“Laylatul Qadr” nima?
Qur’oni karimda 114 ta sura bo‘lib, ulardan biri “Qadr” deb nomlanadi. Suraning nomi uning birinchi oyatidagi “Qadr” so‘zidan olingan. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, uning nomi “Laylatul Qadr” ya’ni “Qadrli kecha” nomidan kelib chiqqan. Demak “Laylatul Qadr” deganda mazkur surada va boshqa ko‘plab hadisi shariflarda bayon qilinganidek Ramazon oyining ichidagi alohida qadr-qiymatga ega, fazilatlarga boy bir kecha tushuniladi. Zero, bu kechadagi ibodatning fazli ming oylik ibodatdan afzal hisoblanadi.
Nega bu kecha “Qadrli kecha” degan nom olgan?
Sura muborak kecha “Qadr” deb atalishining ikki xil ma’nosi bor:
Nega bir kechalik ibodat ming oydan yaxshiroq hisoblanadi?
Nima uchun birgina “Laylatul qadr” kechasida qilingan ibodat unda “Laylatul qadr”i bo‘lmagan ming oydan yaxshiroq hisoblanishi haqida Alloma Ibn Kasir rahmatullohi alayh bunday javob bergan: “Avvalgi ummatlardan bir kishi Alloh yo‘lida ming oy jiddu-jahd qilgani rivoyat qilindi. Bu xabardan Rasululloh sallallohu alayhi va sallam va sahobalar ajablandilar. Payg‘ambarimiz alayhis salom o‘z ummatlariga ham shunday bo‘lishini orzu qilib: “Ey Robbim, mening ummatimni ummatlar ichida umri qisqa, amali oz qilding!”-dedilar.
“Laylatul qadr senga va ummatingga o‘sha odam jiddu-jahd qilgan ming oydan yaxshiroq”, dedi Alloh taolo.
Demak, bu kecha Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam ummatlariga Alloh taoloning fazlu marhamati hisoblanadi.
“Laylatul qadr”ni bedor o‘tkazgan kishining gunohlari kechiriladimi?
Sevikli Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam “Laylatul qadr” kechasini iymon bilan savob umidida bedor o‘tkazgan mo‘minlarning gunohlari kechirilishi xushxabarini berganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: مَنْ صَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. وَ مَنْ قَامَ رَمَضَانَ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. وَمَنْ قَامَ لَيْلَةَ الْقَدْرِ إِيمَانًا وَاحْتِسَابًا غُفِرَ لَهُ مَا تَقَدَّمَ مِنْ ذَنْبِهِ. مُتَّفَقٌ عَلَيهِ
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam:“Kim Ramazonda iymon ila savob savob umidida ro‘za tutsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim Ramazonda iymon ila savob savob umidida qoim bo‘lsa, uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi. Kim “Laylatul qodr”da iymon ila savob savob umidida qoim bo‘lsa (bedor o‘tkazsa), uning oldingi gunohlari mag‘firat qilinadi”, dedilar”. Muttafaqun alayh.
Shuning uchun bu kechani Qur’on tilovat qilish, namoz o‘qish, duo qilish va istig‘for aytish bilan bedor o‘tkazish kerak.
“Laylatul qadr” kechasida biror duoni o‘qish tavsiya qilinganmi?
Ha, “Laylatul qadr” kechasida quyidagi duoni o‘qish tavsiya qilingan:
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ: قُلْتُ يَارَسُولَ اللهِ أَرَأَيْتَ إِنْ عَلِمْتُ أَيَّ لَيْلَةٍ لَيْلَةَ الْقَدْرِ مَاأَقُولُ فِيهَا ؟ قَالَ:قُولِي: اَللَّهُمَّ إِنَّكَ عَفُوٌّا تُحِبُّ الْعَفْوَ فَاعْفُ عَنِّي. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli agar men qaysi kechaning Qadr kechasi ekanini bilsam u kechada nima deb duo qilay”, dedim. U zot: “Allohumma innaka afuvvun tuhibbul afva fa’fu anniy” (Ey Allohim, albatta sen o‘ta afv qilguvchisan, afv qilishni yaxshi ko‘rasan, meni afv qilgin”, deb duo qiling), dedilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Shuning uchun Ramazon oyi davomida har kecha ushbu duoni o‘qishga odatlanish kerak.
“Laylatul qadr” kechasida farishtalar yerga tushadilarmi?
“Laylatul qadr” kechasida Jabroil alayhissalom boshchiligida ko‘plab farishtalar rahmat va barakotlar bilan yer yuziga tushadilar.U kecha tong otguncha tinchlik-omonlik kechasi bo‘ladi. Bu kechada farishtalar mo‘minlarga salom beradilar. Unda Alloh taolo bandalariga faqat tinchlik-omonlikni taqdir qiladi.
“Laylatul qadr”Ramazonning qaysi kechasi?
“Laylatul qadr” qaysi kecha ekani haqida bir-biridan farqli bir qancha rivoyatlar kelgan. Ularning ichida eng mo‘tabari Ramazon oyinining yigirma yettinchi kechasi ekani haqidagi rivoyatdir. Mo‘minlar ibodat mavsumi bo‘lmish Ramazon oyida yanada ko‘proq ibodat qilishlari uchun “Laylatul qadr”ning qaysi kecha ekani aniq bildirilmagan. Shuning uchun Ramazonning barcha kechalarini imkon qadar ibodatlar bilan o‘tkazish kerak.
Manbalar asosida
TII prorektori
Ibodulla Ahrorov
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».
Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.
Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:
– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.
– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...
– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.
Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.
– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.
– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.
Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.
Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.
Akbarshoh RASULOV