Sayt test holatida ishlamoqda!
18 Sentabr, 2026   |   7 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:47
Quyosh
06:06
Peshin
12:17
Asr
16:38
Shom
18:32
Xufton
19:47
Bismillah
18 Sentabr, 2026, 7 Rabi`us soni, 1448

Imkoniyatni boy bermang: Ramazon!

20.06.2017   99486   4 min.
Imkoniyatni boy bermang: Ramazon!

Ramazonning fazilatlarini har qancha gapirsakda, shuncha kamdir. Ayniqsa, bu oyning tarovati – ro‘za bilan yanada go‘zaldir. Kishi chin ixlos bilan ro‘za tutishni niyat qilar ekan, bu ibodatini faqatgina Alloh uchun ado etayotganini aniq anglaydi. Yaratgan roziligi uchun qiyinchiliklarga bardosh beradi, sabrli bo‘lishni o‘rganadi. Shu boisdan ham Alloh taolo hadisi qudsiyda ro‘zaning ajri ulug‘ ekanini aytadi: “Odam bolasining hamma amali o‘zi uchun, faqat ro‘za Men uchundir va uning mukofotini Men O‘zim berurman”.

E’tibor bering, ro‘za tutgan kishi, Alloh taolo mukofotini O‘zi berishini bilgan holda kamchilikka yo‘l qo‘yishi mumkinmi? Darhaqiqat, ro‘zador tutayotgan ro‘zasini “Alloh ko‘rib turibdi” degan ixlos bilan ado etadi. Kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Ruhiyatidagi xotirjamlik tafakkurining tiniqlashib borishiga sabab bo‘ladi.

Hadisda shunday deyiladi: “Ro‘zadorga ikki xursandlik bordir. Ular ila suyungay. Iftor qilganda suyungay va qachon Robbisiga yo‘liqqanda suyungay”.

Qolaversa, bu oy buyukligining omillaridan biri ushbu hadisi sharifda go‘zal tarzda bayon qilinadi: “Qachon Ramazon kelsa, jannat eshiklari ochilur, do‘zax eshiklari yopilur va shaytonlar kishanlanur”.

Ushbu hadis bu oyning naqadar ulug‘ maqomga ega ekanini tasdiqlaydi. Hadisdagi shaytonlar kishanlanganligi mo‘min-musulmonlarni ushbu imkoniyatlardan foydalanib qolishga, kitob mutolaasiga, ezguliklar qilishga  chorlaydi.

Ramazonning fazilati bu oyda Qur’oni karim nozil qilinishi bilan bog‘liqdir. Bu borada Baqara surasining 185-oyatida shunday marhamat qilinadi:

“Ramazon oyi – odamlar uchun hidoyat (manbai) va to‘g‘ri yo‘l hamda ajrim etuvchi hujjatlardan iborat Qur’on nozil qilingan oydir. Bas, sizlardan kim bu oyda (o‘z yashash joyida) hozir bo‘lsa, ro‘zasini tutsin. Kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, (tuta olmagan kunlarining) sanog‘i boshqa kunlardandir. Alloh sizlarga yengillikni istaydi, og‘irlikni xohlamaydi”.

Shuningdek, bu oy mehr-muruvvat oyi bo‘lib, insonlar bir-birlariga ko‘mak beradilar, muhtojlarga yordam qo‘llari uzatiladi, o‘zaro yaxshiliklar qilinadi, bemorlardan hol-ahvol so‘raladi, arazlashgan kishilar muborak oyning sharofati bilan ginalarni unutadilar. Bu oyda butun yurtimizda ana shunday yaxshiliklar bilan, xotirjamlik va xursandchilik hukmron bo‘ladi.

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamdan rivoyat qilingan hadisi sharifda shunday marhamat qilinadi: “Bu oy o‘zgalardan ko‘ngil so‘rash, mehr-muruvvat ko‘rsatish oyidir. Kim u kunda biror ro‘zadorga iftorlik qilib bersa, bu uning gunohlariga mag‘firat va jahannamdan ozod bo‘lishiga sabab bo‘ladi”.

Qolaversa, ushbu oyning sharofati bilan gunohlar avf etiladi, ro‘zadorlarga ko‘plab ajrlar beriladi.

Bu haqda Nabiyimiz sallallohu alayhi va sallamdan keltirilgan hadisda shunday deyiladi: “Ramazon oyining birinchi kechasi Alloh taolo aytadi: “Kim bizni yaxshi ko‘rsa, Biz ham uni yaxshi ko‘ramiz. Kim Bizni talab qilsa, Biz ham uni talab qilamiz. Kim Bizdan mag‘firat so‘rasa, Biz uning gunohlarini Ramazon hurmatidan kechiramiz”.

Ramazon o‘ttiz kun davom etadi. bu kunlarni mazmunli o‘tkazishga harakat qilish har bir musulmonning ulkan imkoniyatidir. Ezguliklarga shoshilish cheksiz savoblarga musharraf etadi. Bu oyda bilim olish, kitob mutolaasi ilmning ziyoda bo‘lishiga zamin yaratadi. Barakali kunlarning har bir lahzasi qimmatlidir. Ulardan foydalanib qoling!

Binobarin, quyidagi hadisda shahri sultonning naqadar buyuk ekani ta’kidlanadi:  “Agar ummatlarim Ramazon oyining sharafini bilganlarida edi, yil o‘n ikki oy Ramazon bo‘lishini orzu qilar edilar, chunki ularning toati maqbul, duolari mustajob, gunohlari mag‘firat etilib, jannat ro‘zadorlarga muhtoj bo‘ladi”.

 

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti

mudarrisi J.Kulbayev

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

19.08.2026   61971   1 min.
Diniy ta’lim sohasida ilk bor Respublika anjumani bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 19-20 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» nomli I ilmiy-amaliy anjumani Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tadi.

Davlatimiz Rahbari tomonidan har jabhada olib borilayotgan yangilanish va islohotlarga hamohang tarzda Diniy idora tarixida ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda jami 700 nafar pedagog va soha mutaxassisi, jumladan, 300 nafar ishtirokchi bevosita anjuman zalida, 400 nafar ishtirokchi esa hududlardan videoselektor orqali qatnashadi.

Anjumandan ko‘zlangan maqsad sohadagi istiqbolli rejalarni muhokama qilish, diniy ta’limda pedagogik va kasbiy mahoratni oshirish, ta’lim jarayoniga zamonaviy texnologiyalarni yanada keng tatbiq etish hamda diniy ta’limni yangi bosqichga olib chiqishdir.

Dastur doirasida soha rahbarlari ishtirokida tahliliy ma’ruzalar, taniqli professorlar tomonidan mahorat darslari, ilmiy-metodik mashg‘ulotlar bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, ishtirokchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Islom sivilizatsiyasi markazi bilan yaqindan tanishib, Hazrati Imom majmuasidagi tarixiy qadamjo va obidalarni ziyorat qilishadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari