بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Ma’lumki, Islom dini insonlarni, o‘zaro hamjihatlikda yashashga targ‘ib etadi. Bunda esa, insonlarning o‘zaro samimiy munosabatda bo‘lishlari muhim o‘rin tutadi. Dinimizning bosh g‘oyasi nasihat, ya’ni samimiylikdan iborat bo‘lib, avvalda o‘tgan payg‘ambarlar ham o‘z qavmlariga nasihat qilganliklari haqida Qur’oni karimda xabar berilgan. Masalan, Nuh a.s. o‘z qavmiga xitob qilar ekan:
أُبَلِّغُكُمْ رِسَالَاتِ رَبِّي وَأَنْصَحُ لَكُمْ
ya’ni: “Sizlarga Rabbimning topshiriqlarini yetkazurman va sizlarga nasihat qilurman...”, degan (A’rof surasi, 62-oyat). Solih a.s. ham o‘z qavmini azobdan ogohlantirganida shunday degan:
وَقَالَ يَا قَوْمِ لَقَدْ أَبْلَغْتُكُمْ رِسَالَةَ رَبِّي وَنَصَحْتُ لَكُمْ وَلَكِنْ لَا تُحِبُّونَ النَّاصِحِينَ
ya’ni: “Ey qavmim! Men sizlarga Rabbimning topshirig‘ini yetkazdim, sizlarga nasihat qildim, lekin (sizlar) nasihatgo‘ylarni yoqtirmaysiz” (A’rof surasi, 79-oyat). Boshqa payg‘ambarlarning ham o‘z qavmlariga nasihat qilganliklari haqida Qur’oni karimda xabar berilgan.
Payg‘ambarimiz s.a.v. hadislarining birida marhamat qiladilar;
عَنْ تَمِيمٍ الدَّارِيِّ رضي الله عنه : أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ :"الدِّينُ النَّصِيحَةُ . قُلْنَا لِمَنْ ؟ قال : لِلَّهِ وَلِكِتَابِهِ وَلِرَسُولِهِ وَلِأَئِمَّةِ الْمُسْلِمِينَ وَعَامَّتِهِمْ"
(رواه البخاري ومسلم)
ya’ni: Tamim ad-Doriy r.a.dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambar s.a.v.: “Din nasihatdir”, dedilar. Biz: “Kimga? – deb so‘radik. U zot: “Allohga, Uning kitobiga, Uning rasuliga, musulmonlarning imomlariga va musulmonlar ommasiga”, – dedilar (Buxoriy va Muslim rivoyati). Ushbu hadis dinimizning asosini bayon etuvchi manbalardan biridir.
Nasihatning ma’nosi o‘zgalarga nisbatan samimiy munosabatda bo‘lish, demakdir. Shu ma’noda Payg‘ambarimiz s.a.v. nasihat kimlarga bo‘lishini birma-bir sanab o‘tdilar.
Birinchisi, Allohga nasihat bu – Unga hech narsani shirk keltirmagan holda xolis ibodat qilmoqlik, Unga mudom itoatda bo‘lib, osiy bo‘lishdan saqlanmoqlik, uning ato etgan ne’matlariga shukr qilib kufroni ne’mat qilmaslik, Allohga bo‘lgan imonini mustahkam tutib, har bir ishda unga tavakkul qilmoqlik va O‘zidangina madad tilamoqlik.
Allohga nasihat jumlasiga taqdirning yaxshisini ham yomonini ham Allohdan deb bilib, unga rozi bo‘lish ham kiradi. Ba’zilar taqdirdan norozi bo‘lib, umidsizlikka berilishi, tushkunlikka tushishi oqibatida, hatto o‘z joniga qasd qilishdek og‘ir gunohga ham qo‘l urib qo‘yadilar.
Ikkinchisi, Uning kitobiga nasihat bu – Qur’oni karimni Allohning kalomi ekanligiga chin imon keltirgan holda undagi xabarlarni tasdiqlash, uning ahkomlariga amal qilish, qaytarganlaridan qaytish, uni to‘g‘ri tilovat qilib, unda g‘uluvga ketmaslik, uning mutashobih oyatlariga imon keltirish bilan tasdiqlamoqlik.
Ba’zilar bu borada ham xatoga yo‘l qo‘yib, oqibatda zalolatga ketganlar. Ilmsizlik bilan Qur’onning mutashobih oyatlari ustida bahs yuritib, turli buzg‘unchi toifalarning chiqishiga sabab bo‘lganlar.
Uchinchisi, Uning rasuliga nasihat bu – Muhammad s.a.v.ni Allohning haq payg‘ambari ekanligiga chin imon keltirgan holda U zotning Allohdan keltirganlariga ergashish, qaytarganlaridan qaytish, axloqlaridan ibrat olish, sahih sunnatlariga rioya qilish va ularni bid’atdan himoya qilish.
Ba’zi toifalar faqat Qur’onni tan olib, Payg‘ambarning sunnatlarini tan olmaydilar, yana ba’zilari sunnatga amal qilamiz degan da’vo zamirida mo‘tabar fiqhiy mazhablarni inkor etadilar. Vaholanki, to‘rtala mazhablar ham ulamolarning ijtihodlari asosida Rasulullohning sunnatlariga tayangandir.
To‘rtinchisi, musulmonlarning imomlariga nasihat. Dunyoviy ishlardagi rahbarlarni ham, diniy ishlardagi ulamolarni ham bir so‘z bilan imom deyiladi. Demak, musulmonlarning imomlariga nasihat bu – davlat rahbarlariga sadoqat bilan itoat etmoqlik, ularning amru farmonlarini bajarmoqlik, boshqaruv ishlarida ularga ko‘maklashmoqlik, ularga qarshi isyon qilmaslik, ulamolarga ergashmoqlik, ular haqida yaxshi gumonda bo‘lmoqlik, ularni payg‘ambarlarning merosxo‘ri deb ehtirom qilmoqlik. Chunki, davlat rahbarlari musulmonlarning dunyoviy ishlarini yurgizadilar, ularning xavfsizligini, mol-mulki, haq-huquqi, obro‘-e’tiborining daxlsizligini ta’minlaydilar. Diniy ulamolar esa, musulmonlarni halollikka chaqiradilar, ibodat va amallari to‘g‘ri va maqbul bo‘lish yo‘llarini ko‘rsatadilar, yaxshilikka buyurib, yomonliklardan qaytaradilar, bir so‘z bilan aytganda dunyo va oxirat obodligi yo‘llariga chorlaydilar.
Rahbarlarga itoat qilmaslik fisqu fasodning ko‘payishi, inson huquqi va hurmati poymol bo‘lishi, qonlar to‘kilib, mollar talon-taroj qilinishiga olib kelsa, ulamolarni ehtirom qilmaslik esa ularning va’z nasihatlari va fatvolariga bee’tibor bo‘lish, gunoh va ma’siyatlardan hazar qilmaslik, umuman dinga nisbatan hurmatsizlikni paydo bo‘lishi, fitna va ixtiloflarning avj olishiga sabab bo‘ladi.
Tarixda ham, xozirda ham rahbarlariga isyon qilingan, ulamolari bilan ixtilofga borilgan yurtlarda tinchlik va barqarorlik yo‘qolganligi, turli xil e’tiqodiy toifalar ko‘payib ketganligiga guvohmiz.
Beshinchisi, musulmonlar ommasiga nasihat bu – barcha musulmonlarga birdek yaxshi munosabatda bo‘lish, kishi o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani boshqalar uchun ham yaxshi ko‘rmoqlik, o‘ziga yoqmagan narsani o‘zgalarga ham ravo ko‘rmaslik, ularga amri ma’ruf va nahyi munkar qilishlikdir.
Shuningdek, ularni dunyo obodligi va oxirat foydalariga yo‘llash, bu borada yordam qilish, ularni ehtiyot qilish, ulardan turli zarar va ofatlarni bartaraf qilish, ularga yumshoqlik va ixlos bilan amri ma’ruf qilish, ularga mehr-muruvvat ko‘rsatib, shafqat qilish, kattalarini hurmatlab, kichiklarini izzat qilish va rahmdil bo‘lish, mol-dunyo, obro‘-e’tibor va nomuslarini himoya qilish, ularni yuqorida zikr etilgan barcha go‘zal axloqlar bilan xulqlanishiga qiziqtirish kabilar.
Alloh taboraka va taolo insonlarga o‘z habibi Muhammad sallolohu alayhi vassalamni payg‘ambarlarning oxirgisi qilib yubordi va uni go‘zal odob-axloq, mehr-muruvvat, olijanob fazilatlar sohibi qildi.
Aloh taolo marhamat qilib aytdi:
وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ
ya’ni: “Albatt, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat).
Darhaqiqat, Payg‘ambarimiz sallolohu alayhi vassalam o‘zlarining chiroyli xulq odoblari bilan barcha ummatga namunadirlar. Zero, u zot hadislarning birida marhamat qilib aytganlar:
قال عليه الصلاة والسلام:"إِنَّمَا بُعِثتُ لِأُتَمِّمَ مَكَارِمَ الأَخلَاقِ"
رواه البخاري
و الحكم و البيهقي
“Men eng yaxshi xulqlarni kamoliga yetkazish uchun yuborildim” (Buxoriy, Hokim va Bayhaqiy rivoyati).
O‘zgalarning og‘irini yengil qilish, hojatlarini chiqarish, muammolarini hal etishga ko‘maklashish, adashganlariga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yaxshi-yomon kunida yonida turish musulmonlarga nisbatan samimiylikning yorqin ko‘rinishlaridir. Bugungi kunda jamiyatimizda bunday ishlar davlatimiz siyosatining ajralmas qismini tashkil etib, kundalik hayot tarzimizga aylanib bormoqda.
Aziz jamoat! Xabaringiz bor shu yilning 10-11 mart kunlari muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrif buyurganida viloyatda “Mir Arab” oliy madrasasini tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edilar. Hozirda ushbu oliy madrasa tashkil qilinib, 2017-2018 o‘quv yili uchun abituriyentlardan hujjatlarini qabul qilish jarayonlari ketmoqda. Shubha yo‘qki, ushbu oliy madrasada ham xalqimiz uchun yetuk din peshvolari ta’lim olib chiqib, xalqimiz ma’naviyatining yanada yuksalishiga sababchi bo‘ladilar, albatta.
Alloh taolo barchalarimizni o‘zaro mehru oqibatda hayot kechirmog‘ligimizga muvaffaq aylab, yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligini bundan ham ziyoda qilsin. Omin!
Ilova: Muhtaram imom-domla! Tagiga chizib ajratilgan satrlarni misollar bilan kengroq bayon etishingizni so‘raymiz.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi