Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

“Laylatul qadr” ning qadri nimada?

20.06.2017   104105   5 min.
“Laylatul qadr” ning qadri nimada?

“Laylatul Qadr” nima?

Qur’oni karimda 114 ta sura bo‘lib, ulardan biri “Qadr” deb nomlanadi. Suraning nomi uning birinchi oyatidagi  “Qadr” so‘zidan olingan. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, uning nomi “Laylatul Qadr” ya’ni “Qadrli kecha” nomidan kelib chiqqan. Demak “Laylatul Qadr” deganda mazkur surada va boshqa ko‘plab hadisi shariflarda bayon qilinganidek Ramazon oyining ichidagi alohida qadr-qiymatga ega, fazilatlarga boy bir kecha tushuniladi. Zero, bu kechadagi ibodatning fazli ming oylik ibodatdan afzal hisoblanadi.

Nega bu kecha “Qadrli kecha” degan nom olgan?

Sura muborak kecha “Qadr” deb atalishining ikki xil ma’nosi bor:

  1. Birinchisi – qadri ulug‘, degan ma’noda. Chunki, xuddi shu kechada Qur’oni karim nozil bo‘lishi boshlangan. Aynan shu kechada Qur’on Lavhul Mahfuzdan bu dunyo osmoniga tushirilgan. Undan keyin Qur’oni karimning sura va oyatlari dunyo osmonidan yer yuziga Jabroil farishta orqali yigirma uch mobaynida bo‘lib-bo‘lib, Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamga turli voqea va hodisalar sabab qilinib nozil qilingan. Shuning uchun ham bu kechaning qadri ulug‘, fazli mo‘l-ko‘l hisoblanadi.
  2. Ikkinchisi –qadar, ya’ni bandalarning bir yillik taqdirlari belgilanadigan, hal qilinadigan kecha, degan ma’noni bildiradi. 

Nega bir kechalik ibodat ming oydan yaxshiroq hisoblanadi? 

Nima uchun birgina “Laylatul qadr” kechasida qilingan ibodat unda “Laylatul qadr”i bo‘lmagan ming oydan yaxshiroq hisoblanishi haqida Alloma Ibn Kasir rahmatullohi alayh bunday javob bergan: “Avvalgi ummatlardan bir kishi Alloh yo‘lida ming oy jiddu-jahd qilgani rivoyat qilindi. Bu xabardan Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va sahobalar ajablandilar. Payg‘ambarimiz alayhis salom o‘z ummatlariga ham shunday bo‘lishini orzu qilib: “Ey Robbim, mening ummatimni ummatlar ichida umri qisqa, amali oz qilding!”-dedilar.

“Laylatul qadr senga va ummatingga o‘sha odam jiddu-jahd qilgan ming oydan yaxshiroq”, dedi Alloh taolo.

Demak, bu kecha Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ummatlariga Alloh taoloning fazlu marhamati hisoblanadi. 

“Laylatul qadr”ni bedor o‘tkazgan kishining gunohlari kechiriladimi?

Sevikli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam “Laylatul qadr” kechasini iymon bilan savob umidida bedor o‘tkazgan mo‘minlarning gunohlari kechirilishi xushxabarini  berganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. وَ مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. وَمَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ.   مُتَّفَقٌ عَلَيهِ

Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:“Kim Ramazonda iymon  ila savob savob umidida ro‘za tutsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim Ramazonda iymon  ila savob savob umidida qoim bo‘lsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim “Laylatul qodr”da iymon  ila savob savob umidida qoim bo‘lsa (bedor o‘tkazsa), uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”. Muttafaqun alayh.

Shuning uchun bu kechani Qur’on tilovat qilish, namoz o‘qish, duo qilish va istig‘for aytish bilan bedor o‘tkazish kerak.

“Laylatul qadr” kechasida biror duoni o‘qish tavsiya qilinganmi?

Ha, “Laylatul qadr” kechasida quyidagi duoni o‘qish tavsiya qilingan:

عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قُلْتُ يَارَسُولَ اللهِ أَرَأَيْتَ إِنْ عَلِمْتُ أَيَّ لَيْلَةٍ لَيْلَةَ الْقَدْرِ مَاأَقُولُ فِيهَا ؟ قَالَ:قُولِي: اَللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّا تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ

Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli agar men qaysi kechaning Qadr kechasi ekanini bilsam u kechada nima deb duo qilay”, dedim. U zot: “Allohumma innaka afuvvun tuhibbul afva fa’fu anniy” (Ey Allohim, albatta sen o‘ta afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin”, deb duo qiling), dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.

Shuning uchun Ramazon oyi davomida har kecha ushbu duoni o‘qishga odatlanish kerak.

“Laylatul qadr” kechasida farishtalar yerga tushadilarmi?

“Laylatul qadr” kechasida Jabroil alayhissalom boshchiligida  ko‘plab farishtalar rahmat va barakotlar bilan yer yuziga tushadilar.U kecha tong otguncha tinchlik-omonlik kechasi bo‘ladi. Bu kechada farishtalar mo‘minlarga salom beradilar. Unda Alloh taolo bandalariga faqat tinchlik-omonlikni taqdir qiladi. 

“Laylatul qadr”Ramazonning qaysi kechasi? 

“Laylatul qadr” qaysi kecha ekani haqida bir-biridan farqli bir qancha rivoyatlar kelgan. Ularning ichida eng mo‘tabari Ramazon oyinining yigirma yettinchi kechasi ekani haqidagi rivoyatdir. Mo‘minlar ibodat mavsumi bo‘lmish Ramazon oyida yanada ko‘proq ibodat qilishlari uchun “Laylatul qadr”ning qaysi kecha ekani aniq bildirilmagan. Shuning uchun Ramazonning barcha kechalarini imkon qadar ibodatlar bilan o‘tkazish kerak.

 

 Manbalar asosida

 TII prorektori

Ibodulla Ahrorov

 tayyorladi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

10.08.2026   11780   1 min.
Toshkentda Malayziya xalqaro Halal Fest ko‘rgazmasi o‘kazilishi rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida halol sanoati yo‘nalishidagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Qishloq xo‘jaligi vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki mamlakat vakillari “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” xalqaro forumi va ko‘rgazmasini Toshkent shahrida o‘tkazish istiqbollarini muhokama qildilar.

Malayziyaning TWOJ CREATIVE SDN BHD kompaniyasi delegatsiyasi tomonidan taqdim etilgan loyiha halol sanoati ekotizimini rivojlantirish, xalqaro biznes aloqalarini mustahkamlash hamda yangi investitsiya loyihalarini shakllantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Rejalashtirilayotgan festival doirasida xalqaro ko‘rgazma, biznes-forum va B2B uchrashuvlari, halol oziq-ovqat, turizm, moliya hamda ishlab chiqarish yo‘nalishlariga bag‘ishlangan maxsus ekspozitsiyalar, investitsiya sessiyalari, madaniy dasturlar va mahsulotlar taqdimotlarini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu tadbir O‘zbekistonning halol mahsulotlar bozoridagi salohiyatini namoyish etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Muzokaralar davomida JAKIM standartlari asosida halol sertifikatlashtirish tizimini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni xalqaro bozorlarga olib chiqish, fermer va tadbirkorlar uchun o‘quv-seminarlar hamda malaka oshirish dasturlarini tashkil etish masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar festivalni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar, oliy ta’lim muassasalari, biznes hamjamiyati hamda tarmoq uyushmalarini jalb etgan holda qo‘shma “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Mutaxassislarning fikricha, “Malaysia–Uzbekistan International Halal Fest 2027” nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlaydi, balki investitsiyalarni jalb etish, halol sanoati infratuzilmasini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim xalqaro maydonga aylanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari