Hayit namozi quyidagicha o‘qiladi
Imom domla iftitoh (namozni ochuvchi) takbiri – “Allohu akbar”ni aytsa, muqtadiy (imomga ergashuvchi namozxon): “Qiblaga yuzlangan holimda, hayit namozini xolis Alloh uchun, o‘qishni niyat qildim”, deb “Allohu akbar” takbirni aytib namozga qo‘shiladi va sanoni o‘qiydi. So‘ngra imom domla uch bor takbir aytadi. Muqtadiy ham qo‘lini qulog‘i barobariga ko‘tarib takbir aytadi. Takbirlar orasida qo‘lni bog‘lamasdan, yonga tushiriladi. Keyin imom domla Fotiha surasini hamda bir qo‘shimcha surani jahriy o‘qiydi va ruku uchun takbir aytadi. Muqtadiy qiroat vaqtida jim turib eshitadi, qiroatni ichida ham takror qilmaydi. Imom domla ikkinchi rakatga turib, Fotiha va bir surani o‘qiydi va uch marta takbir aytib to‘rtinchisida rukuga boradi. Muqtadiy uch takbirda qo‘lini qulog‘i barobariga ko‘tarib takbir aytadi. Takbir oralarida qo‘llar yonga tushiriladi. Shu bilan qa’daga o‘tirilib tashahhud hamda salavot va duolar o‘qilib, namozni tugatiladi.
Sayyor yig‘ilish
Bir kishiga ko‘maklashsangiz, u qanchalik shod bo‘ladi.
Endi bir emas, o‘n emas, yuzdan ziyod oilaga ham ma’naviy, ham ma’rifiy, ham moddiy ko‘mak berilsa, qancha kishining ko‘ngli ko‘tarilishini, sizni alqashini tasavvur qilib ko‘ring-a.
Bugun Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiliklarida poytaxtimizning Yangi hayot tumanidagi «Niyozmat ota» jome masjidida ma’naviy-ma’rifiy sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari Ergashali domla Rustamov, Toshkent shahar tumanlari bosh imomlari, imom-domlalar, «Haj 2026» ishtirokchilari qatnashdilar.
Tumandagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish maqsadida mahallalarga tashrif buyurildi. Adashib aqidasi buzuq turli oqimlar ta’siriga tushib qolgan shaxslar, ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan ham suhbatlar olib borildi.
Katta hayot tajribasiga ega hoji otalar, hoji onalar imom-xatiblar, otinoyilar bilan birgalikda olib borgan ma’rifiy targ‘ibotlari o‘z samarasini berdi: yuzdan ziyod xonadonga ham ma’naviy, ham moddiy yordam ko‘rsatildi.
* * *
Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov Yangi hayot tumanidagi mahallalarga tashrif buyurib, u yerdagi bir qancha xonadonlarga kirib, xonadon egalarining qalblariga xursandchilik ulashdilar.
Quvonarlisi, yangi o‘quv yili arafasida homiylarni jalb qilgan holda 30 ta haqdor xonadon sohiblari farzandlariga sumka, o‘quv qurollari hadya etildi.
Yuzdan ziyod xonadon egalarining ko‘ngli ko‘tarilib, ular ezgu ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qilishdi.
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati