Istiqlol yillarida ulkan yutuqlarga erishildi. Rabbimiz ravnaqimizni bardavom qilsin. Bu yutuqlarning ikki asosiy sababi bor. Birinchisi, Alloh taoloning mamlakatimiz fuqarolariga berayotgan in’omi bo‘lsa, ikkinchisi: yurtimizda olib borilayotgan odilona va oqilona siyosatning samarasidir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi ila yurtimizdan yetishib chiqqan olimlar, allomalar, fan arboblari, rassomlar va boshqa ma’rifatparvarlarning merosini o‘rganish, ular qo‘nim topgan qadamjolarni obodonlashtirish, xalqimizga ular haqida to‘laroq ma’lumot berish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, azim poytaxtimiz Toshkent shahrida “Suzuk ota” jome masjidi va ziyoratgoh majmuasining qurilishi xalqimizga munosib tuhfadir.
Bugun Shayxontohur tumanidagi “Suzuk ota” jome masjidining birinchi g‘ishti qo‘yildi. Bu istiqololimizning 26 yillik bayrami arafasida xalqimizga ajoyib tuhfa bo‘ldi.
Alloh taolo Qur’oni karimning “Baqara” surasida: “Yaxshilikda musobaqalashinglar...” deb marhamat qilgan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam ham hadislarining birida: “Insonlarning yaxshisi atrofidagilarga ko‘p manfaati, yordami tegib turganidir” deb ummatlarini doimo manfaatli, savobli ishlarni qilib o‘zgalarga ibrat va namuna bo‘lishga targ‘ib qilganlar.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, Yurtimizdagi tinchlik va xotirjamlik ulug‘ ne’matlardan hisoblanadi. Ana shunday bebaho ne’matlarning davomli bo‘lishi uchun ularning shukrini qilishimiz, haqqini ado etishimiz talab etiladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda: “Agar bandalar berilgan ne’matlarni qadriga yetsalar, shukrini qilsalar ne’matlarimni ziyoda qilib beraman. Agar berilgan ne’matlarni qadriga yetmasa, shukrini qilmasalar unday kishilarni alamlik azoblar tutadi” deb, har bir kishini, kim, qaysi sohada ishlashidan qat’i nazar Vatan xizmatiga kamarbasta bo‘lish uning uchun sharafli va mas’uliyatli burch ekanining xabarini bergan.
Ana shunday ezgu g‘oyalar va tavsiyalarga amal qilib hayot kechirayotgan kishilarimizning dunyo va oxiratdagi martabasi baland bo‘ladi, inshoalloh.
Yaratgan Rabbimiz yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo aylasin, istiqlolimizning 26 yilligi va Qurbon hayiti bayramlarini elimizga muborak qilsin.
Qumqo‘rg‘on tumanidagi "Xo‘jamulki" mahallasida "Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" doirasida keng jamoatchilik va aholi vakillari ishtirokida qizg‘in obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda. Bu tashabbus mahalla hayotiga yangicha ruh baxsh etib, hamjihatlik va ezgulik muhitini yanada mustahkamlamoqda.
Azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan hashar an’anasi asosida mahalla ahli bir yoqadan bosh chiqarib, o‘z hududini yanada obod, fayzli va ko‘rkam maskanga aylantirish yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda. Har bir fuqaroning qalbida Vatanga muhabbat, mahallaga ehtirom tuyg‘usi jo‘sh urib, ular bunyodkorlik ishlariga faol hissa qo‘shmoqdalar.
Xususan, mahalla hududidagi muqaddas qadamjolardan biri – "Xo‘jamulki ota" qabristonida keng ko‘lamli tozalash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hashar ishtirokchilari tomonidan qabriston hududi begona o‘tlar va chiqindilardan puxta tozalanib, qabr ustilari tartibga keltirilmoqda. Shuningdek, ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish borasida zarur ishlar olib borilib, ajdodlar xotirasiga chuqur ehtirom ko‘rsatilmoqda.
Bu kabi ezgu tashabbuslar mahallada obodlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash bilan birga, ajdodlarimiz xotirasiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etadi. Ayni paytda, yosh avlodga milliy qadriyatlarimizni singdirish, ularni Vatanga muhabbat va mehnatsevarlik ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga egadir. Bugungi hashar – kelajak avlod uchun namuna, ertangi kun uchun mustahkam poydevordir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Surxondaryo viloyati vakilligi Matbuot xizmati