Kech tushganda duradgor ustaxonani yopib uyga ketdi. Kechasi ustaxonaga ilon kirdi. Qorni och ilon yegulik topish ilinjida u yoqdan bu yoqqa o‘rmalab yura boshladi. Qorong‘u xonada u to‘satdan boltaga urilib ketdi. Alam olish niyatida u boltaga o‘ralib olib uni chaqishni boshladi, lekin uning hujumi boltaga mutlaqo zarar yetkazmadi, aksincha ilonning og‘zi jarohatlanib qon oqishni boshladi. Ilon dushmaniga mahkam chirmashib olib, uni bo‘g‘moqchi bo‘ldi. Keyingi kuni duradgor ustaxona eshigini ochganda u yerda boltaning tig‘i ustida qonga belanib, cho‘zilib yotgan ilonga ko‘zi tushdi.
Ilon kimningdir aybi bilan halok bo‘lmadi, o‘zining jahli va adovati tufayli vafot etdi.
Qissadan hissa, ko‘pincha biz jahlimiz chiqqan paytda atrofimizdagilarni nohaq azoblab, diliga ozor berib qo‘yamiz. Vaqt o‘tgach, hammadan ham ko‘ra o‘zimizga ko‘proq ziyon yetkazganimizni anglaymiz.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Mohira Zufarova
#taziya
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Diniy idorada uzoq yillar faoliyat yuritgan Zarifa hoji onaga turmush o‘rtoqlari Mirkomil otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhumning oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz