Sayt test holatida ishlamoqda!
15 Avgust, 2026   |   2 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:04
Quyosh
05:32
Peshin
12:28
Asr
17:20
Shom
19:27
Xufton
20:52
Bismillah
15 Avgust, 2026, 2 Rabi`ul avval, 1448

“Amallar niyatga qarab bo‘ladi”

25.06.2017   10837   2 min.
“Amallar niyatga qarab bo‘ladi”

Uzoq yo‘lga otlangan bir musofir kishi bepayon yalanglikda ketar ekan uzoqdan bir daraxtga ko‘zi tushib, otini o‘sha tarafga burdi. U daraxt tagiga yetganida otidan tushib qo‘liga qoziqni oldi va uni daraxt soyasi tushadigan yerga qoqib unga otini bog‘lab qo‘ydi. Soyada ovqatlanib bir oz hordiq chiqargandan so‘ng otiga minar ekan “Mendan keyin kelgan yo‘lovchilar ham ulovlarini shu qoziqqa bog‘lab, undan foydalansa savobi tegar”, deya qozig‘ini qoqilgan joyida qoldirdi va otiga minib yo‘lida davom etdi.

Bir qancha vaqtdan keyin boshqa  bir yo‘lovchi o‘sha yerdan o‘tib ketar ekan, u ham daraxt soyasi ostida dam olish uchun ulovini daraxtga bog‘ladi. Vaqt peshindan bir oz o‘tib qolgani uchun daraxt soyasi ham o‘zidan bir oz uzoqlashgan edi. Yo‘lovchi daraxt tagidan soya tarafga yurar ekan oyog‘i nogoh o‘tlar orasida nimagadir tegib qoqilib  tushdi. Turib qarasa, yerga qoqib qo‘yilgan qoziq turibdi. Mendan keyin kelgan yo‘lovchilar unga chalinib yiqilib tushmasin, deb uni sug‘urib olib uloqtirdi.

Ularning birining ishi to‘g‘ri, boshqasiniki esa noto‘g‘ri bo‘lishi kerak. Ammo, Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan “Amallar niyatlarga qarab bo‘ladi”, degan mashhur hadisga ko‘ra, bu yo‘lovchilarning har biri qilgan ishi uchun mukofotlanadi va ularga savob va’da qilinadi. Chunki har ikkalasining ham qalbida odamlarga yaxshilik qilish va ezgulik bor edi. Shuning uchun ham bu voqeada har ikkala holat ham to‘g‘ri deb baholanadi. Demak, har qanday oddiy ishni qilayotganimizda niyatimizni chiroyli qilsak, amallarimiz savobli va ikki dunyoda ham foydali bo‘lar ekan.

Rabbimiz naqadar mehribon!

Sh.CHO‘LPONOV,

Toshkent islom institutining “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi  

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

11.08.2026   23835   1 min.
Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Vaqf” xayriya jamoat fondining Jizzax viloyati filiali tomonidan xayriya tadbiri tashkil etildi.

Viloyatning turli hududlaridan bo‘lgan boquvchisini yo‘qotgan 35 nafar bolaning xatna to‘yi qilib berildi.

Tadbirda bolajonlarga velosiped, kostyum-shim va ko‘ylaklar, shirinliklar qutisi sovg‘a qilinib, bayram dasturxoni yozildi.

Bolajonlarga qo‘shilib, ularning yaqinlari ham quvonchdan tashakkur aytib, tashkilotchilar, Yurtboshimiz haqlariga duolar qilishdi.

Shuningdek, tadbir doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj, boquvchisini yo‘qotgan hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilib, ularga ham hadyalar ulashildi.

Bunday ezgu tashabbuslar jamiyatda o‘zaro mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, yosh avlod qalbida Vatanga muhabbat va insonparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda Bayram shukuhi Jizzaxda ham davom etmoqda
O'zbekiston yangiliklari