Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi. Tadbirlarning birida yurtboshimiz islom bilim yurtlari haqida shunday so‘zlarni aytgan edilar: “Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu ilm dargohlari tayanch bo‘lib xizmat qiladi”. Darhaqiqat, oliy madrasaning ochilishi islom shariati ahkomlarining yetuk bilimdoni, xalqimizning diniy-ma’rifiy bilim va saviyasi, sog‘lom e’tiqodini shakllantiradigan, turli xil yot g‘oyalarga qarshi o‘zining ma’rifati bilan kurasha oladigan malakali yosh kadrlarni tayyorlashda xizmat qiladi.
Mir Arab oliy madrasasiga qabul qilingan talabalar uchun dastlabki dars mashg‘ulotlari 4 sentyabr kuni Bahouddin Naqshband majmuasida joylashgan Mir Arab oliy madrasasi binosida boshlandi.
2017 yil 6 sentyabr oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazi direktori Sh. Minovarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘.Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri v.b. A. Do‘smatov, Buxoro viloyati hokimi O‘. Barnoyev, Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi, Buxoro Davlat universiteti hamda boshqa davlat hamda nodavlat tashkilotlar vakillari va talabalarning ota-onalari qatnashdilar. Oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi ijtimoiy tarmoq orqali onlayn tarzda yoritib borildi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Keyin Yurtboshimizning tashabbuslari bilan ochilgan oliy madrasa haqida dil so‘zlarini bildirish uchun tashrif buyurgan mehmonlarga so‘z berildi.
Mehmonlar mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligi, yoshlarimiz ongi va tafakkurini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tishdi. Xalqimiz diniy sohada ham emin-erkin ibodat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani, minglab masjidlar ochilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilgani va o‘nlab diniy ta’lim muassasalari barpo qilinib, u yerda talabalar diniy hamda dunyoviy fanlardan tahsil olayotganlari haqida fikrlar bildirildi.
Ayniqsa, Mir Arab oliy madrasasining oldingi maqomi yana o‘ziga qaytarilganligi, bu oliygoh orqali, avvalo, xalqimizning diniy saviyasi ko‘tarilishi, kelajakda mazkur dargohda xorijiy mamlakatlardan taklif bilan chiqqan mo‘min-musulmonlarga ham ta’lim berilishi to‘g‘risida alohida ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida Qur’on tilovat qilindi va davlatimiz ravnaqi, yurt tinchligi va xalqimiz farovonligi, yangi ochilgan oliy madrasa faoliyati borasida duoyi xayrlar qilindi.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
24–29 avgust kunlari O‘zbekiston poytaxtida “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusida xalqaro mediaforum o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirning asosiy qismi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkaziladi. Unda xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari, xalqaro ekspertlar va media sohasi mutaxassislari jam bo‘ladi.
Forum dasturidan tantanali ochilish marosimi, yalpi majlislar, mavzuga oid media-ko‘rgazmalar, matbuot anjumanlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘rin olgan. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida hujjatli kino va tarixiy xotira, nashriyot loyihalari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, media sohasidagi xalqaro loyihalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston talabalari uchun jahon media sanoatining yetakchi mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari tashkil etiladi. Ishtirokchilar zamonaviy jurnalistika, media mahsulotlar yaratish va xalqaro axborot makonida samarali faoliyat yuritish borasida tajriba almashadi.
27 avgust kuni forum qatnashchilari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtiriladi. Dastur doirasida mehmonlar Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qiladi va shaharning tarixiy-madaniy merosi bilan tanishadi. Shuningdek, Toshkent shahrida xorijiy OAV vakillari uchun maxsus media-tur o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Forum 28 avgust kuni yakuniy yalpi majlis va tantanali yopilish marosimi bilan o‘z ishini yakunlaydi. Xorijlik mehmonlar, O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarda ham ishtirok etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati