Uzoq yo‘lga otlangan bir musofir kishi bepayon yalanglikda ketar ekan uzoqdan bir daraxtga ko‘zi tushib, otini o‘sha tarafga burdi. U daraxt tagiga yetganida otidan tushib qo‘liga qoziqni oldi va uni daraxt soyasi tushadigan yerga qoqib unga otini bog‘lab qo‘ydi. Soyada ovqatlanib bir oz hordiq chiqargandan so‘ng otiga minar ekan “Mendan keyin kelgan yo‘lovchilar ham ulovlarini shu qoziqqa bog‘lab, undan foydalansa savobi tegar”, deya qozig‘ini qoqilgan joyida qoldirdi va otiga minib yo‘lida davom etdi.
Bir qancha vaqtdan keyin boshqa bir yo‘lovchi o‘sha yerdan o‘tib ketar ekan, u ham daraxt soyasi ostida dam olish uchun ulovini daraxtga bog‘ladi. Vaqt peshindan bir oz o‘tib qolgani uchun daraxt soyasi ham o‘zidan bir oz uzoqlashgan edi. Yo‘lovchi daraxt tagidan soya tarafga yurar ekan oyog‘i nogoh o‘tlar orasida nimagadir tegib qoqilib tushdi. Turib qarasa, yerga qoqib qo‘yilgan qoziq turibdi. Mendan keyin kelgan yo‘lovchilar unga chalinib yiqilib tushmasin, deb uni sug‘urib olib uloqtirdi.
Ularning birining ishi to‘g‘ri, boshqasiniki esa noto‘g‘ri bo‘lishi kerak. Ammo, Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilgan “Amallar niyatlarga qarab bo‘ladi”, degan mashhur hadisga ko‘ra, bu yo‘lovchilarning har biri qilgan ishi uchun mukofotlanadi va ularga savob va’da qilinadi. Chunki har ikkalasining ham qalbida odamlarga yaxshilik qilish va ezgulik bor edi. Shuning uchun ham bu voqeada har ikkala holat ham to‘g‘ri deb baholanadi. Demak, har qanday oddiy ishni qilayotganimizda niyatimizni chiroyli qilsak, amallarimiz savobli va ikki dunyoda ham foydali bo‘lar ekan.
Rabbimiz naqadar mehribon!
Sh.CHO‘LPONOV,
Toshkent islom institutining “Tillar” kafedrasi o‘qituvchisi
Istiqlolimizning 35 yillik bayrami arafasida Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirokida Quvasoy shahrida xayriya tadbir o‘tkazildi. Unda 33 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari, 43 nafar bolajonga esa o‘quv qurollari va kiyim-kechaklar hadya qilindi.
Tadbirda farzandlar uchun munosib sharoit yaratish ezgulikning eng go‘zal ko‘rinishlaridan biri ekani, bugun yosh avlodning bilimi va kamoli uchun qilingan har bir xayrli amal ertangi kun taraqqiyotiga muhim hissa bo‘lib qo‘shilishi ta’kidlandi.
Bunday tadbirlar, shuningdek, Buvayda tumanidagi «Katta mahalla» masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etildi. Unda ijtimoiy ko‘makka muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlaridan 70 nafariga maktabda ta’lim olishi uchun zarur bo‘lgan o‘quv qurollari tarqatildi. Bolajonlar mustaqillik bayrami hamda boshlanajak yangi o‘quv yili bilan muborakbod etildi.
Ilm va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bunday ezgu tashabbuslar Farg‘ona shahridagi "Xo‘jamberdiboy", So‘x tumanidagi "Sulton Mahmud" masjidi jamoasi tomonidan ham tashkil etilmoqda.
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi Matbuot xizmati