Islom madaniyati rivojiga hissa qo‘shgan Abu Iso Termiziy va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun erta tongda ana shunday ulug‘ allomamiz nomi bilan ataluvchi, azim Poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan “Imom Termiziy” jome masjidiga birinchi g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov boshchilik ulamolar, masjid qavmi va mahalla faollari ishtirok etishdi.
Muftiy hazratlari qurilayotgan masjid qiyomatgacha xizmat qilishini niyat qilib, birinchi g‘ishtni qo‘yib berdilar. Shuningdek, nuroniylar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht qo‘ydilar.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 21 aprel kuni muhtaram Prezidentimiz Olmazor tumaniga qilgan tashriflari chog‘ida ushbu jomeni ko‘zdan kechirib, uni qaytadan qurish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi
Toshkent islom instituti magistratura bosqichi hamda Hadis ilmi maktabiga hujjat topshirgan talabgorlar uchun joriy yilning 11 avgust kuni ijodiy imtihonlar o‘tkaziladi.
Talabgorlar tanlagan yo‘nalishlari bo‘yicha quyidagi fanlardan imtihon topshiradilar:
Teologiya (Tafsir va Qur’on ilmlari): Qur’oni karim va tajvid, Tafsir;
Teologiya (Hanafiylik va fiqh ilmlari): Fiqh, Usulul-fiqh;
Hadis ilmi maktabi: Hadis va mustalahul hadis.
Imtihonlar 11 avgust kuni soat 8:00 da Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti binosida boshlanadi. Talabgorlarni ro‘yxatga olish jarayoni soat 7:30 dan start oladi.
Muhim eslatma: Abituriyentlar imtihonga pasport (yoki ID-karta) asli hamda «Imtihon ruxsatnomasi» bilan kelishlari shart. Ushbu hujjatlardan biri bo‘lmagan talabgorlar imtihonga kiritilmaydi.
Manzil: Toshkent shahri, Olmazor tumani, Zarqaynar 18-berk ko‘chasi, 47-uy.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati