Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

“Men bilan ketasizmi?..”

7.09.2017   8731   10 min.
“Men bilan ketasizmi?..”

Ibratli voqealarga qiziqib o‘qib yuradigan xodimimiz Shahzodjon bugun:

– Aka, ajoyib bir rivoyatni qachonlardir rus tilida o‘qigan edim. Mazmunini gapirib bersam, o‘zbekchada yozsangiz, o‘qiganlarga foydasi tegib qolarmidi? – deb qoldi.

– Nega yozmas ekanmiz, qani aytib bering-chi, – dedim.

– Bir podshohning to‘rtta xotini bo‘lgan ekan. Ularning hammasi aqlli va sohibjamol bo‘lgan ekan. Ammo podshoh hammasidan navnihol, sohibjamol va mehribon bo‘lgan to‘rtinchi xotinini yaxshi ko‘rgan ekan. Podshoh unga qimmatbaho sovg‘alar xarid qilar, duru javohirlar bilan bezalgan kuylaklar olib berar... ko‘ngli nimani istasa, o‘shani muhayyo qilar ekan. – deya rivoyatni boshladi u.

Hukmdor yer yuzidagi eng chiroyli ayol bo‘lgan uchinchi malikani jonidan ham ortiq  ko‘rib yonidan uni bir nafas ayirmas, shikorga chiqadimi, boshqa mamlakatlarga  safarga boradimi, o‘zi bilan birga olib ketar ekan. Chunki uning husnu malohatini hamma ko‘rishini istar ekan. Ammo ayni paytda uchinchi malikani o‘zini tashlab boshqa biri bilan ketib qoladi deb xavotirlanib ham yurar ekan.  

Podshohning ikkinchi xotini nihoyatda aql-zakovatli, fahm-farosatli, sabr-toqatli va mehribon ayol bo‘lib, uni shu sifatlari uchun yaxshi ko‘rar ekan. Podshoh har doim mushkul vaziyatlarda unga maslahat solar va bu ayol har qanday masalaning oqilona yechimini topar ekan.

Birinchi xotini esa ularning ichida eng yoshi ulug‘i bo‘lib, u ayol podshohga akasidan qolgan meros ekan. U erining yanada badavlat va qudratli bo‘lishi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilar ekan. Ammo qanchalik sevmasin, podshoh unga ko‘p e’tibor qaratmas ekan.

Hosili kalom, podshohi olam xotinlarining har biri bilan o‘ziga yarasha muomalada bo‘lib yuraveribdi-yu, orada unga bir og‘ir dard ilashib, olib ketamanga tushibdi. Har doim e’zozda yurgan podshoh jon berish azobidan vahimaga tushibdi hamda sohibjamol malikalarni  qoldirib ketishga ko‘zi qiymabdi. Jilla qursa, ulardan birini o‘zi bilan olib ketishni xayol qilibdi.

Shu o‘y bilan u eng sevgan yori – kenja malikani chaqiribdi. Har doim uning chorlashini mushtoqlik bilan kutadigan, kelgani zahoti o‘zini bag‘riga otadigan, shirindan shirin so‘zlari bilan ko‘ngliga quvonch bag‘ishlaydigan kenja malika odatdagidek shodu xandon kirib kelibdi. Ammo uning dardidan voqif bo‘lib, o‘zini ham birga olib ketish haqidagi gapini eshitganidan so‘ng:

“Ey podshohi olam! Siz uzoq umr ko‘rdingiz, hayotning achchiq-chuchugini totdingiz, butun mamlakat izmingizda bo‘ldi, to‘rt marta uylanib rohat-farog‘atda hayot kechirdingiz. Mendan katta opalarim, ya’ni kundoshlarim ham hayotning lazzatini mendan ko‘p totib, bas, deguncha o‘ynab-kuldilar. Bu gaplarni aytishimdan maqsad – nega shu narsalarga aqlingiz yeta turib, aynan meni olib ketmoqchi bo‘lganingiz kaminani hayron qoldirdi. Axir men hayotda nima ko‘ribman. ayni o‘ynaydigan-kuladigan davrim kelgan choqda yoshi katta “opa”larim turib meni o‘limga yetaklaganingizdan qattiq ranjidim. Men hali hayotga chanqoqman. Go‘zal kunlarim hali oldinda. Siz yaxshisi, “opa”larimdan biri bilan birga bora qoling, vaqti kelganda men ham borib qolarman...” deb javob beribdi-da, xonadan shoshilib chiqib ketibdi.

Qalbining ardog‘idagi bo‘lgan yori jonidan eshitgan bu gaplar podshohning qalbiga tig‘dek botibdi. Keyin uchinchi xotinini chaqiribdi.

Kelib o‘tirganidan so‘ng: “Ey vafodor yorim, menga turmushga chiqib hech yomonlik ko‘rdingmi?” deb so‘rabdi. Kutilmagan savoldan xijolat bo‘lgan malika: “Nimalar deyapsiz, zoti oliylari, menga duru javohirlar bilan bezak berdingiz, qo‘limdagi, bo‘ynimdagi taqinchoqlarining har biri bir mamlakatning xiroji bilan barobar, egnimdagi kiyimlarimni esa boshqa malikalar faqat orzu qilishlari mumkin. Shuncha e’tiboringizdan keyin sizdan norozi bo‘lishim mumkinmi?” debdi.

Bundan ruhlanib ketgan podshoh, bu xotinim mendan shu qadar minnatdor ekan, birga ketishga, albatta, rozi bo‘ladi deb o‘ylabdi-da: “Men bilan u dunyoga ham ketishga rozimisan?” debdi.

Buni eshitib  xotini: “Albatta, siz bilan istagan joyingizga ketaman, hamma joyda, hamma vaqt sizning xizmatingizda bo‘lish men cho‘ringiz uchun sharaf” debdi. Podshoh: “Ertaga jon taslim qilaman, sen ham men bilan birga o‘lishga rozimisan?” deb so‘rabdi. Bu gapni eshitgan malikaning rangi-quti uchib ketibdi. “Bu nima deganingiz? Alloh taolo har bandaning jonini o‘zi istagan vaqtda oladi. Siz bilan birga ketaman deb kimga aytaman, Azroil alayhissalomgami? Qo‘ying, bunaqa gaplarni, men hali hayotdan to‘yganim yo‘q, balki yana turmushga ham chiqarman”, debdi.

Podshoh hayotida hech qachon bunchalik qattiq zarba yemagan ekan. galdirab qolibdi. Undan ham noumid bo‘lib ikkinchi xotinini chaqiribdi. Farosatli xotin podshohni ko‘rgani zahoti jiddiy dardi borligini anglabdi va savolim unga malol kelmasin degan andishada o‘zining gap boshlashini kutib sukut saqlabdi. Podshoh unga: “Ey ko‘nglimning hamdami! Sen har doim mening yo‘llarimni yoritgan shamchirog‘im bo‘lding. Mushkul vaziyatlarga tushib qolganimda, og‘ir masalalarning yechimini topa olmay qiynalayotgan chog‘larimda qimmatli maslahatlaring bilan ishlarimni oson qilding, men sendan har doim xursand bo‘lib yashadim. Aytgin-chi, sen ham men bilan yashaganingdan mamnun bo‘ldingmi?” dedi.

“Zoti oliylari men bilan birga yashaganingga rozimisan”, deganingiz kamina – cho‘ringizga bir oz mubolag‘adek eshitilib, bundan boshim ko‘kka yetdi. Men har doim o‘zimni sizning kanizagingiz yoki bo‘lmasa, xizmatchingizdek bilib kelganman. Axir sizdek zot bilan bir havodan nafas olish, saltanat ishi bilan bo‘lib, el-yurt xizmatini qilib toliqqan vaqtlaringizda muborak oyoqlaringizni uqalab charchog‘ingizni yozish dunyodagi eng sharafli ish emasmi?..” debdi.

Uning gaplaridan xasta podshoh nihoyatda to‘lqinlanib ketibdi. Ko‘ziga uchtagina yosh tomchisi ham qalqib chiqibdi. “Ey mehribon yorim, saroyda notinchliklar kelib chiqmasin deb bir sirni hech kimga oshkor qilmagan edim. Ammo bugun aytishga majbur bo‘ldim. Men ertaga jon topshirar ekanman, menga hamdam bo‘lib birga o‘lishga rozimisan?” debdi.

Bu taklifni eshitgan ayolning ichiga sovuq shamol kirib ketibdi. Ammo aqlini ishga solib podshohga buni sezdirmabdi va unga bunday javob beribdi. “Zoti oliylari, mendan boshqa yana uchta malika turib safarga yo‘ldoshlikka aynan meni tanlaganingizdan boshim ko‘kka yetdi. Ammo boshqa narsani o‘ylab qoldim: ikkalamiz u dunyoga birga ketsak, bizni kim orqamizdan yo‘qlab turadi? Katta malika – avomroq, Mendan kichigi har dom zebu ziynat bilan ovora, kenja malika o‘yin-kulgudan bo‘shamaydi. Ular bizning haqimizga duoi fotihalar qilib turmasa, qabrdagi ahvolimiz qiyin bo‘lmasmikan?... Keling, yaxshisi, siz hozir-cha bora turing, men ortingizdan xatmul Qur’onlar qilay, duoi xayrlarda bo‘lib, sizning qabrdagi uyingizning charog‘on bo‘lib turishiga yordamchi bo‘lib turay...”

Podshoh butkul tushkun ahvolda katta malikani chaqirib unga bo‘lgan voqeaning hammasini gapirib beribdi va gapining so‘nggida nadomat ila unga: “Ey malikam, hurliqolar ko‘zimga yaxshi ko‘rinib, sizni ko‘p nazarimga ilmadim, e’tibor qaratmadim. Mendan butun umr ranjib yashagan bo‘lsangiz kerak, deb o‘ylayman, Aslida shunga haqlisiz ham. Ammo bugun ularning hammasi mendan voz kechganini ochiq-oydin bayon qildi. Shundan keyingina sizni chorlashga majbur bo‘ldim. Shu holimda ham men bilan u dunyoga ketishga rozimisiz?” debdi.

Unga javoban malika: “Zoti oliylari! butun umr sizning xizmatingizda bo‘lib, har doim sizga hammadan yaqinroq bo‘lishni orzu qilib yashadik, modomiki, bugun shunday fursat tug‘ilgan ekan, bu fursatni qo‘ldan boy bersak nodonlik qilgan bo‘lmaymizmi? Siz bilan ketishga roziman, keling, tahoratimizni qilib namozimizni  o‘qib Rabbimizning qoshiga poklangan holda ibodatimiz bilan boraylik”, debdi.

Bundan mamnun bo‘lgan podshoh: ”Jonim tanimni tark etar vaqtga kelibgina asl yorim siz ekaningizni anglab yetdim”,  deb o‘zining xatosini juda kech anglaganidan nadomat chekibdi.

Qissadan hissa:

To‘rtinchi malika – insonning tanasi ekan. Har bir inson o‘z tanasini yaxshi ko‘rib, doim uni parvarish qilarkan. Ammo tana dunyo mulki bo‘lib oxirot hayotidan qo‘rqar ekan.

Uchinchi malika – ish, amal va boylik bo‘lib, inson o‘lgandan so‘ng ular boshqalarning qo‘liga o‘tib ketarkan.

Ikkinchi malika – oila va qarindoshlar ekan. Ular insonni har doim qo‘llab-quvvatlab turadi, Biroq inson o‘lgandan keyin ular faqat qabrga qadar kuzatib borishga yaraydi, xolos. 

To‘rtinchi malika – insonning qalbi ekan. Qalb insonning moddiy boyliklar, amal, maishatlarga o‘chligi bois e’tiborsiz qolib ketsa ham hamisha inson bilan birga bo‘lib, oxirot azobi qoshida ham sohibidan ayrilmas ekan. Shuning uchun inson qalbini pok tutmog‘i, nimaiki yaxshilik bo‘lsa, avvalo, unga ravo ko‘rmog‘i lozim ekan.

Hech qachon qalbni ehtiyot qilish va boyitishni unutmang! Chunki bu yorug‘ olamda bizning o‘zimizga qilgan eng katta sovg‘amiz – qalbimizni sof saqlamog‘imiz va unga e’tiborli bo‘lmog‘imizdir.

Damin  JUMAQUL      

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Odam alayhissalom jannatdan Hindistonga tushganmi?

6.01.2025   2091   4 min.
Odam alayhissalom jannatdan Hindistonga tushganmi?

Odam va Havvo alayhissalom man qilingan daraxt mevasini tanovul qilganlaridan keyin, Alloh ularni yerga tushirdi.

“So‘ng shayton unga vasvasa qilib: “Ey Odam, men senga abadiyat daraxtini va yo‘q bo‘lmas mulku davlatni ko‘rsataymi?”, dedi.

Bas, undan yeyishlari bilan avratlari ochilib qoldi va o‘zlarini jannat yaproqlari bilan to‘sa boshladilar. Odam Parvardigoriga osiy bo‘lib, yo‘ldan ozdi.

So‘ngra Parvardigori uni saylab — O‘ziga yaqin qilib, tavbasini qabul etdi va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qildi.

Alloh aytdi: “Undan har ikkingiz tushingiz. Ayrim zurriyotlaringiz ayrimlariga dushmandir. Bas, sizlarga Men tarafdan hidoyat kelganida kim Mening hidoyatimga ergashsa, yo‘ldan ozmas va baxtsiz bo‘lmas” (Toha, 120-123).

Odam va Havvo alayhumissalomlarning qayerga tushgani haqida Qur’oni karimda ma’lumot kelmagan.

Ayrim ulamolar hadislarga tayangan holda, Odam alayhissalom Hindistonga tushirilgan, degan fikrni aytadilar.

Masalan, Ibn Asokir “Tarixi Dimashq” (7/437) kitobida Odam alayhissalomning Hindistonga tushgani va jannatdan chiqarilganidan keyin o‘zini yolg‘iz his qilgani haqida hadis rivoyat qilgan.

Shuningdek, boshqa hadislar ham rivoyat qilingan, ammo bularning aksarini ulamolar zaif deganlar.

Ayrim ulamolar va salaflar Odam alayhissalom Hindistonga, Havvo onamizni esa Jidda shahriga tushganlar, deb aytganlar. Odam alayhissalom o‘z juftini qidirish jarayonida Muzdalifaga yetib kelganlar. Bu yer “izdalafa” so‘zidan olingan bo‘lib, “yaqinlashish” ma’nosini anglatadi.

Bunday rivoyatlar “Mustadrak, Imom Hokim” (2/542), “Musannaf, Imom Abdurrazzoq” (5/93-116), “Tarixi Tabariy” (1/121) kabi manbalarda uchraydi.

Biroq, aksar ulamolar bu haqdagi ma’lumotlar ahli kitoblar rivoyatlariga asoslangan deyishgan.

Tabaroniy, Abu Nuaym va Ibn Asokirlar Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilishicha, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Odam alayhissalom Hindistonga tushgan”, deganlar.

Imom Tabaroniy Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qiladi: “Alloh Odamni tushirganda Hind yeriga tushirgan. U keyin Makkaga kelgan. So‘ngra Shomga borib, o‘sha yerda vafot etgan”.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Islom tarixi” kitobida, tarixchilar Odam Ato va Momo Havvo yer yuzining qaysi hududiga tushganlari to‘g‘risida ixtilof qilgani haqida yozadi. Bu borada turli-tuman va juda ko‘p gaplar aytilgan. Odam Ato va Momo Havvo Arabiston yarimoroliga tushirilgan, degan fikr egalari ko‘pchilikni tashkil etadi. Yana Hindistondagi tog‘ yaqiniga tushirilgan, deganlar ham bor, deyilgan o‘sha kitobda.

“Durri Mansur” kitobida va Ibn Asokir Ibn Abbos roziyallohu anhumo qilgan rivoyatda va boshqa bir qancha manbalarda Odam va Havvo jannatdan chiqarilganda Yer yuzining qaysi mintaqasiga tushgani haqida turli naqllar bor:

Odam va Havvo Makka bilan Toif o‘rtasidagi Dajna degan joyga tushgan;

Odam Safo tog‘iga, Havvo Marva tog‘iga tushgan. Bu ikki tog‘ ham Makka shahrida hozirgi Haram hududida joylashgan.

Odam Hind diyoriga, Havvo Jidda shahriga tushgan. Odam Havvoni istab, uni Makka shahridagi Muzdalifada topgan. Shu bois, uni Jam’ deb ham ataladi. Chunki Odam va Havvo shu yerda jamlangan, uchrashgan. Uning Muzdalifa deb nomlanishi esa Havvoning Odamga yaqin kelishi, uchrashishi uchundir. Ulamolar Hindiston tomondagi joyni Sarandib, ya’ni Shri-Lanka oroli, Bavz nomli tog‘ deganlar. Shri-Lankani 1972 yilgacha yevropaliklar Seylon deb atashgan.

Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi.