(Hayit bayramiga bag‘ishlangan tezis)
بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Alloh taologa hamdu sanolar bo‘lsin, jonajon yurtimizga, barcha mo‘min musulmonlar qatori sizu bizlarga Ramazon hayiti bayramini muborak aylasin. Bir oy davomida ham jismonan va ham ruhan chiniqib, sabr va shukr fazilatlarini o‘zimizda hosil qilib, buning tantanasi o‘laroq Iyd Ramazonni bayram qilmoqdamiz.
Darhaqiqat, biz Ramazon oyi davomida imon va ixlos ila kunduzlari ulug‘ ro‘za ibodatini ado etish bilan birga tunlari Allohning kalomi Qur’oni karimga some’ bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldik. Zero, imon va Qur’on Alloh taolo sizu biz mo‘min musulmon bandalariga ato etgan eng buyuk ne’matidir. Qur’oni karimda bu haqda shunday marhamat qiladi:
قُلْ بِفَضْلِ اللَّهِ وَبِرَحْمَتِهِ فَبِذَلِكَ فَلْيَفْرَحُوا هُوَ خَيْرٌ مِمَّا يَجْمَعُونَ
ya’ni: “Ayting: “Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir”. (Yunus surasi, 58-oyat). Bu oyatda Allohning ikki ulug‘ ne’mati zikr qilinayotir. Biri – fazlu karami, ya’ni Islom dini. Ikkinchisi – rahmati, ya’ni Qur’oni karim. Hadisi sharifda aytiladiki, kimga Alloh taolo Islom dini va Qur’on ilmini nasib etgan bo‘lsa-yu, u kambag‘alman deb nolisa, Alloh taolo to qiyomat kunigacha uning ikki ko‘zi o‘rtasiga (peshonasiga) faqirlik tamg‘asini bosib qo‘yar.
Ulamolarimiz aytadilarki, Alloh taoloning musulmon bandalariga ushbu ulug‘ ibodat va bayramlarni joriy qilishida katta hikmat bor. Jumladan, musulmon kishi besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qish uchun masjidga kelar ekan yaqin qo‘shni va mahalladoshlarining ahvolidan boxabar bo‘ladi.
Xuddi shuningdek, besh vaqt namozida ko‘risha olmaydigan hamshahar og‘ayni va yaqinlarini juma namozlarida uchratib, undan hol-ahvol so‘rab xabardor bo‘lishadi. Endi, yilda ikki marta bo‘ladigan ushbu muborak Ramazon va Qurbon hayit namozlarida ham mo‘min-musulmonlar uzoq yaqinlari bilan ko‘rishib, ularning holidan xabar olish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Demak, hayit bayrami insonlar o‘rtasida o‘ta mukammal ijtimoiy aloqalarni jipslashtirish vazifasini bajaradi.
Inson borki o‘zini boshqalardan behojat his qila olmaydi. Shunday ekan, bu ulug‘ kunlarda boshqa insonlardan xabar olib, muhtojlarga qo‘ldan kelgancha ham ma’nan, ham moddiy ko‘mak berib, ularning ko‘ngillariga ham xursandchilik va bayramona kayfiyat kiritish har birimizning burchimizdir. Haqiqiy musulmonning nazdida insonlarga manfaat berib yashalgan umr mazmunli, samarali va go‘zal umr hisoblanadi.
Shu tufayli ham Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ ، أَنَّ رَجُلا جَاءَ إِلَى رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ، فَقَالَ : "يَا رَسُولَ اللَّهِ ، أَيُّ النَّاسِ أَحَبُّ إِلَى اللَّهِ ؟ وَأَيُّ الأَعْمَالِ أَحَبُّ إِلَى اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ ؟ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : أَحَبُّ النَّاسِ إِلَى اللَّهِ أَنْفَعُهُمْ لِلنَّاسِ ، وَأَحَبُّ الأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ سُرُورٌ تُدْخِلُهُ عَلَى مُسْلِمٍ ، أَوْ تَكْشِفُ عَنْهُ كُرْبَةً ، أَوْ تَطْرُدُ عَنْهُ جُوعًا ، أَوْ تَقْضِي عَنْهُ دَيْنًا ، وَلأَنْ أَمْشِيَ مَعَ أَخٍ لِي فِي حَاجَةٍ ، أَحَبُّ إِلَيَّ مِنْ أَنْ أَعْتَكِفَ فِي هَذَا الْمَسْجِدِ يَعْنِي مَسْجِدَ الْمَدِينَةِ شَهْرًا ، وَمَنْ كَفَّ غَضَبَهُ سَتَرَ اللَّهُ عَوْرَتَهُ ، وَمَنْ كَتَمَ غَيْظَهُ ، وَلَوْ شَاءَ أَنْ يُمْضِيَهُ أَمْضَاهُ مَلأَ اللَّهُ قَلْبَهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ رِضًا ، وَمَنْ مَشَى مَعَ أَخِيهِ فِي حَاجَةٍ حَتَّى يُثْبِتَهَا ، أَثْبَتَ اللَّهُ قَدَمَيْهِ يَوْمَ تَزُولُ الأَقْدَامُ".
ya’ni: “Bir kishi Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, qaysi inson Allohga suyukliroqdir va qaysi amal Alloh azza va jallaga mahbubroqdir? dedi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Insonlardan Allohga eng suyuklisi insonlarga ko‘p naf beradiganidir. Allohga eng mahbubli amal musulmon qalbiga kiritilgan xursandchilik, u musulmondan biror g‘am-tashvishini ketkazish, och bo‘lganda to‘yg‘azish, qarzdor qarzini uzishda ko‘maklashishdir. Allohga qasamki, men biror do‘stimning hojatini ravo qilish uchun u bilan yurishim men uchun ushbu masjidda bir oy e’tikof o‘tirishimdan mahbubroqdir, ya’ni Madina masjidida. Kimki o‘z g‘azabini tiysa Alloh uning avratini satr qiladi. Kimki o‘z qahrini bajarish imkoni bo‘lganda ichiga yutsa Alloh qiyomat kuni uning qalbini rozilik bilan to‘ldiradi. Kim birodarining biror hojatini chiqarishda qaror topgunicha birga yursa qadamlar toyiladigan qiyomat kunida qadamlarini sobit qiladi», - deb aytganlar. E’tibor bersangiz Payg‘ambarimiz s.a.v. ushbu hadisi sharifda eng savobli va Allohga mahbub amallarni zikr qilib o‘tdilar. Ayni paytda eng savobli ishlarni eng fazilatli kunlarda amalga oshirish uning savobini yanada orttirishiga sabab bo‘ladi. Bu borada Alloh taolo bizlarga quyidagilarni marhamat qilib aytadi:
مَثَلُ الَّذِينَ يُنْفِقُونَ أَمْوَالَهُمْ فِي سَبِيلِ اللَّهِ كَمَثَلِ حَبَّةٍ أَنْبَتَتْ سَبْعَ سَنَابِلَ فِي كُلِّ سُنْبُلَةٍ مِئَةُ حَبَّةٍ وَاللَّهُ يُضَاعِفُ لِمَنْ يَشَاءُ وَاللَّهُ وَاسِعٌ عَلِيمٌ
(سورة البقرة/261)
ya’ni: “Alloh yo‘lida mollarini ehson qiluvchilar (savobining) misoli go‘yo bir donga o‘xshaydiki, u har bir boshog‘ida yuztadan doni bo‘lgan yettita boshoqni undirib chiqaradi. Alloh xohlagan kishilarga (savobini) yanada ko‘paytirib beradi. Alloh (karami) keng va bilimdon zotdir”. (Baqara surasi, 261-oyat).
Shuningdek, bu kabi xayrli va savobli ishlarni qilishimiz bilan Alloh taoloning dargohida ulug‘ ajru mukofotlarga sazovor bo‘lishimiz bilan birga o‘z insoniylik burchimizni ham ado etgan bo‘lamiz.
Ushbu muborak hayit kunlarida yaqinlarimizning holidan xabar olish bilan birga atrofimizdagi shikasta ko‘ngil kishilarni ziyorat qilish, ularga xayru saxovat ulashishning ham ajru mukofoti ulug‘ ekanligi borasida Alloh taolo quyidagilarni ta’kidlab aytadi:
يَسأَلُونَكَ مَاذَا يُنْفِقُونَ قُلْ مَا أَنْفَقْتُمْ مِنْ خَيْرٍ فَلِلْوَالِدَيْنِ وَالْأَقْرَبِينَ وَالْيَتَامَى وَالْمَسَاكِينِ وَابْنِ السَّبِيلِ وَمَا تَفْعَلُوا مِنْ خَيْرٍ فَإِنَّ اللَّهَ بِهِ عَلِيمٌ
(سورة البقرة/215)
ya’ni: “Sizdan (ey, Muhammad,) qanday ehson qilishni so‘raydilar. Ayting: "Nimaniki xayr-ehson qilsangizlar, ota-ona, qarindoshlar, yetimlar, miskinlar va musofirlarga qilingizlar! Har qanday qilgan ehsonlaringizni Alloh bilib turuvchidir”. (Baqara surasi, 215-oyat).
Payg‘ambarimiz (s.a.v.) aytganlar: “Bemorlarni ziyorat qilinglar, ochlarga taom beringlar, qarzdorlarga qarzlarini uzishga yordam beringlar” (Imom Buxoriy rivoyati). Bemor va kasalmand kishi haqiga qilinadigan duo borasida Payg‘ambarimizdan quyidagicha hadis vorid bo‘lgan.
عن النبي صلى الله عليه وسلم من قوله للمريض : لَا بَأسَ ، طَهُور إِن شَاءَ اللهُ
رواه البخاري
ya’ni: “Bemorga aytiladigan so‘zlaridan: “Hechqisi yo‘q, Xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi”, - deb aytish (Imom Buxoriy rivoyati). Shu kabi so‘zlar bilan bemorlarning ko‘ngliga xursandchilik kiritish islomdagi ezgu amallardan hisoblanadi.
Muhtaram jamoat! Ramazon oyi yurtimizda ahil-inoqlikda ko‘tarinki ruh bilan o‘tkazildi. Yurtdoshlarimiz savob ishlarning boshini tutib, mehr-muruvvat ko‘rsatdilar, keksalarning holidan xabar oldilar, ezgu ishlarda bardavom bo‘ldilar. Endi ushbu an’anani va kasb etgan xayrli amallarimizni yil bo‘yi davom ettirishimiz kerak. Mana kuni kecha muhtaram Prezidentimizning “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi Qarori e’lon qilindi. Mazkur qaror xalqimizning kayfiyatiga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Ramazon oyini qanday ixlos, g‘ayrat va sabr bilan o‘tkazgan bo‘lsak, bu bayramni ham undan-da a’loroq, undan-da fayzliroq qilib o‘tkazishimiz kerak. Bu bayramning birinchi kunini dam olish kuni, deb e’lon qilinishi uning fayzini, sharafini, tarovatini yanada oshirib yuboradi. Hayitning mazmun-mohiyatida ko‘ngillarga xushnudlik, sevinch, jismga rohat bag‘ishlash, do‘stlar, yaqinlar o‘rtasida muhabbat, qarindoshlar, qardoshlar orasida mehr rishtalarini yangilash, kishilarni bir-birlariga yordam va saxovat ko‘rsatishga chorlash mujassamdir. Nochor va zaiflarning, muhtoj va kam ta’minlanganlarning jamiyat zimmasidagi haqlarini yodga tushirishdir. Hayit quvonchlari, bayram xursandchiliklari har bir xonadonga, har bir oilaga kirib borishi uchun aynan shu kunlarda fitr sadaqasini berish, zakot va boshqa sadaqa, xayr-ehsonlarni tarqatish davlatmand kishilarga vojib bo‘ladi.
Odatda bayramlarda jamiyat axloqi, istak va mayllari, urf-odatlari har qachongidan qalqib, bo‘rtib ko‘rinadi. Shu bois, Ramazon oyi davomida bo‘lgani kabi hayit arafasida ham mehr-muhabbat, o‘zaro yordam, saxovat va hayo, yetim va hojatmandlar holidan xabar olish, keksalarni qadrlash va hurmatlarini joyiga qo‘ish, ota-onalarga har qachongidan ko‘ra e’tibor ko‘rsatish, umuman insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni yanada kuchaytirish talab etiladi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlarining hadisi shariflarida marhamat qilganlar:
السَاعِي عَليَ الأرَمَلةِ و الِمسكِينِ كَالمُجَاهِدِ فِى سَبِيلِ اللهِ أو القائِمِ اللَيلِ
الصَائِمِ النَهَارِ
(مُتفَّقٌ عَليَهِ)
ya’ni: "Beva va miskinga g‘amxo‘rlik qiluvchi kishi Alloh taolo yo‘lida sa’y-harakat qiluvchi qiluvchi yoki kechalari toat-ibodat qilib, kunduzlari ro‘za tutuvchi kishi kabidir". (Muttafaqun alayh).
Haq taologa beadad shukronalar bo‘lsinki, yurtimizda tinchlik osoyishtalik hukm surmoqda. Bu tinchlikning qadriga yetmog‘imiz, uni asrab avaylash uchun har birimiz harakat qilmog‘imiz lozim. Chunki bu dorulomon kunlarga o‘z-o‘zidan erishilayotgani yo‘q. Mana shu haqiqatni har birimiz teran anglamog‘imiz, uni o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga chuqur singdirish yo‘lida barchamiz hamkor va hamjihatlikda astoydil harakat qilmog‘imiz lozim.
Aziz jamoat! Xabaringiz bor, iyun oyida Toshkent shahrida diniy soha xodimlarining katta anjumani bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda ijtimoiy-ma’naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash vazifasi bugungi kunda qanday ulkan ahamiyat kasb etayotgani haqida, atroflicha suhbat qilindi.
Darhaqiqat, Yurtboshimiz rahnamoligida yurtimizda fuqarolarning shukronalik, ertangi kunga ishonch tuyg‘usini oshiradigan, sog‘lom e’tiqodni kuchaytirishga rag‘bat qiladigan juda ko‘p savobli ishlar amalga oshirilmoqda. Birgina “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturi doirasida 300 dan ziyod chora-tadbir belgilangan bo‘lib, ularning ijrosi uchun 37,7 trillion so‘m va 8,3 milliard AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflash ko‘zda tutilgan. Dastur doirasida 2017 yilda qishloq joylarda 15 mingta yangi namunadagi arzon, uy-joylar barpo etiladi.
Termiz shahrida Imom Termiziy nomidagi, Samarqand viloyatida Imom Buxoriy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazlari, Toshkentning qadimiy Hastimom dahasida O‘zbekiston islom madaniyati markazining tashkil etilayotgani xalqimiz uchun misli ko‘rilmagan katta xursandchilik bo‘ldi. Komili ishonch bilan aytamizki, ushbu islom maskanlari, hech shubhasiz, dinimizni ma’rifiy asosda o‘rganish va targ‘ib etish, xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarimiz an’analariga sadoqat, halollik, poklik, ma’naviy-axloqiy barkamollik ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsadlarga xizmat qiladi.
Ramazon oyida Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida buyuk ajdodimiz, muhaddis Imom Termiziy maqbarasi misli ko‘rilmagan muhtasham tarzda ta’mirlanib, yangi bunyod etilgan masjid bilan dindorlarimizga taqdim etilishi ummatimiz qalbini iftixorga to‘ldirdi.
Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, ona zaminimiz Allohning rahmati yog‘ilgan, neki duo qilinsa, Parvardigor huzurida mustajob bo‘ladigan mo‘tabar zamin, aziz-avliyolar xoki qo‘nim topgan yurtdir.
Alloh taolo shu mo‘tabar diyorga O‘zining aziz ne’mati – tinchlik, osoyishtalikni berdi, qut-baraka, farovonlikni ato etdi. Atrofga nazar solsak, bizni o‘rab turgan sonsiz, sanoqsiz ne’matlar qurshovida yashayotganimizga amin bo‘lamiz. Yaratgan Rabbimiz o‘z ne’matlarining sanoqsizligiga eslatish orqali insonni shukr qilishga undagan ushbu oyati karima fikrimiz dalilidir:
وَآَتَاكُمْ مِنْ كُلِّ مَا سَأَلْتُمُوهُ وَإِنْ تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا
ya’ni: “Sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’matlarini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysizlar”. (Ibrohim surasi, 34-oyat), deb marhamat qiladi.
Bizlar bu berilgan ne’matlarning qadriga yetib, dinimiz rivojiga ko‘rsatilayotgan sharoit va g‘amxo‘rliklarni Allohning ulug‘ marhamati deb qabul qilishimiz, buning shukronasini hamisha ado etishimiz lozim.
Ayniqsa, yoshlarimizni turli mutaassib kuchlarning ta’siriga berilib qolmasliklarini ta’minlash hamda ularni Vatanga muhabbat, milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, eng asosiysi, bilimli qilib o‘stirishga qaratilgan e’tibor va g‘amxo‘rligimizni oshirish barcha mo‘min-musulmonlarimizning asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Muhtaram yurtboshimizning o‘rtaga tashlagan “O‘z bolangni o‘zing asra!” shiorlarini dasturulamal qilgan holda, farzandlarimizga birgalikda to‘g‘ri tarbiya berib, kelajaklari uchun qayg‘urib yashaylik.
Azizlar! Har hayit arafasida qayta-qayta takrorlanadigan yana bir gapni eslatib o‘tmoqchimiz: hayit – ba’zi joylarda bo‘layotganiday azaxonlik, ta’ziyaxonlik marosimi emas. Balki xursandchilik, yaxshi kayfiyat va ezgu ishlar, fazilatli oy ro‘zasini eson-omon, sog‘-salomat tutib olganimiz uchun Alloh taologa hamdu sanolar va shukronalar izhor etish ramzidir. Shu kun yangi vafot etgan kishilar xonadoniga borib, ularning musibatini qayta eslariga solish o‘rniga bu kunning shukrini ado etish, ushbu shodiyona kunga hamamizga ardoqli ota-onalarimiz, qavm-qarindoshlarimiz, ulug‘larimiz ziyoratiga borib ularning duolarini olish, betob, muhtoj, dindoshlarimiz, umuman barcha insonlar holidan xabardor bo‘lish, yordamga muhtoj kishilarga qo‘lidan kelganicha xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlarimizni hayit bilan muborakbod etish, eski gina-kuduratlarni unutib, silai rahmni va insoniy munosabatlarni tiklab olish va shu tariqa Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga sazovor bo‘lib olish har bir musulmonning bayram kunlaridagi eng muhim vazifalaridan sanaladi.
Alloh taolo Ramazon hayitini barchalarimizga muborak aylasin!
Haq taolo bayramning sharofatidan mustaqil vatanimiz ravnaqi, xalqimizning ahil-inoqligi, birdamligi, hamjihatligi yanada mustahkam bo‘lishini nasib aylasin!
Farzandlarimizni ilmlik, imonlik qilsin!
Bu tinchlik, osoyishtalik yo‘lida sa’yu harakat qilayotgan barchani Alloh taolo ezgu maqsadlaridan afzaliga muvaffaq qilsin!
Yurtimizni yomon ko‘zlardan Parvardigorning o‘zi asrasin!
Muhtaram Yurtboshimizning el-yurt ravnaqi, baxt-saodati yo‘lida olib borayotgan xayrli va savobli ishlarida Alloh taoloning O‘zi madadkor bo‘lsin!
Ramazon hayiti namozining savobidan hammamizni bahramand aylab, bu bayram barakotidan barcha mo‘min-musulmonlarning gunohlarini mag‘firat aylab, darajotlarini yuqoriga ko‘tarib, ikki dunyo saodatiga musharraf qilsin! Omin!
(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)
Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!
Hurmatli mehmonlar!
Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.
Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.
Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.
Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.
Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.
Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.
Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!
Qadrli do‘stlar!
Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.
Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.
Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.
Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.
Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.
Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.
Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.
Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.
Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.
Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.
Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.
Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.
E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.
Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?
Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.
Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.
Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.
Muhtaram yurtdoshlar!
Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.
O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.
Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.
Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.
Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.
Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.
Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.
Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.
Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.
O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.
Aziz vatandoshlar!
Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.
O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz
o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.
Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.
Qadrli do‘stlar!
Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.
Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.
Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.
Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.
Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.
Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!
Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!
Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!
Muhtaram yurtdoshlar!
Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.
Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.
Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.
Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.
Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.
Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.
Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.
Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.
Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.
Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.
Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.
Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.
Aziz do‘stlar!
Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.
Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.
Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.
Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.
Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.
Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.
“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.
Aziz vatandoshlar!
Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.
Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.
Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.
Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.
Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.
Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.
Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.
Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.
Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.
O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.
Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.
Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.
Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.
Aziz va muhtaram vatandoshlarim!
Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.
Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.
O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.
Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.
Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!
Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.
Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!
Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!
Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!
Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.
Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!
Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!
Yashasin O‘zbekiston xalqi!