Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Aprel, 2026   |   8 Zulqa`da, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:28
Peshin
12:26
Asr
17:13
Shom
19:19
Xufton
20:39
Bismillah
26 Aprel, 2026, 8 Zulqa`da, 1447

Eng boy inson

07.07.2017   8845   10 min.
Eng boy inson

Iymon e’tiqodli kishining shukronalik, sabr-bardosh va qanoat tuyg‘usi o‘z-o‘zidan uning xulq-atvorda, shaxs sifatlarida va oilaviy munosabatlarida qanchalik aks etishi, isbot talab qilinmaydigan haqiqatdir.

 Alisher Navoiy  hazratlari asarlarida keltirilgan qanoat, shukr so‘zlarining mazmun-mohiyatiga ahamiyat bersak, naqadar go‘zal holatda vasf qilinganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Misol uchun, “Mahbubul–qulub” asarida Qanoat  shunday bir chashmaki, uning suvi hech qachon qurimaydi, bir xazinaki, sarf etgan bilan kamaymaydi. Shunday bir ziroatgohki, urug‘idan izzat va shafqat hosili unadi. U go‘yo bir daraxtki, uning shohida hurmat mevasi pishadi…”– kabi fikrlarini bayon etgan. Mutafakkir insondagi irodani  qanoatga o‘xshatadi, uni sabrli bo‘lishga chorlaydi.

Muqaddas dinimiz ta’limotlarida qanoatli bo‘lish borasida kelgan ilohiy o‘gitlarga quloq solsak.

قال النبي - صلى الله عليه وسلم -: وَارْضَ بِمَا قَسَمَ اللهُ لَكَ تَكُنْ أَغْنَى النَّاسِ

 Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taolo senga taqsimlab bergan narsaga rozi bo‘l, shunda insonlarning eng behojatiga aylanasan”(Imom Termiziy rivoyati). 

“Rizo” (ya’ni berilgan narsalarga rozilik) achchiqlanish va g‘azablanishning aksi demakdir. Imom Muslim sahih to‘plamida keltirilgan hadisi sharifda bu ma’no  Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "أَعُوذُ بِرِضَاكَ مِنْ سَخَطِكَ" “(Allohim) Sening roziliging ila g‘azabingdan panoh so‘rayman” deya o‘rgatgan duolarida o‘z tasdig‘ini topgan. Boshqa bir hadisi sharifda Ul Zot shunday deydilar:

إن الله إذا أحب قوما ابتلاهم، فمن رضي فله الرضا، ومن سخِط فله السَّخَط

صحيح سنن الترمذي.

“Alloh taolo agar bir qavmni yaxshi ko‘rsa, o‘sha qavmni (musibat ila) imtihon qiladi. Kimda kim (bu qismatga) rozi bo‘lsa, (qiyomat kunida) unga ham rozilik bordir. Kimda kim (bu qismatga) g‘azab qilsa (qiyomat kunida) unga ham g‘azab bordir” (Imom Termiziy rivoyati).

Ulamolarimiz berilgan narsalarga rozilikka quyidagicha: “Rizo – qalbning Parvardigor ixtiyoriga taskin topmog‘idir” deb ta’rif berilgan bo‘lsa, yana boshqa bir ta’rifda “Rizo –taqdirning achchiqligi sababidan ham qalbning xursand bo‘lishidir”, deyilgan. Boshqa olimlar: “Har qanday hukmni xursandchilik ila qarshi olish”, yana bir ta’rifda esa “Har qanday hukm o‘qilganda ham jazavaga tushmaslik - rizodir” deb keltirilgan.

Rozilik taslim bo‘lib qo‘l qovushtirish emas. Chunki aslida taslim bo‘lish degani bu -  mag‘lubiyatga uchramoq va maqsadga erishish uchun  jiddu jahd  qilmaslikdir. Haqiqiy rozilik bo‘lsa, maqsadga yetishish uchun bor imkoniyatni ishga solish, mabodo erisha olmasa, ana shunda hech qanday jazavaga tushmasdan, g‘azablanib, achchiqlanmasdan Alloh taolo taqsimlab berganiga rozi bo‘lishdir. Bu ayni turmush qurib farzand ko‘ra olmagan, dardga chalinib shifo topa olmayotgan, Alloh taoloning taqdiri ila faqirlik, holi tanglikka uchrab qancha harakat qilsa ham bundan qutula olmayotgan kishilarning roziligidir.

Quyida Alloh taolo yozib, taqdir qilgan narsalarga rozi bo‘lishdek sifat ila ziynatlanishning shunday martabalari keladiki, natijada qalb doimiy sururni, nafs muqarrar ne’matlar hissini tuya boshlaydi.

Abdulvohid ibn Zayd aytadi: “Rozilik - Alloh taoloning ulug‘ eshigi, dunyo jannati (eng buyuk ne’mati) va obidlar chirog‘idir”.

Abu Abdulloh Barosiy aytadi: “Kimga rozilik in’om etilgan bo‘lsa, fazilat darajalarning eng yuqorisiga yetishibdi”.

Abu Usmon Hayriy: “Qirq yildan buyon Alloh taolo meni men yomon ko‘rgan holga tashlamadi va o‘sha holatdan meni men g‘azablanadigan boshqa bir holga ko‘chirmadi” (ya’ni har qanday holda ham men norizo bo‘lmadim, yomon ham ko‘rmadim, hech qachon g‘azablanmadim).

Alqama roziyallohu anhu: 

  وَمَنْ يُؤْمِنْ بِاللَّهِ يَهْدِ قَلْبَهُ 

“Kim Allohga iymon keltirsa Alloh uning qalbini hidoyatga boshlaydi” oyati borasida shunday deydi: “Bu kishiga yetgan musibat bo‘lib, kishi uni Allohning huzuridan ekanini biladi va unga taslim ila, rozi bo‘ladi”.

Omir ibn Qays aytadi: “Menga barcha musibatlarni yengil qilgan va har qanday balo-ofatlarga meni rozi qilgan Alloh taologa  haqiqatda muhabbat qo‘ydim. Unga bo‘lgan sevgim tufayli kecha va kunduzdagi bo‘layotgan narsalarga parvo qilmayman”.

Mana shu paytda musulmon kishi nazdida boylik va faqirlik pallalari teng bo‘ladi. Ibn Avn aytadi: “Banda hech qachon faqirlik paytidagi rizosi boylik paytidagi  rizosi bilan barobar bo‘lgan darajadagidek rizoning haqiqatiga yeta olmaydi”.

إن الله تعالى قسم بينكم أخلاقكم، كما قسم بينكم أرزاقكم، وإن الله تعالى يُعطي المال من أحب ومن لا يُحب، ولا يعطي الإيمان إلا من يحب

Rasululloh solllallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Albatta Alloh taolo xuddi orangizda rizqlaringizni taqsimlagani kabi o‘rtangizda sizlarning xulqlaringizni ham  taqsimladi. Alloh taolo yaxshi ko‘rganlariga ham va yaxshi ko‘rmagan kishilariga ham mol-mulk beraveradi. Iymonni esa faqat yaxshi ko‘rganlarigagina beradi”. (al-adab al-mufrad asari)

Alloh bergan rizq-ro‘z shak-shubhasiz, albatta yetib keladi. Banda Alloh taolo belgilab qo‘ygan rizqni yeb bo‘lmagunicha, belgilangan umrning hammasini o‘tamagunicha vafot etmaydi. Shunday ekan, qanday qilib nopok yo‘l bilan o‘zgalarning mulkiga daxl qilish, bu bilan yanada ko‘proq narsaga erishishni istash mumkin?

يقول النبي - صلى الله عليه وسلم -:ولا يحملن أحدَكم، استبطاءُ الرزق أن يطلبه بمعصية الله، فإن الله - تعالى - لا ينال ما عنده إلا بطاعته

صحيح الترغيب

Rasululloh sollallohu alyhi vasallam: “Rizqim kechikyapti deb hargiz gunoh ish bilan uni tezlatishni xayol qilmang. Allohning rizqiga faqat yaxshi yo‘l bilan erishish lozim”, - deya ta’kidlaganlar.

وفي الحديث: قد أفلح من أسلم ورُزِق كفافا، وقَنَّعَهُ الله بما آتاه

Boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sollollohu alyhi vasallam: “Musulmon bo‘lib, (muhtojlikdan) to‘sadigan darajada rizqlangan va Alloh uni O‘zi bergan narsalariga qanoatlantirib qo‘ygan kishi najot topibdi”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).

Rasululloh sollollohu alyhi vasallamning o‘zlari ham insonlarning eng afzali, Olamlar Parvardigorining sevikligi bo‘la turib, tog‘u toshlar U zot uchun oltinga aylanishi mumkin bo‘lgani holda yo‘qchilik ichra, faqirona hayot kechirishni afzal bilganliklari barchamizga o‘rnak bo‘ladi.

Qanoat eng katta boylikdir. Mol-u dunyo jannatga kirishni kechiktirishi ham mumkin. Zotan Nabiy sollollohu alayhi vasallam Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda:

يدخل الفقراء الجنة قبل الأغنياء بخمسمائة عام

صحيح سنن الترمذي

Kamabag‘allar jannatga boylardan besh yuz yil oldin kiradi”, - deb, faqirlik, tanglik va hojatmandlik ila sinalgan kishilarga hushxabar berganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Kambag‘allik ba’zilar o‘ylaganidek mol-u dunyosi kamligida emas, balki qanoat qilmaslikdadir. Agar kishi faqirligidan nolisa o‘zidanda nochorroq kimsalarga nazar solsin. Bu dunyoda millionlab insonlarning ichida undanda kambag‘alroq kishilar minglab topiladi. Ularga qarab inson Allohning bergan ne’matlariga nisbatan shukr qilishi, boriga qanoat qilishi lozim bo‘ladi.

Bu borada ham Rasululloh sollollohu alayhi vasallam juda go‘zal odob-axloq egasi va Parvardigoriga eng mahbub banda ekanliklarini isbotlab shunday deganlar:

يقول النبي - صلى الله عليه وسلم -:من رأى مبتلى فقال: الحمد لله الذي عافاني مما ابتلاك به وفضلني على كثير ممن خلق تفضيلا، لم يصبه ذلك البلاء

 صحيح سنن الترمذي.

“Kimda kim biror musibatga uchragan kishini ko‘rsa, “Sizni sinagan musibatdan meni saqlagan, O‘zi yaratgan ko‘pgina maxluqotlardan meni afzal qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin”, desin! O‘shanda ana shu musibat unga yetmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).

Bandaga musibat yetsa, chiroyli sabri va roziligi natijasida unga bir qancha fazilatlar beriladi. Bu xususda  Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning: “Agar men biror musibatga yo‘liqsam, Alloh taolo o‘sha musibatda menga to‘rt ne’matni in’om qilgan bo‘ladi: O‘sha musibat dinimda bo‘lmagani, (Allohning qadariga) rozilikdan mahrum bo‘lmaganim, bundanda og‘irroq musibat berilmagani va ana o‘sha musibat uchun savob umid qilishim mumkinligi”, deb aytgan so‘zlari barchamizni shukr qilishga, sabrli va Alloh taolo yozib qo‘ygan taqdiriga rozi bo‘lishga undaydi.

Xulosa o‘rinida biror bir kasallikni davolashdan oldin inson organizmida avvalo unga qarshi immunitet hosil  qilinadi. Biz ham yoshlarimiz qalbi va ongida nohush hodisalarga, besabrlilikka qarshi shukrona va qanoatlik tarbiyasini bera olsakgina, turli xil da’vatchilarning aldovlariga uchmaydigan o‘z Vatani va xalqi uchun fidoyi insonlarni tarbiyalay olamiz.

Alloh barchalarimizni shokir va qanoatli bandalaridan qilsin! 

 

Jaloliddin Hamroqulov,

Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Men  so‘rashdan  uyalaman

20.04.2026   8883   4 min.
Men  so‘rashdan  uyalaman

Ey Allohga va qiyomat kuniga ishonganlar, yuqorida aytilganlardan xulosa chiqarib o‘z holatlaringizni quyidagi so‘zlar asosida qiyoslab qo‘rishingiz mumkin. Alloh taolo aytadi:

“Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir!” (A’laa surasi, 17-oyat ).

Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Sadaqa bilan mol kamaymaydi” (Abu Kabsha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Termiziy, Imom Ahmad).

“O‘ziga nisbatan qilingan zulmni kechirgan inson, albatta, shu sababli ulug‘lik topadi” (Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan, Imom Muslim rivoyati).

“Sadaqa yetti yuz va undan ham ko‘proq marotabaga  ko‘payadi”  (“Riyozus-solihiyn” da xuddi ma’nodagi hadisi sharif bor “Sadaqa uchun yetti yuz mislicha qarshilik beriladi”, 2-jild, VI, 86, 95).

“Molini Alloh yo‘lida sarflaganning savobi 700 misligacha ortadi” (Imom Bayhaqiy).

“Bir bandaning rizqidan barcha insonu jin birlashib aqalli zarracha miqdorda kamaytirishga uringanlarida ham Allohning iznisiz bunga erisholmaydilar” (Abdulloh ibn Abbosdan Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Bilki, dunyo sendan yuz o‘girganda nafsingni bundan rozi holda topsang va hamda dunyodagi senga tegishli bo‘lgan nasibani tortib olib, seni undan mahrum etgan  xusumatchini shunday qilgani uchun seva olsang, haqiqiy iymon sohibi  ekansan.

Hozir men senga shunday bir mezon-ulchovni o‘rgatamanki uni yordamida o‘zing bemalol dunyo uchun qilingan amal qanday bo‘ladi va oxirat uchun qilingan amal qanday bo‘ladi, yaxshi farqlay oladigan bo‘lasan.


Shuni bilginki, odamlar o‘rtasida kelishmovchilik, xusumat va bahsu munozara keltirib chiqaradigan har qanday holat, bu dunyo uchun bo‘lgan amallarning natijasi bo‘lib, Alloh undan qaytargandir. Haqiqatni olib qaraganda, oxirat uchun qilingan amallarda dunyoga  o‘rin yo‘q, da’voyu janjal ham chiqmaydi. Bunday ishlarga kunduzlari ro‘zador bo‘lib, tunlari ibodat qilish, tez-tez sadaqalar ulashish, quduq va ariqlar qazib odamlarni serob qilishga o‘xshagan amallar kiradi.

Odatda oxirat uchun bo‘lgan xayrli ishlarda hech kim bir-biri bilan musobaqalashmaydi, talashmaydi, xusumatlashmaydi. Bu amallar uning natijasida biror bir dunyoviy manfaat, mukofot yo obro‘ ko‘zlanadigan  mudarrislik, shayxlik, ruhoniylik yo boshqa lavozimu mansabdorlik amallariga aslo o‘xshamaydi. Ya’ni dunyo uchun bo‘lgan amallarda, odamlarning bir-birlari bilan raqobatlashishlari, talashib tortishishlari, albatta, beiloj  bir holatdir. 

Bir gal kimdir rohibning ibodatxona xizmatchisiga bunday deyayotganini eshitib qolibdi: “Sen qanchalar iymoni zaif va savobga beparvo odamsan! Sen bu ishlaring bilan, xuddi musulmonlarga o‘xshab, go‘yo bir dunyoviy  manfiat ko‘zlayotganga o‘xshaysan!”.

Jumladan shu narsa ham ma’lumki, hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytilgan xizmatni bajarib bo‘lganlaridan so‘ng ham kelishilgan haqni talab qilishdan uyalganlar. Bir gal Allohning Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam kim bilandir sherikchilikda hazrati Xadicha onamiz raziyallohu anhoning qo‘ylarini boqib keldilar. U odam hazrati Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Ey Muhammad sollallohu alayhi vasallam! Xadichadan kelishilgan haqqimizni so‘rang”, deb iltimos qilib qoldi. Shunda  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men  so‘rashdan  uyalaman”, deb javob berdilar (Imom Shaaroniy, “Al-Bahrul mavrud fil-Mavosiqil uhud” asari, 49-bet).

Darhaqiqat, olim kishilar uchun lozimki dunyo boyliklarining asirligidan, mansabu hukumat talashish dardidan, obro‘-e’tibor, shuhratu ulo‘g‘lik da’vosidan tamomila qo‘l tortsinlar. Faqat ana shundagina ular haqiyqiy oxirat olimlari, payg‘ambarlar merosxuri, siyohlari tarozuda Alloh yo‘lidagi shahidlar qonidanda qiymatliroq qalam sohiblariga aylanadilar.

Mana bu muborak so‘zda aytilgan ma’no: “Olimning uyqusi ham ibodatdir” shundagina ularga tegishli bo‘lib qoladi. Shundagina ular abadiy hayotning na qadar go‘zalligiyu  porloqligini va foniy dunyoning manfurligiyu qabihligini his etadilar. Shundagina oxirat hayotini abadiyat manzili sifatida qadrlaydilar va bu dunyo hayotini arzimas, o‘tkinchi narsa sifatida nazarga ilmaydilar.

“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.

Maqolalar