Islom madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun erta tongda ana shunday ulug‘ allomamiz nomi bilan ataluvchi, azim Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Imom Termiziy” jome masjidiga birinchi g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchilik ulamolar, masjid qavmi va mahalla faollari ishtirok etishdi.
Muftiy hazratlari qurilayotgan masjid qiyomatgacha xizmat qilishini niyat qilib, birinchi g‘ishtni qo‘yib berdilar. Shuningdek, nuroniylar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht qo‘ydilar.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 21 aprel kuni muhtaram Prezidentimiz Olmazor tumaniga qilgan tashriflari chog‘ida ushbu jomeni ko‘zdan kechirib, uni qaytadan qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi
Bugun, 10 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida xayrli va saxovatpesha tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi hamda yaqinlashib kelayotgan yangi o‘quv yili munosabati bilan Urganch shahar bosh imom-xatibi Hasanboy domla va saxovatpesha homiylar tashabbusi bilan boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olindi.
Tadbir doirasida maktab yoshidagi o‘quvchilarga yangi o‘quv yili uchun zarur bo‘lgan maktab formasi, sumka va to‘liq o‘quv qurollari to‘plamlari tantanali ravishda topshirildi.
Marosim yakunida yurtimiz tinchligi, xonadonlar fayzu barakasi va xayrli ishga hissa qo‘shgan barcha saxovatpesha insonlar haqiga ezgu duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati