بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taolo insonlarni bir ota va bir onadan paydo qilib, ularni Yer yuzi bo‘ylab turli xil millat va elatlar shaklida tarqatib yubordi. Insonlarning bu kabi xilma-xilligi fitriy bo‘lib, Alloh taolo uni ilohiy hikmat ila joriy qildi. Ya’ni, bu bo‘linish ajralish uchun emas balki, birlashish va o‘zaro yaqinlashish uchun ekanligini Qur’oni karimda bayon qildi:
يَا أَيُّهَا النَّاسُ إِنَّا خَلَقْنَاكُمْ مِنْ ذَكَرٍ وَأُنْثَى وَجَعَلْنَاكُمْ شُعُوبًا وَقَبَائِلَ لِتَعَارَفُوا...
(سورة الحجرات/13)
ya’ni: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qo‘ydik. (Hujurot surasi, 13-oyat). Dinimizda mana shu haqiqatni bayon qilish orqali insonlarni birlikka, hamjihatlikda yashashga da’vat etiladi.
Ayni paytda dinimiz bizlarni o‘zaro ixtilof qilishdan, tafriqaga bo‘linishimizdan qaytaradi. Zero, ixtilof va tafriqa insonlarni bir-biridan uzoqlashtiradi, o‘rtada adovat va fitna paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa, dinda tafriqaga bo‘linish zalolat sanalib, insonning ikki dunyosini ham barbod bo‘lishiga olib boradi. Alloh taolo Qur’oni karimda:
أَنْ أَقِيمُوا الدِّينَ وَلَا تَتَفَرَّقُوا فِيه...
(سورة الشورى/13).
ya’ni: “Dinni barpo qilingiz va unda firqa-firqaga bo‘linmangiz!”, deb marhamat qilgan (Sho‘ro surasi, 13-oyat).
Muhtaram birodarlar! Tarixda turli xil firqalar chiqqan bo‘lib, ular Payg‘ambarimiz s.a.v. aytganlaridek o‘zlari ham zalolatda, o‘zgalarni ham to‘g‘ri yo‘ldan ozdirib, buzuq aqidalarga boshlaganlar. O‘z davrida ulamolar ana shunday toifalarga qarshi kurashib, ularning buzuq aqidalarini fosh etganlar, mo‘min-musulmonlarni zalolat yo‘llaridan ogohlantirganlar. Xususan, yurtimizdan chiqqan buyuk bobokalonimiz Abu al-Mu’in an-Nasafiy hazratlari bundan ming yil avval ana shunday oqimlarga qarshi raddiya o‘laroq o‘zlarining aqidaga oid asarlarini yozib qoldirganlar.
Ming afsuski, bizning zamonamizda ham adashgan, e’tiqodi buzuq bo‘lgan bir qancha firqa va toifalar mavjudki, ular hamon mo‘min-musulmonlarni sof islom yo‘lidan chalg‘itishga, ahli sunna val jamoa aqidasidan adashtirishga harakat qilmoqdalar.
Asli maqsadlari dunyoviy g‘araz, mansabu martabaga erishish, mo‘may daromad topishdan iborat bo‘lgan bunday g‘alamis toifa-yu firqalar dinimizda muqaddas sanalgan ulug‘ amallarni g‘ayri ma’noga burib odamlarni chalg‘itmoqdalar. Jumladan, o‘zlarining turli xildagi jinoyatlarini “xalifalik”, “shahidlik”, “hijrat” va “jihod” kabi atamalar bilan xaspo‘shlamoqdalar. Bu ham yetmagandek, o‘zlariga ergashmagan, ularga qarshi chiqqanlarni kofirga chiqarmoqdalar. Kofir deyishdan maqsad esa, ularga qarshi urush ochish, qonlarini to‘kib, mollarini talon taroj qilishdir. Holbuki, musulmonga qarshi qurol ko‘tarish, uning qonini to‘kish eng og‘ir gunohdir. Hadisi sharifda marhamat qilinadi:
ثَلَاثٌُ مَن فَعَلَهُنَّ فَقَد أَجرَمَ : "مَن اِعتَقَدَ لِوَاءً فيِ غيَرِ حَقِّ، أَو عَقَّ وَالِدَيهِ ، أَو مَشَى
مَعَ ظَالِم لِيَنصُرَهُ فَقَد أَجرَمَ ، يَقُولُ اللهُ سُبحَانَهُ :إِنَّا مِنَ الْمُجْرِمِينَ مُنْتَقِمُونَ .
ya’ni: “Uchta amal bor, kim shulardan birortasini qilsa, u jinoyatchidir: Kim nohaqlik ustiga bayroq tiksa, kim ota-onasiga oq bo‘lsa va kim zolimga yordam bersa. Alloh taolo aytadi: “Albatta, Biz (unday) jinoyatchilardan (dunyo va oxiratda) intiqom oluvchidirmiz”. (Sajda surasi, 22-oyat). Boshqa bir hadisda Payg‘ambarimiz s.a.v.:
فَقَالَ النَّبِيُّ : « لا يَحِلُّ لِمُسْلِمٍ أَنْ يُرَوِّعَ مُسْلِمًا »
(رَوَاهُ أَبُو دَاوُد).
ya’ni: “Musulmon kishi musulmonni qo‘rqitishi halol emas”, - dedilar (Abu Dovud rivoyati). Rivoyat qilinishicha, bir kuni Ibn Abbos r.a. Ka’baning devoriga suyanib turib shunday dedilar: “Ey, Ka’ba! Allohning nazdida hurmating naqadar ulug‘. Lekin, agar men seni yetti marotaba buzib vayron qilganimda ham bitta musulmonga bir marta ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.
Dinimizda o‘z yurtiga qarshi qurol ko‘targan, musulmonlar jamiyatiga qarshi urush e’lon qilgan, davlat rahbarlariga qarshi bosh ko‘targan toifani bog‘iylar (tajovuzkorlar) deb nomlanadi. Qur’oni karimda ularga qarshi kurashishga amr qilingan:
وَإِنْ طَائِفَتَانِ مِنَ الْمُؤْمِنِينَ اقْتَتَلُوا فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا فَإِنْ بَغَتْ إِحْدَاهُمَا عَلَى الْأُخْرَى فَقَاتِلُوا الَّتِي تَبْغِي حَتَّى تَفِيءَ إِلَى أَمْرِ اللَّهِ فَإِنْ فَاءَتْ فَأَصْلِحُوا بَيْنَهُمَا بِالْعَدْلِ وَأَقْسِطُوا
إِنَّ اللَّهَ يُحِبُّ الْمُقْسِطِينَ
سورة الحجرات/9
ya’ni: “Agar mo‘minlardan ikki toifa o‘zaro urushib qolsalar, darhol ular o‘rtasini isloh etingiz! Bas, agar ulardan biri, ikkinchisining ustiga tajovuzkorlik qilsa, bas, to (tajovuzkor toifa) Allohning amriga qaytgunicha, sizlar tajovuz qilgan (toifa) bilan urushingiz! Endi agar u (toifa tajovuzkorlikdan) qaytsa, sizlar darhol ularning o‘rtasini adolat bilan tuzatib qo‘ying va adolatli bo‘lingiz! Zero, Alloh adolatlilarni sevar”. (Hujurot surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, muhtaram yurtboshimizning xalqparvar siyosati o‘laroq avvalda ana o‘shanday buzg‘unchi oqim va toifalarning ta’siriga tushib qolgan, bugungi kunda adashganligini tushunib yetib chin dildan pushaymon bo‘lgan fuqarolarga nisbatan avf e’lon qilinmoqda. Ularni jamiyatda o‘z o‘rinlarini topib, sog‘lom hayotga qaytishlariga imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Biroq, adashganligini tan olmay, buzg‘unchi g‘oya va mafkurasidan voz kechmaydigan, ekstremistik oqimlarni qo‘llab quvvatlaydigan toifalarga nisbatan yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “bir jaholatga qarshi o‘n ma’rifat” shiori ostida kurash davom etaveradi.
Muhtaram ahli islom! Din ilmini bilmay turib Islom dini nomidan targ‘ibot va tashviqot qilayotgan har qanday kimsaga ergashib ketaverish yaramaydi. Ayniqsa, zamonaviy elektron vositalari, internet tarmoqlari orqali tarqatilayotgan diniy mavzudagi ma’lumotlarning hammasi ham sof islom g‘oyasiga, bizning aqidamizga to‘g‘ri kelavermaydi. Shuning uchun internet tarmog‘idan foydalanadigan farzandlarimizdan ogoh bo‘laylikki, toki ular ekstremistik oqimlar ta’siriga tushib, aldanib qolmasinlar.
Diniy ilmi yetarli bo‘lmagan kishining ilmsiz tarzda fatvo berishi ham odamlar orasida tafriqaga sabab bo‘luvchi omillardan biri sanaladi. Diniy ilmi bo‘lmagan kishining olimlikni da’vo qilishi takabburlikdir. Aslida bunday kimsalarni ilmdan gapirishga haqqi yo‘q. Avf ibn Molik r.a.dan rivoyat qilinadi, u kishi: “Odamlarga ilmdan faqat amir, yoki ma’mur, yoki mutakabbir gapiradi”, dedilar (Abu Dovud va Ibn Moja rivoyati). Ya’ni odamlarga va’z aytishga faqat mutasaddi rahbarning, yoki u tomonidan ijozat berilgan olim kishilarning haqqi bor. Ulardan boshqa kim voizlik qilsa, demak bu uning manmanligidan, o‘ziga bino qo‘yganligidandir.
Muhtaram birodarlar! Quyidagi hadisi sharif bilan so‘zimizga yakun yasaymiz.
عَنِ النُّعْمَانِ بْنِ بَشِيرٍ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَنْ لَمْ يَشْكُرِ الْقَلِيلَ،
لَمْ يَشْكُرِ الْكَثِيرَ، وَمَنْ لَمْ يَشْكُرِ النَّاسَ، لَمْ يَشْكُرِ اللَّهَ، وَالتَّحَدُّثُ بِنِعْمَةِ اللَّهِ شُكْرٌ، وَتَرْكُهَا كُفْرٌ، وَالْجَمَاعَةُ رَحْمَةٌ، وَالْفُرْقَةُ عَذَابٌ (البيهقي في شعب الايمان).
ya’ni: Nu’mon ibn Bashir r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: Kim oziga shukr qilmasa ko‘piga ham shukr qilmaydi. Kim insonlarga shukr qilmasa Allohga ham shukr qilmaydi. Alloh bergan ne’matni gapirish ham shukrdir, gapirmaslik kufrdir. Jamoat rahmat, tafriqa esa, kulfatdir”.
Alloh taolo barchalarimizni mehr-oqibatda hayot kechirmog‘imizga muyassar aylab, tafriqaga berilishimizdan o‘zi asrasin. Omin!
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi