Kech tushganda duradgor ustaxonani yopib uyga ketdi. Kechasi ustaxonaga ilon kirdi. Qorni och ilon yegulik topish ilinjida u yoqdan bu yoqqa o‘rmalab yura boshladi. Qorong‘u xonada u to‘satdan boltaga urilib ketdi. Alam olish niyatida u boltaga o‘ralib olib uni chaqishni boshladi, lekin uning hujumi boltaga mutlaqo zarar yetkazmadi, aksincha ilonning og‘zi jarohatlanib qon oqishni boshladi. Ilon dushmaniga mahkam chirmashib olib, uni bo‘g‘moqchi bo‘ldi. Keyingi kuni duradgor ustaxona eshigini ochganda u yerda boltaning tig‘i ustida qonga belanib, cho‘zilib yotgan ilonga ko‘zi tushdi.
Ilon kimningdir aybi bilan halok bo‘lmadi, o‘zining jahli va adovati tufayli vafot etdi.
Qissadan hissa, ko‘pincha biz jahlimiz chiqqan paytda atrofimizdagilarni nohaq azoblab, diliga ozor berib qo‘yamiz. Vaqt o‘tgach, hammadan ham ko‘ra o‘zimizga ko‘proq ziyon yetkazganimizni anglaymiz.
Xalqaro aloqalar bo‘limi
Mohira Zufarova
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Namangan viloyati Uychi tumanidagi "Devonabobo" jome masjidi imom-xatibi Abdufattoh domla Musaxanovning volidai mehribonlarining vafoti munosabati bilan u kishining oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhuma onaxonni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlari va solih amallarini o‘zlariga hamroh aylasin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Haq taolo marhuma onaxonning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, Ulamolar kengashi a’zolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan marhuma onaxonning yaqinlariga, xususan, Abdufattoh domla Musaxanovga hamdardlik bildiradi.
Janoza bugun, 14 iyul kuni shom namozidan so‘ng Uychi tumanidagi "Mashhad mozor" jome masjidida o‘qiladi.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda “Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz”, degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi