Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlar o‘zingizga ikki shifo – Qur’on va asalni lozim tutinglar!” deganlar (Bayhaqiy rivoyati).
Ba’zan bemor Qur’onni tilovat qilolmaydigan darajada og‘ir holatda bo‘lishi yoki Qur’onni to‘g‘ri o‘qiy olmaydigan holatda bo‘lishi mumkin. Bunda unga Qur’onni tilovat qiladigan kishi yordamga keladi. U Qur’onni ixlos bilan, oyatlar barakotidan bemor shifo topadi degan niyatda ovozini baland ham, juda past ham qilmasdan bemor eshitadigan darajada tilovat qiladi.
Bemor iloji boricha, har kuni bir necha marta Qur’oni karim tilovatini tinglashga harakat qilishi lozim. Tinglayotgan oyatlarini tadabbur qilib, ma’nolarini tushunishga harakat qilishi muolaja samarasini yanada oshiradi.
Olimlar tovushlar teri hujayralariga, yurakka ta’sir etadi deya ko‘p takrorlaydilar. Alloh taolo aytadi: «Ular imon keltirgan va qalblari Allohning zikri bilan orom oladigan zotlardir. Ogoh bo‘lingizki, Allohni zikr etish bilan qalblar orom olur (va taskin topur)» (Ra’d, 28).
Tana a’zolari, hatto, bosh miya va yurak hujayralarini faollashtirishda Qur’on oyatlari katta ta’sirga ega. Bu borada ba’zi oyatlar “shifo oyatlari” deya ajratilmaydi. Zero, Qur’onning barcha oyatlari dardlarga shifodir.
Olimlar tibbiy tadqiqotlarida aniqlashlaricha, inson tug‘ilganda uning bosh miyasida rostgo‘ylik, yaxshilikni sevish, xatolar va yomonliklardan qochish kabi go‘zal xislatlar tabiiy dasturlangan bo‘ladi.
Olimlar maxsus kuzatuv jihozlari orqali inson so‘zlaganda uning bosh miyasidagi o‘zgarishlarni o‘rganishdi. Tadqiqot natijasida inson rost so‘zlagan paytda uning bosh miyasida hech qanday quvvat sarflanmay, aksincha yolg‘on gapirganda katta kuch yo‘qotishi aniqlandi.
Agar inson yomon o‘y-fikrlarni o‘ylasa uning bosh miyasida katta miqdorda qon aylanib, bosh miya katta kuch sarflaydi. Inson eshitgan ma’lumotlari va aytgan so‘zlari uning bosh miyasiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Qur’oni karim tilovati insonning aynan ushbu a’zosiga ta’sir qiladi. Bu a’zo boshqaruvga va qarorlarni qabul qilishga mas’uldir.
Demak, xatolar, yolg‘on, barcha yomon ishlar bosh miya hujayralariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, uning faoliyatini buzadi. Vaqt o‘tishi bilan bu holat ruhiy va jismoniy kasalliklarga olib keladi. Hujayralarni oziqlantirish va asl holiga qaytarish esa Qur’oni karim tilovati bilan bo‘ladi.
Bunda avvalo, mo‘min kishi Qur’onni shifo ekaniga ishonishi lozim. Chunki shifo topishda ishonch katta ahamiyatga ega. Eng muhimi, oyatlarni savob umidida, nafsiy va jismoniy kasalliklarga shifo bo‘lishini so‘rab, ixlos bilan o‘qish va sabrli bo‘lish lozim. Biror kasallikka shifo bo‘lishini so‘rab o‘qilganda, ba’zilar tezda tuzalishni istab, shoshqaloqlik qiladi. Agar kasalidan tuzalmasa, Qur’on foyda bermadi deb o‘ylaydi. Bu noto‘g‘ridir. Chunki Alloh taolo Qur’onni shifo ekanining xabarini berib, bunday marhamat etadi: «(Biz) Qur’ondan mo‘minlar uchun shifo va rahmat bo‘lgan (oyat)larni nozil qilurmiz» (Isro, 82).
Bir kasallik tuzalmagan bo‘lsa, oyatlar barakotidan o‘zimiz bilmagan boshqa og‘irroq xastalik yoki musibat daf bo‘lgan bo‘lishi yoki uning ijobati oxirat azobidan qutulish uchun qoldirilgan bo‘lishi mumkin. Ayni paytda, Qur’oni karim tilovati bilan barcha kasalliklarimizdan qutulish arafasida turibmiz. Ya’ni, Ramazoni sharifda kechalari qoim bo‘lib, masjidlarda Qur’onni xatm qilinadi. Ushbu vaqtdan unumli foydalanib qolishimiz darkor.
Muhammadzarif DADAMIRZAYEV
“A’lij nafsaka bil Qur’an” (“O‘zingni Qur’on bilan davola”) kitobi asosida
Toshkent islom universiteti magistranti
tayyorladi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan tashkil etilgan «Zamonaviy diniy ta’lim: pedagogika, ilm-ma’rifat va innovatsiya» mavzusidagi I ilmiy-amaliy anjumani doirasida sohada alohida o‘rnak ko‘rsatgan ustozlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda Davlatimiz Rahbari tashabbuslari bilan har jabhada amalga oshirilayotgan islohotlar qatorida ilm-fanni taraqqiy ettirish, ajdodlar merosini o‘rganish, diniy ta’limni rivojlantirish va sohaga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibordan mamnunlik kayfiyati hukm surdi.
Diniy idora tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritib, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish, soha rivojiga munosib hissa qo‘shish hamda dinimizning sofligini asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh pedagog va mudarrislar mehnati munosib e’tirof etildi.
Tadbir davomida sohadagi fidokorona va samarali mehnatlari uchun quyidagi ustoz va pedagoglar Faxriy yorliq hamda Umra yo‘llanmalari bilan mukofotlandi:
Shuningdek, anjuman doirasida diniy ta’lim tizimida namunali rahbarlik qilgan, fidokorona pedagogik va ilmiy-faoliyat olib borgan,ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, to‘garaklarni samarali tashkil etishdagi alohida xizmatlari uchun yana 15 nafar rahbar va o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasining Faxriy yorliqlari hamda esdalik sovg‘alari — televizor, noutbuk va planshetlar bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taqdirlangan barcha ustoz va xodimlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy muborakbod etib, ularning kelgusi ilmiy va pedagogik faoliyatlarida ulkan zafarlar tilaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati