Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Sentabr, 2026   |   13 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:12
Peshin
12:15
Asr
16:30
Shom
18:21
Xufton
19:36
Bismillah
24 Sentabr, 2026, 13 Rabi`us soni, 1448

Muhammad alayhissalomning shafoatlari

29.06.2017   16522   27 min.
Muhammad alayhissalomning shafoatlari

Ilohi, lutf qil hasratli soat

   Habibingdin nasib etgil shafoat.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoat qilishlari haqida ko‘plab hadisi shariflar kelgan:

       عَنْ عَوْفِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ قَالْ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَى اللهُ عَلَيهِ وَ سَلَّمَ: أَتَانِي آتٍ مِنْ عِنْدِ رَبِّي فَخَيَّرَنِى بَيْنَ أَنْ يَدْخُلَ نِصْفُ أُمَّتِي الْجَنَّةَ وَ بَيْنَ الشَّفَاعَةِ فَاخْتَرْتُ الشَّفَاعَةَ وَ هِىَ لِمَنْ مَاتَ لاَ يُشْرِكُ بِاللهِ شَيْئًا     رَوَاهُ  التِّرْمِذِيُّ

Avf ibn Molik raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga Robbimning huzuridan bir kelguvchi keldi va ummatimning yarmi jannatga kirishini yoki shafoatni tanlashimni so‘radi. Bas, men shafoatni tanladim. U Allohga hech narsani shirk keltirmay vafot etgan kishi uchundir”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.   

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasalam xabar bergan ana shu shafoatni ulamolar sakkiz turga ajratganlar:

1. Barcha Payg‘ambarlar orasidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga xos qilib berilgan ulkan shafoat. Qur’oni karimda ushbu shafoatga ishora kelgan:

 “Shoyadki, Robbing seni (Qiyomat kunida) maqtovli (shafoat qiladigan) maqomda tiriltirsa” [1].  

Oyati karimada zikr qilingan “maqtovli maqom”ni jumhur ulamolar Payg‘ambarimizga beriladigan qiyomat kunidagi ulkan shafoat deyishgan.

2.            Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib qolgan qavmlarni  jannatga kirishlari uchun qiladigan shafoatlari. Ba’zilar bu shafoat to‘g‘risida Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ham, u zotdan boshqadan ham sahih xabar kelmagan deyishgan. Ba’zilar esa ushbu oyatni keltirishgan:

 “A’rof (arasot) uzra (jannat va do‘zaxdagilarning) har birini siymolari (alomatlari)dan tanib oladigan kishilar (bo‘lur)” [2].

Yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib qolgan kishilar bir tafsirga ko‘ra ushbu oyati karimaning umumiy ma’nosiga kiradilar. Ya’ni, yaxshiliklari va yomonliklari teng kelib o‘rtada turib qolgan kishilar Rasulullohning shafoatlari bilan jannatga kiradilar, deyishgan.

3.  Ba’zi ummatlarining do‘zaxga kirmasliklari uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning umumiy qilib aytgan quyidagi so‘zlaridir:

 عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ الله قال: قال رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لاِهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي    رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Shuningdek, do‘zaxga kirgan ba’zi kimsalarning u zotning shafoatlari sababli undan chiqarilishi haqida ham rivoyatlar kelgan:

حَدَّثَنَا عِمْرَانُ بْنُ حُصَيْنٍ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمَا عَنْ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ يَخْرُجُ قَوْمٌ مِنْ النَّارِ بِشَفَاعَةِ مُحَمَّدٍ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَيَدْخُلُونَ الْجَنَّةَ يُسَمَّوْنَ الْجَهَنَّمِيِّينَ   رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Bizlarga Imron ibn Husayn roziyallohu anhumo Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitganini gapirib berdi: “Bir qavm Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlari sababli do‘zaxdan chiqib, jannatga kiradilar, “jahannamiylar” deb nomlanadilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Imom Muslim Abu Said roziyallohudan qilgan rivoyatda: Ular (ya’ni, jahannamiylar deb nom olganlar) Allohga duo qiladilar, Alloh ulardan ushbu ismni ketkazadi”, deyilgan.

4. Jannatga kirganlarni amallarining savoblari taqozo qilgan darajadan yuqori darajaga ko‘tarish uchun qiladigan shafoatlari. Bunga ushbu hadis dalildir:

عَنْ أُمّ سَلَمَةَ قَالَتْ: دَخَلَ رَسُولُ اللّهِ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَلَىَ أَبِي سَلَمَةَ وَقَدْ شَقّ بَصَرُهُ فَأَغْمَضَهُ ثُمّ قَالَ: إِنّ الرّوحَ إِذَا قُبِضَ تَبِعَهُ الْبَصَرُ فَضَجّ نَاسٌ مِنْ أَهْلِهِ فَقَالَ: لاَ تَدْعُوا عَلَىَ أَنْفُسِكُمْ إِلاّ بِخَيْرٍ فَإِنّ الْمَلاَئِكَةَ يُؤَمِّنُونَ عَلَىَ مَا تَقُولُونَ ثُمّ قَالَ: اللّهُمّ اغْفِرْ لأَبِي سَلَمَةَ وَارْفَعْ دَرَجَتَهُ فِي الْمَهْدِيّينَ وَاخْلُفْهُ فِي عَقِبِهِ فِي الْغَابِرِينَ وَاغْفِرْ لَنَا وَلَهُ يَا رَبّ الْعَالَمِينَ. وَافْسَحْ لَهُ فِي قَبْرِهِ وَنَوّرْ لَهُ فِيهِ   رواهُ مُسْلمٌ

Ummu Salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Abu Salamaning yoniga kirdilar. Uning ko‘zi bir tomonga qarab qolgan edi, uni yopib qo‘ydilar. So‘ngra: “Qachon ruh qabz qilinsa ko‘z unga ergashadi”, dedilar. Uning yaqinlari yig‘lab yuborishdi. U zot: “O‘zlaringizga faqat yaxshi narsani tilanglar, albatta farishtalar aytayotgan narsalaringizga omiyn deb turadilar”, dedilar. So‘ngra: “Ey Allohim, Abu Salamani mag‘firat qilgin, uning darajasini hidoyat qilinganlar holatida ko‘targin,  unga ahlidan o‘rinbosarlar qilgin, ey olamlar Robbisi bizni ham, uni ham kechirgin. Unga qabrini keng va nurli qilib bergin”, dedilar”.  Muslim rivoyat qilgan. 

5. Ba’zi qavmlarni jannatga hisobsiz kirishlari uchun qiladigan shafoatlari. Bu haqida quyidagi hadisda xabar berilgan:  

عَنْ الزُّهْرِيِّ قَالَ حَدَّثَنِي سَعِيدُ بْنُ الْمُسَيَّبِ أَنَّ أَبَا هُرَيْرَةَ حَدَّثَهُ قَالَ سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مِنْ أُمَّتِي زُمْرَةٌ هُمْ سَبْعُونَ أَلْفًا تُضِيءُ وُجُوهُهُمْ إِضَاءَةَ الْقَمَرِ لَيْلَةَ الْبَدْرِ وَقَالَ أَبُو هُرَيْرَةَ فَقَامَ عُكَّاشَةُ بْنُ مِحْصَنٍ الْأَسَدِيُّ يَرْفَعُ نَمِرَةً عَلَيْهِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ قَالَ اللَّهُمَّ اجْعَلْهُ مِنْهُمْ ثُمَّ قَامَ رَجُلٌ مِنْ الْأَنْصَارِ فَقَالَ يَا رَسُولَ اللَّهِ ادْعُ اللَّهَ أَنْ يَجْعَلَنِي مِنْهُمْ فَقَالَ سَبَقَكَ بِهَا عُكَّاشَةُ   رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Zuhriydan rivoyat qilinadi: menga Sa’id ibn Musayyab gapirib berdi, unga Abu Hurayra gapirib bergan ekan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:Jannatga mening ummatimdan yuzlaridan nur balqib turgan bir guruh kiradi. Ular yetmish mingtadir. Ularning yuzlari to‘lin oy kechasidagi oyning ziyosidek nur taratib turadi”, deyayotganlarini eshitdim. Abu Hurayra: Shunda Ukkosha ibn Mihson Asadiy ustidagi chakmonini ko‘tarib sakrab o‘rnidan turdi va: ey Allohning Rasuli, meni o‘shalardan qilishini so‘rab Allohga duo qiling, dedi. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ey Allohim uni o‘shalardan qilgin”, dedilar. So‘ngra ansorlardan bo‘lgan bir kishi o‘rnidan turib: ey Allohning Rasuli meni o‘shalardan qilishini so‘rab Allohga duo qiling, dedi. U zot: “Uni Ukkosha sendan oldin qo‘lga kiritib bo‘ldi”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.    

6. Azobga giriftor bo‘lganlarning azoblarini yengillatish uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ أَنَّهُ سَمِعَ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَذُكِرَ عِنْدَهُ عَمُّهُ أَبُو طَالِبٍ فَقَالَ لَعَلَّهُ تَنْفَعُهُ شَفَاعَتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ فَيُجْعَلُ فِي ضَحْضَاحٍ مِنْ النَّارِ يَبْلُغُ كَعْبَيْهِ يَغْلِي مِنْهُ أُمُّ دِمَاغِهِ     رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudanrivoyat qilinadi u Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida amakilari Abu Tolib zikr qilindi. U zot: “Shoyadki qiyomat kunida unga mening shafoatim naf bersa, u olovning chuqur bo‘lmagan, ikki to‘pig‘igagina yetib turadigan sayoz joyiga qo‘yiladi. O‘sha joy sababli bosh miyasining pardasi qaynab turadi”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan. 

7. Barcha  mo‘minlarga jannatga kirish izni berilishi uchun qiladigan shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَنَا أَوَّلُ شَافِعٍ فِى الْجَنَّةِ     رَوَاهُ  الدَّارِمِىُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:Men jannatga erishish uchun avvalgi shafoatchiman”, dedilar”.   Dorimiy rivoyat qilgan.

Ya’ni, insonlarning jannatga kirishlari uchun avvalgi shafoatchidirlar.

8. Gunohi kabira qilgan ummatlari uchun qiladigan  shafoatlari. Buning dalili ushbu hadisdir:

عَنْ جَابِرِ بنِ عَبْدِ الله قال: قال رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ شَفَاعَتِي لاِهْلِ الكَبَائِرِ مِنْ أُمّتِي    رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:Ummatimdan ahli kaboirlarga shafoatim bordir”, dedilar”.  Termiziy rivoyat qilgan.

So‘fi  Ollohyor bobomiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlarini so‘rab duo qilishni shunday ta’lim bergan:

Ilohi, lutf qil hasratli soat

Habibingdin nasib etgil shafoat.

*  *  *

Ayurma yaxshilarni(ng) orasidin

Yirog‘ etma habibing qorasidin.

Ya’ni, ey, Robbimiz, qiyomat kunidagi hasratli vaqtlarda bizlarni  Muhammad sollallohu alayhi vasallamning shafoatlaridan bahramand etgin, yaxshi zotlar bilan birga qilgin, o‘sha kunda bizlarni Muhammad alayhissalomdan yonlaridan aslo ayirmagin.    

 Alloh taolo barchalarimizni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatlaridan bahramand bo‘lish baxtiga muvaffaq qilsin.

Alloh taologa hamdu sanolar, payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga  hamda u zotning ahli oilalariyu sahobai kiromlariga salavot va salomlar bo‘lsin.

Abdulqodir Abdur Rahim

 



[1] Isro surasi, 79-oyat.

[2] A’rof surasi, 46-oyat.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazini ochiq ilmiy platforma sifatida e’tirof etdilar

24.09.2026   12378   3 min.
Imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazini ochiq ilmiy platforma sifatida e’tirof etdilar

Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni ishonchli manbalarga asoslangan bilim bilan ta’minlashda imom-xatiblarning o‘rni muhim. Minbarda aytilgan har bir so‘z ilmiy asos va ishonchli manbaga tayanishi uchun esa diniy soha vakillarining muntazam ravishda bilimlarini boyitib borishi talab etiladi. Ana shu maqsadda Namangan viloyatidan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markaz bugun uch ming yillik tariximizni namoyish etuvchi muzey sifatidagina emas, balki keng qamrovli ilmiy-tadqiqot maskani sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shu kunga qadar ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkichlar Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyatini namoyon etadi.

Tashrif Markaz kutubxonasidan boshlandi. Mehmonlar bu yerda jamlangan mumtoz manbalar, islom tarixi, aqida, fiqh, hadis va tafsir ilmlariga oid nashrlar, tabiiy va aniq fanlar tarixiga oid tadqiqotlar hamda elektron resurslar bilan tanishdilar. Tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shundan so‘ng imom-xatiblar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni tomosha qildilar. Ular orqali yurtimiz hududida asrlar davomida shakllangan ilmiy, ma’naviy va madaniy merosning yaxlit manzarasi bilan tanishdilar.

Namangan viloyati Norin tumani bosh imom-xatibi Zikrillo qori Umurzoqov ekspozitsiyalarda ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi turli yo‘nalishlarda yaxlit holda namoyon etilganiga alohida e’tibor qaratdi.

«Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek millati tarix davomida qanday yuksak marralarni egallaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Ajdodlarimiz nafaqat matematika, astronomiya, tibbiyot kabi dunyoviy ilmlar, balki diniy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarda ham butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu yerda ana shu merosni ko‘rib, o‘z tariximiz bilan haqli ravishda faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchayadi», — dedi u.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Is'hoqxon To‘ra Ibrat» jome masjidi imom-xatibi Jafarxon So‘fiyev esa Markazni mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etdi.

«Bugun yurtimizda muqaddas dinimizga, sivilizatsiyalar tarixiga va umuman, umuminsoniy merosga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Mana shunday ulkan maskan bunyod etilgani buning yorqin isbotidir. Bu yerda islom tarixi boshqa sivilizatsiyalardan ajratilgan holda emas, balki butun insoniyat taraqqiyotining uzviy qismi sifatida ko‘rsatilgan. Bunday yondashuv har bir tashrif buyuruvchiga tariximizni kengroq anglash, boshqa xalqlar madaniyatini hurmat qilish va bag‘rikenglikni qadrlash imkonini beradi», — dedi u.

Tashrif yakunida imom-xatiblar Markazda olgan bilim va taassurotlarini o‘z hududlaridagi jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Ilmiy resurslardan diniy-ma’rifiy faoliyatda keng foydalanish, ajdodlarimiz merosini ishonchli manbalar asosida targ‘ib etish yosh avlodning tarixiy ongi va ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.

Zero, tarixiy va ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni ishonchli manbalar asosida keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi avlodga munosib tarzda meros qoldirish Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashning muhim omillaridan biridir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari