Sanoqli kunlardan keyin oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlari bo‘lib o‘tadi. Aksariyat abituriyentlar bu imtihonga qattiq kirishib, kunu tun talaba bo‘lish niyatida harakat qilmoqdalar. Darhaqiqat, talaba bo‘lish uchun astoydil harakat qilish talab etiladi. Binobarin, raqobat kuchli, yil sayin talaba bo‘lishni maqsad qilganlarning soni ortib bormoqda.
Shu bilan birga, abituriyent Allohga tavakkul qilishi hamda ota-ona, ustoz va yaqinlarining duosi olishi ham lozim. Muhimi, qalbda – ilm egallash hamda bu ilmi ila Vatani, xalqi, oilasi xizmatida bo‘lish niyati bo‘lsin.
Ilm olish niyatda bo‘lgan barcha abituriyentlar imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirishlarini Yaratgandan so‘rab qolamiz.
Robbim! Oson qilgin, qiyin qilma. Robbim, (ishimni) yaxshilik bilan tugatgin.
«Robbim! (Bu qiyin vazifaga) bag‘rimni keng qilgin va ishimni oson qilgin hamda tilimdan tugunni (duduqlikni) yechib yuborgin, (toki) ular (qavmim) gapimni (yaxshi) anglasinlar.
Robbim! Ilmimni va zehnimni orttir.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati