Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Avgust, 2026   |   29 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:59
Quyosh
05:29
Peshin
12:28
Asr
17:23
Shom
19:31
Xufton
20:58
Bismillah
12 Avgust, 2026, 29 Safar, 1448

Dunyoning eng yirik 8 masjidi

07.07.2017   18102   5 min.
Dunyoning eng yirik 8 masjidi

Masjid ul-haram. Saudiya Arabistonining Makka shahrida joylashgan eng mo‘tabar va ulkan masjid. Unda qon to‘kish va shu kabi gunoh ishlar harom qilingani bois shunday nom bilan atalgan. Masjidning umumiy sahni 400.800 ming kv. metr bo‘lib, bir million bir yuz yigirma ming namozxonni sig‘dira oladi. Ka’ba eshigi 280 kg sof oltindan yasalgan. Uning to‘qqizta minorasi (har birining balandligi 95 metr), to‘rtta bosh darvozasi, qirq bitta eshigi bor. O‘n bitta yurarzinalar orqali masjidning ikkinchi va uchinchi qavatlariga chiqiladi.


Masjid un-nabiy. Saudiya Arabistonining Madina shahriga joylashgan.  Masjid qurilishida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning o‘zlari ishtirok etganlar. Masjid keyinchalik Hazrati Umar va Usmon (roziyallohu anhum) tomonidan bir necha bor ta’mirlanib, kengaytirilgan. Masjidning sahni yuz ming kv. metrdan ortiq bo‘lib, 1 milliondan ziyod kishini o‘z bag‘riga sig‘dira oladi. Masjidning 105 metrli ikkita, 75 metrli to‘rtta minorasi, o‘zi ochib-yopiladigan 27 ta tomi, 400dan ortiq ustunlari, 6800 ta qandillari bor.  Masjid ichida Payg‘ambar (alayhissalom)ning hamda Hazrati Abu Bakr Siddiq va Umar ibn Hattob (roziyallohu anhum)ning qabrlari joylashgan.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Ushbu masjiddagi namoz undan boshqalardagi mingta namozdan afzaldir. Masjidul Harom bundan mustasno”, dedilar.


Shayx Zayd masjidi. Me’morchilik san’atining durdona ko‘rinishi, dunyoning eng yirik masjidlaridan biri hisoblangan ushbu masjid Birlashgan Arab Amirligining poytaxti Abu-Dabida joylashgan. Masjid uning asoschisi va mamlakatning birinchi rahbari Zayd ibn Sulton Naxayana ismi bilan nomlangan. Qurilish ishlari 1996 yilda boshlanib, 12 yil davom etgan. Unda 3500dan ortiq dunyoning 38ta qo‘shma korxonalarining quruvchi, mutaxassislari mehnat qilgan. Masjidning rasmiy ochilishi 2007 yilning Ramazon oyida bo‘lgan. Masjid poklik ramzi bo‘lgan oq marmardan qurilgan. Masjid sig‘imi 41 ming namozxon uchun mo‘ljallangan. Shayx Zayd masjidi 82ta gumbaz, minglab ustun va qandillar hamda qo‘l mehnatida to‘qilgan dunyodagi eng katta gilam (bu gilamni mingta to‘quvchi bir yil davomida  to‘qigan) bilan bezatilgan. Masjidning asosiy binosida diametri 10 metr, balandligi 15 metr, og‘irligi 12 tonna bo‘lgan qandil o‘z nurini sochib turadi. Masjid kunduzi quyoshda oq va tilla, kechqurun esa boshqa ranglarda yarqirab turadi. 


Sulton Umar Ali Sayfuddin masjidi. Qirollik masjidi bo‘lgan ushbu masjid Bruney Sultonligining poytaxtida joylashgan. Masjid balandligi 52 metrni tashkil etadi. Tinch okeanidagi eng go‘zal masjid hisoblanadi. 1958 yilda zamonaviy uslubda qurilgan. 44 metr balandlikdagi minoralari marmardan, ustunlari oltindan ishlangan. Masjid atrofi ulkan bog‘ bilan o‘ralgan.


Zoxir masjidi. Ushbu masjid Malayziyaning Kedax shtatida joylashgan. Mamlakatning eng qadimiy va katta masjidi hisoblanadi. Masjidning umumiy maydoni 11 ming 500 kv. metr bo‘lib, 1912 yilda barpo etilgan. Masjidning beshta ustuni Islom dinining besh ustunini anglatadi.


Feysal masjidi. Janubi-sharqiy va janubiy Osiyodagi eng yirik, dunyodagi eng katta masjidlar orasida to‘rtinchi o‘rindagi Feysal masjidi Pokistonning Islomobod shahrida joylashgan. Masjid 90 metr balandlikdagi to‘rt minora bilan o‘ralgan. Uning qurilishi 1976 yilda boshlanib, 1986 yilda yakunlangan.  Masjid umumiy sahni 5 ming kv. metrni tashkil etadi. Masjid 300 mingga yaqin namozxonni sig‘dira oladi.   


Sulton Xussayn masjidi. Singapurda joylashgan ushbu masjid 1824 yilda Sulton Xusayn tashabbusi bilan barpo etilgan. Keyinchalik masjid yanada kengaytirildi va 1928 yil masjid ikki qavatli qilib qurildi. Masjid 5 ming nafar namozxon uchun mo‘ljallangan. Sulton Xussayn masjidining 2 ta gumbaz va 4 ta minorasi bor. Uning sahni 4100 ming kv. metrni tashkil etadi. 1960 va 1993 yillarda masjid qayta ta’mirlandi.


Sulton Sulaymon masjidi. Turkiya poytaxti Istambulning Vefa viloyatida joylashgan. 1550 yil Sulton Sulaymonning topshiriqiga binoan qurilgan. Masjid gumbazi 53 metr bo‘lib, 5 ming namozxonni sig‘dira oladi. 56 metr balandlikdagi 4 ta minora Sulton Sulaymonning mamlakatning to‘rtinchi podshohi ekanligini anglatadi. 136 ta deraza masjidni yorug‘ bo‘lishini ta’minlaydi. Masjid hovlisida Sulton Sulaymonning qabri bor.

Davron Nurmuhammad

tayyorladi

Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Majlislar omonatdir

06.08.2026   13747   4 min.
Majlislar omonatdir

بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ

عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:

« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »

 

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.

 

Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.

 

“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.

 

Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.

 

“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.

 

“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.

 

“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.

 

Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?

 

Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.

 

Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.

 

Manbalar asosida

T.NIZOM tayyorladi.

Maqolalar