Muharram oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha yilning birinchi oyidir. Birinchi Muharram yangi yilning boshlanish kunidir. Odatda musulmonlar bir-birlarini bu munosabat bilan tabrik etadilar.
Lug‘atda “muharram” so‘zi, hurmatlangan, harom qilingan, ulug‘langan ma’nolarini anglatadi. Darhaqiqat, Muharram oyi hurmatli oydir. Muharram oyi Alloh taolo urushni harom qilgan to‘rt oydan biridir. Bundan ortiq hurmat bo‘lishi mumkinmi? Bu oyni Allohning oyi, deb nomlanadi, bundan ortiq ulug‘lash bo‘lishi mumkinmi?
Alloh taolo “Tavba” surasida: “Albatta, Allohning huzurida oylarning soni Allohning osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to‘g‘ri dindir. U(oy)larda o‘zingizga zulm qilmang” – degan (36-oyat).
Ushbu oyati karima oylarning hisobi, tabiiy ravishda, Alloh osmonlaru yerni yaratgan paytdayoq, ularning harakatiga bog‘liq qilinib o‘n ikki etib belgilanganligini bayon qilmoqda.
Bu doimiy ravishda bir xil turadigan sobit hisobdir. Unga insonning hech daxli yo‘q. Inson faqat Alloh yaratgan narsalarga qarab, Alloh bergan aql bilan oylarni sanaydi, xolos.
“Albatta, Allohning huzurida oylarning soni Allohning osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan”.
O‘n bitta ham, o‘n uchta ham qilib bo‘lmaydi. Yangi oy chiqqan kuni yangi oy boshlanadi. U yigirma to‘qqiz yoki o‘ttiz kun bo‘ladi. Keyin yana yangisi chiqadi. Oldindan belgilab qo‘yilgan hisob bilan, oy to‘lin bo‘lganda ham, yangi oy boshlandi, deyilmaydi. Bunday deyishlik xato hisoblanadi. Chunki Allohning ishiga bandasi aralasha olmaydi.
“Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir”.
Ya’ni, o‘n ikki oydan to‘rttasida urush qilish Alloh tomonidan harom qilingandir. Bu Zulqa’da, Zulhijja, Muharram va Rajab oylari bo‘lib, mazkur oylarda urush boshlash haromdir.
“Mana shu to‘g‘ri dindir. U(oy)larda o‘zingizga zulm qilmang”.
Yuqorida zikr qilingan hukm to‘g‘ri din hukmidir. Islom hukmidir. Bu hukmga xilofan harom oylarda urush qilib, o‘zingizga zulm qilmang.
Muharram oyi Ramazon oyidan keyingi martabada turadi. Bu oyda eng ulug‘ kunlardan biri – Oshuro kuni bor.
Ashuro, ya’ni o‘ninchi kunida barcha samoviy dinlar tarixida muhim voqealar bo‘lib o‘tganligi sababli, bu oyning o‘ninchi kuniga nisbatan “Ashuro” oyi deyish urfga aylangan.
Rivoyat qilishicha bu muborak oyning Oshurosida Alloh taolo Odam alayhissalom jannat daraxti mevasidan tanavvul qilib gunohkor bo‘lgani tavbasini qabul qilgan kundir. Alloh taolo bu haqda xabar berib shunday deydi:
“Bas, (Odam bilan Havvo) undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo‘lib, yanglishdi So‘ngra Parvardigori uni poklab, tavbasini qabul etdi va hidoyatga yo‘lladi” (Toha surasi, 121-122 oyatlar).
Imom Ahmad (rh.) Ibn Abbos (rz.)dan rivoyat qilishlaricha, shu kuni, Nuh (a.s.)ning kemalari “Judiy” tog‘i ustida to‘xtagan, shu sababli Nuh (a.s.) shukrona tariqasida shu kuni ro‘za tutganlar.
Bundan tashqari, Alloh taolo Muso (a.s.)ni Ashuro kuni Fir’avnning iskanjasidan qutqarganligi haqida Ibn Abbos (rz.)dan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi:
“Payg‘ambar (sav) Madinaga kelganlarida yahudiylarning ashuro kunida ro‘za tutganlarini ko‘rdilar va: “Bu qanday kun?” – deb so‘radilar. Ular: “Bu – Alloh taolo Muso (a.s.) bilan Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan muborak kun, shuning uchun Muso (a.s.) bu kunda ro‘za tutganlar” – deyishdi. Shunda Payg‘ambarimiz (sav): “Men Musoga sizlardan ko‘ra haqliroqman” – dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar, boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar”.
Johiliyat arablarining ham Ashuro kunida ro‘za tutish odatlari bor bo‘lgan. Oysha onamiz (rz.) quyidagi hadisni marhamat qiladilar:
“Ashuro kuni Qurayshiylarning johiliyat davrida ro‘za tutadigan kuni edi. Rasullulloh (sav) ham shu kuni ro‘za tutar edilar. Madinaga kelganlaridan keyin Ramazon oyi ro‘zasi farz qilindi. Shundan so‘ng Payg‘ambar (sav): “Men ashuro kuni ro‘za tutishga buyurilgan edim, endi esa xohlagan kishi ro‘za tutsin, xohlagan kishi tark qilsin”, - dedilar”.
Yuqoridagi hadisdan ma’lum bo‘ladiki, Islomning avvalgi davrida Ashuro kunida ro‘za tutish musulmonlarga farz bo‘lgan. Hijratning ikkinchi yilida Ramazon ro‘zasi farz qilingach, Ashuro ro‘zasining farzligi bekor qilinib, nafl bo‘lib qolgan.
Rasululloh (sav) bu kunda ro‘za to‘tishning fazilati haqida:
“O‘tgan bir yilda qilingan gunohlarga kafforat bo‘ladi” – deb marhamat qilganlar.
Boshqa bir hadisda esa:
“Ashuro kunidan bir kun oldin va bir kun keyin ham ro‘za tutinglar” – deganlar.
Yana boshqa bir hadisda esa:
ya’ni: “Ramazon oyi ro‘zasidan keyingi Alloh oyi bo‘lgan Muharram oyida tutilgan ro‘zaning savobi ulug‘dir. Farz namozidan keyin esa kechasi turib ado etilgan nafl namozi afzaldir”.
Bundan tashqari bu kunda qilingan solih amallarga Alloh taolo ulug‘ ajru mukofotlar beradi. Bu kunlarda mo‘min-musulmonlar yanada saxovatli bo‘lib, xayru ehsonni ko‘paytirmoqliklari lozim. Chunki, xayru ehson ibodatlarning eng ulug‘laridan bo‘lib, uning evaziga beriladigan savob ham beqiyosdir. Albatta, ehsonni avvalambor oila ahllaridan, eng yaqin qarindoshlardan boshlamoqlik shart. Undan keyin imkon bo‘lsa, qo‘ni-qo‘shni va begonalarga muruvvat ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Bu xususda Payg‘ambarimiz (sav) shunday marhamat qiladilar:
“Kimki Ashuro kunida o‘z ahli oilasiga ko‘proq nafaqa qilsa, ya’ni ro‘zg‘orini but qilib bersa, Alloh taolo yil davomida uning rizqiga kengchilik beradi”.
Imom Sufyon as-Savriy hazratlari: “Biz ushbu hadisni amalda qo‘llab ko‘rdik va uning aytilganidek ekanligiga guvoh bo‘ldik” – deganlar.
Darhaqiqat, ehtiyojmandlarga xayr-saxovat qilish insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini bog‘lashga, o‘zaro hurmat va totuvlik hislarini ortishiga xizmat qilish bilan birga dunyoviy ishlarning rivoj topishiga, oilalarimizga baraka kirishiga ham sabab bo‘ladi.
Xayru ehson ibodatlarning eng ulug‘laridan bo‘lib, uning evaziga beriladigan savob ham beqiyosdir. Albatta, ehsonni yuqorida aytilganidek, avvalambor oila ahllaridan, eng yaqin qarindoshlardan boshlamoqlik lozim. Undan keyin imkon bo‘lsa, qo‘ni-qo‘shni va begonalarga muruvvat ko‘rsatish kerak bo‘ladi. Yana shu narsani qayd etib o‘tish lozimki, Hukumatimiz tomonidan kamta’minlangan oilalarga, yetim-yesirlarga va qariya otaxon va onaxonlarga moddiy va ma’naviy yordam berib kelinmoqda. Aholimiz orasida o‘ziga to‘q, tadbirkor va ishbilarmon kishilar ham borki, ular faqat o‘z manfaatlarini emas, balki, yurtimiz forovonligi, xalqimizning ehtiyojlarini qondirish haqida ham qayg‘uradilar. Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, zakotini o‘z vaqtida beradigan, muhtojlar holidan saxovotli va muruvvatli insonlar Alloh taolo tomonidan beqiyos ajru savoblarga ega bo‘lib, ikki dunyo saodatiga muvaffaq bo‘lurlar.
Yaxshilikning katta-kichigi, ozi-ko‘pi bo‘lmaydi. Birov moli bilan (bu saxovatdir), birov qo‘li bilan, yana boshqasi chiroyli so‘zi bilan yaxshilik qiladi. Hatto boshqalar yo‘lidagi xalaqit berayotgan shoxchani olib tashlash ham yaxshilikka kiradi. Odamlarga ozor yetkazmaslik ham – yaxshilik, yetim-miskinlarni to‘ydirish ham – yaxshilik, birovga chiroyli muomala qilish ham – yaxshilik.
Abdulloh ibn Abbos (rz.)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) Alloh taolodan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda: “Albatta Alloh taolo yaxshi va yomon amallarni yozib, uni quyidagicha bayon qildi: “Kimiki bir yaxshi amalni niyat qilsayu ado eta olmasa, Alloh taolo O‘z huzurida komil bir yaxshilik qildi, deb unga yozib qo‘yadi. Agar niyat qilsayu ado ham etsa, Alloh taolo unga yaxshi amali uchun yetti yuz yoki undan ham ziyodagacha ajr berur. Agar biror yomon amalni niyat qilsayu uni bajarmasa, Alloh taolo O‘z huzurida komil bir yaxshilik qildi, deb yozadi. Agar yomonlikni niyat qilsayu bajarsa, Alloh taolo unga bitta yomonlik yozadi”, - dedilar (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Alloh taolo barchalarimizni xayru saxovatli, yaxshilik qiluvchi bandalaridan qilsin.
S. Arziqulov,
Fatvo bo‘limi xodimi
Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan.
Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.
Shu maqsadda, 30 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.
Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.
Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.
Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati