Bas, Meni yod etingiz, (Men ham) sizlarni yod eturman. Menga shukr qilingiz, noshukrchilik qilmangiz! Ey, imon keltirganlar! Sabr va namoz bilan (Mendan) yordam so‘rangiz! Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir (Baqara, 152-153).
Said ibn Jubayr aytadi: “Zikr – Alloh taologa itoat qilishdir. Kim tasbeh, tahlil, Qur’on qiroatini ko‘p qilsada Alloh taoloni eslmasa, u Allohga itoat qilmabdi”. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kim Allohga itoat qilsa Alloh taoloni zikr qilgan bo‘ladi. Agar uning (nafl) namozi, ro‘zasi va Qur’on tilovati kam bo‘lsa ham. Kim gunoh qilsa, Alloh taoloni unutgan bo‘ladi. Agar uning (nafl) namozi, ro‘zasi va Qur’on tilovati ko‘p bo‘lsada”, dedilar (Imom Bayhaqiy).
Bir kishi Abu Usmonga “Alloh taoloni zikr qilamiz, lekin qalbimizda halovatni sezmaymiz”, deb savol berdi. Abu Usmon: “Alloh taolo bitta a’zoyingni toat bilan ziynatlab qo‘yganiga hamd aytgin”, dedi.
Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) aytadi: “Bandalarni Alloh taoloning azobidan najot topishiga Alloh taoloni zikr qilishdan o‘zga amal yo‘q”.
Yaxshilikni bilib, u haqida gapirish shukrdir. Shukr lug‘atda “zohir qilish”, “ochiq-oydin qilish”, kabi ma’nolarni anglatadi. Bandaning Alloh taologa maqtov aytishi va berilgan ne’matlarni e’tirof etib, toat-ibodat qilishi shukrdir. Shuningdek, banda berilgan in’omlarga til ila shukr, qalb bilan iqror qiladi.
Shukr ne’matlarning ziyoda bo‘lishining omilidir. Banda berilgan ne’matga shukr qilsa Alloh taolo uni ko‘paytirib beradi. Bu haqda Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi:
“Qasamki, agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman” (Ibrohim, 7).
Garchi ushbu oyatda shukr qilish va noshukrlik oqibatlari Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, lekin uning hukmi umumiy bo‘lib, to qiyomatga qadar keladigan barcha insonlarga tegishlidir. Shukr qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, balki o‘zidagi moddiy va ma’naviy ne’matlar haqida ko‘p mulohaza qilish, ular berilgan taqdirda qanday holatda bo‘lishini tasavvur etish, o‘zidan qashshoq, qiynalgan kishilarni yodga keltirish insonni o‘zidagi ne’matlar uchun Allohga shukr qilishga undaydi. Bu ishi in’om etuvchiga ham manzur bo‘ladi. Natijada ne’matning yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Aksincha, noshukrlik, nonko‘rlik kabi holatlar in’om etuvchida nafrat va g‘azab paydo bo‘lishiga olib keladi. Natijada bergan ne’matlarini qaytarib olish yoki boshqa ofat yoxud musibatlarga duchor qilish yo‘li bilan jazolashi joiz bo‘lib qoladi.
Noshukrlik insonlararo munosabatlarda ham o‘zining salbiy natijalarini beradi. Yaxshilikni qadrlab, imkoni bo‘lsa qaytarish aynan olijanoblikdir (Shayx Abdulaziz Mansur).
Alloh taolo bandalarini sabr bilan yordam so‘rashga buyurmoqda. Chunki sabr botiniy amallarning og‘irlaridan biridir. Inson nafsning shahvatlaridan saqlanishida sabr muhim o‘ringa ega.
Hazrat Ali (roziyallohu anhu)ga qo‘shnining haqi to‘g‘risida savol berilganda: “Qo‘shniga ozor bermaslik bilan bir qatorda, uning ozoriga sabr qilish”, deganlar. Alloh taoloning buyruqlarini bajarishda ham, qaytargan ishlaridan tiyilishda ham sabr yordam beradi. Alloh taolo bandalarini nafsning shahvatlaridan tiyilishga va ibodatlarga buyuradi. Bandalar bu ishlarda ham sabrga muhtoj bo‘ladilar. Inson mashaqqatlarni yengib, sabr qilsa, Alloh taolo O‘z kalomiga muvofiq bu banda bilan birga bo‘ladi. Uning ishlarida yordamchi bo‘lib duolarini ijobat qiladi. Banda solih amallarni bajarishda bardavom, sobit bo‘lsa va sabr qilsa najot topadi. Chunki sabr insonning qiyomat kuni zafar quchishi uchun omilidir.
Shuningdek, Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni namoz bilan yordam so‘rashga buyurdi. Chunki namoz mo‘minlarning ruhlari olamlar Rabbisiga ko‘tariladigan va U Zotga munojat qilinadigan ibodatlar onasidir.
Manbalar asosida
Bahriddin PARPIYEV
tayyorladi
“Xalq so‘zi” gazetasi
2026 yil 7 iyul, № 137 (9308)
Ma’rifatga tayangan taraqqiyot yo‘li
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida 7-11 iyul kunlari mamlakatimizda bo‘lib o‘tadigan “Islom sivilizatsiyasi — tinchlik, bag‘rikenglik va ilm-ma’rifat yo‘li” mavzusidagi Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi oldidan brifing tashkil etildi. Unda anjumanning maqsad va vazifalari, tadbirlar dasturi hamda xalqaro ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur forum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan ma’rifat va diniy bag‘rikenglik g‘oyalarining amaliy davomi hisoblanadi.
Forumning bosh maqsadi islom sivilizatsiyasining boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, buyuk allomalarimiz merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, turli mamlakatlar olimlari o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida o‘tkaziladigan anjumanda 50 dan ortiq davlatlardan deyarli 300 nafarga yaqin xorijlik mehmonlar ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida davlat va jamoat arboblari, vazirlar, muftiylar, akademiklar, islomshunos olimlar, qo‘lyozmashunoslar, muzey va kutubxonalar rahbarlari, nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari bor. Bu esa anjumanning haqiqiy xalqaro muloqot va akademik hamkorlik maydoniga aylanishidan dalolat beradi.
Brifingda qayd etilganidek, forum O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda ICESCO hamkorligida tashkil etilmoqda.
Tadbirning ochilish marosimi Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilishi ham ramziy ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi. Zero, qisqa vaqt ichida mazkur markaz nafaqat mamlakatimiz, balki butun mintaqadagi eng yirik va nufuzli ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biriga aylanib ulgurdi.
Forum o‘z ko‘lami jihatidan ham alohida ahamiyat kasb etadi. Uning doirasida 4 ta xalqaro konferensiya, 10 ta yalpi majlis, 15 ta plenar yig‘ilish hamda qator sohaviy sho‘ba tashkil etiladi. Ularda islom sivilizatsiyasi tarixi, hadis ilmi, kalom, qo‘lyozmashunoslik, muzeyshunoslik, arxeologiya, madaniy merosni muhofaza qilish, raqamlashtirish, madaniy diplomatiya hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar muhokama qilinadi.
Anjuman doirasida kitoblar va ilmiy nashrlar taqdimotiga ham alohida e’tibor qaratilgan. ICESCO bilan hamkorlikda tayyorlangan “Imom al-Buxoriy — Ummat kitobi”ning “Al-Jome’ as-Sahih” asari mavzusidagi xalqaro konferensiya tezislar to‘plami, IRCICA bilan sheriklikda nashr etilayotgan “Shavkat Mirziyoyev — ma’rifatparvar yo‘lboshchi” kitob-albomi, Rossiya musulmonlari diniy idorasi bilan birgalikda chop etilgan Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiya” asarining rus tilidagi akademik nashri va boshqa fundamental loyihalar namoyishi forumning eng esda qolarli voqealaridan biri bo‘ladi.
Forumning birinchi kungi yalpi majlislarida islom sivilizatsiyasining ma’naviy merosi, Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma sifatidagi o‘rni, shuningdek, qo‘lyozmalarni asrash, muzeylar va kutubxonalar hamkorligini rivojlantirish kabi dolzarb mavzular muhokama qilinadi.
Tadbir davomida O‘zbekistondagi ilmiy-ma’rifiy markazlar va xorijning yetakchi ilmiy muassasalari o‘rtasida qo‘shma loyihalar, yangi ilmiy nashrlar, arxeologik kashfiyotlar, noyob qo‘lyozmalar va raqamli loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi. Shuningdek, hamkorlikka oid “Yo‘l xaritalari” muhokama qilinib, memorandum va bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan. Bu esa forumning faqat ilmiy muhokama bilan cheklanmasdan, aniq amaliy natijalarga xizmat qilishini ko‘rsatadi.
Tadbirning muhim qismi Samarqand va Termiz shaharlarida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyalardir. Ular buyuk allomalarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziyning boy ilmiy merosini har tomonlama o‘rganishga bag‘ishlangani bilan ahamiyatlidir.
Jumladan, Samarqandda o‘tkaziladigan “Imom al-Buxoriyning “Al-Jome’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada buyuk muhaddisning hayoti, uning ilmiy kamoloti, hadislarni saralash uslublari, “Al-Jome’ as-Sahih”ning yaratilish tarixi, qo‘lyozmalari hamda mazkur asarning islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni atroflicha muhokama qilinadi. Bu konferensiya doirasida beshta plenar yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ularda Saudiya Arabistoni, Misr, Marokash, To‘rkiya, Hindiston, Bangladesh, Buyuk Britaniya, Tunis va boshqa mamlakatlardan kelgan yetakchi hadisshunos olimlar ma’ruzalar qiladi.
Imom Moturidiyning bebaho merosiga bag‘ishlangan konferensiyada esa mo‘tadillik, diniy bag‘rikenglik, aql va naql uyg‘unligi kabi masalalar zamonaviy nuqtayi nazardan tahlil etiladi.
Termiz shahrida o‘tkaziladigan anjuman Termiz hadis maktabi va Imom Termiziyning jahon hadisshunosligiga qo‘shgan beqiyos hissasini o‘rganishga bag‘ishlanadi. Bu konferensiyalar orqali O‘zbekiston nafaqat buyuk allomalar yurti, balki ular merosini tizimli o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishning zamonaviy markazi sifatida ham namoyon bo‘ladi.
Brifingda ta’kidlanganidek, Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi mamlakatimiz tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan yirik xalqaro ma’rifiy anjuman sifatida O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi boy merosini asrab-avaylash va uni jahon hamjamiyatiga keng tanitish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yana bir bor namoyon etadi. Shu ma’noda, forum nafaqat ilmiy muloqot maydoni, balki tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat g‘oyalarini birlashtiruvchi nufuzli xalqaro platforma bo‘lishi kutilmoqda.