Mana, muborak Ramazon oyining uchinchi dahasi nihoyasida turibmiz. Ushbu oylar sultonining fazilatlarini yurak-yuragimizdan his qilmoqdamiz. Imkon boricha yaxshilik qilishga, savoblardan ko‘proq olib qolishga intilamiz. Chunki, bu oydagi kichikkina qilgan yaxshiligimiz ham ko‘plab savob va ajrlarga sabab bo‘ladi. Bunga esa, bir rivoyatdagi hadisi sharif dalil bo‘ladi: “Odam bolasining hamma amali (savobi) ko‘paytirib berilur. Bir yaxshilikka uning o‘n mislidan to yetti yuz barobarigacha. Alloh azza va jalla: “Magar ro‘za Men uchundir. Uning mukofotini Men berurman. U (Odam bolasi) shahvati va taomini men uchun tark qilur”.
Ro‘za tutish jarayonida bir nechta muhim jihatlarga e’tibor qaratish joiz. Ular: niyat qilish, og‘izni berkitish va ochish vaqtlarini bilish, saharlikdan iftorgacha ro‘zani buzadigan amallardan o‘zini saqlamoqlikdir.
Olamlar sarvari sallallohu alayhi vasallam: “Saharlik qiling. Chunki saharlikda baraka bordir”, deb marhamat qilganlar. Ushbu hadisga ko‘ra, saharlik bilan ro‘za tutish fazilatli ekani ta’kidlanmoqda.
Ro‘za tutish orqali insonlar juda ko‘p naf ko‘rishlari mumkin. Xususan, kishi ro‘za tutganida hamisha “Alloh ko‘rib turibdi” degan fikr bilan yuradi. Yomonliklardan chekinadi, jismonan va ruhan poklanadi. Qalbida mehr muruvvat hislari orta boshlaydi. Bir hadisi sharifda shunday deyiladi: “Ro‘zador holingizda yomon so‘zlarni gapirmang va jahl otiga minmang”. Demak ro‘za tutish orqali nafaqat jismimiz, balki ruhlarimiz ham poklanar ekan. Qolaversa, ro‘zadorning duolari ijobat etilishi manbalarda ta’kidlanadi. Ayniqsa, hadisda keltirilganidek: “Ro‘zadorning iftor paytida qilgan duosi rad qilinmaydi”.
Ro‘za tutish jarayonida yana bir jihat borki, u orqali Alloh taoloning naqadar buyuk va mehribon ekanligini ko‘rishimiz mumkin: ro‘zador unutib yeb ichib qo‘yishi ham bir fazilat hisoblanar ekan. Aslida ibodatda unutishga yo‘l qo‘yish yaxshi emas. Ammo ro‘zadorning unutishi ham unga Yaratganning ikromi, inoyati va fazlu marhamatining nishonasi bo‘lar ekan. Deyarli barcha sahih to‘plamlarda keltirilgan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy (a.s.) shunday marhamat qiladilar: «Agar ro‘zador odam esda yo‘q yeb-ichib qo‘ysa, ro‘zasini tugal qilsin. Chunki uni Alloh taomlantiribdi va sug‘oribdi». Chindan ham, islom dini yengillik va me’yor ustida barpo etilgan.
Shuningdek bir sunnat borki u musulmonlarini yanada yaqin bo‘lishiga sabab bo‘ladi. U har kechda o‘qiladigan taroveh nomozidir. Taroveh so‘zining ma’nosi- rohat, tin olish, orom olish deganidir. O‘zbekiston musulmonlari ham bu hikmatdan bebaxra bo‘lmadilar. Mamlakatimizning tobora chiroy ochib borayotgan minglab masjidlarida taroveh ibodatlari va Qur’on xatmlari chiroyli ko‘rinishda ado etiladi. Bu bilan insonlar orasida mehr oqibat rishtalari yanada mustahkamlanadi.
Yana bir hadisi muborakda esa, shunday keltiriladi: “Ey Allohning Rasuli, menga Alloh manfaat beradigan ishni amr qiling”, deb so‘rashganida, u zot: “Ro‘zani lozim tut, uning o‘xshashi yo‘qdir”, deya javob berganlar. Darhaqiqat, Ramazon oyi bemisl manfaatlar va mukofotlar oyi, ro‘za cheksiz savob hamda yaxshiliklar omili bo‘lgani uchun ham uning takrori yo‘q. Bu oyni savob umidida ro‘za tutib, yaxshilik va ezgu amallar bilan o‘tkazgan inson Allohning xazinasidagi barcha yaxshiliklarga erishgan, Uni rozi qilgan va bebaho in’omlarga yetishgan bo‘ladi.
Zotan, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) shunday marhamat qilganlar: “Agar ummatlarim Ramazon oyining sharafini bilganlarida edi yil o‘n ikki oy Ramazon bo‘lishini orzu qilar edilar, chunki ularning toati maqbul, duolari mustajob, gunohlari mag‘firat etilib, Jannat ro‘zadorlarga muhtoj bo‘ladi”.
Rasululloh (s.a.v.) Ramazon arafasidagi xutbalarida shunday marhamat qilganlar: “Ey insonlar, buyuk va muborak oy sizlarga yaqinlashmoqda. Alloh taolo, u oy ro‘zasini farz, tunlaridagi ibodatni sunnat qildi... U oy sabr oyidir. Sabrning savobi jannatdir. U ko‘mak va yordam oyidir. U oyda mo‘minning rizqi ko‘paytiriladi. U oyda kim bir ro‘zadorga iftorlik bersa, gunohlariga mag‘firat bo‘ladi. do‘zax o‘tidan o‘zini qutqaradi va ro‘zadorning ajridek ajrga ega bo‘ladi. Ro‘zadorning ajridan hech narsa kamaymaydi”. Shunda sahobalar, «Yo Rasulalloh, ro‘zadorga iftor berishga har birimiz ham qodir emasmiz», dedilar. Bunga javoban, Rasuli akram (s.a.v.): «Ro‘zadorga bir xurmo yo bir qultum suv yo ayron bilan iftor bergan kishiga Alloh taolo bu savobni beradi» dedilar.
Ushbu hadisi sharif Ramazon oyida turgan har bir musulmonni befarq qoldirmasa kerak. Binobarin, baraka va imon pallasi Ramazonning fazilatlari faqat shuning o‘zi emas, ularni sanab adog‘iga yetish mushkuldir.
Manbalar asosida “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudir muovini A.G‘aniyev tayyorladi.
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi