Iymon e’tiqodli kishining shukronalik, sabr-bardosh va qanoat tuyg‘usi o‘z-o‘zidan uning xulq-atvorda, shaxs sifatlarida va oilaviy munosabatlarida qanchalik aks etishi, isbot talab qilinmaydigan haqiqatdir.
Alisher Navoiy hazratlari asarlarida keltirilgan qanoat, shukr so‘zlarining mazmun-mohiyatiga ahamiyat bersak, naqadar go‘zal holatda vasf qilinganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Misol uchun, “Mahbubul–qulub” asarida “Qanoat shunday bir chashmaki, uning suvi hech qachon qurimaydi, bir xazinaki, sarf etgan bilan kamaymaydi. Shunday bir ziroatgohki, urug‘idan izzat va shafqat hosili unadi. U go‘yo bir daraxtki, uning shohida hurmat mevasi pishadi…”– kabi fikrlarini bayon etgan. Mutafakkir insondagi irodani qanoatga o‘xshatadi, uni sabrli bo‘lishga chorlaydi.
Muqaddas dinimiz ta’limotlarida qanoatli bo‘lish borasida kelgan ilohiy o‘gitlarga quloq solsak.
قال النبي - صلى الله عليه وسلم -: وَارْضَ بِمَا قَسَمَ اللهُ لَكَ تَكُنْ أَغْنَى النَّاسِ
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “Alloh taolo senga taqsimlab bergan narsaga rozi bo‘l, shunda insonlarning eng behojatiga aylanasan”(Imom Termiziy rivoyati).
“Rizo” (ya’ni berilgan narsalarga rozilik) achchiqlanish va g‘azablanishning aksi demakdir. Imom Muslim sahih to‘plamida keltirilgan hadisi sharifda bu ma’no Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: "أَعُوذُ بِرِضَاكَ مِنْ سَخَطِكَ" “(Allohim) Sening roziliging ila g‘azabingdan panoh so‘rayman” deya o‘rgatgan duolarida o‘z tasdig‘ini topgan. Boshqa bir hadisi sharifda Ul Zot shunday deydilar:
إن الله إذا أحب قوما ابتلاهم، فمن رضي فله الرضا، ومن سخِط فله السَّخَط
صحيح سنن الترمذي.
“Alloh taolo agar bir qavmni yaxshi ko‘rsa, o‘sha qavmni (musibat ila) imtihon qiladi. Kimda kim (bu qismatga) rozi bo‘lsa, (qiyomat kunida) unga ham rozilik bordir. Kimda kim (bu qismatga) g‘azab qilsa (qiyomat kunida) unga ham g‘azab bordir” (Imom Termiziy rivoyati).
Ulamolarimiz berilgan narsalarga rozilikka quyidagicha: “Rizo – qalbning Parvardigor ixtiyoriga taskin topmog‘idir” deb ta’rif berilgan bo‘lsa, yana boshqa bir ta’rifda “Rizo –taqdirning achchiqligi sababidan ham qalbning xursand bo‘lishidir”, deyilgan. Boshqa olimlar: “Har qanday hukmni xursandchilik ila qarshi olish”, yana bir ta’rifda esa “Har qanday hukm o‘qilganda ham jazavaga tushmaslik - rizodir” deb keltirilgan.
Rozilik taslim bo‘lib qo‘l qovushtirish emas. Chunki aslida taslim bo‘lish degani bu - mag‘lubiyatga uchramoq va maqsadga erishish uchun jiddu jahd qilmaslikdir. Haqiqiy rozilik bo‘lsa, maqsadga yetishish uchun bor imkoniyatni ishga solish, mabodo erisha olmasa, ana shunda hech qanday jazavaga tushmasdan, g‘azablanib, achchiqlanmasdan Alloh taolo taqsimlab berganiga rozi bo‘lishdir. Bu ayni turmush qurib farzand ko‘ra olmagan, dardga chalinib shifo topa olmayotgan, Alloh taoloning taqdiri ila faqirlik, holi tanglikka uchrab qancha harakat qilsa ham bundan qutula olmayotgan kishilarning roziligidir.
Quyida Alloh taolo yozib, taqdir qilgan narsalarga rozi bo‘lishdek sifat ila ziynatlanishning shunday martabalari keladiki, natijada qalb doimiy sururni, nafs muqarrar ne’matlar hissini tuya boshlaydi.
Abdulvohid ibn Zayd aytadi: “Rozilik - Alloh taoloning ulug‘ eshigi, dunyo jannati (eng buyuk ne’mati) va obidlar chirog‘idir”.
Abu Abdulloh Barosiy aytadi: “Kimga rozilik in’om etilgan bo‘lsa, fazilat darajalarning eng yuqorisiga yetishibdi”.
Abu Usmon Hayriy: “Qirq yildan buyon Alloh taolo meni men yomon ko‘rgan holga tashlamadi va o‘sha holatdan meni men g‘azablanadigan boshqa bir holga ko‘chirmadi” (ya’ni har qanday holda ham men norizo bo‘lmadim, yomon ham ko‘rmadim, hech qachon g‘azablanmadim).
Alqama roziyallohu anhu:
وَمَنْ يُؤْمِنْ بِاللَّهِ يَهْدِ قَلْبَهُ
“Kim Allohga iymon keltirsa Alloh uning qalbini hidoyatga boshlaydi” oyati borasida shunday deydi: “Bu kishiga yetgan musibat bo‘lib, kishi uni Allohning huzuridan ekanini biladi va unga taslim ila, rozi bo‘ladi”.
Omir ibn Qays aytadi: “Menga barcha musibatlarni yengil qilgan va har qanday balo-ofatlarga meni rozi qilgan Alloh taologa haqiqatda muhabbat qo‘ydim. Unga bo‘lgan sevgim tufayli kecha va kunduzdagi bo‘layotgan narsalarga parvo qilmayman”.
Mana shu paytda musulmon kishi nazdida boylik va faqirlik pallalari teng bo‘ladi. Ibn Avn aytadi: “Banda hech qachon faqirlik paytidagi rizosi boylik paytidagi rizosi bilan barobar bo‘lgan darajadagidek rizoning haqiqatiga yeta olmaydi”.
إن الله تعالى قسم بينكم أخلاقكم، كما قسم بينكم أرزاقكم، وإن الله تعالى يُعطي المال من أحب ومن لا يُحب، ولا يعطي الإيمان إلا من يحب
Rasululloh solllallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Albatta Alloh taolo xuddi orangizda rizqlaringizni taqsimlagani kabi o‘rtangizda sizlarning xulqlaringizni ham taqsimladi. Alloh taolo yaxshi ko‘rganlariga ham va yaxshi ko‘rmagan kishilariga ham mol-mulk beraveradi. Iymonni esa faqat yaxshi ko‘rganlarigagina beradi”. (al-adab al-mufrad asari)
Alloh bergan rizq-ro‘z shak-shubhasiz, albatta yetib keladi. Banda Alloh taolo belgilab qo‘ygan rizqni yeb bo‘lmagunicha, belgilangan umrning hammasini o‘tamagunicha vafot etmaydi. Shunday ekan, qanday qilib nopok yo‘l bilan o‘zgalarning mulkiga daxl qilish, bu bilan yanada ko‘proq narsaga erishishni istash mumkin?
يقول النبي - صلى الله عليه وسلم -:ولا يحملن أحدَكم، استبطاءُ الرزق أن يطلبه بمعصية الله، فإن الله - تعالى - لا ينال ما عنده إلا بطاعته
صحيح الترغيب
Rasululloh sollallohu alyhi vasallam: “Rizqim kechikyapti deb hargiz gunoh ish bilan uni tezlatishni xayol qilmang. Allohning rizqiga faqat yaxshi yo‘l bilan erishish lozim”, - deya ta’kidlaganlar.
وفي الحديث: قد أفلح من أسلم ورُزِق كفافا، وقَنَّعَهُ الله بما آتاه
Boshqa bir hadisi sharifda Rasululloh sollollohu alyhi vasallam: “Musulmon bo‘lib, (muhtojlikdan) to‘sadigan darajada rizqlangan va Alloh uni O‘zi bergan narsalariga qanoatlantirib qo‘ygan kishi najot topibdi”, deb marhamat qilganlar (Imom Muslim rivoyati).
Rasululloh sollollohu alyhi vasallamning o‘zlari ham insonlarning eng afzali, Olamlar Parvardigorining sevikligi bo‘la turib, tog‘u toshlar U zot uchun oltinga aylanishi mumkin bo‘lgani holda yo‘qchilik ichra, faqirona hayot kechirishni afzal bilganliklari barchamizga o‘rnak bo‘ladi.
Qanoat eng katta boylikdir. Mol-u dunyo jannatga kirishni kechiktirishi ham mumkin. Zotan Nabiy sollollohu alayhi vasallam Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda:
يدخل الفقراء الجنة قبل الأغنياء بخمسمائة عام
صحيح سنن الترمذي
“Kamabag‘allar jannatga boylardan besh yuz yil oldin kiradi”, - deb, faqirlik, tanglik va hojatmandlik ila sinalgan kishilarga hushxabar berganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Kambag‘allik ba’zilar o‘ylaganidek mol-u dunyosi kamligida emas, balki qanoat qilmaslikdadir. Agar kishi faqirligidan nolisa o‘zidanda nochorroq kimsalarga nazar solsin. Bu dunyoda millionlab insonlarning ichida undanda kambag‘alroq kishilar minglab topiladi. Ularga qarab inson Allohning bergan ne’matlariga nisbatan shukr qilishi, boriga qanoat qilishi lozim bo‘ladi.
Bu borada ham Rasululloh sollollohu alayhi vasallam juda go‘zal odob-axloq egasi va Parvardigoriga eng mahbub banda ekanliklarini isbotlab shunday deganlar:
يقول النبي - صلى الله عليه وسلم -:من رأى مبتلى فقال: الحمد لله الذي عافاني مما ابتلاك به وفضلني على كثير ممن خلق تفضيلا، لم يصبه ذلك البلاء
صحيح سنن الترمذي.
“Kimda kim biror musibatga uchragan kishini ko‘rsa, “Sizni sinagan musibatdan meni saqlagan, O‘zi yaratgan ko‘pgina maxluqotlardan meni afzal qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin”, desin! O‘shanda ana shu musibat unga yetmaydi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bandaga musibat yetsa, chiroyli sabri va roziligi natijasida unga bir qancha fazilatlar beriladi. Bu xususda Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning: “Agar men biror musibatga yo‘liqsam, Alloh taolo o‘sha musibatda menga to‘rt ne’matni in’om qilgan bo‘ladi: O‘sha musibat dinimda bo‘lmagani, (Allohning qadariga) rozilikdan mahrum bo‘lmaganim, bundanda og‘irroq musibat berilmagani va ana o‘sha musibat uchun savob umid qilishim mumkinligi”, deb aytgan so‘zlari barchamizni shukr qilishga, sabrli va Alloh taolo yozib qo‘ygan taqdiriga rozi bo‘lishga undaydi.
Xulosa o‘rinida biror bir kasallikni davolashdan oldin inson organizmida avvalo unga qarshi immunitet hosil qilinadi. Biz ham yoshlarimiz qalbi va ongida nohush hodisalarga, besabrlilikka qarshi shukrona va qanoatlik tarbiyasini bera olsakgina, turli xil da’vatchilarning aldovlariga uchmaydigan o‘z Vatani va xalqi uchun fidoyi insonlarni tarbiyalay olamiz.
Alloh barchalarimizni shokir va qanoatli bandalaridan qilsin!
Jaloliddin Hamroqulov,
Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
Toshkent shahar “Novza” jome masjidi imom xatibi
Butun dunyoda ilmiy jamoatchilikning oldida turgan dolzarb masalalardan biri – bu ekologik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash bilan bog‘liq tadqiqotlarni yanada keng ko‘lamda olib borishdan iborat. Zero, bugungi kunda barqaror ekologik vaziyatni, atrof-muhit musaffoligini saqlash va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishning muhim subyektiv omili bo‘lgan ekologik ongni shakllantirish, rivojlantirish va yuksaltirish, shuningdek “ekologiya sohasidagi ishlarning ahvolini yaxshilash” [1:20-21] dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Fuqarolar ayniqsa, yoshlarning ekologik ongi va madaniyatini yuksaltirish bilan bog‘liq masalalarni tadqiq qilish orqali ularning atrof muhit sofligini ta’minlashdagi mas’uliyatini yanada oshirib borish bugungi kunning asosiy vazifasiga aylandi.
Tarixiy taraqqiyotdan ma’lumki, inson tabiatning bir bo‘lagi sifatida Alloh in’om etgan ne’matlardan o‘z ehtiyojini doimiy ravishda qondirib kelgan. Ammo bugungi kunda bu ehtiyojlarning oshib borishi va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilishi ko‘plab muammolarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, tabiat muvozanatining buzilishida antropogen ta’sirning oshib borayotganini alohida ta’kidlash joiz. Zero, insoniyat taraqqiyotining bugungi bosqichida ilm-fan, texnika shu darajada rivojlandiki, bu yadro energiyasi, quyosh energiyasi, kimyo sanoatining rivojlangani, ishlab chiqarishning avtomatlashtirilgani, axborot texnologiyalarining rivojlantirilgani va fan-texnikaning boshqa yanada murakkab sohalarining o‘zlashtirilgani bilan xarakterlanadi. Shu bilan birga tabiatning yer osti va yer usti boyliklaridan sof iqtisodiy utilitar-merkantil manfaatlar yo‘lida foydalanish “tabiat-jamiyat-inson” tizimidagi munosabatlarning kun sayin buzilishiga, bu esa o‘z navbatida, aql bovar qilmas yangi ekologik muammolarning yuzaga kelishiga olib kelmoqda. Bu muammolarni bartaraf etish bugungi kunda insoniyatning oldidagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Bu borada O‘zbekistonning birinchi prezidenti I.A.Karimov haqli ravishda: “Ekologiya hozirgi zamonning keng miqyosdagi keskin ijtimoiy muammolaridan biridir, uni hal etish barcha xalqlarning manfaatlariga mos bo‘lib, sivilizatsiyaning hozirgi kuni va kelajagi ko‘p jihatdan ana shu muammoning hal qilinishiga bog‘liqdir” [2:110], deb ta’kidlagan edi. Darhaqiqat, bugun barcha xalq, millat va elatlarning vazifasi – bu atrof-muhitga ziyon yetkazmagan holda tabiat boyliklaridan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilishdan iborat. Bu vazifani bajarishda jamiyat a’zolarining, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlodning tarbiyasida tabiiyki, ezgulik g‘oyalari singdirilgan insonni tabiatga munosabatini barqarorlashuviga xizmat qiluvchi eng muhim qadriyatlarimizdan biri bo‘lgan islom dining ahamiyati beqiyos.
Bizga ma’lumki, islom dini ezgulikka asoslangan bo‘lib, insonlarni halollikka, poklikka, tabiatga nisbatan odilona, oqilona munosabatda bo‘lishga da’vat etadi. Hadislarda Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) aytadilar: “Pok bo‘linglar, zero Islom pok dindir va faqat pok kishilar jannatga kirur” [3:3]. Islom dini odamlarni atrof-muhitni asrashga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga zarar yetkazmaslikka, ne’matlardan o‘z ehtiyoji uchun foydalanganda isrof etmaslikka, Alloh yaratgan tabiatdagi muvozanatni va jipslikni buzmasdan ulardan to‘g‘ri foydalanishga, ona zaminga mehr-muhabbatli bo‘lishga va tabiatdan oqilona foydalanishga chaqiradi.
Jumladan, “Baqara” surasining 205 oyatida o‘simlik va hayvonot olami inson uchun eng zarur narsalar ekani ta’kidlangan. Kim bularga zarar yetkazsa, insoniyatga zarar yetkazgan bo‘ladi. Qur’oni Karimda barcha jonzotlar insonlar kabi “ummat” ekani ta’kidlanadi. Aynan shu ta’kid insonni o‘zi kabi ummat bo‘lgan barcha jonli mavjudotga nisbatan mehribon bo‘lishga undaydi. Bu xususda Alloh taolo “An’om” surasida bunday deydi: “Yer yuzidagi har bir jonzot va ikki qanoti ila uchuvchi qush borki, hammasi siz kabi ummatlardir” (38 oyat), ya’ni hayvonlarning har bir turi yoki oilasi alohida olingan ummat hisoblansa, aynan shu hukm bilan ular boshqa ummatlar orasida yashashga, mavjudlik haqqiga egadir [4:257].
Islom dinida hayvonot olamiga alohida e’tibor berilgani kabi nabotot olamiga ham juda katta urg‘u beriladi. Unga ko‘ra nabotot olami Allohning insonga ato qilgan ulug‘ ne’matlaridan biri bo‘lib, bu olam bo‘lmasa, yer yuzida hayot bo‘lmas edi. Jumladan, Zumar surasi, 21oyatda “Alloh osmondan suv tushirib, uni yerdagi manbalardan oqizib qo‘yganini ko‘rmadingizmi! So‘ngra u ila turli rangdagi ekinlarni chiqaradi. Keyin u quriydi. Bas, uni sarg‘aygan holida ko‘rursan. So‘ngra uni quruq cho‘pga aylantirur. Albatta, bunda aql egalari uchun eslatma bordir” [5:43], deb aytilgan. Shuning uchun ham Alloh bu olamni insonga hayot vositasi, unga va chorvasiga rizq qilib bergani haqida ko‘p g‘oyalar ilgari surilgan. Ko‘rinib turibdiki, atrof muhitni toza saqlash, tabiatni muhofaza qilish, Alloh in’om etgan hayvonot va nabotot olami inson manfaatlariga xizmat qiladi. Xususan, “U quyosh va oyni muttasil harakatlantirib, sizga beminnat xizmatkor qilib qo‘ydi. Shuningdek, sizga kecha ila kunduzni ham beminnat xizmatkor qilib qo‘ydi. Va U sizga barcha so‘ragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o‘ta zolim va o‘ta noshukurdir” (Ibrohim surasi, 33-34-oyatlar). “Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni – hammasini O‘z tomonidan beminnat xizmatkor qilib qo‘ydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat (belgi)lar bordir” (Josiya surasi, 13-oyat) [6:30-31], kabi misollarni ham keltirib o‘tish mumkin.
Yer yuzidagi barcha narsalar inson uchun yaratilgan, ularga oqilona yondashgan holda, to‘g‘ri va yaxshi munosabatda bo‘lish maqsadga muvofiqdir. Zero, Alloh taolo “Baqara” surasining “U yer yuzidagi barcha narsani sizlar uchun yaratgan” deb boshlanadigan 29-oyatida inson uchun, uning tasarrufi va foydasi uchun yaratgan narsalarga, jumladan, yer osti boyliklari va konlarga ishora qiladi [7:48-49].
Biz buni to‘g‘ri anglagan holda yurtimizda yangi avlod, yangi tafakkur sohiblarini tarbiyalashdek mas’uliyatli vazifani ado etishda birinchi galda ma’naviy qadriyatlarimizda ilgari surilgan g‘oyalarga tayanishimiz kerak. Bu g‘oyalar yoshlarning tabiatga va hayvonot dunyosiga bo‘lgan ijobiy munosabatini shakllantirishda, umuman “tabiat-jamiyat-inson” tizimi munosabatlarini uyg‘unlashtirishda beqiyos ahamiyatga ega.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, islom dini xalqimizning tabiatga munosabatini to‘g‘ri shakllanishida muhim ahamiyat kasb etadi. U ona Vatanimizning tabiatini asrab-avaylashga bo‘lgan mehr-muhabbatni kuchaytiradi va uni asrash orqali o‘sib kelayotgan avlod uchun zarur hayotiy shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, “tabiat-jamiyat-inson” tizimi munosabatlarini muvozanatga keltirishda, Alloh in’om etgan ne’matlardan oqilona foydalanish, tabiatni asrab-avaylashga oid islom dinidagi g‘oyalardan unumli foydalanish maqsadga muvofiqdir. Zero, ma’naviy qadriyatlarimiz asosida farzandlarimizning ongiga atrof-muhitni ozoda tutish, havoning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaslik, mamlakatimiz tabiatini, hayvonot va o‘simlik dunyosini asrash kabi tushunchalarni singdirib borishimiz kerak.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
Sh.M.Mirziyoyev. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak. – T.: O‘zbekiston, 2017.
I.A.Karimov. O‘zbekiston XXI asr bo‘sag‘asida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari // Xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lida. T.6. – T.: 1998.
M.No‘monov. Islomda tabiatga munosabat. –T.: Movarounnahr, 2011.
Sh.Otaboyev, S.Mirvaliyev va E.Tursunov – Ekologiyada madaniyat va ma’naviyat muammolari. –T.: Nishon noshir nashriyoti, 2009 y.
Sayyid Mubashshir Taroziy Sof tabiat dini / Tarj. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. – T.: Hilol-nashr, 2019.
Husan JURAQULOV,
Falsafa fanlari bo‘yicha
falsafa doktori (PhD), dots.nt