بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, kishi kasb qilish orqali, avvalo o‘zining moddiy ehtiyojlarini qondiradi. Qolaversa, oila ahlining nafaqasi, qaramog‘idagi kishilarning ta’minotini amalga oshiradi. Bir so‘z bilan aytganda, inson kim bo‘lishidan qat’iy nazar, moddiy hayotini yo‘lga qo‘yishi uchun birorta kasb bilan shug‘ullanishga majbur. Alloh taolo sizu biz, mo‘min-musulmonlarni halol kasb bilan shug‘ullanishga, haromdan hazar qilishga buyurgan. Bu haqda Payg‘ambarimiz ﷺ dan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم أَنَّهُ قَالَ:"إنَّ اللهَ طَيِّبٌ لاَ يَقبَلُ إِلاَّ طَيِّبًا، وَ إِنَّ اللهَ أَمَرَ المُؤمِنِينَ بِمَا أَمَرَ بِهِ المُرسَلِينَ، فَقَالَ تَعَالىَ: {يَا أَيُّهَا الرُّسُلُ كُلُوا مِنَ الطَّيِّبَاتِ وَاعْمَلُوا صَالِحًا إِنِّي بِمَا تَعْمَلُونَ عَلِيمٌ} (سورة المؤمنون/51)، وَ قَالَ تَعَالىَ: {يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا كُلُوا مِنْ طَيِّبَاتِ مَا رَزَقْنَاكُمْ} (سورة البقرة/172)، ثُمَّ ذَكَرَ صلى الله عليه وسلم الرَّجُلَ يُطِيلُ السَّفَرَ أَشعَثَ أَغبَرَ يَمُدُّ يَدَيهِ إِلىَ السَّمَاءِ وَ يَقُولُ يَا رَبِّ ياَ رَبِّ وَ مَطعَمُهُ حَرَامٌ، وَ مَشرَبُهُ حَرَامٌ، وَ مَلبَسُهُ حَرَامٌ، وَ غُذِيَ باِلحَرَامِ! فَأَنىَّ يُستَجَابُ لِذَلِكَ؟" (رواه الإمام مسلم.
ya’ni: U zot ﷺ aytadilar: “Albatta, Alloh taolo pokdir va U pok narsanigina qabul qiladi. Darhaqiqat, Alloh taolo payg‘ambarlarga buyurgan narsani mo‘minlarga ham buyurgan. U aytganki: “Ey, payg‘ambarlar! Pok (taom)lardan tanovul qilingiz va ezgu (ish) qilingiz!” (Mo‘minun surasi, 51-oyat) va yana aytdiki: “Ey, imon keltirganlar! Sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yenglar!” (Baqara surasi, 172-oyat). Shundan so‘ng, Rasululloh ﷺ bir kishi haqida aytdilar: “U uzoq (haj) safariga chiqib, soch-soqoli to‘zg‘ib, changga botgan holda ikki qo‘lini osmonga ko‘tarib, ey, rabbim, ey, rabbim, deydi. Vaholanki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom, haromdan oziqlangan! Qayerdan ham duosi ijobat bo‘lsin?” (Imom Muslim rivoyati).
Darhaqiqat, tarixdan ma’lumki, payg‘ambarlarning barchasi ham zimmalaridagi Alloh taolo tomonidan yuklatilgan elchilik vazifalarini buyuk omonat bilan ado etish bilan bir qatorda o‘zlari va oila ahllarini boqish uchun halol kasb bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Masalan, Odam a.s. dehqonchilik va to‘quvchilik, Idris a.s. tikuvchi va xattot, Nuh va Zakariyo a.s.lar duradgor, Hud va Solih a.s.lar tijorat, Ibrohim a.s. dehqonchilik va tijorat, Dovud a.s. temirchi, Sulaymon a.s. hunarmand, Muso, Shu’ayb va Payg‘ambarimiz a.s.lar cho‘ponlik bilan shug‘ullanganlar.
Inson uchun eng halol kasb o‘z mehnati evaziga topilgan rizqdir.
عَنْ الْمِقْدَامِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "مَا أَكَلَ أَحَدٌ طَعَاماً قَطُّ خَيراً مِن أَن يَأكُلَ مِن عَمَلِ يَدِهِ، وَ إِنَّ نَبِيَّ اللهِ دَاوُدُ عَلَيهِ السَّلاَمُ كَانَ يَأكُلُ مِن عَمَلِ يَدِهِ"
(رواه الإمام البخاري).
ya’ni: Miqdam رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh صلى الله عليه وسلم aytdilar: “Hech kim o‘z qo‘l mehnati bilan topgandan yaxshiroq taom yegan emas, darhaqiqat, Allohning payg‘ambari Dovud a.s. ham o‘z qo‘l mehnati bilan kun ko‘rgan” (Imom Buxoriy rivoyati). Boshqa bir hadisda:
قال رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "لَأَن يَحتَطَبَ أَحَدُكُم عَلَى ظَهرِهِ خَيرٌ مِن أَن يَسأَلَ أَحَداً فَيُعطِيهِ أَو يَمنَعُهُ"
(رواه الإمام البخاري).
ya’ni: Payg‘ambar صلى الله عليه وسلم dedilar: “Birortangiz yelkasiga o‘tin ortib yurgani birovdan tilanchilik qilib, u berib yoki bermaganidan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Halol kasb-hunar orqali tirikchilik o‘tkazish ham ibodat sanaladi. Erta tongdan kechgacha halol rizq bilan oila ahlini boqish maqsadida ishlab horgan kimsaning gunohlari kechiriladi, deyilgan bir hadisda. Boshqa bir hadisda esa:
عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه قال، قال رسول الله صلى الله عليه وسلم :"طَلَبُ كَسبِ الحَلاَلِ فَرِيضَةٌ بَعدَ الفَرِيضَة" (رواه الإمام البيهقي في شعب الإيمان).
ya’ni: Abdulloh ibn Mas’ud رضي الله عنه dan rivoyat qilinadi, Rasululloh صلى الله عليه وسلم: “Halol kasb qilish farzdan keyingi farzdir”, dedilar (Imom Bayhaqiy “Shu’abul imon” kitobida rivoyat qilgan).
Muhtaram azizlar! Inson halol kasb qilar ekan, albatta, birinchi navbatda niyati xolis bo‘lishi lozim. Ya’ni, shu halol kasbi orqali o‘zini va ahli oilasini ta’minlashi, o‘zgalarga qaram va muhtoj bo‘lishdan saqlanishi, qolaversa, jamiyatdagi kishilarga manfaat yetkazishi, ularning og‘irini yengil qilishi kasb qilishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad bo‘lmog‘i kerak. Alloh taologa beadad hamdlar bo‘lsinki, biz bandalariga aqlu idrok berib, halol kasb yo‘llarini ko‘paytirib ato etgan. Davlatimizda ham yil sayin ish o‘rinlarini ko‘paytirish borasida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Qolaversa, oliygohlar, kasb-hunar kollejlari va turli o‘quv markazlari faoliyatlarini yo‘lga qo‘yilishidan maqsad ham yoshlarni kasb-hunarli qilib hayotlarining farovon bo‘lishi va el-yurt ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shishlari uchun imkoniyat yaratishdir.
Zero, halol kasb qilishning ko‘plab dunyoviy va uxroviy manfaatlari bordir. Jumladan, halol kasb qalbga nur, dilga surur baxsh etadi. Insonda xotirjamlik va halovat paydo qiladi. A’zolarni ibodatga moil etib, amallarni maqbul bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Rizqda va umrda baraka paydo qiladi. Asosiysi, Allohning rizosiga va duolarning ijobat bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz صلى الله عليه وسلم ulug‘ sahobiy Sa’d ibn Abi Vaqqos رضي الله عنه ga qilgan nasihatlarining birida shunday degan edilar:
قال رسول الله صلى الله عليه وسلم :"يَا سَعدُ أَطِب مَطعَمَكَ تَكُن مُستَجَابَ الدَّعوَةِ" (رواه الإمام الطبراني).
ya’ni: Rasululloh صلى الله عليه وسلم aytdilar: “Ey, Sa’d! Taomingni halol bo‘lishiga e’tibor bergin, duosi qabul bo‘ladiganlardan bo‘lasan” (Imom Tabaroniy rivoyati).
O‘z kasbi va mansab-martabasini suiste’mol qilish, kasbu-korida qalbakilikka, ta’magirlikka o‘tish orqali halol bo‘lmagan yo‘llar bilan kun ko‘rish ayni gunoh ishdir. Payg‘ambarimiz صلى الله عليه وسلم bu haqda shunday dedilar:
عَنْ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ :"وَ الَّذِي نَفسُ محمد بِيَدِهِ إِنَّ العَبدَ لَيقَذِفُ بِلُقمَةِ الحَرَامِ فيِ جَوفِهِ فَلَا يَقبَلُ مِنهُ عَمَلُ أَربَعِينَ يَومًا، وَ أَيُّمَا عَبدٍ نَبَت لَحمُهُ مِن السُّحتِ وَ الرِّبَا، فَالنَّارُ أَولَى بِهِ"
(رواه الإمام الطبراني).
ya’ni: “Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, banda qorniga bitta harom luqmani tashlashi bilan qirq kunlik amali qabul bo‘lmaydi. Qaysi bandaning eti harom va ribo orqasidan o‘sgan bo‘lsa, u do‘zaxga loyiqdir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Kishi biror kasb-hunar bilan shug‘ullanar ekan, uni puxta va xolis bajarmog‘i lozim bo‘ladi. Yurtimizda yashayotgan har bir inson borki, u o‘qituvchi yoki shifokor bo‘ladimi, olim yoki oddiy ishchimi, tadbirkor yoxud xizmatchimi, qaysi kasb egasi bo‘lishidan qat’iy nazar, Vatanning ravnaqi yo‘lida, o‘z kasbidan kelib chiqib, yurtimizning kelajagi va rivojlanishi yo‘lida astoydil xizmat qilishi kerak. O‘z kasbiga nisbatan sadoqati bo‘lmagan shaxsning na ishida, na kasbu korida baraka bo‘ladi, balki uning butun hayoti beqarorlikda o‘tadi. Modomiki, biz buyuk kelajak sari odimlayotgan ekanmiz, har birimiz o‘z vazifamizga sadoqat bilan yondashmog‘imiz lozimdir.
Azizlar! Fiqhiy masalalarning bayoni borasidagi bugungi suhbatimizda hanafiy mazhabimizda namoz vaqtlari va namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar haqida so‘z yuritamiz.
Namozning vaqtlari:
1) bomdodning avvalgi vaqti tong yorishib ufqda oqlikning tarqalishidir. Uning tugash vaqti quyosh chiqishdan oldindir;
2) peshinning avvalgi vaqti quyoshning tik turgandan so‘ng og‘ishidir. Uning oxirgi vaqti har bir narsaning soyasi o‘ziga ikki barobar bo‘lgunchadir;
3) asrning avvalgi vaqti peshinning vaqti chiqqandan boshlab kiradi. Uning oxirgi vaqti quyosh botishdan oldingi vaqtdir;
4) shomning avvalgi vaqti quyoshning botishidir. Uning oxirgi vaqti shafaq (quyoshning qizilligi) yo‘qolgan vaqtdir;
5) xuftonning avvalgi vaqti shafaqning botishidir. Uning oxirgi vaqti tong yorishishidir.
6) vitr namozining avvalgi vaqti xuftondan keyin bo‘lib, uning oxirgi vaqti bomdodning vaqti kirishidir.
Namoz o‘qish makruh bo‘lgan vaqtlar:
imom-xatib xutba o‘qiyotganda to xutbasini tugatguncha nafl o‘qish.
Alloh taolo yurtimiz tinchligini bundan ham mustahkam qilib, xalqimiz farovonligi, oilalarimiz baxtu saodati yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilishimizni muyassar aylasin. Omin!
Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali O‘zbekiston xalqiga samimiy tabriklari va ezgu tilaklarini yo‘lladi:
Avvalo, Aziz qardosh va do‘st O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarimni, hurmat va ehtiromimni izhor etaman.
Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi geografik masofaga qaramay, qalblarimiz bir-biriga eng yaqin xalqlardanmiz. Mustahkam birodarlik rishtalarimiz mavjud. Umumiy tariximiz, madaniy merosimiz va qadriyatlarimiz bor. O‘zbekiston bizning ota yurtimizdir.
Ayniqsa, keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an rahbarligida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tarixiy darajada mustahkamlanib, izchil rivojlanmoqda.
Bunga misol sifatida joriy yil yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning keng tarkibdagi delegatsiya bilan Turkiyaga amalga oshirgan tashrifini keltirish mumkin. Ushbu tashrif doirasida Istanbuldagi O‘zbekiston maktabi hamda Hatay viloyatida zilziladan jabr ko‘rgan fuqarolar uchun barpo etilgan “O‘zbekiston mahallasi”ning ochilish marosimlari ikki mamlakat o‘rtasidagi qardoshlik va do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamladi.
Hurmatli birodarim – O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov bilan birgalikda Hatay viloyatining Arsuz tumanida joylashgan “O‘zbekiston mahallasi”ga nom berish marosimida ishtirok etdik. Marosim samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.
Fursatdan foydalanib, Turkiyada yuz bergan zilziladan keyin O‘zbekiston xalqi tomonidan ko‘rsatilgan beqiyos qardoshlik yordami uchun yana bir bor samimiy minnatdorchiligimizni bildiraman.
“O‘zbekiston mahallasi” va “O‘zbekiston maktabi” ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikning abadiy ramzlariga aylandi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan taraqqiyotni biz har bir tashrifimizda o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rmoqdamiz. Barcha sohalarda keng qamrovli islohotlar amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
O‘zbekiston nafaqat iqtisodiy taraqqiyot, balki fikr, falsafa, ilm-fan va san’at sohalarida ham Islom sivilizatsiyasining Uchinchi Renessansi sari dadil qadam tashlamoqda.
Bu borada Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuchli va samarali rahbarligini alohida e’tirof etaman hamda unga chuqur hurmatimni bildiraman.
Ishonamanki, O‘zbekistonda shakllanayotgan Uchinchi Renessans nafaqat mamlakatning o‘zi, balki butun Islom olami uchun yangi yuksalish davrining boshlanishi bo‘ladi.
Buyuk madaniy merosga ega O‘zbekiston Alisher Navoiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Ali Qushchi va Mirzo Ulug‘bek kabi buyuk allomalarni yetishtirgan zamindir. Bu yurt ilm-fan, falsafa, astronomiya va boshqa ko‘plab sohalarda insoniyat sivilizatsiyasiga beqiyos meros qoldirgan.
Shu bilan birga, islom ilmlari sohasida ham O‘zbekiston ulkan ma’naviy boylikka ega. Bahouddin Naqshband va Abdulxoliq G‘ijduvoniy kabi buyuk tasavvuf ulamolarining merosi ushbu zaminning Islom tafakkuridagi yuksak o‘rnini namoyon etadi.
Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy kabi buyuk allomalarning ilmiy merosi butun islom olamining bebaho boyligi hisoblanadi.
Umid qilamanki, O‘zbekiston ilm-fan, taraqqiyot va ma’rifat sohasidagi yutuqlari orqali nafaqat o‘zining yanada yuksalishiga, balki Turk dunyosi va butun Islom olamining ravnaqiga ham munosib hissa qo‘shishda davom etadi.
Yana bir bor aziz O‘zbekiston xalqiga eng samimiy salomlarim va ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakat taraqqiyoti va xalqaro maydondagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. Alloh taolo o‘zlariga sihat-salomatlik, uzoq va barakali umr ato etsin hamda O‘zbekiston xalqi, Turk dunyosi va Islom olami yo‘lida yanada ulkan xizmatlarni amalga oshirish nasib qilsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati