Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Sentabr, 2026   |   4 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:43
Quyosh
06:03
Peshin
12:18
Asr
16:43
Shom
18:37
Xufton
19:52
Bismillah
15 Sentabr, 2026, 4 Rabi`us soni, 1448

29.09.2017 y. Ustozlarga ehtirom

27.09.2017   9268   9 min.
29.09.2017 y. Ustozlarga ehtirom

بسم الله الرحمن الرحيم

     (1-oktyabr – Ustoz va murabbiylar kuni)

Muhtaram jamoat! Islom dini ilmu ma’rifatga targ‘ib qiluvchi ilohiy dindir. Zero, insonning dunyo va oxiratining obod bo‘lishi ilm olmog‘i va unga amal qilishi bilan bog‘liqdir. Qur’oni karimning ko‘plab oyatlari va Payg‘ambarimiz ﷺ ning qator hadislarida ushbu ma’nolar bayon etilgan. Ilm ruhning ozuqasidir. Insoniyat ilm bilangina Allohni taniydi, haqiqiy saodatni qo‘lga kiritadi, uning sharofati bilan yuksaladi. Ilm esa ustozning sa’y-harakati, tinimsiz mehnati, g‘ayrati va matonati bilan egallanadi. Ilm o‘rgatuvchi ustozlar bejizga “payg‘ambarlarning merosxo‘rlari”, deb e’zozlanmaganlar. Qur’oni karimda o‘zi egallagan ilmni boshqalarga o‘rgatgan ustozlarning sha’ni-sharafi naqadar ulug‘ligi haqida bunday marhamat qilinadi:

يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آَمَنُوا مِنْكُمْ وَالَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ وَاللَّهُ بِمَا تَعْمَلُونَ خَبِيرٌ  

(سورة المجادلة/11).

ya’ni: ... Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga ko‘tarur. Alloh qilayotgan (barcha yaxshi va yomon) amallaringizdan xabardordir” (Mujodala surasi, 11-oyat).

Payg‘ambarimiz ﷺ ham ilmli kishining ilmsiz kishidan darajasi yuqori ekanligini bir qancha hadislarida bayon qilganlar. Jumladan,

(عَنْ أَبِي أُمَامَةَ الْبَاهِلِيِّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ قَالَ، ذُكِرَ لِرَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ رَجُلَانِ: أَحَدُهُمَا عَابِدٌ وَالْآخَرُ عَالِمٌ ، فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "فَضْلُ الْعَالِمِ عَلَى الْعَابِدِ كَفَضْلِي عَلَى أَدْنَاكُمْ" (رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ

ya’ni: Abu Amoma al-Bohiliy رضي الله عنه dan rivoyat qilinadiki, Rasululloh ﷺ ga ikki kishi haqida gapirishdi. Ularning biri obid, ikkinchisi esa olim edi. Shunda Rasululloh ﷺ: “Olimning obiddan ortiqligi huddi mening sizlardan eng quyi darajadagi kishidan ortiqligimga o‘xshaydi”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ustozga mehr qo‘ymagan, hurmat qilmagan shogirdning ilmni puxta egallashiga ishonish qiyin. Bemor kishi o‘z ixtiyorini butunlay tabibga topshirganiday, ta’lim oluvchi shogird ham o‘zini batamom muallim ixtiyoriga topshirishi, uni e’zozlab hurmatlashi va doimo xizmatida shay turishi kerak. Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه o‘zidan yoshi ulug‘ bo‘lgan Zayd ibn Sobit رضي الله عنه ning ulovlari tizginini ushlab, unga minishlarida yordam berib bunday deganlar: "Ulamolarga shunday xizmat qilishga buyurilganmiz. Agar shogird ulug‘lik sifatiga yetmay turib, undan faxrlanib kibrlansa, johildir. Zero, ilm-hikmat mo‘min kishining yo‘qotgan narsasidir, qachon topsa, uni olishga haqli". 

Muhtaram azizlar! Kishida ilm o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Albatta, buning uchun ustoz zarur. Ilm va uni talab qilishning fazilati naqadar ulug‘ bo‘lsa, ilm o‘rgatish ya’ni, ustozlik qilishning fazilati undanda buyukdir. Qur’oni karimda bayon qilinishicha, insoniyatning avvali Odam Ato j ham o‘zining zamonasi uchun zarur bo‘lgan ilmga muhtoj bo‘lganidan Alloh taoloning o‘zi u zotga ta’lim berdi.

(وَعَلَّمَ آَدَمَ الْأَسْمَاءَ كُلَّهَا  (سورة البقرة/31

ya’ni: (Alloh) Odamga barcha (yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli) nomlarni o‘rgatdi” (Baqara surasi, 31-oyat). 

Har bir zamonda Alloh taolo insoniyatga ilmu hikmat o‘rgatish uchun payg‘ambarlarini yuborib turdi. Jumladan, oxirzamon payg‘ambari Muhammad ﷺ ni shunday sharafli vazifa bilan yubordi.

(لَقَدْ مَنَّ اللَّهُ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولًا مِنْ أَنْفُسِهِمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ (سورة آل عمران/31

ya’ni: “Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar” (Oli Imron surasi, 164-oyat). Bu haqda Payg‘ambar ﷺ ning o‘zlari:

(عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْرٍو رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا ، أَنّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "... وَ إِنَّمَا بُعِثْتُ مُعَلِّمًا" (رَوَاهُ الإِمَامُ ابْنُ مَاجَه

ya’ni: Abdulloh ibn Amr رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ:“Albatta, men muallim qilib yuborilganman”, deganlar. Mana shuning o‘zi ham ustozlik qay darajada yuksak martaba ekanligini ko‘rsatadi.

Darhaqiqat, o‘zgalarga ilmu ma’rifat ziyosini tarqatish naqadar savobli amal. Bu vazifaga mutasaddi bo‘lgan kishining darajasi ham mislsiz. Shuning uchun ham borliqdagi hamma narsa ustozning haqqiga duo qilib turadi. Rasululloh ﷺ bu haqda shunday marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي أُمَامَةَ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: "إِنَّ اللَّهَ وَمَلائِكَتَهُ وَأَهْلَ السَّمَوَاتِ وَالأَرْضِ حَتَّى النَّمْلَةَ فِي جُحْرِهَا وَحَتَّى الْحُوتُ فِي الْبَحْرِ لَيُصَلُّونَ عَلَى مُعَلِّمِ النَّاسِ الْخَيْرَ" 

(رَوَاهُ الإِمَامُ التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: Abu Amoma رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ: “Albatta, Alloh taolo, Uning farishtalari, osmonlaru yer ahli, kovagidagi chumoli,  hattoki, dengizdagi baliq ham odamlarga yaxshilikni ta’lim beruvchiga salovot aytadilar”, - deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Muhtaram jamoat! Mamlakatimizda ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlash, ijtimoiy imtiyozlar yaratish borasida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jamiyatning ma’naviy-ma’rifiy darajasi ustoz va murabbiylarga bo‘lgan munosabatga qarab baholanadi. Jamiyatning ko‘p qismini tashkil qiluvchi yoshlarimizga ta’lim-tarbiya berib kelayotgan ustoz va murabbiylarimizni har vaqt hurmatlashimiz va e’zozlashimiz lozim. Zero, kelajak avlodni barkamol va yetuk ma’rifatli bo‘lib yetishishida ularning xizmatlari kattadir. O‘zbekiston bugungi dunyo hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rnini egallab, ta’lim, madaniyat, sport va boshqa sohalarda tenglar ichra teng ovoz bilan xalqaro maydonda o‘z mavqe’iga ega bo‘lishida ustoz va murabbiylarning o‘rni beqiyosdir. Shu munosabat bilan yurtimizda har yili 1 oktyabr kuni “Ustozlar va murabbiylar kuni”, deb belgilanib, shu kunda xalqimiz bayram qilib, ustozlarga ko‘proq xurmat-izzat ko‘rsatadilar, dillariga xursandchilik baxsh etishga harakat qiladilar.

Ustozlarni qadrlash haqida so‘z ketganda beixtiyor hazrati Mir Alisher Navoiy bobomizning ushbu so‘zlari yodimizga tushadi:

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

Haqiqatan ham, “ustoz otangdek ulug‘” deb, ajdodlarimiz bejiz aytishmagan. Chunki, ota farzandni dunyoga keltirgan bo‘lsa, ustoz unga odamiylikdan saboq bergan. Bir mashhur zotdan, nima uchun ustozingizni  otangizdan ham ortiq ko‘rasiz, deb so‘rashganda: Otam meni jismimni tarbiyalab yerga tushishimga sabab bo‘lgan, ustozim esa ruhimni tarbiyalab ko‘kka yetishimga sabab bo‘ldi, degan ekan.

Dinimiz ta’limotiga ko‘ra o‘zgalarga ta’lim bergan kishi nafaqat dunyoda izzat hurmatda bo‘ladi, balki vafotidan keyin ham qoldirgan manfaatli ilmi, ta’lim bergan shogirdlarining xizmati, yozgan asarlaridan o‘zgalarning foydalanishi tufayli nomai amaliga savob to‘xtovsiz borib turadi. Shunday ekan, ustoz va murabbiylar har qancha e’zozlansa arziydi.

Barkamol avlod va sog‘lom jamiyat oldida katta mas’uliyat sohibi bo‘lgan barcha ustoz va murabbiylarimizga mustahkam sihat-salomatlik va ikki dunyo saodatiga musharraf etishini so‘rab, duolar qilib qolamiz! Omin!

Muhtaram azizlar! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda qarz haqida so‘z yuritamiz.

QARZ oldi-berdi muomalasiga kirishgan har ikki tarafga ham o‘zining talab va mas’uliyatlari yuklanadi.

 

Qarz beruvchiga lozim bo‘ladi:

  1. Qarz beruvchi xolis Allohning roziligini topishni niyat qilishi.
  2. Birovning og‘irini yengil qilishni maqsad qilishi.
  3. Zinhor qarz berish orqali daromad topishni ko‘zlamasligi.
  4. Qarz berib uning evaziga qarzdordan foyda olish sudxo‘rlik ekanini bilishi.
  5. So‘dxo‘rlik esa, gunohi kabiralar jumlasiga kirishidan xabardor bo‘lishi.
  6. Qarz bergan kishi qayta-qayta qarzini qistayvermasligi.
  7. Iloji boricha imkoniyatlar yaratib berib, vaqtini cho‘zib berishi lozimligi.
  8. Agar qarzdor qarzini uza olishga umuman ko‘zi yetmasa, qarz bergan kishi muddatni cho‘zib berish yoki qarzidan kechib yuborish dinimizda targ‘ib qilingani.
  9. Imkon qadar qarz berganda, vaqtini tayinlamasligi.
  10. Har ikki tomon o‘rtasida keyinchalik ixtilof va nizo chiqmasligi uchun qarzni guvohlar huzurida yozib qo‘yish maqsadga muvofiq ekanligi.

Qarz oluvchiga lozim bo‘ladi:

  1. Qarzni faqat muhtoj bo‘lganda olish;
  2. Qarz olganda, qodir bo‘lishi bilan qaytarish;
  3. Qarzini uzishga yetadigan moli bo‘la turib, uni egasiga bermay vaqtini o‘tkazib yurish zulm ekanligini bilish;
  4. Qarzni birovga hasad qilib, moliga ko‘z olaytirib, uni chuv tushirish, bor-yo‘g‘idan mosuvo qilish maqsadida qarz olish esa, ulkan gunoh ekanini bilishi.
Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Bir hadis, bir nasihat va bir umrlik ibrat

09.09.2026   36438   2 min.
Bir hadis, bir nasihat va bir umrlik ibrat

Hayot yo‘llarida yurar ekanmiz, turli xarakterdagi insonlarga duch kelamiz. Ayniqsa, katta yo‘llar, tig‘iz harakat va mashina ruli ortidagi muhit haydovchidan nafaqat chaqqonlikni, balki mustahkam asab va yuksak sabr-toqatni ham talab qiladi.

Yo‘ldagi sinov va birgina hadis
Oltmish yoshlarga borib qolgan, biroz jahldor bo‘lsa-da, dilkash, ko‘ngli askiyaga moyil qadrdon tanishlarimdan biri haydovchilik kasbi ortidan umr o‘tkazib kelmoqda. Ko‘pchilikning og‘irini yengil qilib kelayotgan bu insonning ismi Sobir. Ammo ismiga monand sabri sal kamroq.
Kunlarning birida uning mashinasida ketarkanman, kutilmaganda yo‘ldagi boshqa haydovchining beparvoligi sabab Sobir aka so‘kinib yubordi. G‘azabi biroz bosilgach, unga Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning g‘azabning yomon oqibatlari haqidagi muborak hadislaridan birini sekingina eslatib o‘tdim. O‘sha paytda u kishi hech qanday munosabat bildirmadi: ehtimol, hali jahldan to‘liq tushmagandir. Manzilga yetib, odatdagiday samimiy xayrlashdik.
Oradan vaqt o‘tib ko‘rishganimizda Sobir aka o‘tgan voqeani iliqlik bilan esladi. Haydovchiga aytgan so‘zlaridan keyin qattiq ezilganini, men eslatgan hadis uning uchun katta ibrat bo‘lganini yashirmadi. Hozir ham g‘azabi toshganda o‘sha suhbat esiga tushib, o‘zini darhol qo‘lga olishini aytadi. O‘zidan ancha yoshi kichik insonni omma oldida “ustoz” deb izzatlashi, aytilgan birgina nasihatdan yetarli xulosa chiqara olgani uning naqadar sof va oliyjanob qalb egasi ekanini ko‘rsatadi.

Hissiyot jilovidagi haqiqatlar
“G‘azab umri kalta aqlsizlikdir”. Buyuk allomalar bejiz bunday demaganlar. Hayotimizda tilga va qo‘lga erk bermaslik, hissiyotlarni jilovlay olmaslik oqibatida qanchadan-qancha oilalar buzilib ketgani, yaqin qarindosh-urug‘lar va qadrdon do‘stlarning orasi uzilib qolgani achchiq haqiqatdir.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: "Yo Rasululloh, menga bir nasihat qiling”, degan sahobalarga U zot qisqa va lo‘nda qilib: “G‘azablanma”, deb javob berganlar.
Bu bejiz emas, chunki g‘azab insonning aql-idrokini o‘g‘irlaydi, obro‘siga putur yetkazadi va keyinchalik tuzatib bo‘lmas xatolarga yetaklaydi.
Har qanday vaziyatda ham insonligimizni, aql va tafakkur sohibi ekanligimizni unutmasligimiz lozim. Qachonki, jahlimiz chiqsa, aqlimiz qochmasligi kerak. So‘nggi pushaymondan ko‘ra, lahzalik jahlni ichga yutib, sokinlikni saqlash har doim yaxshiroq natija beradi. Unutmang, tinchlik va xotirjamlik – eng buyuk boylikdir.

Muallif: Anvar Ermamatov, "Zarafshon" nashri.

Ibratli hikoyalar