Sayt test holatida ishlamoqda!
02 Sentabr, 2026   |   20 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:27
Quyosh
05:50
Peshin
12:23
Asr
17:00
Shom
18:59
Xufton
20:17
Bismillah
02 Sentabr, 2026, 20 Rabi`ul avval, 1448

13.10.2017 y. Qo‘shnichilik haqlari

10.10.2017   10296   9 min.
13.10.2017 y. Qo‘shnichilik haqlari

Muhtaram jamoat! Muqaddas Islom dinimizda qo‘shnichilik haqlari rioya qilinishi lozim bo‘lgan muhim amallardan sanaladi. Zero, insonlar o‘rtasida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlanishida qo‘shnilar haqqini ado etish ham muhim o‘rin tutadi. Alloh taolo Qur’oni karimda O‘zigagina ibodat qilishga buyurish asnosida jamiyatdagi barcha toifa insonlar qatorida qo‘shnilarga ham yaxshilik qilishga buyurgandir. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

(وَاعْبُدُوا اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُوا بِهِ شَيْئًا وَبِالْوَالِدَيْنِ إِحْسَانًا وَبِذِي الْقُرْبَى وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَالْجَارِ ذِي الْقُرْبَى وَالْجَارِ الْجُنُبِ وَالصَّاحِبِ بِالْجَنْبِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا مَلَكَتْ أَيْمَانُكُمْ إِنَّ اللَّهَ لَا يُحِبُّ مَنْ كَانَ مُخْتَالًا فَخُورًا   (سورة النساء/36

ya’ni: “Allohga ibodat qilingiz va Unga hech narsani sherik qilmangiz! Ota-onalarga esa yaxshilik qilingiz! Shuningdek, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar, qarindosh qo‘shni-yu begona qo‘shni, yoningizdagi hamrohingiz, yo‘lovchi (musofir)ga va qo‘l ostingizdagi (qaram)larga ham (yaxshilik qiling)! Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi” (Niso surasi, 36-oyat).

Payg‘ambarimiz ﷺ ham ko‘plab hadislarida biz ummatlarini bunga targ‘ib etganlar. Quyida qo‘shnichilik haqlariga oid hadislar bilan tanishtirib o‘tamiz.

(عَنْ ابنِ عُمَرَ وَ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهُمَا قَالاَ، قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: "مَا زَالَ جِبْريلُ يُوصِيني بِالجَارِ حَتَّى ظَنَنْتُ أنَّهُ سَيُورِّثُهُ" (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

ya’ni: Ibn Umar va Oisha dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Jabroil doimo menga qo‘shniga yaxshilik qilishga buyuraverganidan oxir oqibat uni merosxo‘r qilib qo‘yadi, deb o‘ylab qoldim” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Demak, qo‘shnining haqqi buyuk va jiddiy ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan haqlardan ekan. Boshqa bir hadisda esa:

(عن أَبي ذر رضي الله عنه قَالَ : قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: "يَا أَبَا ذَرٍّ، إِذَا طَبَخْتَ مَرَقَةً، فَأكثِرْ مَاءهَا، وَتَعَاهَدْ جِيرَانَكَ" (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسْلِمُ

ya’ni: Abu Zar dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Ey, Abu Zar! Qachon sho‘rva pishirsang, suvini ko‘proq solgin va qo‘shnilarningga ham ilingin” (Imom Muslim rivoyati). Ushbu hadisda qo‘shnilarga e’tiborli bo‘lish, inson o‘zidagi arzimas narsani ham qo‘shnisiga ilinishga targ‘ib etish ma’nosi bor. Aynan shu ma’nodagi boshqa bir hadisda shunday deyilgan:

(عَن أَبيِ هُرَيرَةَ رضي الله عنه قَالَ، قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: "يَا نِسَاء المُسْلِمَاتِ! لاَ تَحْقِرَنَّ جَارةٌ لِجَارَتِهَا وَلَوْ فِرْسِنَ شَاة" (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

ya’ni: Abu Hurayra dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Ey, muslima ayollar! Hech bir qo‘shni qo‘shnisiga qo‘yning tuyog‘ini berishga ham orlanmasin” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Bu hadisda Payg‘ambarimiz ﷺ xususan, ayollarga murojaat qilayotganlarining boisi ayollar orasida bir-birlarini kamsitish odati mavjud. Shuning uchun ayollar arzimas narsani bir-birlariga ehson qilib berayotgan yoki olayotgan  bo‘lsalar buni kamsitish, deb bilmasliklariga chaqirilmoqda. Oddiy qilib aytganda, yegandan ortgan taomni, qotgan nonni, hatto so‘yilgan qovun-tarvuzni ham uvol bo‘lmasligi uchun qo‘ni-qo‘shniga berishning aybi yo‘q.

Muhtaram azizlar! Payg‘ambarimiz ﷺ bir nechta hadislarida qo‘shnichilik haqlarini imon bilan bog‘laganlar. Ya’ni, kishining imonining butunligiga qo‘shnisiga qilgan muomalasiga qarab baho beriladi.  Masalan, quyidagi hadisi sharifda shunday deyiladi:

(عَن أَبيِ هُرَيرَةَ رضي الله عنه أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: "واللهِ لا يُؤْمِنُ، وَاللهِ لا يُؤْمِنُ، وَاللهِ لا يُؤْمِنُ! قِيلَ: "مَنْ يَا رَسُول الله؟" قَالَ: "الَّذِي لا يَأمَنُ جَارُهُ بَوَائِقَهُ!" (مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

ya’ni: Abu Hurayra dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar ﷺ dedilar: “Allohga qasamki, mo‘min emas, mo‘min emas, mo‘min emas!” So‘rashdi: Kim, Yo, Rasululloh? Dedilar: “Yomonligidan qo‘shnisi omonda bo‘lmagan kimsa” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisda esa:

(عن أنس رضي الله عنه، قال قال رسول الله صلى الله عليه وسلّم: «مَا آمَنَ بِي مَنْ بَاتَ شَبْعَان وَ جَارُهُ جَائِعٌ إِلَى جَنْبِهِ وَهُوَ يَعْلَمُ بِهِ» (رَوَاهُ الإِمَامُ الْبَزَّارُ

ya’ni: Anas rivoyat qilib aytadilar, Rasululloh ﷺ dedilar: “Yon qo‘shnisi och ekanligini bila turib, to‘q uxlagan kimsa menga imon keltirmabdi” (Imom Bazzor rivoyati). Demak, mo‘min kishi hech qachon faqat o‘zini o‘ylamaydi, balki yon atrofidagi qo‘ni-qo‘shnilarining holidan doimo xabardor bo‘ladi, biror mushkuli bo‘lsa, oson qilishga shoshiladi, muammosini birgalashib, hal etishga ko‘maklashadi. Yaxshilik qilish qo‘lidan kelmaganda, hech bo‘lmasa, yomonlik qilmaslikka, ziyon-zahmat yetkazmaslikka harakat qiladi. Imom Buxoriy “Adabul-mufrad” kitoblarida va Imom Abu Dovud “Sunan” kitoblarida quyidagi rivoyatni keltiradilar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ 5 قَالَ، جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَشْكُو جَارَهُ فَقَالَ: "اذْهَبْ فَاصْبِرْ" فَأَتَاهُ مَرَّتَيْنِ أَوْ ثَلَاثًا فَقَالَ: "اذْهَبْ فَاطْرَحْ مَتَاعَكَ فِي الطَّرِيقِ" فَطَرَحَ مَتَاعَهُ فِي الطَّرِيقِ، فَجَعَلَ النَّاسُ يَسْأَلُونَهُ فَيُخْبِرُهُمْ خَبَرَهُ فَجَعَلَ النَّاسُ يَلْعَنُونَهُ، فَعَلَ اللَّهُ بِهِ ، وَفَعَلَ وَفَعَلْ ، فَجَاءَ إِلَيْهِ جَارُهُ فَقَالَ لَهُ : ارْجِعْ لَا تَرَى مِنِّي شَيْئًا تَكْرَهُهُ" (رَوَاهُ الإِمَامُ البُخَارِي وَ الإِمَامُ أَبُو دَاوُدَ

ya’ni: Abu Hurayra ﷺ rivoyat qiladilar: “Bir kishi Payg‘ambar k ning huzurlariga qo‘shnisidan shikoyat qilib keldi. Rasululloh k unga: “Bor, sabr qil”, dedilar. U kishi yana ikki-uch marta kelgach, Rasululloh ﷺ unga: “Borginda, uyingdagi narsalarni ko‘chaga olib chiqib tashla”, dedilar. U uy jihozlarini ko‘chaga uloqtirib tashladi. Ko‘chadan o‘tgan odamlar buning sababini so‘raganlarida, u bo‘lgan voqeani ularga aytib berar, odamlar esa ozor berayotgan qo‘shniga Allohning la’nati bo‘lishini so‘rar, edilar. Oqibatda qo‘shnisi kelib, uyingga qayt, bundan keyin mendan hech ham yomonlik ko‘rmaysan, deb yalinib yolvordi”.

Ibn Abu Shayba w rivoyat qiladilar, Abdulloh ibn Amr 0: “Men sizlarga uchta falokatni aytaymi?” – dedilar. Ayting, deyishdi. Shunda u zot: “Yaxshilik qilsang minnatdor bo‘lmaydigan, yomonlik qilsang kechirmaydigan zolim rahbar. Yaxshilikni ko‘rsa, yashiradigan, yomonlikni ko‘rsa, fosh qiladigan yomon qo‘shni. Oldida bo‘lsang g‘azabingni qo‘zg‘atadigan, yo‘g‘ingda xiyonat qiladigan yomon xotin”, dedilar.

Dinimizda kishining yaxshi yoki yomonligi uning o‘z qo‘shnilariga bo‘lgan munosabatiga qarab ham baholanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz k dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:

(عَن عَبدِ اللهِ بنِ عَمَرو رَضِيَ اللهُ عَنُهمَا قَالَ، قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: "خَيْرُ الأَصْحَابِ عِنْدَ الله تَعَالَى خَيْرُهُمْ لِصَاحِبِهِ، وَخَيرُ الجِيرَانِ عِنْدَ الله تَعَالَى خَيْرُهُمْ لِجَارِهِ" (رواه الإِمَامُ الترمذي

ya’ni: Abdulloh ibn Amr dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Allohning nazdida do‘stlarning eng yaxshisi o‘z do‘stiga yaxshi munosabatda bo‘lgani, Allohning nazdida qo‘shnilarning eng yaxshisi o‘z qo‘shnisiga yaxshi munosabatda bo‘lganidir” (Imom Termiziy rivoyati). Hadislarda bayon qilinishicha to‘rt tarafdan qirqta xonadon bir-biriga qo‘shni hisoblanadi. Qo‘shnilarning ichida ehson qilinishiga eng haqlisi eng yaqin qo‘shnidir. Qo‘shnilardan qarindosh va dindoshi eng haqqi ko‘p qo‘shni sanaladi. Qarindosh bo‘lmagan g‘ayridin qo‘shnining ham qo‘shnilik haqqini rioya qilish lozim bo‘ladi.

         Aziz namozxonlar! Yuqoridagi oyat va hadislardan kelib chiqib, olimlarimiz o‘z fiqhiy kitoblarida quyidagi qo‘shnichilik haqlarini sanab o‘tganlar:

  • Qo‘shnining o‘zi tomonidan tinchligini ta’minlash;
  • Qo‘shnining o‘ziga ma’lum sir-asrori va aybu-nuqsonini fosh qilmaslik;
  • Hursandchiligiga sherik, g‘am-tashvish va musibatiga hamdard bo‘lish;
  • Chaqirganida labbay deb borish;
  • Bemor bo‘lsa chiqib ko‘rish;
  • Qo‘shnisi muhtoj bo‘lganda qodir bo‘lsa yordam berish;
  • Qo‘shnisiga har qanday suratda ozor yetkazishdan saqlanish;
  • Qo‘shnining iznisiz uning hovlisidan shamol va quyoshni to‘sadigan darajada devorini baland ko‘tarmaslik;
  • Uyni sotishda avval yon qo‘shniga taklif qilish;
  • Qo‘shnisi qarz so‘raganida bor bo‘lsa berish;
  • O‘zaro arazlashgan qo‘shnilarni yarashtirishga oshiqish;
  • Qo‘shnidan yetadigan ozorga sabr qilish;
  • Qo‘shnini g‘iybat qilmaslik, g‘iybat qilinganida esa uni himoya qilish;
  • Qo‘shniga birinchi bo‘lib salom berishga harakat qilish;
  • Qo‘shni vafot etganda janozasida qatnashish.

 

Alloh taolo dunyodagi barcha xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlik rishtalarini mustahkam qilsin. Qo‘ni-qo‘shnilar bilan samimiy aloqalarimiz yanada yaxshilanib borishini Alloh taolo barchalarimizga nasib aylasin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

31.08.2026   80483   1 min.
13 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilindi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Shuningdek, joriy yilda «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan ham 1500 nafar yetim va chin yetim bolalarga bayram sovg‘alari hamda maktab formalari va o‘quv qurollari hadya qilindi. Xususan, Farg‘ona viloyatida 302 nafar, Samarqand viloyatida 243 nafar va Qashqadaryo viloyatida 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchilarga yordamlar ko‘rsatildi.

Tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari