2017 yilning 4 aprelida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi Farmonni imzolagan edi. Ushbu farmon ijrosi yuzasidan yurtimizning turli hududlarida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining muborak haj ziyoratiga borish bo‘yicha bildirgan istaklari hamda “Nuroniy” jamg‘armasining taklifi inobatga olinib, ilgari haj ziyoratiga borolmagan yoki bunga imkoni bo‘lmagan urush qatnashchilari Prezident ajratgan mablag‘ hisobidan haj ziyoratiga yuboriladigan bo‘ldi. Bu farmon yurtimizda istiqomat qiluvchi tabarruk yoshdagi otaxonlarni behad xursand qildi.
Ayni kunlarda ana shu farmon asosida yurtimizdan 73 nafar nuroniylar haj safariga borish taraddudini ko‘rmoqdalar.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining eson-omon haj ibodatlarini ado etib qaytishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida ko‘p ishlar qildilar. Jumladan, urush faxriylarining oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlaridan bir nafariga navbatsiz haj ziyoratiga borishga ruxsat berildi. Har bir guruhga bir nafar guruh rahbari va yana bir nafar guruh rahbarining yordamchilari tayinlandi hamda ikki nafar malakali shifokor ajratildi.
Ayni paytda otaxonlarning quvonchiga sherik bo‘lish va ular bilan dildan suhbatlashish maqsadida guruh rahbarlari har bir otaxonlarning xonadonida bo‘lmoqda. Ayniqsa, Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi sakkiz nafar otaxon bilan tanishish va haj safariga tayyorgarliklarni ko‘rish maqsadida dildan suhbat qilindi.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining har bir ziyoratchiga ehrom taqdim qilgani nur ustiga a’lo nur bo‘ldi. Bu tashrifdan otaxonlarimiz behad xursand bo‘ldilar. Bunday ulug‘ ishlarning boshida turgan muhtaram yurtboshimiz haqlariga duolar qildilar.



Bismillahir Rohmanir Rohiym
Baxtli insonlarning biri aytadi: “Go‘zal kun dunyo bizni emas biz uni boshqargan kundir. U – biz u kunda nafsimiz xohish istaklariga bo‘ysunmagan, ularga o‘zimiz egalik qilgan kundir".
Bu kunning men eslab qolib, umuman unuta olmaydigan xotiralari bo‘ladi. Nafsim ustidan g‘olib bo‘lgan, biror ishni eplay olish yoki eplay olmaslik gumonlari azobidan chiqib keta olgan kunim g‘oyatda ajoyib kundir.
Insonlar bilib meni maqtashi yoki hech kim bilmasligi va maqtamasligi mumkin bo‘lgan ikki ish orasida ikkilanib turgan kunimning go‘zalligi maqtov degan narsani uloqtorib hech kim bilmasada hayotim davomida doimo o‘zim eslab yuradigan ishni bajargan kunimdir.
Cho‘ntaklarim pulga to‘lgan bo‘lsada qalbim oliyjanob tuyg‘ulardan bo‘shab qolgan kunning go‘zalligi qo‘lim bo‘shligini ko‘ngil huvillashidan ustun qo‘ygan kunimdir.
Kunlar go‘zal, unlardagi eng go‘zal narsa esa oz bo‘lsada baxtiyorlikdan nasibam bo‘lishidir. Lekin nasibam meni o‘zimning qilgan amalimga ko‘ra meni topib oladi, shuning uchun ham u ko‘pdir, alhamdulillah.
Shu’la: O‘zingizda bor narsa bilan baxtiyor bo‘ling, Alloh sizga taqsim qilib bergan narsaga rozi bo‘ling. Imkoniyatingiz yoki harakatingizga munosib bo‘lmagan orzu xayollarni tark eting.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan