Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Aprel, 2026   |   23 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:26
Quyosh
05:49
Peshin
12:29
Asr
17:04
Shom
19:04
Xufton
20:20
Bismillah
12 Aprel, 2026, 23 Shavvol, 1447

Diniy ta’lim sohasidagi islohotlar

13.09.2017   18015   7 min.
Diniy ta’lim sohasidagi islohotlar

Bugungi kun davr talabi barcha sohalar kabi diniy soha vakillari oldiga ham bir qator muhim vazifa va talablarni qo‘ymoqda. Ana shunday yangilanish va islohotlarning  ba’zilari Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti (TII)da amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lishingiz mumkin;

Maxsus sirtqi bo‘lim;

Maxsus sirtqi bo‘lim bu yil ya’ni 2017-2018 o‘quv yilidan ilk bor o‘z faoliyatini boshlaydi.  Bundan asosiy maqsad Respublikamizda faoliyat olib borayotgan ilmiy-tadqiqot markazlari, masjid va ziyoratgohlarning o‘rta maxsus bilimga ega bo‘lgan imom-xatib, imom noibi, ziyoratgoh mas’uli kabi mutaxassislarini oliy ma’lumotli kadrlar bilan ta’minlashdan iborat. Maxsus sirtqi bo‘limda o‘qish muddati 3 yildan iborat bo‘lib, unga hujjat topshirmoqchi bo‘lganlar o‘rta maxsusta’lim muassasasini tugatgan, O‘zbekiston musulmon idorasi (O‘MI) tizimida ma’lum muddat davomida faoliyat olib borayotgan bo‘lishi talab etiladi. Maxsus sirtqi bo‘lim talabalari uchun har tomonlama qulay shart-sharoitlar yaratib beriladi. Ularga TIIning yuqori malakali, uzoq yillik tajribaga ega bo‘lgan professor-o‘qituvchilari dars berishlari ko‘zda tutilmoqda.  Talabalar institut maxsus fan va  o‘quv auditoriyalaridan, axborot resurs markazidagi darsliklar,  manba va adabiyotlardan, kompyuter xonalaridan foydalanishlari mumkin. Ular o‘quv mashg‘ulotlari paytida bepul tushlik bilan ta’minlanadilar. Qisqa qilib aytganda kunduzgi bo‘lim talabalariga qanday imtiyoz va shart-sharoitlar yaratilgan bo‘lsa, maxsus sirtqi bo‘lim talabalari ham ulardan bemalol foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Maxsus sirtqi bo‘limni tugatgan talabalarga diniy oliy ma’lumot darajasidagi TII diplomi beriladi.

Qayta tayyorlash kurslari;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimida imom-xatib, pedagog-o‘qituvchi vazifalarida faoliyat olib borayotgan o‘rta maxsus diniy ma’lumot bilan birgalikda oliy dunyoviy ma’lumotga ega o‘qituvchilar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Ushbu mutaxassislar to‘liq oliy diniy ma’lumotga ega bo‘lishlari uchun Toshkent islom institutida diniy mutaxassislikka yo‘naltirilgan 6 oylik qayta tayyorlash kurslari tashkil etilishi ham rejalashtirilgan.

 Doktorantura;

Zamon talablari va xorijiy tajribalardan kelib chiqqan holda, O‘MI diniy ta’lim tizimini to‘liq shakllantirish, ta’limning uzviyligini ta’minlash maqsadida Respublikamizda birinchi marotaba TII da oliy diniy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim – islom fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi tayanch doktorantura hamda islom fanlari bo‘yicha fan doktori (Doctor of Science) ilmiy darajasini berishni nazarda tutuvchi doktorantura tizimi tashkil etilmoqda.

Bu orqali Respublikamizdagi diniy ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining ilmiy salohiyatini yanada oshirish hamda Islom sivilizatsiya markazi va bir qator ilmiy markazlar - Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis markazi va Respublikamiz viloyat markazlarida tashkil etilayotgan ilmiy markazlarni malakali ilmiy xodimlar va fan doktorlari bilan ta’minlash imkoni yaratiladi.

Qorilar musobaqasi:

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1 sentyabr kuni Hazrati Imom majmuasidagi tashrifi chog‘larida Qur’on musobaqalarini o‘tkazish haqida o‘zlarining taklif va tavsiyalarini bergan edilar. Darhaqiqat, hozirda Qur’onni to‘liq yod olishni o‘rgatadigan ta’lim dargohi Toshkent islom institutining “Tahfizul Qur’on” kafedrasi Respublikamizda yagona bo‘lib turibdi. Shunday bo‘lsada, qorilarimiz jahon miqyosida o‘tkazilayotgan musobaqalarda oliy o‘rin sohiblari bo‘lmasalarda, Yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqdalar. Allomalar yurti, buxoriylar, termiziylar yurtidan kelgan qorilar sifatida Eron Islom Respublikasi, Iordaniya Hoshimiylar qirolligi, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Kuvayt va Rossiya Federatsiyasi kabi mamlakatlarda islom instituti va o‘rta maxsus bilim yurti talabalari shu kunga qadar ishtirok etib kelishayotgan edi. Xudo xohlasa, Islom sivilizatsiya markazi tashkil etilishi bilan jahon miqyosidagi qorilar musobaqasi allomalar yurtida ham tashkil etiladi. O‘shanda murattab va mujavvid qorilarimiz ajdodlariga munosib voris sifatida yurtimiz dovrug‘ini jahonga yoyishadi, Qur’on tilovati taralayotgan Yurtda Yaratganning barakotlari yog‘iladi, inshaalloh. Bundan tashqari Islom sivilizatsiya markazidagi konferensiyalar zalida ilmiy-amaliy, diniy-marifiy yo‘nalishdagi xalqaro konferensiyalar o‘tkaziladi.

Onlayn darslar;

O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati ko‘rsatmasi va bevosita rahnamoligida “muslim uz.” portalida diniy-ma’rifiy onlayn darslar tashkil  etilganligi “jaholatga qarshi ma’rifat” g‘oyasining yana bir ko‘rinishi bo‘ldi. Tafsir, aqida, hadis, fiqh, islom tarixi va arab tili fanlaridan yurtimizning ko‘zga ko‘ringan olimlari va TII o‘qituvchilari dinimiz asoslarini xalqimizga xolisona yetkazib berishda o‘z bilim va salohiyatlarini ayamayaptilar. Bu esa xalqimizni dinu diyonatni to‘g‘ri anglaydigan, yot g‘oyalarga aldanib qolmaydigan, ilm-ma’rifatli shaxslar bo‘lib tarbiyalanishlariga xizmat qiladi.

Yaratilgan shart-sharoitlar;

Yaratganga cheksiz shukronalar, sababchi insonlarga minnaddorlik bildirishga arzigulik xushxabarlardan yana biri TII va o‘rta maxsus islom bilim yurtlariga berilgan kvotalar soni oshirib berilganidir. Mir Araab oliy madrasasining 2017-2018 o‘quv yilida ish boshlagani quvonchimizga quvonch qo‘shadi. Bu ham kelajakda oliy va o‘rta ma’lumotga ega diniy mutaxassislar yetarli darajada bo‘lishiga olib keladi.

Shuningdek, Toshkent islom instituti hamda o‘rta islom ta’lim muassasalari o‘quv reja va fan dasturlari yanada takomillashtirildi. Unga ko‘ra mutaxassislik fanlarining soatlari ko‘paytirildi. Bu esa diniy xodimning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ko‘proq va chuqur ilmga ega bo‘lgan  yetuk kadr bo‘lib yetishishiga olib keladi.

TIIning axborot resurs markazida (ARM) bugungi kunda 20 mingdan oshiq diniy, ilmiy, badiiy kitob va darsliklar, 1000 dan ortiq elektron shakldagi adabiyotlar va 200 dan ortiq toshbosma va qo‘lyozma manba va adabiyot mavjud. Bundan tashqari ARMda 800 dan oshiq institut bitiruvchilari tomonidan yozilgan bitiruv malakaviy ishlari saqlanadi. ARM doimiy ravishda professor-o‘qituvchilar va talabalar xizmatida.

TIIda 2017-2018 o‘quv yili uchun o‘quv auditoriyalar soni yetarli darajada ko‘paytirildi, auditoriyalarda dars o‘tish uchun barcha qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan .

 

Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlanganlik darajasi;

Toshkent islom instituti bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash borasida O‘MIning Kadrlar bo‘limi bilan doimiy hamkorlik olib borilmoqda. Hamkorlik doirasida institut bitiruvchilari O‘MI va uning joylaridagi vakilliklari, O‘MI tasarrufidagi masjid va ta’lim muassasalarida  o‘z faoliyatlarini olib bormoqdalar. Shuningdek, institut bitiruvchi talabalari magistratura va ikkinchi mutaxassislik yo‘nalishlarida ham tahsil olayotganlari bor.

Bugungi kunda barcha TII ni bitirgan mutaxassislar to‘liq ish bilan ta’minlangan.

Yaratgandan umid qilgan so‘raymizki, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ustoz va talabalari yaratilgan  bu imkoniyatlardan unumli foydalanishadi, ilm va tajribalarini kishilar diyonati,  Vatan ravnaqi, Yurt obodligi, xalq farovonligi uchun sarflaydilar va kelajakda ajdodlariga munosib vorislar bo‘lib yetishadilar.

TII o‘quv va ilmiy ishlar

bo‘yicha prorektori

 Ibodulla Ahrorov

 

 

 

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi

10.04.2026   18904   3 min.
TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi

Islom sivilizatsiyasi markazida nufuzli xalqaro anjuman doirasida tarixiy va madaniy ahamiyatga ega voqea yuz berdi. TURKSOY tomonidan Markazning Islom sivilizatsiyasi markazi “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” deb e’tirof etildi. Sertifikat TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev tomonidan tantanali ravishda taqdim etildi. Bu e’tirof Markazning qisqa vaqt ichida xalqaro maydonda yuqori baholanayotganidan dalolat beradi.

 

Shuningdek, TURKSOY nomidan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” 100 jildlik kitoblar to‘plami ham sertifikatga sazovor bo‘ldi. Bu kabi keng qamrovli nashr turk dunyosida ilk bor amalga oshirildi va “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” sifatida e’tirof etildi.

 

 

— Bugun biz TURKSOY  xalqaro tashkiloti nomidan uchta sertifikat taqdim etdik. Birinchi sertifikatimiz O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan chop etilgan “Turk dunyosi adabiyoti durdonalari” nomli 100 jildlik kitoblar to‘plamiga berildi. Ta’kidlash joizki, bu kabi keng qamrovli 100 jildlik nashr hozirgacha turk dunyosida amalga oshirilmagan. Bu, albatta, O‘zbekistonning katta tashabbusi bo‘ldi. Bugungi kunda Qozog‘iston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston kabi davlatlar ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, turli hajmdagi — 20, 30, 40, 50 jildlik kitoblar nashr etmoqda. Shuning uchun biz ushbu to‘plamni turk dunyosidagi o‘ziga xos adabiy durdona sifatida e’tirof etib, “dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha” deb baholab, sertifikat taqdim etdik. Ikkinchi sertifikat esa Islom sivilizatsiyasi markaziga “Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey” nominatsiyasi bo‘yicha berildi. Buni TURKSOY ning yuksak e’tirofi, deb aytish mumkin. Shuningdek, mazkur muzey TURKSOYning Turk dunyosi muzeylari assotsiatsiyasiga ham qabul qilindi, - dedi TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Anjumanda Turkiya, Fransiya, Italiya, Germaniya, AQSH, Buyuk Britaniya, Rossiya, Xitoy, Hindiston, Eron va Qozog‘istondan kelgan yetakchi olimlar ishtirok etdi. Ular Temuriylar davri tarixi, siyosiy tizimi, shaharsozlik an’analari, ilm-fan va madaniyat rivoji bo‘yicha o‘z tadqiqot natijalarini taqdim etdilar.

 

– TURKSOYning bu e’tirofi hurmatli Prezidentimiz tashabbuslari bilan qurilgan markazimizga berilgan munosib baho bo‘ldi deb o‘ylayman. Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Islom sivilizatsiyasi markazining doimiy va ishonchli hamkorlaridan biri. Biz bu tashkilot  bilan uzoq vaqtdan beri hamkorlik qilib kelamiz. Joriy yilda ham TURKSOY bilan hamkorlikda xalqaro yoshlar forumi, turkiy davlatlar hunarmandlari festvali singari bir qator tadbirlarni o‘tkazishga kelishib oldik, - dedi markaz direktori Firdavs Abduxoliqov.

 

Xorijiy ishtirokchilar ham Temuriylar merosining global ahamiyati, Yevropa va Osiyo sivilizatsiyalari o‘rtasidagi madaniy aloqalardagi o‘rni va xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ahamiyatini alohida ta’kidladilar.

 

Turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey va dunyodagi eng yaxshi adabiy loyiha sifatida e’tirof etilgan ushbu Markaz va nashrlar, O‘zbekistonning madaniy va ma’naviy rivojlanishidagi katta yutuq sifatida tarixda qoladi. 

iccu.uz

TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi TURKSOY e’tirofi: Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi turkiy dunyodagi eng yaxshi muzey deb topildi
O'zbekiston yangiliklari