Ramazonda qilingan duolarning ijobati o‘laroq, Toshkent viloyati, O‘rta Chirchiq tumani, Gulzor mahallasi aholisi xayrli ish ustida jam bo‘ldilar. Erta tongda ushbu mahallaga O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlarining tashrifi barchani quvontirdi. Tashrifning boisi mahalladagi “Xo‘jai Korsoz” jome masjidi binosini qayta qurish uchun tamal toshi qo‘yish edi.
Masjid XIII asrda yashab o‘tgan “Xo‘jai Korsoz” nomi bilan mashhur zot sharafiga shunday atalgan. Mahalliy aholining so‘zlariga qaraganda, u zot olim va avliyo bo‘lgan. Shu yerda shogirdlar yetishtirgan. Demak, bu maskan o‘sha zamonlardanoq ziyo maskani bo‘lib kelgan.
Aholining “Xo‘jai Korsoz” masjidining eski binosini buzib, uning o‘rniga yangisini barpo qilish bo‘yicha boshlagan sa’y-harakatlari bugun amalga ko‘chdi. Muftiy hazratlari qurilayotgan masjid qiyomatgacha xizmat qilishini niyat qilib, birinchi g‘ishtni qo‘yib berdilar. Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Z.Sultonov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi bo‘lim mudiri M.Qayumov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi X.Turmatov, nuroniylar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht qo‘ydilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bo‘limi
Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida Chirchiq shahrida kam ta’minlangan hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga quvonch ulashishga qaratilgan saxovat tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov tadbirda ishtirok etib, bolajonlarga samimiy tilaklar bildirdi.
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Toshkent viloyati filiali ko‘magida 35 nafar bolaning har biriga velosiped va turli sovg‘alar berildi. Shuningdek, tadbirda saxovatpesha homiylar tomonidan bayramona dasturxon yozilib, bolajonlar uchun ko‘ngilochar va bayramona dastur tashkil etildi.
Bunday xayrli tashabbuslar yurtimizda inson qadri, oila va bolalar manfaatlariga yuksak e’tibor qaratilayotganining yana bir amaliy ifodasidir.
Saxovat tadbiri bolajonlarga unutilmas quvonch bag‘ishlab, ularning qalbida Vatanga muhabbat va ertangi kunga ishonch tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Toshkent viloyati vakilligi Matbuot xizmati