بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Oila insonning dunyoviy saodatini ta’minlovchi qo‘rg‘ondir. Jamiyat hayotining ravnaqi, darajasi, sifati ko‘p hollarda oilaning qay darajada hayotga qobilligida namoyon bo‘ladi. Jamiyat oilalarning majmuidir. Shuning uchun jamiyatning ahvoli bilan oilaning holi bir-biriga chambarchas bog‘liq. Shunga ko‘ra jamiyatdagi norasoliklar to‘g‘ridan to‘g‘ri oilaga yoxud oiladagi illatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri jamiyatga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Har bir ajralish, har bir zahil rang, ko‘zi mayus bola, har bir yolg‘iz erkak, har bir ko‘zi yoshli ayol jamiyatning dardidir. Agar oila halol-pok bo‘lsa, tinch bo‘lsa, jamiyat mustahkam, turmush farovon bo‘ladi. Oilada erkak kishining mas’uliyati alohida qayd etilgan. Alloh taolo erkak kishini jismoniy va ruhiy jihatlari bilan oila rahbari bo‘lishga mos qilib yaratgan. Oila qurish va uning osoyishtaligini saqlash, bu yo‘ldagi barcha sarf-xarajatlar erkak kishining zimmasidadir. Alloh taolo erkak kishiga oiladek muqaddas dargohga rahbar bo‘lish vazifasini yuklab, Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاء بِمَا فَضَّلَ اللّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنفَقُواْ مِنْ أَمْوَالِهِمْ
(سورة النساء/34).
ya’ni: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” – degan.
Payg‘ambarimiz s.a.v. erning ayoli oldidagi vazifasi xususida shunday marhamat qilganlar; Rivoyat qilinishicha, sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: Zimmamizda xotinlarimizning qanday haqlari bor? – deb so‘rashganda, U zot (sav):
أَنْ تُطْعمَهَا إِذَا طَعِمْتَ ، و تَكْسُوهَا إِذَا اكْتَسيْتَ وَ لاَ تَضْرِبِ الْوَجْهَ ، وَ لاَ تُقَبِّحْ ، وَ لاَ تَهْجُرْ"
"إِلاَّ فِى الْبِيْتِ
(رواه ابو داود).
ya’ni: “Yeganingizda uni ham yedirmog‘ingiz, kiyganingizda kiydirmog‘ingiz, yuziga urmaslik, qabih so‘zlar bilan haqorat qilmaslik, arazlashganda uydan chiqmagan holda faqat o‘rinni boshqa qilib yotmoqlik” – dedilar. (Imom Abu Dovud rivoyati).
Erkak kishining eng katta burchi o‘z qaramog‘idagilarning o‘zgalarga qaram bo‘lib qolishiga yo‘l qo‘ymasligidir. Darhaqiqat, erkaklarning zimmasiga ahli ayol nafaqasi farzdir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida: “Kishi o‘z qaramog‘idagilarini nafaqasiz tashlab qo‘yishi uning qattiq gunohkorligiga kifoya qiladi”, deb marhamat qilganlar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ba’zi bir oila boshliqlari ayni shu masalada o‘z vazifalarini unutib qo‘ymoqdalar. Hatto ba’zilari oriyatsizlik bilan o‘z jufti halollarini ayollar sha’niga mos kelmaydigan yo‘llar bilan pul topib kelish uchun ko‘cha-ko‘yga chiqarib, hatto mardikorchilik qilishga majbur qilayotganlari ham sezilmoqda. Bunday holatlar paydo bo‘lishi achinarli holdir.
Rasululloh (s.a.v.) Hajjatul vado’da erkaklarga murojaat qilib, bunday dedilar: “Ayollar haqida Allohdan qo‘rqinglar, darhaqiqat, ular sizning yordamchilaringiz bo‘lib, sizlarning ulardagi haqqingiz shundan iboratki, sizning uyingizga siz yoqtirmagan birorta kimsaning kirishiga yo‘l qo‘ymaslik. Bordi-yu, shunday qilsalar ularni jarohat yetkazmaydigan qilib urishib qo‘yingiz! O‘z navbatida sizlar ham ularni o‘rta holatda yedirib, kiydiringiz” (Imom Muslim rivoyati).
Albatta, Islom dini o‘z ayollariga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lgan erkaklarni insonlarning eng yaxshilari qatoriga qo‘shadi. Bu haqda Rasululloh shunday deb marhamat qiladilar:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ: "خَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِأَهْلِهِ وَأَنَا خَيْرُكُمْ لِأَهْليِ"
(رواه الترمذي).
ya’ni: “Sizlarning ichingizdagi eng yaxshingiz o‘z ahli ayoliga nisbatan yaxshi munosabatda bo‘lganidir. Men esa o‘z ahlimga sizlardan ko‘ra yaxshiroq munosabatdaman”. (Imom Termiziy rivoyati).
Muhtaram namozxonlar! Oilada er o‘z ota-onasini birinchi navbatda hurmat qilishi va ayolini ham ota-onasiga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishiga undab turishi lozim. Chunki, ota-onani hurmat qilish farzand uchun birinchi vazifa. Lekin shuni yaxshi bilish lozimki, ota-ona farzandini ayoliga talog‘ini berishga majburlashga haqqi yo‘q. Bu borada o‘g‘il ota-onasiga itoat qilmaslikka haqqi bor. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadis vorid bo‘lgan:
عَن عَلِيٍ رَضِيَ اللهُ عَنهُ أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "لاَ طَاعَةَ لِبَشَرٍ فيِ مَعصِيَةِ اللهِ،
إِنَّمَا الطَّاعَةُ فيِ المَعرُوفِ
(رواه البخاري و مسلم).
ya’ni: Ali r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar s.a.v. dedilar: "Allohga ma’siyat bo‘ladigan ishda insonga itoat qilinmaydi. Itoat faqat shariatga muvofiq bo‘lgan ma’ruf ishlardadir". (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Demak, bandani rozi qilaman, deb Alloh taoloni norozi qiladigan narsani qilib bo‘lmaydi. Har bir musulmon farzand ota-onasini rozi qilish uchun barcha yaxshiliklarini qilishi shart. Ammo ota-onasi xohlamay qolgan ayolni ruxsatini berishi mumkin emas.
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, aqdi nikohning shartlaridan biri er-xotinning roziligidir. Ya’ni, agar er yoki xotinning ikkisidan biri nikohga rozi bo‘lmasa unday nikoh to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ammo, taloq masalasida faqat erning talog‘i inobatga o‘tadi. Ayol kishining talog‘iga e’tibor yo‘q. Bu degani erkak kishi taloq masalasida juda ham ehtiyot bo‘lishi lozim demakdir. Ba’zi bir erkaklar bilib-bilmay, tushunib-tushunmay, arzimagan oilaviy mojaro sababli o‘z jufti haloliga nisbatan taloq lafzini ishlatib qo‘ymoqdalar. Ba’zilari esa taloq berish huquqini su’iste’mol qilib, ha deganda ayolini qo‘rqitish yoki o‘ziga bo‘ysundirish maqsadida bu so‘zdan foydalanadilar. Holbuki, “taloq” lafzi aytilganda Allohning Arshi larzaga keladi, shar’iy nikoh fosid bo‘lib, er-xotin bir-biriga harom bo‘lib qoladi. Taloq Allohning yomon ko‘rgan narsasidan bo‘lib, u oxirgi chora sifatida joriy qilingandir. Payg‘ambar alayhissalom marhamat qilganlar:
عَنِ النَّبِيِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "أَبغَضُ الحَلَالِ اِلىَ اللهِ الطَّلاَقُ"
(رواه أبو داود وابن ماجه).
ya’ni: “Halol narsalar ichida Alloh eng yomon ko‘radigan narsa taloqdir”. (Imom Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati).
Ba’zi erkaklar taloq masalasiga beparvo bo‘lib, ayoliga taloq so‘zini ko‘p aytsada bunga parvo qilmay o‘zaro oilaviy munosabatlarda davom etaverish hollari ham uchrab turadi. Ularning bu ishlari gunohi azimdir, har birimiz buning xatari va oqibatidan ogoh bo‘lishimiz lozim. Taloqni ermak qilish, bo‘lar-bo‘lmas sabablar bilan xotinni taloq qilaverish juda katta kulfatlarga, oilaviy baxtsizliklarga sabab bo‘lishini unutmasligimiz zarur.
Ming afsuslar bo‘lsinki, taloqning kelib chiqishiga ko‘p hollarda taloqning oldini olishi kerak bo‘lgan shaxslar ota-onalar sababchi bo‘lib qolishyapti. To‘g‘ri, ko‘pchilik ota-onalar o‘z farzandlarini uylab-joylaganlaridan keyin ham ularning oilaviy hayotlari baxtli bo‘lishi uchun qo‘ldan kelgan barcha choralarni ko‘rishadi, o‘g‘il-qiz va kelin-kuyovlariga dono maslahatchi bo‘lishadi, o‘z hayotiy tajribalari asosida yoshlarga ta’lim berishadi, ularning xato-kamchiliklarini kechirib, oliyjanoblik ko‘rsatishadi.
Ammo ba’zi holatlarda tamoman aksincha holatni ham ko‘ramiz. Ota-onalar oraga tushib, bolalarining oilaviy hayotlarini buzishgacha borib yetishadi. Bunday bema’ni aralashuvdan ehtiyot bo‘lish kerak.
Alloh taolo yurtimizni obod qilib, oilalarimizni mustahkam va aziz farzandlarimizni ota-onasiga rahmat keltiradigan, elu yurtga manfaatli insonlar bo‘lishlarini nasib aylasin! Omin.
Britaniyaning “Em Insight” jurnalida O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” mavzusidagi xalqaro mediaforumga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Nashrda yozilishicha, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh, yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumi xorijlik OAVda katta qiziqish uyg‘otgan.
Raqamli platformalar, sun’iy intellekt va axborot xurujlari avj olgan hozirgi zamonda ommaviy axborot vositalarining mamlakatlar, madaniyatlar va sivilizatsiyalar haqidagi tasavvurlarni shakllantirishdagi o‘rni tobora ortib bormoqda.
Maqolada ta’kidlanishicha, Al-Xorazmiy, Ibn Sino, Beruniy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Mirzo Ulug‘bek kabi jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlar yurti bo‘lmish O‘zbekiston bu kabi global muhokamalar uchun eng maqbul maydondir.
Qatarning “The Peninsula” gazetasi mas’ul muharriri Muhammad Osmon forumning raqamli axborot asridagi ahamiyatiga to‘xtalib, Imom Buxoriyning hadislarni to‘plash va ularning haqqoniyligini tekshirishdagi qat’iy yondashuvini tilga oldi.
U ushbu metodologiyani manbalarni chuqur o‘rganish va verifikatsiya qilishning o‘chmas namunasi deb atadi va bu tamoyillar feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt mahsulotlari ko‘paygan hozirgi davrda juda ahamiyatli ekanini bildirdi.
O‘zbekiston Milliy axborot agentligi muharriri O‘tkir Alimov forumning Mustaqillikning 35 yilligi ostonasida o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratgan. U 50 mamlakatdan 300 ga yaqin OAV vakillarining Toshkentda jamlangani O‘zbekistonning sivilizatsiyalar chorrahasi sifatidagi o‘rni ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi.
Maqolada Toshkentdagi xalqaro mediaforum jurnalistika mas’uliyati, tarixiy tadqiqotlar chuqurligi va zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini birlashtirgan holda Islom sivilizatsiyasini yangi, zamonaviy qiyofada dunyoga tanitishga xizmat qilishi bayon etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati