘sha ukolni olgani yo‘l olib tabibnikiga borayotganlarning moshiniga o‘tirib qolibdi. Ularga qo‘shilib bu ham ko‘rinibdi. Tabib deganlari yoshgina kelinchak emish, bemorlarni parda ortida o‘tirib qabul qilarmish... Bir maqtaydi, bir maqtaydi... faqat o‘likni tiriltirmayotgan emish-da. – dedi otam.
Akam bu maqtovlarga unchalik ishonmagan bo‘lsa-da, otamning shashtini so‘ndirmaslik uchun: – Unda ertaga moshinning moyini almashtirib kelaman, indinga yo‘lga tushganimiz bo‘lsin. Ixlos – xalos deydilar-ku, zora Sardorning qo‘li shundan shifo topsa, – dedi.
Ertasiga kun og‘ayotgan vaqt ishkomning tagida o‘tirib olgan akamning qo‘l telefonida gaplashayotganini eshitib qoldim.
– Assalomu alaykum! Bolalar uyimi? Kechirasiz, sizlardan ikki yil oldin chiqib ketgan Ozoda Valiyeva qaytib bormadimi?
–
– Yo‘q?
–
– Menmi, men eriman.
–
– Ha Murodman, ey yaxshimisiz, opajon.
–
– Yo‘q, men chet elga ketgandim. Men yo‘g‘imda ketib qolibdi.
–
– Bilmadim... hech bo‘lmasa shuni so‘rab bilay deb qidirib yuribman.
–
– Feruzanikigami? Hozir o‘sha yoqdan qaytdim. U ham ko‘rmadim deydi.
–
– Biror gap eshitib qolsangiz, menga xabar qiling iltimos! ***
So‘zlash navbati Dostonga yetganda u betoqat bo‘lib o‘zini yomon his qila boshladi. Shunda do‘ppili kishi so‘zga kirib bunday dedi:
– Meni Qodir cho‘pon deyishadi. Bu – Doston. Kambag‘alning bolasi. Ammo oyoq-qo‘li chaqqongina bola. Bekor yurmasin, uch-to‘rt so‘m pul orttirsa ro‘zg‘orini butlab olar degan niyatda cho‘liq qilib olganmiz.
Bir kuni sigirimiz yo‘qolib qoldi. Tog‘ tomonlarda shunday o‘g‘rilar bor. Ular kishilarning molxonasi yoki qo‘toniga bo‘ylamaydi. Lekin yaylovda egasiz qolgan qo‘ymi, sigirmi uchratib qolsa, o‘sha zahoti ilib ketadi. O‘sha olg‘irlarning qo‘liga tushib qolmasin degan xavotirda sigirni tuni bilan izlab jarning tubigacha tushib bordim. Shunda otim birdan sergaklandi, o‘zimning ham qulog‘imga ingragan ovoz chalingandek bo‘ldi. Hushyor tortib ovoz kelgan tomonga diqqat qilib qarab, tugunga o‘xshagan bir narsaning qimirlaganini ko‘rdim. Otdan sakrab tushib tugunni yechdim-u, qonga botib yotgan kelinchakni ko‘rib kapalagim uchib ketdi. Ayolni ko‘tarib teparoqqa yotqizdim-da, darhol otga minib uni o‘sha joydan ko‘tarib oldimga oldim-da otni uyga qarab yurttirib ketdim. ***
Sigirni haydab kelish o‘rniga allamahal qonga botgan bir ayolni ko‘tarib kelganimni ko‘rib uydagilarning yuragi taka-puka bo‘lib ketdi. Darhol uni ichkariga yotqizdik. Xotinim bizni chiqarib yuborib, issiq suvga muloyim latta botirib kelinchakning a’zoyi badanini artib oldi. Qo‘llarini, oyoqlarini tortib ko‘rdi. Bu orada kelinchak o‘ziga kelgandek bo‘libdi-yu, ammo yana hushidan ketibdi. Bir ozdan so‘ng chiqib, xotinim ko‘rpacha chetiga omonat cho‘kdi:
– Bu sho‘rlikni qaysi og‘zingdan qoning kelgur shu kuyga solibdi? Hartugul umri bor ekan bechoraning ustidan kelib qolibsiz, birorta suyagi sinmabdi-yu, ammo go‘shtlari ezilib, majaqlanib ketibdi. Ko‘p vaqt yotsa kerak, menimcha. Do‘xtirga xabar berish kerakka o‘xshaydi, – dedi.
– Do‘xtirga xabar qilsak surishtiruv boshlanadi: biz uning kimligini bilmasak, kim nima maqsadda bu ahvolga solganini bilmasak, o‘zimizning boshimizga tashvish orttirib, sog‘ boshimizga savdoni sotib olamizmi deb qo‘rqaman.
– Unda bir oz sabr qilaylik, qiz o‘ziga kelsin, so‘rab bilaylik-chi, nima bo‘lgan ekan o‘zi, men uning oldida yotaman, kechasi biror nima bo‘lib qolmasin. Ha, sigir yo‘qmi? Ergash cho‘ponning mollariga qo‘shilib ketmadimikin, tongda haydovdan oldin bir so‘rab kelasiz-da, – deb o‘rnidan turdi.
Xotinim kirganda kelinchak hamon qimir etmay yotgan ekan. Xotinim issig‘i chiqmayaptimikan deb, uning boshini, qo‘llarini ushlab ko‘rib, yonidan joy tashlab yotibdi. Endigina ko‘zi bir ilingan ekan, qo‘log‘iga “onajon” deb ingragan ovoz eshitilibdi, joyidan sapchib turib qizning yuziga engashibdi.
– Opang aylansin, yaxshimisan? Seni kim bu kuyga soldi? – debdi.
– Men o‘zi qayerdaman? – so‘rabdi kelinchak zaif ovozda.
– Bir cho‘ponning o‘tovidasan. Seni bu yerga xo‘jayin chala o‘lik holda topib keldi, jonim.
Kelin atrofga ko‘z yugurtirmoqchi bo‘libdi-yu, og‘riqqa chidolmay dodlab yuboribdi.
– Qo‘zg‘alma, yuzing, ko‘zing, demay hamma joyingni mumataloq qilib yuboribdi zolimlar, eting ezilgan, bir necha kun qimir etmay yotishing kerak, o‘zim senga parvona bo‘laman, bu yerda seni hech kim xafa qilmaydi, – deya dalda bo‘libdi.
Kelin hech nima demay yum-yum yig‘labdi. ***
Oradan hafta, o‘n kun o‘tib o‘tib kelinchakning yuzidagi jarohatlari ham bitayozib rangi ochilib qoldi. Besh yashar o‘g‘limiz Elmurod har kuni uni toqqa aylantiradi. Tog‘ havosi yoqib kun sayin uning husni barq urib borayotir. Har kuni bir bahona topib ularning oldiga bir kelib ketaman. Kelinchak har kuni turli giyohlar terib qaytadi va xotinimga ularni kursatib ta’riflay boshlaydi:
– Mana bu – safroo‘t, u sariq kasalni, peshob tutilishini, istisqoni, bezgakni, davolaydi. Mana bunisi sallagul, u asab kasalliklarini davolashda foyda beradi, uyqusizlikning oldini oladi, mana bunisi, bunisiga qo‘shib ichilsa...
– Bularni sen qayerdan bilasan? – hayron bo‘lib so‘rabdi xotinim.
– Kamina bolalar uyining qiroatxonasidagi tabobatga oid jamiki kitoblarni xatm qilgan. Ularni qayta-qayta o‘qiyverganimdan o‘simliklarning suratlari ham yod bo‘lib ketibdi chog‘i, bularni ko‘rganimdan taniyapman, – deb javob beribdi.
Bir kuni xotinim:
– Bu qizgina hamma narsani biladi-ya, – deb uning zukkoligidan gap ochib qoldi.
– Zotida tabib-sabib o‘tgandirda, ilikda bo‘lsa chiqadi bir kun deydilar-ku, men shu vaqtgacha yontoqni yomon ko‘rib yurar edim, uning aytishicha, yontoq tomoq og‘riq, tishning milki va yana bir necha kasallikka davo bo‘lar ekan. Shuni eshitdimu yontoqqa hurmatim oshib ketdi, – dedim.
Bir kuni undan:
– Detdomda o‘sganlarning ham qarindosh-urug‘lari bo‘ladi, axir, sening hech kiming yo‘qmi? – deb so‘radim. Aytishicha, u paydo bo‘lganda onasini kesarvo qilishgan ekan. Birinchi farzandining tug‘ilganini eshitgan otasi sevinchi ichiga sig‘may qishlog‘iga qarab mototsiklni uchirib borayotib muyulishda traktorning tagiga kirib ketibdi. Shum xabarni eshitgan onasining operatsiyasidan qon ketib qolibdi, do‘xtirlar qonni sira to‘xtata olmabdi. Birdaniga ham otasi, ham onasi vafot etgan chaqaloq “shumqadam” deb atalibdi va uni tug‘riqxonadan hech kim olib ketmabdi... Buni unga bir tarbiyachisi gapirib bergan ekan, hozir o‘sha ayol oilasi bilan xorijga ko‘chib ketgan emish.
– Attang, o‘sha tarbiyachi ketmaganda, yaxshi bo‘lar ekan-da, lekin bu qizda bir gap bor, hamma o‘t-giyohni taniydi, – dedim men afsuslanib.
– U tomir urishni ko‘rib tashxis ham qo‘yar ekan, mendan “Nega boshqa bola tug‘magansiz?” deb so‘radi. “Jigarim kasal emish, homila ko‘tara olmas ekanman”, dedim. Shunda mening qo‘llarimni ushlab turib, “Jigaringiz soppa-sog‘, o‘tingiz dimlangan. Shuning uchun mana bu andizning ildizini qaynatib ichib yuring, o‘tingizni yuvadi. Keyin esa bemalol homila ko‘tara olasiz”. – deb menga dori tayyorlab berdi, – deb mamnun jilmaydi xotinim.
Mening esa xayolim butunlay boshqa yoqda edi. Men kelinchakning Elmurodjon bilan aylanib yurganini ko‘rganda “Qani edi, bular ona-boladek bo‘lishsa, xotinim buni o‘ziga kundosh qilib, lekin singil o‘rnida ko‘rsa, u tug‘ajak bolalarga bosh bo‘lsa”, deb orzu-havaslarga berilaman.
Xullas, bir kuni kelinchak qirda yolg‘iz xayol surib o‘tirgan ekan, otimni yetaklab oldiga bordim. Kelin hurmatim uchun o‘rnidan turib, ro‘molini to‘g‘riladi.
– Bu joylar sizga yoqdimi? – so‘radim gapni nimadan boshlashni bilmay.
– Bahavo joylar ekan, – jilmaydi kelin.
– Yaxshi bo‘lib qoldingizmi?
– Rahmat. Sizlarni ham ko‘p tashvishga qo‘ydim.
– Endi nima qilmoqchisiz?
– Bilmadim. Shaharga qaytib eski ish joyimdan yana ish so‘rasammikan, deb o‘ylayapman, turmushim ham barbod bo‘ldi, chog‘i. Murod akam kelganda aniq bo‘ladi-da endi – menga ishonadimi, ulargami, bilmadim.
– Joyimiz sizga yoqqan ekan, qolavermaysizmi?
– Butun umr bu yerda qololmayman-ku.
– Qoling, bir umrga qoling!.. Umrimni sizning xizmatingizda o‘tkazay, mana shu uy-joylarga egalik qiling! Opangizni eshitgansiz, unga boshqa homila ko‘tarish mumkin emas. Sizni boshimda ko‘tarib yuraman.
– Nimalar diyapsiz, Qodir aka! Mening boshimda erim bor, hozircha omonat bo‘lib qolgan bo‘lsa ham. Bunaqa gaplarni gapirib qilgan savob ishlaringizni minnatga aylantirib qo‘ymang! Siz juda yaxshi odamsiz, mening akam yo‘q, aka bo‘ling menga. Bitta bo‘lsa ham o‘g‘lingiz bor-ku, dunyoda tirnoqqa zor bo‘lib yurganlar qancha!
– Ko‘ngil ekan-da... butun xayol-hushim sizda bo‘lib qoldi. Shu vaqtga qadar sizsiz qanday yashadim, hayronman, ammo bir kuni ketishingizni o‘ylasam, dunyo ko‘zimga qorong‘u bo‘lib ketyapti, meni kechiring! Sizda o‘zi erkak zotining aqlini o‘g‘irlaydigan nimadir bor ekan... Bu gaplarni unutaylik, bo‘lmaydigan ishdan ertaroq qo‘l tortgan yaxshi. – dedim-da, uyalganimdan otga sakrab minib qamchi bosib ketdim. O‘sha kuni kechgacha uyga qaytishga uyalib tog‘-toshlarni aylanib yurdim.
Oradan uch-turt kun o‘tib shom chog‘i bir qarindoshimizning to‘yiga yo‘l oldik. Juda ham to‘yga borgisi kelib turgan o‘g‘limning yelkasiga qo‘limni qo‘yib:
– Elmurodjon, biz qaytguncha opangizni xafa qilmay o‘tiring. Doston amakingiz otarni haydab ertaga daraning etagiga tushib keladi. Ikkalamiz undan xabar olgani boramiz, xo‘pmi? – dedim. Bola boshini irg‘ab qo‘yganidan so‘ng moshinga o‘tirib jo‘nab ketdik.
Bir ozdan so‘ng Elmurodjon uxlab qolibdi. Kelinchakning ham ko‘zi ilinayozgan choq qulog‘iga qadam tovushlari chalinibdi va xonaga Doston shaxdam kirib kelibdi. Uning shaxdini ko‘rib kelinchak sakrab o‘rnidan turib ketibdi.
– Siz tog‘damasmisiz... qo‘ylar qayerda?
– Qo‘ylarni it yeydimi, yuribdi-da, – deya ushshayibdi Doston.
– Lekin siz hozir juda uzoqda bo‘lishingiz kerak edi-ku!
– Sizga yaqin bo‘lish uchun keldik-da, jonim.
– Astag‘firulloh! Bu nima deganingiz?..
– Sizni sog‘inib keldim axir shuncha yo‘ldan, bag‘ringizga bosmaysizmi? – deya Doston unga tashlanmoqqa chog‘lanibdi.
Kelinchak chaqqonlik bilan deraza rafida turgan qaychini olib o‘zining tomog‘iga tirab:
– Yaqinlashsang o‘zimni suyaman, sen nima deb o‘ylab yuribsan o‘zi, o‘zing bir cho‘liq bo‘lsang, xo‘jang yeta olmaganga senga yo‘l bo‘lsin, – debdi.
Uning vajohatini ko‘rib Doston joyida to‘xtabdi, shu vaqtda uxlayotgan Elmurod yoniga ag‘darilibdi.
– Menga noz qildingmi, endi o‘zingdan ko‘r. Bu ishing uchun pushaymonlar yeysan hali – deya po‘pisa qilibdi.
Kelinchak esa:
– Vujudimni yuz pora qilsang ham pokiza tanimni bulg‘ay olmaysan. Esingni yiqqin-da borib qo‘ylaringdan xabar ol. Agar otarga bo‘ri oralagan bo‘lsa, holingga maymunlar yig‘laydi, – debdi.
Doston eshikni qarsillatib yopib chiqib ketibdi. Kelin holsizlanib o‘tirib qolibdi. Boshini tizzalari orasiga olib yig‘lab o‘tiraveribdi. Bir mahal dimog‘iga tutunning hidi uribdi. Qarasa, uy yonib yotgan emish. Kelinchak yutala-yo‘tala Elmurodni ko‘tarib chiqibdi. Har tomonga yugurib suv tashibdi. Bir zumda uy yonib tamom bo‘libdi. Biz yetib kelganda uyning faqat devorlari qolgan edi. Xotinim jon achchig‘ida kelinchakka qarab:
– Uyni nima qilding shumqadam? Sen buni qasddan qilgansan. Seni qamoqda chirittiraman! – dediyu ko‘ksini changgallab o‘tirib qoldi.
O‘zi bir ahvoldagi kelinchak chopqillab bir kosa suv ko‘tarib kelib uning yuziga sepdi. Men esa nima qilishni bilmay serrayib qoldim. Elmurod onasini mahkam quchoqlab oldi.
Yarim tunda sovuqqa junjikib, mo‘ng‘ayib o‘tirgan kelinning yoniga keldim. Kelin yuzimga qarab:
– Qodir aka, Doston keluvdi... – dedi.
– Doston!.. (bu razillik uning ishi ekanini darrov tushundim). Uyga o‘t qo‘ygan bo‘lsa ham aybdor siz bo‘lib qolaverasiz. Chunki u siz sababli bu ishni qilgan. Shuning uchun opangiz sizni baribir yomon ko‘rib qolaveradi endi, axir mol achchig‘i – jon achchig‘i deydilar. Mana bu cho‘ntagimda qolgan pul, buni oling. Tongda opangizga sezdirmay yo‘lga chiqing. Yana shovqin solib o‘tirmasin. Men sizdan roziman.
– Qodir aka, axir pulsiz nima qilasiz?
– Ertaga besh-o‘nta qo‘y sotib uyni ta’mirlashni boshlaymiz, bizni o‘ylamang, joningiz omon bo‘lsin! – shunday deb ortimga o‘girilib ketdim. Yo‘qsa, u mening ko‘zyoshlarimni ko‘rib qolardi. Men, to‘g‘risi, o‘sha choqda uyimning kuyib-kulga aylanganidan ko‘ra ko‘proq himoyasiz bir ma’sumaning tuhmatga qolganiga achinayotgan edim.
U tong yorishmay turib yo‘lga tushdi. Uning yig‘lab-yig‘lab haqimizga duo qilgani, uxlab yotgan Elmurodni boshidan o‘pib qo‘yib yo‘lga tushganini yotgan joyimda ko‘rib yotdim.
Qiz uzoqlashgan zahoti mototsiklni minib otarga jo‘nadim. Doston hech narsadan xabari yo‘qdek:
– Ha aka, kallai saharlab nima qilib yuribsiz?.. – deya meni kutib oldi.
– Yur, senga bir narsa ko‘rsataman, – deb uni bir jarlikning yoqasiga ergashtirib bordim-da. Bo‘ynidan tutib jarlikka deyarli osiltirdim. Keyin:
– Uyga nega o‘t qo‘yganingni bilaman, iflos. Bir zaifaga tuhmat qilishga qo‘rqmadingmi?! Uyimni tiklab bermasang, qo‘limni qo‘yib yuboraman tamom, jarning tubiga yetguningcha suyaklaring parcha-parcha bo‘lib ketadi... – dedim.
U jon halpida:
– Qilaman, akajon, qilaman, tavba qildim, tavba qildim. Uyni o‘zim tikka qilaman... Qizning ham oyoqlariga yiqilib kechirim so‘rayman. O‘zim bilmay qoldim nima qilganimni, o‘zim bilmay qoldim...
Muhabbat borasidagi dardimiz bir xil bo‘lgani, tinimsiz javdirashlari bois unga rahmim keldi.
– Uyga bugun usta tushadi, hamma xarajatlar sening bo‘yningda, – deya uni tortib oldim. Yana jahlimga chiday olmay jag‘iga bir musht urib yiqitib tashlab ketdim. Oradan uch oy o‘tib, u bir dardga chalindiki, bunaqa kasallikni shu vaqtgacha hech ham eshitmagan edik. U olovdan qo‘rqadi. Kichkina shu’la ko‘rsa ham shu qadar qattiq dahshatga tushib hurkak hayvondek o‘zini har yonga otadiki, ko‘rib hayron qolasiz.
Kitob ko‘rgan bir odamning aytishicha, Muoviya roziyallohu anhuning Hajjojmi degan zolim lashkarboshisi bo‘lgan ekan. U ulug‘ sahobiylardan birini qatl ettirganidan so‘ng sovuqqotish kasaliga chalinibdi. Arab jaziramasida turib shu qadar qattiq sovuq qotar ekanki, tanasiga olovni tekkizsa ham sezmas ekan. Axiyri, bu azobga chiday olmay Hasan Basriy hazratlarining oldiga borib: “Meni duo qiling!” debdi. “Seni nima deb duo qilay, ey zolim?!” debdi Hasan Basriy. “Allohdan so‘rang mening jonimni olsin”, deya yolvoribdi Hajjoj. Hasan Basriy uning jonini olishini so‘rab duo qilibdi. Shundan keyin lashkarboshi o‘libdi. Buning dardi Hajjojning dardining teskarisida – olovdan qo‘rqadi, issiqqa bo‘lmaydi...
Aytib o‘tganimdek, nochor oila. Do‘xtirga qaratish ham o‘zimga qoldi. Ammo hech joydan shifo topmadi. Sizning dovrug‘ingizni eshitib kelaverdik... ***
Gunohlar oshkora tan olinayotgani va ularning bir kelinchakka bog‘lanib borayotganini fahmlagan ko‘r kishi gapni bunday boshladi:
– Yoshligimdan til-zabonli, epchil yigit edim. Nima bo‘ldi-yu, qimorga bog‘lanib qoldim. Bu o‘yinni tez o‘zlashtirib oldim. Yaqin-atrofda hamma qimorbozni shilib olganimdan so‘ng boshqa joylarga ham borib o‘ynaydigan odat chiqardim va bir safar o‘yinni shunday boy berdim-ki, yutqazganimni to‘lashga shu vaqtga qadar yutganlarim urvoq ham bo‘lmadi. Majbur bo‘lib uch-to‘rt odamni shirin so‘zlar bilan avrab va’dani quyuq qilib qarz oldim. Lekin omad mendan yuz o‘girdi. Keyingi vaqtda sira qo‘lim baland kelmay qo‘ydi. Qarzlarim esa kundan-kun ko‘payib ketaverdi. Qarz berganlar esa qarzini so‘rashdan charchamadi.
Har xil bahonalar qilib tutqazmay yurgan edim. Bir kuni sahar chog‘i uyimdan moshinga bosib olib ketishdi. O‘rtaga olib urkaltak qilib yotgani ustiga bir qiz kelib qoldi, u vaqtda tong yorishayozgan edi. Chopqillab kelib o‘rtaga tushdi.
– Hay, o‘ldirib qo‘yasiz! Nega urayapsiz bu bechorani? – deb so‘radi.
Ulardan biri:
– O‘rtaga tushmang, singlim! Odam emas bu, bizni qancha vaqtdan beri aldab pulimizni bermay yuribdi, – dedi.
– Mana shu pulni oling-da, buni qo‘yib yuboring, – deb qiz pul tutdi ularga.
– Pulingiz o‘zingizga siylov, ammo bu yaxshilikni biladigan odam emas, – dedi ularning biri, – keyin sheriklariga qarab: – qani ketdik, – dedi-da tuyqus bir narsa esiga tushgandek qiz tomonga qayrilib:
– Ey siz kallai saharlab bu yerlarda nima qilib yuribsiz, jin-pin emasmisiz o‘zi? Odam bo‘lsangiz yuring, sizni ham moshinda olib ketaylik, – dedi.
Qiz bir shahdlandi-yu, ammo mening tuproqqa qorishib yotganimni ko‘rib o‘lib-netib qolmasin degan xavotirda:
– Rahmat sizga, mening uyim shu yerda – deya boshi bilan uzoqdan qorayib ko‘rinayotgan bir o‘tovga ishora qildi.
– Mayli, lekin mana bu iflosdan uzoqroq bo‘ling! – dedi ulardan biri. ***
Ular jo‘nab ketgandan so‘ng qiz dastro‘molchasi bilan mening yuzimga chaplashgan qon va changni artdi. Qo‘llari yuzimga tegib o‘tganda shu qadar rohatlandimki, buni so‘z bilan ta’riflay olmayman. Bir ozdan so‘ng bir amallab o‘rnimdan turib o‘tirdim. Unga sinchkov nigoh bilan boqdim. U tengsiz go‘zal edi. Uning chiroyini ko‘rib o‘zimning nima ahvolda ekanimni ham unutdim.
– Siz farishtamisiz? – deb so‘radim.
– Yo‘q, – deya javob qildi qiz.
– Unda qayoqdan paydo bo‘lib jonimga oro kirdingiz?
– To‘satdan kelib qoldim, o‘zingizdan o‘tgan ekan-da?
– Unda nega meni ulardan ajratib oldingiz, nega boshimda qoldingiz?
– Savil joningiz uvol bo‘lmasin dedim, mayli, men bora qolay, xayr.
Mening ko‘nglimda paydo bo‘lgan shahvat hissi tobora kuchayib borayotgan edi.
– To‘xtang axir, shunday xayrlashib ketaveramizmi, men xoloskorimga minnatdorchilik bildirmaymanmi? – shunday deb qiyshayib-miyshayib uning yo‘lini to‘sdim.
– Ana o‘rningizdan ham turib oldingiz, – deya qiz meni aylanib o‘tmoqchi bo‘ldi. Shunda men qizning oldiga tiz cho‘kib oldim-da: – Meni dushmanlarimdan qutqazib oldingiz-u, o‘zingizga asir etdingiz. Endi choramni qilib keting! – deya yolvordim.
– Chorangiz nima sizning? – so‘raydi qiz betoqatlik bilan.
– Vaslingiz – javob berdim surlik qilib.
– Allohdan hayo qiling! – deya qiz katta yo‘lga qarab ildamlab keta boshladi. Men uning ortidan ergashdim. Shu tariqa uzun-qisqa bo‘lib yo‘lga yaqinlashdik. Yo‘lda bir “niva” paydo bo‘ldi. Qiz shofyorga Toshkentga olib borishini so‘rab orqa o‘rindiqqa o‘tirdi. Uning ortidan yetib kelib oldingi o‘rindiqqa o‘tirdim. So‘ng shofyorga “Uch qahramonga yuring”, dedim. Bunday deyishimning sababi, uni bir amallab Qozog‘istonning chegarasidan o‘tkazib olishni reja qilgan edim. Qiz tushib qolmoqchi bo‘lib o‘rindiqni itaradi. Men uning qo‘lidan mahkam tutib:
– Xo‘p bo‘ldi endi, tavba qildim. Boshqa xafa qilmayman, jim bo‘l, jim bo‘lgin iltimos! – dedim-da qayoqqa yurishini bilmay turgan shofyorga qarab: – keliningiz bilan xafalashib qoldik, “onamnikiga ketaman”, deb yo‘lga tushdi. Arang shu yerga kelganda yetib oldim, naq ohuning o‘zginasi. Bir qarindoshlarnikiga aylantirib kelay, zora arazi yozilsa.
Bu gaplarni eshitgan qizning hayratdan ko‘zi kosasidan chiqib ketayozdi.
– Yolg‘on. Tuhmat – bu! Meni Toshkentga olib boring, iltimos, bu odam mening otimni ham bilmaydi, undan qutqaring, shofyor aka!
– Bo‘ldi jonim, iltimos tinchlangin, nega otingni bilmas ekanman. Har janjallashganda otingni esdan chiqarib qo‘yaversam, qanday er bo‘laman axir, tog‘amnikiga borib maza qilib qimiz ichib qaytamiz, ey haydamaysizmi, shofyor aka! Er-xotinning janjalini ko‘rmaganmisiz? – dedim. Qiz qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin moshin Uch qahramon tomonga qarab ketdi.
Biror chaqirim yurgan moshin bexos ikki-uch siltanib o‘chib qoldi. Shofyor moshindan tushib kopotni ochdi-da, bir nimalarga tegingandek bo‘ldi. So‘ng rulga o‘tirib:
– Sal itarib yuboring, uka akkumlyator charchabdi. – dedi.
– Yo‘lkirani kamroq to‘laydigan bo‘ldik-da, – deya to‘ng‘illab tushdim-da, moshinni itardim. Moshin o‘rnidan qo‘zg‘alib, motori o‘t olib g‘izillab ketdi. Avvaliga nima bo‘layotganini tushunmay turdim, keyin moshin ortidan yugurib, yetolmay qolib ketdim... ***
– Keyin shofyor: “Ana qutuldingiz, singlim, ishqilib rostdan ham eringiz emasmi, sizni “olib qochib” baloga qolib ketmaylik tag‘in”, – dedi ko‘zgudan orqaga qarab. – deya parda ortida o‘tirgan tabib davom etirdi.
Bu gapni eshitib hamma tabibga qaradi:
– Xudoga shukr-ey, bir balodan qutqardingiz, akajon, umringizdan baraka toping! – deya qiz unga minnatdorchilik bildirdi, – deya gapida davom etdi tabib.
– Uch qahramonda bir kirib o‘tadigan ishim bor. Shundoq kiramizu chiqamiz. Keyin sizni Toshkentga olib borib qo‘yaman, xo‘pmi? – deb yo‘lda davom etdi shofyor. Qiz indamay bosh irg‘ab qo‘ydi.
Uch qahramonga yetib kelgan moshin chekkaroqdagi bir uyning darvozasiga yaqinlashdi. Shofyor signal chaldi. Signal ovozini eshitib derazadan bir bosh mo‘raladi, Shofyor oynadan boshini chiqarib salom berdi. Bosh g‘oyib bo‘ldi. Bir zumdan so‘ng bir bashang kiyingan satang xotin darvozani ochdi. Shofyor moshinni ichkariga oldi. ***
Panjarali derazalariga qora parda tutilib, eshiklari zichlangan xona. Qiz burchakda g‘ujanak bo‘lib o‘tiribdi, xontaxta atrofidan esa boyagi barzangi, o‘rta yoshlardagi bir odam. Satang ayol joy olgan. Shofyor quyidan.
Shofyor ularga qarata:
– Uni men olib keldim. Bir kechagina qoldiringlar iltimos, shu bugungina bag‘rimga olib yotay uni. Ertaga olib ketaveramiz, – deya iltijo qilyapti.
– Bekorlarni aytibsan, uni Dubayga jo‘natamiz. Katta xo‘jayin aynan shunday ofatijonni so‘ragan edi.
– Bo‘lmasa, hozir... bir pas sabr qilinglar, hech bo‘lmasa yuzlariga, ko‘zlariga to‘yib-to‘yib boqib qolay, – deya shartta o‘rnidan turdi.
Barzangi:
– O‘tir joyingga, – deya o‘rnidan sakrab turib uning yo‘lini to‘sdi.
Shu topda o‘rta yoshlardagi kishi:
– O‘tirishdan nima foyda. Qani ketdik bo‘lmasa, aylanma yo‘ldan yuraveramiz-da, – dedi.
– Qorong‘u tushishini kutib, biroz chaqchaqlashib o‘tirsak bo‘lmaydimi, chegarachilar juda hushyor. Yana muammo chiqmasin deyman-da, – deya bashang xotin unga qarab suzildi.
– Yana ozgina qolsak, bu qizning ustidan bir-birimizni o‘ldirib qo‘yamizmi deb qo‘rqyapman. Tezroq borib undan qutulaylik, hamisha yurgan yo‘limiz-da, qozoqqa o‘tib olsak bas, omin – deb qo‘llarini yuzining yonidan o‘tkazib duo qilgan kishi bo‘ladi. ***
Tuproq yo‘lni changitib borayotgan “niva” chegarachilarning e’tiborini tortmaslik uchun zovur yoqalab yuradi. Qiz esa pichirlab “Xudojon! O‘zing mehribonsan, bir ojiz bandangman... sharmandalik botqog‘iga tashlama, yuzimni yorug‘ qil, mana bu zolimlardan qutqar yo shu yerning o‘zidayoq jonimni ol!” deya tinimsiz duo qiladi. Shu vaqt to‘satdan tuproq pastga enib ketadi-da, moshin to‘nkarilib qoladi. Bir oz vaqt o‘tib hushiga kelgan qiz moshinning orqa o‘rindig‘i deyarli oldingi o‘rindiq joyiga kelib qolgani, ruldagi barzangi bilan haliga shofyorning og‘zida qon qotib qolganini ko‘rdi. Chap yonidagi erkak va o‘ng yonidagi ayol ham jonsiz edi. U moshin eshigini ochmoqqa urinib, sira ocholmagach, bir amallab oynadan sirpanib chiqdi-da, o‘qchib o‘tirib qoldi. Bir nafas bukchayib o‘tirgandan so‘ng nigohlari ravshan tortib o‘rnidan turdi. Keyin qiyalikdan ko‘tarilib ketdi.
***
Toshkentga kelayotgan yo‘lovchi moshinlardan biriga chiqib olgan qiz yo‘ldoshlari ichida ayol kishining ham borligini ko‘rib xotirjam tortdi. Charchoq o‘z ishini ko‘rsatib uni uyqu elita boshladi. Shu vaqt yonida o‘tirib kelayotgan kattaroq yoshdagi ayolning tobi qochib, og‘zidan ko‘pik sachratib tili tortib ketdi. Qiz chaqqonlik bilan qo‘lini uning og‘ziga tiqib tilini chiqarib oldi.
– Shu tutqanog‘i unga ko‘p azob berayapti, qizim, yaxshi ham siz bor ekansiz... yuragim chiqib ketdi-ya, – dedi moshinni boshqarib kelayotgan kishi.
– Bu kasallikka chalinganiga ancha bo‘ldimi?
– Ha, o‘n yildan oshdi, siz do‘xtirmisiz?
– Yo‘q, lekin bu kasallikni davolashni bilaman, – dedi qiz dadillik bilan.
– Unda iltimos, qizim, hozir to‘g‘ri biznikiga boraylik, unga zarur yordamni ko‘rsating, keyin so‘raganingizni berib uyingizga qo‘yib kelamiz. – deya o‘tindi ayolning eri.
Qiz “xo‘p” degan ma’noda bosh irg‘adi.
O‘sha odamlarning uyiga borib bemor xotinning ahvoli yaxshilangach, ular kun kech bo‘lib qolganini aytib, qizdan shu yerda tunab qolib ertasiga muolajani davom ettirishni iltimos qilishdi. Boradigan joyi bo‘lmagan qiz bechora uchun bu ayni muddao edi. Tunda gapdan gap chiqib qiz bemor ayolga boshidan o‘tgan voqealarni gapirib berdi. Ayol unga: “Sen endi bizning qizimiz bo‘lding, shu uy sening uying”, deb quchoqlab o‘pib mehribonchilik ko‘rsatdi. Qiz o‘sha odamlarning xonadonida yashab yaqin-yiroqdagi odamlarni davolayvergach, “Gulnoza tabib” deya nomi chiqdi va xonadon egalari tutingan qiziga mana shu hovlini sotib olib berdi. Ammo tabibning ismi aslida Gulnoza emas, Ozoda deya biz bilgan kelinchak parda ortidan chiqib keldi...
Damin JUMAQUL
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV