بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsinkim, sizu bizni shunday fayzli yurt va donishmand xalqning farzandi qilib yaratdi. Azaldan ota-bobolarimiz oila totuvligi va mustahkamligini boshqa masalalardan ko‘ra birinchi o‘ringa qo‘yib, oilaning tartib intizomi va tarbiyasi bilan alohida shug‘ullanganlar. Zero, oila qurish, oilaviy ishlar bilan shug‘ullanish ulug‘ ibodatlardandir. Ma’lumki, islom shariatida uchta o‘rinda xutba o‘qiladi, bular juma va ikki hayit namozlari hamda nikoh aqdi paytida xutba o‘qiladi. Dinimizda xutba o‘qishlik ajri ulug‘ va butun musulmon jamoasiga ahamiyati katta bo‘lgan ishlardandir.
Oilani barpo qilish bilan kishi katta ajrga ega bo‘lsa, uning barbod bo‘lishiga sabab bo‘lish esa og‘ir gunohdir. Zero, bir oilaning ajralishi bu turli fitna va fasodlarning paydo bo‘lishi va avj olishiga olib keladi. Shuning uchun ham dinimizda oilaning ajralishi ma’qullanmaydi. Alloh taolo oilani saqlash mas’uliyatini erkaklarning zimmasiga yuklab Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
ya’ni: “Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin”. (Niso, 19–oyat). Shu sababli oilada erkak kishi oqilona va adolatli boshqaruvni yo‘lga qo‘yishi talab qilingan. Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan hadisda:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ كُلُّكُمْ رَاعٍ وَمَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ فَالْإِمَامُ رَاعٍ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ وَالرَّجُلُ فِي أَهْلِهِ رَاعٍ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ وَالْمَرْأَةُ فِي بَيْتِ زَوْجِهَا رَاعِيَةٌ وَهِيَ مَسْئُولَةٌ عَنْ رَعِيَّتِهَا وَالْخَادِمُ فِي مَالِ سَيِّدِهِ رَاعٍ وَهُوَ مَسْئُولٌ عَنْ رَعِيَّتِهِ
متفق عليه
ya’ni: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Har biringiz boshqaruvchisiz va qo‘l ostingizdagilardan mas’uldirsiz. Imom boshqaruvchidir va u boshqarayotganlaridan so‘raladi. Er kishi oilasida boshdir va u oila a’zolari borasida so‘raladi. Ayol kishi erining uyida vazifadordir va u ham vazifalaridan so‘raladi. Xodim o‘z xo‘jayinining molida tasarruf qiluvchidir va u o‘z ishidan so‘raladi”, deb aytilgan. Ushbu hadisning mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, oilada erkak kishi asosiy javobgar shaxsdir.
Hurmatli jamoat! Oilalarimizning mustahkamligi uchun qayg‘urish burchimiz ekanini anglab yetish va bu borada qo‘limizdan kelgan chora-tadbirlarni ko‘rish har birimizning vazifamizdir. Qadimdan bizning xalqimizda oilaning kattalari, xususan, ota-onalar yosh oilalarning mustahkamligiga garov bo‘lib kelganlar. Kelin-kuyovlar yoshlik qilib, o‘zaro kelisha olmay qolsalar, janjal qilsalar, ularni yarashtirishni o‘zlarining burchlari deb bilganlar. Har bir ota-ona avvalo o‘z farzandiga nasihat qilgan, undan keyin kelini yoki kuyoviga nasihat qilgan va oilalarning mustahkamligiga hissa qo‘shgan. Ba’zi holatlarda qattiqroq gapirib, do‘q-po‘pisa ham qilganlar.
O‘sha paytlarda “Falonchining qizi uyiga arazlab kelgan ekan, “Sening uying o‘sha yer, biznikidan ketgansan, yana shunday qilsang, sendan norozi bo‘laman” deb, qaytarib olib borib qo‘yishibdi” qabilidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinar edi. Shuningdek, “Falonchining o‘g‘li kelini bilan urishib qolgan ekan, “Agar kelinni yana bir marta xafa qiladigan bo‘lsang, unday qilaman, bunday qilaman” deb, o‘g‘li bilan rosa urishibdi” kabi gap-so‘zlar ham tarqalib turar edi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ikki tarafning kattalari nima qilib bo‘lsa ham, oila mustahkamligining qayg‘usini qilar edilar.
Muhtaram jamoat! Sir emaski, hozirgi vaqtda oilaviy ajralishlarning soni yil sayin ortib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida oilada erkak kishi ya’ni, qaynotaning beparvoligi sezilib qolmoqda. Ota oilaning rahbari sifatida oilaning boshqa a’zolari tomonidan yangi kelinga bo‘layotgan munosabatga beparvo bo‘lmasligi lozim. Ayniqsa, qaynona tomonidan kelinga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘linganda uni tartibga chaqirish, nohaqlikni oldini olish qaynotaning vazifasi. Payg‘ambarimiz s.a.v. marhamat qilganlar:
فعَنْ أَنَسٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «انْصُرْ أَخَاكَ ظَالِمًا أَوْ مَظْلُومًا» فَقَالَ رَجُلٌ: يَا رَسُولَ اللَّهِ، أَنْصُرُهُ إِذَا كَانَ مَظْلُومًا، أَفَرَأَيْتَ إِذَا كَانَ ظَالِمًا كَيْفَ أَنْصُرُهُ؟ قَالَ: «تَحْجُزُهُ، أَوْ تَمْنَعُهُ، مِنَ الظُّلْمِ فَإِنَّ ذَلِكَ نَصْرُهُ»
. (أخرجه البخاري)
ya’ni: Anas r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Birodaringizga zolim bo‘lsa ham mazlum bo‘lsa ham unga yordam bering”. Bir kishi so‘radi: Yo, Rasululloh! Mazlumga yordam beraman, biroq zolim bo‘lsa unga qanday qilib yordam berishim mumkin? Rasululloh s.a.v. dedilar: “Uni zulm qilishdan to‘xtatasan, ana shu unga yordaming bo‘ladi” (Buxoriy rivoyati).
Afsuslar bo‘lsinki, hozirda ko‘pgina oilalarning ajrashishiga sabab oilaning boshlig‘i erkak kishi o‘zini bir chetga olgan bo‘lib, natijada ayollar hamma ishda “xo‘jayin” bo‘lib qolishgan. Hali oila borasida tajribaga ega bo‘lmagan yosh kelinga pandu nasihat qilib, uni yo‘lga solish o‘rniga arzimagan mol-mulkni bahona qilib, kelinga toqatidan ortiq vazifalar yuklab, zulm qilib oxir oqibat ajralib ketishiga sabab bo‘layot qaynonalar bilsinlarki, qiyomat kunida qilgan zulmlari o‘zlarining boshlariga zulmat bo‘lib keladi. Bu toifadagi kishilarga nisbatan Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar:
عَن عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنهَا قَالَت :قَالَ رَسولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ :" إِنَّ شَرَّ النَّاسِ عِندَ اللهِ مَنزِلَةً يَومَ القِيَامَةِ مَن تَرَكَهُ النَّاسُ اِتقَاءَ شَرِّهِ"
(رواه البخاري)
ya’ni: “Qiyomat kunida Alloh taoloning nazdida eng yomon darajadagi inson odamlar uning yomonligidan saqlanish uchun tashlab ketilgan kimsadir”, deganlar. (Buxoriy rivoyat qilgan). Ya’ni, ne orzu havaslar bilan oila qurgan kelin qaynonaning jabru sitamiga chiday olmay uydan ketishga majbur bo‘lmoqda.
Bir yigitning onasi: “Xotiningni taloq qilmasang, seni oq qilaman”, - deb turib olgan ekan, u: “Taloq qildim”, - debdi. Bechora farzand ikki o‘t orasida qolgan: bir tarafda uni tug‘ib, katta qilgan ota-onasi, boshqa tarafda umid bilan bir yostiqqa bosh qo‘ygan umr yo‘ldoshi. Odamlar tarafidan Hasan Basriy rahmatullohi alayhiga: “Bir odamning onasi: “Xotiningni taloq qilasan”, deb turib olsa, nima qiladi?” deyilgan ekan. Hasan Basriy rahmatullohi alayhi aytibdilarki, xotinini taloq qilish onaga yaxshilik bo‘ladigan, ya’ni onaning xursandchiligi uchun qilinadigan ishlardan emas. Bu esa, onasi “Xotiningni taloq qilasan”, deb turib olsa, taloq qilish kerak emas, onasining bu talabi noto‘g‘ri talab, noshar’iy talab. Uni qilmasa, bolasi gunohkor bo‘lmaydi, deganidir.
Muhtaram azizlar! Oilani saqlashda er, ya’ni kelinning turmush o‘rtog‘ining ham o‘rni katta. Er kelinning haq-huquqlarini himoya qila olishi, buning uchun ota-ona bilan murosa-yu madora yo‘lini tutishi lozim. Aksincha, to‘ydan so‘ng kelinni butkul onasi yoki opa-singillarining hukmiga havola qilib qo‘yishligi adolatdan emas. Aks holda, bunday vaziyatda kelin o‘zini yolg‘iz va himoyasiz his qilib, oqibatda oilasiga nisbatan mehr qo‘yib keta olmaydi. Zero, oilali bo‘lgan erning zimmasida ayolini nafaqat yedirib-ichirish, uy-joy va kiyim-kechak bilan ta’minlash, balki unga shu oilaning haqiqiy a’zosi sifatida haq-huquqlaridan foydalanish, jumladan dam olish, ibodat qilish, bolalari tarbiyasi bilan shug‘ullanish kabi ishlarga ham imkoniyat yaratib berish majburiyati bor.
Muhtaram jamoat! Albatta, kelinning ham zimmasida oilada o‘ziga munosib majburiyatlari mavjud. Avvalo, yangi xonadonga kelishdan avval barcha zaruriy ta’limotlarni olgan bo‘lishi shart. Ayniqsa, sabru qanoat, shukru itoat kabi fazilatlarni o‘zida kasb qilgan bo‘lishi, yangi oila a’zolari bilan odob-axloq va izzat-hurmat me’yorlariga qat’iy rioya qilgan holda muomalada bo‘lish shular jumlasidandir. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘iga nisbatan hurmat va e’tibor eng oliy darajada bo‘lishi talab etiladi. Zero, bularning barchasi pirovard natijada ayolning oilada baxtu saodat topishi, qolaversa ulkan ajru savobga ega bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Demak, kelinning oiladagi asosiy vazifasi eri yaxshi ko‘rgan narsani sevib, u yoqtirmaydigan narsani qilmaslik bilan erining roziligiga erishish, qolaversa qaynota va qaynonalarini hurmatlarini joyiga qo‘yish bilan Allohning roziligini topishdan iboratdir.
Alloh taolo barchamizning oilalarimizni tinch va osoyishta bo‘lmog‘ini nasib aylab, O‘zi rozi bo‘ladigan amallarni bajarmog‘imizga muvaffaq qilsin. Omin!
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi