Bir yili Alloh taoloning inoyati ila hajga borib kelish kaminaga ham nasib etdi. Haj safari chog‘ida do‘st-birodarlar orttirdim. Biz bilan Ilhomjon degan o‘rta yoshlardagi kishi ham birga hoji bo‘lib qaytdi. Bir marta u bizlarni yangi qurib ko‘targan uyiga taklif kildi. Juma namozida ko‘rishib, uch-to‘rt hojini mashinasiga mindirib o‘zi yashaydigan mahallaga olib jo‘nadi.
Qo‘shqavat qilib solingan hashamatli imorat oldiga borib mashinadan tushganimizda, to‘g‘risi, hammamiz angrayib qoldik. Chunki bunday hashamatli imoratni birortamiz ko‘rmagan edik. Birin-ketin ostona hatladik. Ilhomjon bizni ikkinchi qavatga boshladi. Ikkinchi qavat ham hayhotday keng bo‘lib, o‘rtada dasturxon bezatilgan.
Dasturxon atrofida joylashib olgandan keyin yoshi ulug‘rog‘imiz, uy egasining kasb-koriga, umriga, rizqiga barokat tilab duo qildi. Mezbon xizmatga kirishib, turli taomlarni oldinma-ketin uzata boshladi. Hojilarning suhbatlari qizidi. Sukut saqlab turgan asli kitoblik bir hoji xo‘rsinib: “Ey birodarlar, odamzod yaxshi yemay, yaxshi kiymay, kecha-kunduz oromini yo‘qotib, qancha mashaqqatlar evaziga mana bunday imoratlarni quradi, bu hazilakam ish emas, hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin bu koshonada qancha yashashlarini bilmaydilar-da”, deb turganida mezbon choy ko‘tarib kirib qoldi. Shunda hoji birdaniga qutlovini boshlab yuborib: ”Ey do‘stim, bu “vremenka” lar qutlug‘ bo‘lsin, ilohim, rohatini ko‘ring, aslo kam bo‘lmang”, deya duo qilib qolsa bo‘ladimi. Qolganlar ham qo‘l ko‘targan holida taqqa to‘xtadi. Bir-birlariga qarab uy egasining avzoyini kuzata boshladi. Bunday duoni kutmagan uy egasi oldiniga nima deyishini bilmasdan bir oz jim bo‘lib qoldi. Biroq gap nimaga ishora qilinganini tushunib olmasdan noto‘g‘ri eshitmadimmi, degandek, hojining so‘ziga tuzatish kiritmoqchi bo‘ldi: ”Taqsir, bu uylar “vremenka” emas, haqiqiy imorat, pishiq g‘ishtdan ko‘tarilgan, hamma ishlatilgan narsalar tozasi, hov anavi yerda uchta hujralar “vremenka” edi, vaqtida otamiz qurgan, o‘shalarni buzib hozirgi imoratni ko‘tardim, deb tushuntira ketdi. Sal oraga noxushlik oralaganday bo‘ldi.
Taomdan so‘ng choy ustida suhbat davom etdi. Biroq uy egasining avzoyidan xafa bo‘lgani sezilib turardi. Chunki uning necha yillab qilgan mehnati va sarf-xarajatini oddiy “vremenka” qadricha olmagani alamini keltirib turardi.
Buni anglagan kitoblik hoji uy egasini noqulay holatdan chiqarish maqsadida unga qarata: “Birodar, siz gapimdan ranjimang, pastdagi hujralarni “vremenka” deyapsiz, gapingizga qo‘shilaman, to‘g‘ri, menimcha, bu imoratlarning xammasi “vremenka”, ya’ni vaqtinchalik imoratlar-ku. Nima farqi bor, hammasi boshpana bo‘lishdan boshqasiga yaramaydi. Men shuni nazarda tutib gapirgan edim. Odamzodga qisqa umr berilgan, tez fursatda shamoldek o‘tib ketadi. Haqiqiy imorat deb ota-bobolarimiz yotgan joydan ato etadigan ikki quloch yerga aytiladi... Ilmi va amali yaxshilarga, xalqi va Vatani uchun beminnat xizmat qilganlarga, yetim-yesir, beva bechoralarni ardoqlaganlarga, Alloh taolo yoqutdan ko‘shk, ya’ni yangi imorat tayyorlab qo‘yar ekan...” dedi.
Azamat NAMOZOV,
mehnat faxriysi
Ommaviy axborot vositasi – jamiyat ko‘zgusi, millatning yuzi. Uning zimmasida keng jamoatchilikni fikrlashga chorlash, tarbiyalash, dunyoqarashni boyitishdek mas’uliyat turadi.
Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish yo‘lidagi izchil islohotlar samarasi o‘laroq, barcha soha va tarmoqlarda katta natijalarga erishilmoqda. "Inson qadri uchun" tamoyili asosidagi yangilanish jarayoni mohiyatini aholiga yetkazish, erishilayotgan ulkan yutuqlarni keng targ‘ib etish, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilishda yurtimizda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta.
Keyingi yillarda yurtimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim sharti bo‘lgan ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash, so‘z va matbuot erkinligini ta’minlash, soha vakillarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Yangi O‘zbekiston jurnalistikasi – taraqqiyot va istiqbol" mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi Shuhrat Oripov, bir guruh jurnalistlar, Akademiya o‘qituvchi va xodimlari ishtirok etdi.