Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

22.09.2017 y. Yangi hijriy sana

20.09.2017   12441   14 min.
22.09.2017 y. Yangi hijriy sana

 بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! Har yilgi haj mavsumi nihoyasiga yetgach, butun dunyodan haj ibodatini ado qilish uchun Makkai mukarramaga kelgan musulmonlar «hoji»degan sharafli nomga erishib o‘z vatanlariga qaytadilar.

Haj oylari hijriy yilning eng oxirgi oylari hisoblanadi. Undan keyin keladigan Muharram oyi esa, hijriy yilning birinchi oyidir. Shu munosabat bilan siz azizlarga bugungi juma mav’izamizda hijriy yilning boshlanish tarixi haqida ma’lumot bermoqchimiz.

Ma’lumki, insoniyat hayoti davomida bevosita taqvimga ehtiyoj sezadi. Tarixiy voqealarni aniqlashda, kelajakdagi ishlarni rejalashtirishda taqvimga murojaat qilinadi, albatta. Shu nuqtayi nazardan hijriy-qamariy taqvimning joriy bo‘lishi Islom dinining voqeiy, ya’ni hayot bilan hamnafas, din ekanligiga yorqin misol bo‘la oladi.

Islom dini kelishidan oldin arablar yillar hisobini tarixda bo‘lib o‘tgan biror muhim voqeaga bog‘lab olib borar edilar. Masalan, Abrahaning Qa’baga fillar bilan qilgan yurishi munosabati bilan nomlangan “Fil yili” ma’lum vaqt yil boshi sifatida foydalanilgan. Hatto, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo ﷺ ning tavallud sanalarini aniqlashda Fil yili bilan bog‘langanligi tarix kitoblarida zikr etilgan. Islom dini kelgandan keyin ham musulmonlar yil hisoblarini shu zaylda olib borishda davom etdilar. Masalan, vabo tarqagan yilni Vabo yili, qurg‘oqchilik bo‘lgan yilni Ramoda (kul) yili, deb nomlab, yil sanalarini shu vaqtlarga nisbatan aniqlar edilar.

Hazrati Umar رضي الله عنه davrlariga kelib Islom diyori kengayishi munosabati bilan turli voqea va hodisalarning tarixini qayd etib borish, o‘zaro yozishmalar va rasmiy xatlarda sanalarni qayd qilishda muammolarga duch kelindi va bu holat o‘z navbatida muntazam taqvim joriy qilishni taqozo etdi. Muammoni o‘z vaqtida anglab yetgan Hazrati Umar رضي الله عنه zudlik bilan ulamolarni jamladilar va o‘rtaga musulmon taqvimini joriy etish va uni qaysi sanadan boshlash ma’qul ekanligi masalasini qo‘ydilar. Barchaning fikri eshitib ko‘rilgach, nihoyat Hazrati Ali رضي الله عنه ning musulmon taqvimini Payg‘ambar ﷺ ning hijrat qilgan yillaridan boshlash maqsadga muvofiq bo‘lishi haqidagi fikrlari bir ovozdan ma’qullandi. Hazrati Usmon ibn Affon رضي الله عنه ning Muharram oyini musulmon taqvimining birinchi oyi bo‘lib qolishi haqidagi takliflari inobatga olindi.

Musulmon taqvimida yil hisobi Oyning o‘z burjlari bo‘ylab bir yilda aylanib o‘tgan vaqtiga qarab olinadi.

هُوَ الَّذِي جَعَلَ الشَّمْسَ ضِيَاءً وَالْقَمَرَ نُورًا وَقَدَّرَهُ مَنَازِلَ لِتَعْلَمُوا عَدَدَ السِّنِينَ وَالْحِسَابَ مَا خَلَقَ اللَّهُ ذَلِكَ إِلَّا بِالْحَقِّ يُفَصِّلُ الْآَيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ  (سورة يونس/5

ya’ni: “U Quyoshni ziyo (taratuvchi) va Oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobni bilishlaringiz uchun uni (Oyni) manzillarga (bo‘lib) o‘lchab qo‘ygan zotdir. Buni Alloh faqat haq (hikmat) bilangina yaratdi. Biluvchi qavm uchun oyatlarni (U) batafsil bayon qilur” (Yunus surasi, 5-oyat). Oyning o‘n ikki burji va yigirma sakkizta manzili bor. Burjlar – hamal, savr, javzo, saraton, asad, sunbula, mezon, aqrab, qavs, jadiy, dalv, hut. Har bir burjda ikkiyu uchdan bir manzil bo‘lib, oy har kecha shu manzillardan biriga tushib o‘tadi.

Arab tilida Oy “qamar” deyiladi. Shu tariqa Payg‘ambar ﷺ ning hijratlaridan keyin o‘n yetti yil o‘tib, Hijriy-qamariy musulmon taqvimi joriy etildi. Eslatib o‘tish lozimki, bugun 2017 yil 22 sentyabrdan boshlab hijriy-qamariy taqvim hisobi bo‘yicha 1439 hijriy yil kirdi.

Musulmon taqvimining birinchi oyi Muharram deb atalib, Alloh taolo bu oyda urush qilishni harom qilgan. Bu oyda qilingan yaxshi amallarga ko‘plab savoblar ato etiladi, gunoh qilish esa zulm hisoblanadi. Bu oyning o‘ninchi kuni alohida fazilatga ega bo‘lib, bu kunni Ashuro kuni deyiladi. Insoniyat tarixida Ashuro kunida bir qancha muhim voqealar sodir bo‘lganligi haqida  manbalarda bayon qilingan. Jumladan, vatandoshimiz Abu Lays Samarqandiy e o‘zlarining “Tanbehul g‘ofilin” nomli kitoblarida Ikrima رضي الله عنه dan rivoyat qilib aytadilar: “Ashuro kuni – Odam j ning tavbalari qabul qilingan, Nuh j kemadan tushgan va buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir’avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan v a shuning uchun ular ro‘za tutishgan kundir. Agar sen ham o‘sha kuni ro‘za tuta olsang, tutgin”.

Ashuro kuni nafl ro‘za tutishlik sunnat amal hisoblanib, Ibn Abbos رضي الله عنه dan rivoyat qilingan hadisda bu haqda shunday deyiladi:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رضى الله عنهما أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قَدِمَ الْمَدِينَةَ فَوَجَدَ الْيَهُودَ صِيَامًا يَوْمَ عَاشُورَاءَ فَقَالَ لَهُمْ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم‏: "‏مَا هَذَا الْيَوْمُ الَّذِي تَصُومُونَهُ‏؟"‏‏ فَقَالُوا هَذَا يَوْمٌ عَظِيمٌ أَنْجَى اللَّهُ فِيهِ مُوسَى وَقَوْمَهُ وَغَرَّقَ فِرْعَوْنَ وَقَوْمَهُ فَصَامَهُ مُوسَى شُكْرًا فَنَحْنُ نَصُومُهُ‏، ‏فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: ‏"‏فَنَحْنُ أَحَقُّ وَ أَوْلَى بِمُوسَى مِنْكُمْ‏"‏ فَصَامَهُ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ" (رَوَاهُ الشَّيْخَانِ

 

ya’ni: Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ  Madinai Munavvaraga kelganlarida u yerdagi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar va: “Sizlar ro‘za tutayotgan bu kun qanday kun?” – deb so‘radilar. Ular: “Bu ulug‘ kun. Bu kunda Alloh taolo Muso j va uning qavmiga najot berib, Fir’avn va uning qavmini g‘arq etgandir. Shuning uchun Muso j bu kunning shukronasiga ro‘za tutganlar. Shu sababli biz ham ro‘za tutmoqdamiz, deb javob berdilar. Shunda Rasululloh : “Sizlardan ko‘ra Biz Muso j ga haqliroqmiz”, dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar, boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari).

Muharram oyida sanalgan fazilatga ro‘za amali ila erishiladi. Chunki Payg‘ambarimiz ro‘za tutishga targ‘ib qilib, uning ulug‘ fazliga erishishlik yo‘llarini chiroylik va batafsil yo‘l ila ko‘rsatib berdilar. Biz bu kunni har soniyasini yoddan chiqarmasdan e’tibor berib o‘tkazamiz. Ro‘za masalasida Bazzor va Abu Xurayra رضي الله عنه rivoyatiga ko‘ra, Payg‘ambarimiz  shunday deganlar: “Ashuro sizdan avvalgi bir Payg‘ambarning bayramidir. U kunni ro‘za bilan o‘tkazing”. Abdulloh ibn Abbos رضي الله عنه Ashuro kunining fazli hakida so‘raganda, ushbu muborak xabarni berdilar:  “Payg‘ambarimiz  Ashuro kuni ro‘zasini boshqalardan afzal ko‘rib tutganlarini, Ramazon oyi ro‘zasini sog‘ingandek boshqa kun va oy ro‘zasini sog‘inganlarini ko‘rmadim”, deb javob berdilar. Abu Hurayra رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi Payg‘ambarimiz : “Ramazon oyidan keyin ro‘zaning afzali Muharram oyi ro‘zasidir. Farz namozdan keyingi eng afzal namoz tunggi namozdir”, – dedilar. Yana boshqa rivoyatlarda Payg‘ambarimiz : “Bir kunni boshqa kunda ro‘za tutishdan hech qanday ustunligi yuq ya’ni hammasi tengdir. Lekin Ramazon oyi va Ashuro kuni bundan mustasno”, – dedilar. Payg‘ambarimiz dan so‘rashdi. U vaqt Hazrati Ali رضي الله عنه ham shu yerda edilar.

Ey, Rasululloh  Ramazondan boshqa bir vaqt ro‘za tutish tavsiya qilinsa qaysi oyni tavsiya qilgan bo‘lar edingiz?

Payg‘ambarimiz: “Ramazondan boshqa bir oyda ro‘za tutishni istasang Muxarram oyida tut. Chunki Muharram oyi Allohning oyidir. Xarom oylardandir. Shu sababli bu oyda tut. Bu oyda bir kun borki Alloh Avvalgi qavmlardan ba’zi insonlarni tavba qilishni muyassar qilgani kabi boshqa insonlarni tavbasini qabul etishni muyassar qildi”, – deb javob qildilar (Imom Termiziy rivoyati).

Mazkur hadisdan quyidagicha xulosa qilish mumkinki, qaysi bir kishi biror ulug‘ ne’matga musharraf bo‘lsa, uning shukronasiga, hech bo‘lmasa, bir kun nafl ro‘za tutmog‘i maqsadga muvofiqdir. Zero, Payg‘ambarimiz ﷺ haftaning har dushanba kuni nafl ro‘za tutar edilar, sahobalar buning sababini so‘raganlarida, U zot: “Men shu kunda tug‘ilganman va shu kuni payg‘ambar bo‘lganman”, deb javob berganlar.

Azizlar! Bundan tashqari Ashuro kunining fazilati borasida quyidagi rivoyat ham mavjudki:

يُرْوَى عَنْ إِبْرَاهِيمَ بْنِ مُحَمًّدٍ بنِ المُنتَشِر، عَنْ أَبِيهِ أَنَّهُ قَالَ: "بَلَغَنَا أَنَّهُ مَنْ وَسَّعَ عَلَى أَهْلِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ" قَالَ سُفْيَانُ بْنُ عُيَيْنَةَ: "جَرَّبْنَاهُ مُنْذُ سِتِّينَ عَامًا فَوَجَدْنَاهُ صَحِيحًا"

ya’niIbrohim ibn Muhammad ibn al-Muntashirdan, u kishi otasidan rivoyat qilib aytadiki: “Bizga kelgan xabarga ko‘ra, kim Ashuro kuni oila ahliga kengchilik qilib bersa, Alloh taolo unga yil davomida kengchilik qilib qo‘yadi”. Sufyon ibn Uyayna aytadilar: “Biz bu xabarni oltmish yildan beri tajriba qilamiz va uning to‘g‘riligini topganmiz”.

Darhaqiqat, inson o‘z ahli oilasiga har qancha kengchilik qilib bersa yarashadi. Ayniqsa, yilda bir keladigan ushbu fazilatli Ashuroning  o‘n kunida kishi o‘z oilasiga zarur bo‘ladigan yegulik va boshqa ehtiyojlarini imkon qadar muhayyo qilsa, yil davomida bu oilani fayz-baraka va ko‘plab yaxshiliklar aslo tark etmaydi. Shunga ko‘ra shodiyona kunlariga alohida e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiq. Zero, hadisi sharifda marhamat qilingan:

وَعَنْ أَبِي هُرَيْرة رَضِي اللهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُول الله صلى الله عليه وسلم: "دِينَارٌ أنْفَقْتَهُ في سَبيلِ اللهِ وَ دِينار أنْفَقْتَهُ في رَقَبَةٍ وَ دِينارٌ تَصَدَّقْتَ بِهِ عَلَى مِسْكِينٍ وَ دِينَارٌ أنْفَقْتَهُ عَلَى أهْلِكَ أعْظَمُهَا أجْراً الَّذِي أنْفَقْتَهُ عَلَى أهْلِكَ" (رَوَاهُ الإِمَامُ مُسلِمُ

ya’ni: Abu Hurayra رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh ﷺ dedilar: “Alloh yo‘lida qilgan bir dinor infoqing, qul ozod etish uchun qilgan bir dinor infoqing, miskinga qilgan bir dinor sadaqang va ahlingga qilgan bir dinor nafaqang, bularning ichida savobi eng ulug‘i ahlingga qilgan nafaqangdir” (Imom Muslim rivoyati).

 

Muhtaraj azizlar! Bu juma kunimizning Fiqhiy masalalari:

 

Azon aytish tartibi:    

  • azon aytish besh vaqt namoz va juma namozi uchun sunnatdir;
  • bomdoddagi azonga “حَيَّ عَليَ الفلاح” lafzidan so‘ng "الصَلاةُ خَيرٌ مِنَ النَومِ" degan jumlani qo‘shib ikki marta aytish;
  • iqomat aytish ham azon kabi aytiladi. Biroq, azonga “حَيَّ عَليَ الفَلاَحِ” lafzidan so‘n "قد قامَت الصَّلاةُ" degan jumlani qo‘shib ikki marta aytadi;
  • azon aytishda shoshmasdan va iqomat aytishda tezlashtirib aytish;
  • azon va iqomat aytayotganda qiblaga yuzlanib turish;
  • azon eshitilganda o‘tirish, biroq shom namozida emas;
  • qazo namoz uchun azon va iqomat aytiladi. Agar qazo namozlari ko‘p bo‘lsa birinchisiga azon aytib qolganlarida faqat iqomat aytiladi, xolos;
  • muazzin tahoratli bo‘lishi lozim;
  • namoz vaqti kirishdan oldin azon aytish joiz bo‘lmaydi. Vaqt kirganda qaytib azon aytiladi;
  • shaharda bo‘lgan odam uyda namoz o‘qisa azon va iqomatni aytadi, toki jamoat namoziga o‘xshasin. Agar tark qilsa ham joiz.

 

Namozning tashqaridagi farzlari 6 ta dir:

  • tahorat olish;
  • avratni yopishi (erkakning avrati kindik ostidan to tizzasigachadir. Ayolning avrat joylari yuzi, ikki qo‘lning kafti va ikki oyoq to‘pig‘i ostidan boshqa hamma joyi;
  • joyi pok bo‘lishi;
  • namozni niyat qilish. Niyatni takbiri tahrima bilan bog‘lab ketishi va uning o‘rtasida biror amal bilan kechiktirmaslik;
  • qiblaga yuzlanish;
  • o‘z vaqtida o‘qish.

 

Namozning ichidagi farzlari 6 ta dir:

  • takbiri tahrima;
  • qiyomda turish;
  • qiroat qilish;
  • ruku’ qilish;
  • sajda qilish;
  • namozning oxirgi qa’dasida tashahhud miqdoricha o‘tirish.

 

Muhtaram jamoat!  O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan xijriy 1439 yil uchun yangi taqvim nashrdan chiqdi. Ularni joylardagi do‘konlardan xarid qilishingiz mumkin.

 

Alloh taolo ushbu yangi hijriy 1439 yilni tinchlik, fayzli va barokatli aylasin! Omin!

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

28.08.2026   99790   18 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)

 

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.

Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.

Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.

Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.

Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!

 

Qadrli do‘stlar!

Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.

Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.

Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.

Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.

Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.

E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.

Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?

Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.

Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.

Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.

Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.

Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.

Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.

 

Aziz vatandoshlar!

Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.

O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz

o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.

Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

 

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.

Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.

Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.

Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!

Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!

Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.

Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.

Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.

Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

 

Aziz do‘stlar!

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.

 

Qadrli yurtdoshlar!

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Aziz vatandoshlar!

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.

Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.

O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.

O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.

Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.

Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!

Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.

Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!

Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!

Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!

Yashasin O‘zbekiston xalqi!

O'zbekiston yangiliklari