Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Makkai mukarramadagi Haramda yuz bergan fojea videosi keng tarqalmoqda. Video tasvirda Haramning yuqori qavatidan bir ayol pastga tushib ketgan va unga birinchi yordam ko‘rsatayotganlar orasida o‘zbekistonlik ziyoratchi ham ko‘ringan. Shu sababli yiqilgan ayol ham o‘zbekistonlik ziyoratchilardan biri degan noto‘g‘ri ma’lumot tarqalgan.
Fojea 22 avgust, seshanba kuni yuz bergan edi.
O‘zbekiston ishchi guruhi mazkur masalani atroflicha o‘rgandi. O‘zbekistondan kelgan ziyoratchilar sog‘-salomat holda ibodatlarini davom ettirmoqda.
Haram xavfsizlik xizmati yiqilgan ayol efiopiyalik ziyoratchilardan ekanini aniqladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan aholi bilan yo‘lga qo‘yilgan ochiq va samimiy muloqot tizimi fuqarolarning murojaatlarini atroflicha o‘rganish hamda ularga tezkor yechim topishda muhim omil bo‘lmoqda.
12 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning arz, taklif va murojaatlarini tingladilar. Yuzma-yuz suhbat jarayonida masjidlar holati va faoliyati, imom-xatiblar ishi, Haj va Umra ziyoratlarini tashkil etish, oilaviy munosabatlarni tartibga solish hamda moddiy yordam ko‘rsatishga oid ko‘plab masalalar chuqur tahlil qilinib, ularning aksariyati joyida ijobiy hal etildi.
Eslatib o‘tamiz, bu kabi qabullar va fuqarolar bilan muloqot tadbirlari Diniy idoraning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarda har haftaning chorshanba kuni imom-xatiblar tomonidan o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati