Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

“Mir Arab" oliy madrasasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi

06.09.2017   10688   2 min.
“Mir Arab

Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning joriy 2017 yil 10-11 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida Buxoro viloyatida Mir Arab oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan edi. Tadbirlarning birida yurtboshimiz islom bilim yurtlari haqida shunday so‘zlarni aytgan edilar: “Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu ilm dargohlari tayanch bo‘lib xizmat qiladi”. Darhaqiqat, oliy madrasaning ochilishi islom shariati ahkomlarining yetuk bilimdoni, xalqimizning diniy-ma’rifiy bilim va saviyasi, sog‘lom e’tiqodini shakllantiradigan, turli xil yot g‘oyalarga qarshi o‘zining ma’rifati bilan kurasha oladigan malakali yosh kadrlarni tayyorlashda xizmat qiladi.

Mir Arab oliy madrasasiga qabul qilingan talabalar uchun dastlabki dars mashg‘ulotlari 4 sentyabr kuni Bahouddin Naqshband majmuasida joylashgan Mir Arab oliy madrasasi binosida boshlandi.

2017 yil 6 sentyabr oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Toshkentdagi Islom sivilizatsiya markazi direktori Sh. Minovarov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘.Hasanboyev, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi mudiri  v.b. A. Do‘smatov, Buxoro viloyati hokimi O‘. Barnoyev, Buxoro viloyati Adliya boshqarmasi, Buxoro Davlat universiteti hamda boshqa davlat hamda nodavlat tashkilotlar vakillari va talabalarning ota-onalari qatnashdilar. Oliy madrasaning tantanali ochilish marosimi ijtimoiy tarmoq orqali onlayn tarzda yoritib borildi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. Keyin Yurtboshimizning tashabbuslari bilan ochilgan oliy madrasa haqida dil so‘zlarini bildirish uchun tashrif buyurgan mehmonlarga so‘z berildi.

Mehmonlar mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, aholi farovonligi, yoshlarimiz ongi va tafakkurini yuksaltirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib o‘tishdi. Xalqimiz diniy sohada ham emin-erkin ibodat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgani, minglab masjidlar ochilib, mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilgani va o‘nlab diniy ta’lim muassasalari barpo qilinib, u yerda talabalar diniy hamda dunyoviy fanlardan tahsil olayotganlari haqida fikrlar bildirildi.

Ayniqsa, Mir Arab oliy madrasasining oldingi maqomi yana o‘ziga qaytarilganligi, bu oliygoh orqali, avvalo, xalqimizning diniy saviyasi ko‘tarilishi, kelajakda mazkur dargohda xorijiy mamlakatlardan taklif bilan chiqqan mo‘min-musulmonlarga ham ta’lim berilishi to‘g‘risida alohida ta’kidlandi.

Tadbir so‘ngida Qur’on tilovat qilindi va davlatimiz ravnaqi, yurt tinchligi va  xalqimiz farovonligi, yangi ochilgan oliy madrasa faoliyati borasida duoyi xayrlar qilindi.

Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi

 

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   42430   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV