Fitr sadaqasi faqirlarga g‘amxo‘rlik, ularga hayit kunini xursandchilik bilan o‘zkazishlari uchun ko‘makdir, uni berganlar uchun esa, Ramazonda yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklarga kafforatdir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitr sadaqasini ro‘zadorga behuda ishlar va yomon so‘zlardan poklanish bo‘lishi uchun, miskinlar uchun yegulik bo‘lishi uchun buyurdilar” (Abu Dovud rivoyati).
Fitr sadaqasi kumush nisobidagi, hojatidan ortiqcha molga ega musulmonga vojib bo‘ladi. Ana shu miqdordagi mulkka ega kishi fitr sadaqasini o‘zi va yosh bolalaridan berishi vojib. Balog‘atga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi.
Fitr sadaqasining vojib bo‘lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi.
Ibn Umar (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitr sadaqasini odamlar namozga chiqmasdan oldin berishni buyurdilar”. Ammo bu vaqtdan oldin, masalan, Ramazon kirishi bilan bersa ham bo‘ladi. Lekin namozga chiqishdan oldin berish mustahabdir. Fitr sadaqasi vojib bo‘lib, uni berolmay qolgan kishi zimmasidan soqit bo‘lmaydi.
Fitr sadaqasi bug‘doy, bug‘doy uni yoki yormasidan yo mayizdan yoki xurmo yo arpadan beriladi. Bug‘doy yo uning uni yoki yormasidan va mayizdan yarim so’ (taxminan 2 kg.), arpa va xurmodan bir so’dir. Mazkur narsalarning qiymatini ham bersa bo‘ladi.
Fitr sadaqasi zakotga haqdor bo‘lgan kishilarga beriladi.
Jamshid Shodiyev tayyorladi.
YUNЕSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining Koreya Respublikasining Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan 48-sessiyasida yurtimiz uchun xayrli va quvonchli yangilik e’lon qilindi. Unda "Toshkent modernizm me’morchiligi. Markaziy Osiyoda zamonaviylik va an’analar" milliy nominatsiyasi YUNЕSKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga rasman kiritildi.
Shu tariqa, poytaxtimiz Toshkentning XX asr ikkinchi yarmiga oid 10 ta noyob va muhtasham me’moriy inshooti xalkaro miqyosda e’tirof etildi.
Sessiyada O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiyasi delegatsiyasi ishtirok etdi. Bu yuksak natija davlatimiz tomonidan milliy, tarixiy va madaniy merosimizni asrab-avaylash, chuqur o‘rganish hamda dunyoga keng targ‘ib etishga qaratilayotgan xayrli siyosatning namunasidir.
Jahon merosi ro‘yxatidan o‘rin olgan noyob binolar:
- “Marvarid” turar joy binosi;
- O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi;
- “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyi;
- O‘zbekiston davlat san’at muzeyi;
- Toshkent davlat sirki;
- O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Markaziy ko‘rgazmalar zali;
- O‘zbekiston kino sa’at saroyi;
- “Eski Jo‘va” (Chorsu) bozori;
- “Kosmonavtlar” metro bekati;
- “Quyosh” geliokompleksi.
Ushbu me’moriy yodgorliklar zamonaviy muhandislik g‘oyalari hamda Markaziy Osiyo va sharqona milliy me’morchilik an’analarining yuksak badiiy uyg‘unligini o‘zida mujassam etgani bilan g‘oyat ahamiyatlidir.
Ularning YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilishi yurtimiz me’moriy merosining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirib, ularni asl holicha muhofaza qilish, tariximiz va qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga bekamu ko‘st yetkazish borasida ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda YUNЕSKO ishlari bo‘yicha Milliy komissiya raisi Gayane Umerovaning ta’kidlashicha, bu tarixiy qaror mamlakatimizning zamonaviy me’morchilik xazinasini jahon sahnasida munosib o‘ringa qaytarish bilan birga, ularni eng yuqori professional darajada asrash va parvarishlash vazifasini ham taqozo etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati